Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha jamoatchilikka murojaat qildi
Tibbiyotdagi korrupsion holatlar bo‘yicha vazirlikning 1203 qisqa raqamli «Ishonch telefoni» hamda [email protected] elektron pochta manzili orqali murojaat qilish mumkin. Vazir murojaatlar maxfiyligi ta’minlanishi va ular tezkor o‘rganilib, zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurashish, sohada turli byurokratik to‘siqlarga barham berishda keng jamoatchilikning ko‘magi va ishtiroki muhim ekanini ta’kidlab, aholini bu borada faol bo‘lishga chaqirdi.
«Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi xavfli illat bo‘lib, uning salbiy oqibatlari barchamizga ayon.
Shu bois, yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida bu muammoga qarshi keskin va murosasiz kurashish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni erta aniqlash hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik, turli byurokratik to‘siqlarga barham berish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, ushbu mas’uliyatli jarayonda barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirmay turib, ko‘zlangan maqsadga erishish imkonsiz. Shu sababdan bu o‘tkir muammoning oqibatlarini chuqur anglagan holda, sohada korrupsiyaga barham berish va muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish maqsadida Sizlarga murojaat qilmoqdaman!
Prezidentimiz 2025 yil 26 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida korrupsiya jamiyatda ishonch muhitini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid ekanini ta’kidlab, 2026 yil unga qarshi kurashishda “favqulodda holat” e’lon qilinishini ma’lum qilgan edi.
Shundan kelib chiqib, tibbiyot tizimida bu yo‘nalishda zamonaviy mexanizmlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Masalan, sohada budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiyaviy risklarni erta aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida yangi tizim — “Situatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘tgan davrda 247 mlrd. so‘mlik budjet mablag‘lari tejab qolindi hamda 9,7 mlrd. so‘m ortiqcha rejalashtirishning oldi olindi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga doir 1280 ta risk aniqlanib, bartaraf etildi.
Vazirlik qoshida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlari bo‘yicha tezkor xabar berish bo‘yicha yagona “1203” qisqa raqamli “Call-markaz” 24/7 rejimda ishga tushirildi.
Sog‘liqni saqlash tuzilmalari va ularning xodimlari tomonidan qonunchilikka rioya qilinishi, soha mutaxassislarining aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholash maqsadida ilk bor “Sirli mijoz” instituti joriy qilindi.
Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa ta’lim muassasalarida “Tibbiyotda korrupsiyaning oldini olish” nomli maxsus fan joriy qilinib, bu bo‘yicha 2 700 nafar bakalavr, 870 nafar magistr, 1856 nafar shifokor hamda 13 804 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘qitildi.
Korrupsiya omillarini barvaqt aniqlash maqsadida 5 ta vakolatli tashkilot o‘rtasida tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
“CERT International” xalqaro auditor tashkiloti tomonidan vazirlik markaziy apparatiga korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi xalqaro standarti (ISO 37001:2016) muvofiqlik sertifikati topshirilgani muhim voqea bo‘ldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi reytingini “yaxshi” toifaga o‘tkazish yuzasidan markaziy apparat va hududiy boshqarmalar kesimida “Yo‘l xarita”si tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirildi.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan DMED tizimi joriy etildi.
Bunday ishlar natijasida sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaga oid jinoyatchilik o‘tgan yilga nisbatan 5,6 foizga kamayishiga erishildi. Biroq ushbu sa’y-harakatlar yetarli emas. Bu borada hali qilinadigan ishlar talaygina.
Shu bois o‘z qasamyodi, kasbi va burchiga sodiq, halol, vijdoni pok Siz, aziz tibbiyot xodimlarini bundan keyin ham tibbiyotni korrupsiyadan holi tizimga aylantirish yo‘lida bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.
Shu bilan birga, sohada korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda keng jamoatchilikning ko‘magi va ishtiroki muhim, deb bilamiz», deya vazirning so‘zlarini keltiradi SSV matbuot xizmati.
Vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotga ega bo‘lsangiz, vazirlikning 1203 qisqa raqamli «Ishonch telefoni» hamda [email protected] elektron pochta manzili orqali murojaat qilish mumkin.
Murojaatlar maxfiyligi kafolatlanadi va ular vazirlik tomonidan tezkor o‘rganilib, zarur choralar ko‘rilishi ta’minlanishi qayd etilgan.
Jamiyat
Rossiyadan yuborilgan posilkadagi gashish fosh etildi
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida DXX, IIV va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasida yashirilgan hamda mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan jami 1,2 kilodan ortiq gashish moddasi musodara qilinib, ikki nafar shaxs ushlandi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs Urganch xalqaro aeroportida Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasini qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Tekshiruv davomida jo‘natma ichidagi turli xil shirinliklar orasiga shokolad qadog‘i ko‘rinishida yashirilgan 538 gramm «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Yana bir tezkor tadbir Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazildi. Unda Toshkent shahrida yashovchi 45 yoshli fuqaro narkokurerlar tomonidan mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, xufiyona joyga yashirib qoldirilgan 700 gramm «gashish» moddasini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari doirasida ushbu jinoyatlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Mutasaddi idoralar fuqarolarni narkojinoyatlarga aralashmaslikka chaqirib, bu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar bilan yanada kuchaytirilganini eslatdi.
Jamiyat
Xalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
Interpolning qizil bildirishnomasi asosida xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Polsha bilan hamkorlikda mamlakatga qaytarildi. Qaytarish jarayoni O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi, ikki davlatning tegishli idoralari hamda Interpol milliy markaziy byurosi hamkorligida amalga oshirildi.
Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi F.V. Polsha poytaxti Varshava shahridan Toshkentga olib kelindi.
Fuqaroning O‘zbekistonga qaytarilishi mamlakatning Polshadagi elchixonasi tomonidan ko‘rilgan tashkiliy-diplomatik chora-tadbirlar, shuningdek Polsha Adliya vazirligi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi. Qaytarish operatsiyasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpol milliy markaziy byurosi tomonidan tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan F.V. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblanib, Interpolning qizil bildirishnomasi asosida xalqaro qidiruvga berilgan.
Fuqaro Interpol xodimlari hamrohligida Varshavadan Toshkentga olib kelindi.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur amaliyot xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda qidiruvdagi shaxslarni vatanga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar natijasi hisoblanadi.
Jamiyat
Prezident kuz-qish oldidan energetika muammolarini hal etishni topshirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahlili taqdim etildi. Davlat rahbari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz ta’minotidagi tizimli muammolarni bartaraf etish, tarmoqlarni ta’mirlash hamda aholini uzluksiz energiya bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 17 iyul kuni yoqilg‘i-energetika sohasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan muammolarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bartaraf etish yuzasidan axborot berildi.
Qayd qilinishicha, 2026 yilning birinchi yarmida yoqilg‘i-energetika sohasiga oid 40 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi elektr ta’minoti bilan bog‘liq.
Murojaatlarda asosan suyultirilgan gaz ballonini to‘ldirish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va ta’mirlash hamda tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Kuz-qish mavsumidan oldin takror murojaatlar kelib tushayotgan mahalla va obektlarni xatlovdan o‘tkazish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ayniqsa, elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar mavjud joylarda ta’minot barqarorligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish va aholiga yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya qilish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari mutasaddilarga murojaatlarda ko‘tarilgan tizimli muammolarni kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar hal etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Jamiyat
MyGov saytini soxtalashtirib, odamlardan 1 mlrd so‘m o‘g‘irlagan jinoiy guruh ushlandi
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali saytini (my.gov.uz) soxtalashtirib, fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi.
Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, ular soxta sayt yaratib, Instagram orqali «kompensatsiya rasmiylashtirish markazi» nomi ostida yolg‘on reklama tarqatgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhni 1993 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs tashkil etgan. U soxta sayt orqali fuqarolarning karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, pullarni yechib olgan. Guruh 26 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta bank kartasidan foydalangan. O‘g‘irlangan mablag‘lar dastlab ushbu kartalarga o‘tkazilgan, keyin esa Telegram messenjeridagi maxsus kriptobotlar orqali kriptoaktivlarga aylantirilgan.
Tergov davomida mazkur jinoiy guruh respublika bo‘ylab 456 nafar fuqarodan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 278-6-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Anomal issiq tufayli ayrim hududlarda 2 soatlik elektr cheklovi joriy etildi
Energotizim barqarorligini ta’minlash va yirik avariyalarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida 2 soatlik majburiy elektr cheklovlari joriy etildi.
16 iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 million kVt·soatni tashkil etib, o‘tgan yozgi mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 18,4 million kVt·soatga (6,7 foizga) oshdi. Shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 million kVt·soatga yetib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, anomal issiq ta’sirida elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari me’yordan ortiq qizib, kunduzi elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi tarmoqlardagi yuklamani yanada kuchaytirmoqda.
Shu sababli, energotizim barqarorligini ta’minlash va yirik avariyalarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida 2 soatlik majburiy elektr cheklovlari joriy etildi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
-
Iqtisodiyot4 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Sport5 days agoIspaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi
-
Mahalliy4 days ago
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
-
Jamiyat4 days ago
Farg‘onada menejer 1,7 mlrd so‘mlik ko‘mirni o‘zlashtirgani aniqlandi
-
Dunyodan3 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
