Iqtisodiyot
Soliq qo‘mitasi QQSga avtomatik o‘tkazish tartibini tushuntirdi
Ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mga yetmagan holda QQS to‘lovchisi sifatida avtomatik ro‘yxatga olinayotgani haqidagi murojaatlarga Soliq qo‘mitasi izoh berdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bu tartib Soliq kodeksining 462-moddasi 8-qismiga asosan amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs, YaTT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan olgan daromadi belgilangan nazorat summasidan oshsa, u ro‘yxatdan o‘tilgan yildan keyingi yildan boshlab QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
Nazorat summasi quyidagi formula asosida aniqlanadi: 1 mlrd so‘m : 365 kun × (ro‘yxatdan o‘tilgan sanadan yil oxirigacha bo‘lgan kunlar soni).
Misollar:
🔹 1-misol: YaTT 2025 yil 1 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tib, yil oxirigacha 300 mln so‘m daromad olgan. Nazorat summasi: 1 000 000 000 : 365 × (31+30+31) = 252,05 mln so‘m. 300 mln so‘m ushbu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgani uchun tadbirkor 2026 yil 1 yanvardan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
🔹 2-misol: YaTT 2025 yil 1 noyabrda ro‘yxatdan o‘tib, yil oxirigacha 150 mln so‘m daromad olgan. Nazorat summasi: 1 000 000 000 : 365 × (30+31) = 167,12 mln so‘m. 150 mln so‘m nazorat ko‘rsatkichidan kam bo‘lgani sababli, QQS va foyda solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga kelmaydi.
Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, mazkur normaga asosan 2026 yil 1 yanvardan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’yektlarining shaxsiy kabinetlariga tegishli xabarnomalar yuborilgan.
Iqtisodiyot
O‘zMIJ IPO‘si boshlandi: aksiyalar ikkita bozorda sotiladi
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi o‘z aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishini boshladi. IPO 29-apreldan start oldi va 12-maygacha davom etadi. Taklif doirasida aksiyalar mahalliy va xalqaro bozorlarda sotuvga chiqarilmoqda.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, bir dona oddiy aksiya narxi 4,65 so‘m etib belgilangan. Shu bilan birga, global depozitar tilxatlar 25 AQSh dollaridan taklif qilinmoqda. Bitta GDR 64 700 ta aksiyaga teng hisoblanadi.
Muomalaga chiqarilgan aksiyalar hajmidan kelib chiqib, kompaniyaning bozor kapitallashuvi taxminan 1,95 milliard dollarga baholanmoqda. Yagona sotuvchi sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etib, investorlarga aksiyadorlik kapitalining qariyb 30 foizini taklif qilmoqda.
IPO ikki transhda amalga oshiriladi. Birinchi qismi Toshkentdagi institutsional va chakana investorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savdolar «Toshkent» respublika fond birjasida tashkil etiladi.
Xalqaro transh doirasida esa global depozitar tilxatlar xorijiy investorlarga taklif qilinadi. Jamg‘arma ularni London fond birjasining asosiy bozorida joylashtirish uchun ariza topshirgan.
Yakor investorlar sifatida «BlackRock», «Franklin Resources», «Redwheel» hamda «Allan & Gill Gray Foundation» ishtirok etmoqda. Ular jami 300 million dollarlik aktivlarni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun alohida imtiyozlar joriy etilgan. Ular 12 milliard so‘mgacha bo‘lgan arizalarda 5 foiz chegirma bilan aksiya sotib olishi mumkin.
Obuna 12-may kuni yakunlanadi. 13-mayda joylashtirish natijalari e’lon qilinishi va Londonda shartli savdolar boshlanishi kutilmoqda. 18 maydan esa asosiy savdolar start oladi. IPO yakunlanganidan so‘ng, aksiyalarni 180 kun davomida sotmaslik majburiyati ham belgilangan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qaysi sohalarda yuqori haq to‘lanadi?
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-mart oylarida o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6 mln 825,9 ming so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy faoliyat turlari kesimida eng yuqori maosh moliya sektorida qayd etilgan. Bank, sug‘urta, lizing va kredit faoliyatida o‘rtacha ish haqi 18 mln 595,8 ming so‘mga yetgan.
Shuningdek, axborot va aloqa sohasi ham yuqori daromadli yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bu yerda o‘rtacha maosh 16 mln 525,4 ming so‘mni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda tashish va saqlash hamda sanoat sohalari qayd etilgan. Jumladan, tashish va saqlash sohasida o‘rtacha ish haqi 10 mln 709,3 ming so‘mni tashkil etgan. Sanoat sohasida bu ko‘rsatkich 8 mln 25,6 ming so‘mga teng.
Savdo sohasida ish haqi 7 mln 213,4 ming so‘mni, qurilishda esa 6 mln 496,1 ming so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar respublika bo‘yicha o‘rtacha maoshga yaqin hisoblanadi.
Xizmat ko‘rsatishga oid ayrim sohalarda esa maosh nisbatan pastroq. Jumladan, san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida 5 mln 357,7 ming so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 5 mln 331,9 ming so‘m atrofida bo‘lgan.
Eng past o‘rtacha ish haqi ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalarida qayd etilgan. Ta’lim tizimida o‘rtacha maosh 4 mln 615,9 ming so‘mni tashkil etgan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida esa bu ko‘rsatkich 4 mln 111,6 ming so‘mga teng bo‘lgan.
Iqtisodiyot
Dollar kursi 12 ming so‘mdan pasayib ketdi
Markaziy bank 2026-yil 30-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 54,41 so‘mga tushib, 11 974,79 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 57,63 so‘mga oshdi va 14 008,11 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 170,76 so‘m bo‘ldi (-57,83).
Rossiya rubli 159,64 so‘m etib belgilandi (-0,62).
Iqtisodiyot
Suvni tejaydigan texnologiyalar uchun subsidiya beriladi
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlik uchun subsidiya beriladi.
Hukumat qarori (206-son, 28.04.2026-y.) bilan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, subsidiya Davlat budjetidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va texnologiya turidan qat’i nazar, har bir konturga joriy qilingan texnologiya uchun faqat 1 marotaba ajratiladi.
Talabgor subsidiyani olish uchun o‘ziga tegishli ekin yer maydonlarini konturlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlari kesimida belgilangan tartibda Agroportalga kiritgan bo‘lishi lozim.
Talabgor subsidiya ajratilishi uchun Agroportal orqali elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qiladi:
– suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini qurish bo‘yicha «Tomchi-reestr»ga kiritilgan quruvchi-pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
– loyiha hujjati va qurilish ishlari yakunlangani to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasi;
– ish bajarilgan konturlarning ma’lumotlari (hududi va lokatsiyasi aniq ko‘rsatiladi).
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini o‘z mablag‘i hisobidan joriy qilgan talabgorga belgilangan hisob-kitoblarga asosan subsidiyaning 50 foizi oldindan to‘lab beriladi.
Iqtisodiyot
Qiymati 365 million dollar bo‘lgan Yuqori Pskom GES quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Gidroenergetika sohasida olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda qayd qilinishicha, O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud. Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sug‘orish, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.
Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirga bog‘liq. Gidroenergiya ulushi esa 10-12 foiz atrofida.
Taqdimotda 2026-2032 yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.
Joriy yilda 13 ta GES foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunga qo‘shimcha Bo‘stonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar bo‘lgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million kilovatt-soat bo‘ladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.
Farg‘ona viloyati So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt bo‘ladigan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqori To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham ko‘rib chiqildi. “To‘palang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Dunyo amaliyotida gidro to‘plash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatda ilk bor umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, umumiy quvvati 164 megavatt bo‘lgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.
Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteoma’lumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlarining xavfsizligini ta’minlash uchun 3,5 mingta nazorat-o‘lchov apparatlari o‘rnatilgan.
Davlat rahbari gidroenergetika sohasidagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
-
Jamiyat4 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-raundini maʼqulladi (batafsil maʼlumot)
-
Iqtisodiyot5 days agoBiznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
-
Dunyodan4 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Sport5 days agoSuperliga. «Paxtakor» va «Neftchi» ta’qibchilardan ilgariladi
-
Dunyodan3 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
