Jamiyat
Skuter va mototsikllarga “prava”ni qanday olish mumkin va bu qanchaga tushadi?
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, moped va skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasi olish tartibi o‘zgardi. Endilikda ular uchun ro‘yxatdan o‘tish, imtihon topshirish va alohida “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab etiladi. Batafsil bu yerda — Kun.uz.
Ushbu maqola orqali haydovchilik guvohnomasini qanday olish, qanday hujjatlar kerak bo‘lishi va o‘qishdan guvohnoma olishgacha bo‘lgan jarayon necha pulga tushishi haqida ma’lumot beramiz.
Moped va skuterlar uchun yangi qoidalar
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekistonda moped va skuter egalariga oid yangilangan yo‘l harakati qoidalari kuchga kirdi. Endilikda bu transport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart, ularni boshqarish uchun esa «A» yoki «A1» toifasidagi haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.
Ilgari moped va skuterlar velosipedga tenglashtirilgan va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki haydovchilik guvohnomasi talab qilinmagan. Endi ularga to‘laqonli mototransport vositasi maqomi berildi va mototsikllar bilan bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo‘ldi. Ma’muriy javobgarlik kodeksiga kiritilgan yangi tuzatishlarga ko‘ra, haydovchilarga (jumladan mototransportda) yo‘laklar, piyodalar va velosiped yo‘laklarida harakatlanish taqiqlanadi.
Batafsil ma’lumot bu yerda — lex.uz
Moped, skuter va mototsiklning farqi
O‘zbekistonda moped, skuter va mototsikllar «mototransport» tushunchasi ostida birlashtiriladi. Ular orasida tezlik, dvigatel quvvati va ro‘yxatdan o‘tkazish talablari bo‘yicha farqlar mavjud.
O‘zbekistonda moped va skuterlarni boshqarish uchun «A» yoki «A1» toifasidagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi.
Toifa transport vositasi quvvati va tezligiga bog‘liq.
turli transport vositalari uchun guvohnoma toifalari
«A1» toifasi — mopedlar va yengil skuterlar uchun
125 sm³gacha dvigatel hajmiga va 11 kVt (15 ot kuchi) gacha quvvatga ega bo‘lgan ikki g‘ildirakli transport vositalarini boshqarish uchun.
Bunday guvohnomani 16 yoshdan olish mumkin.
«A1» toifasi o‘z ichiga yuqori tezlikka ega bo‘lmagan mopedlar, elektroskuterlar va benzinli yengil skuterlarni o‘z ichiga oladi.
«A1» uchun o‘qish va imtihon soddalashtirilgan dastur bo‘yicha o‘tkaziladi.
Transportga misollar:
Honda Dio, Yamaha Jog, Lifan 50, Volt va Kuickwheel elektroskuterlari.
«A» toifasi — mototsikllar va yuqori quvvatli skuterlar uchun
Dvigatel hajmi 125 sm³ dan katta barcha mototsikllar va skuterlar uchun talab qilinadi.
«A» toifasini 18 yoshdan boshlab olish mumkin.
Dastur nazariya va amaliyotning kengaytirilgan kursini, jumladan, manyovr qilish elementlari va harakat oqimida yurishni o‘z ichiga oladi,
«A» toifasidagi guvohnoma «A1» toifasidagi transport vositalarini ham boshqarish huquqini beradi.
Transportga misollar:
Yamaha YBR125, Bajaj Boxer, Honda CBF150 hamda Vespa 150, SYM Jet14 skuterlari.
Muhim: hatto maksimal tezligi 50 km/soatdan yuqori va quvvati 4 kVtdan ortiq bo‘lgan elektr skuterlar uchun ham A1 guvohnomasi talab qilinadi.
Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda bunday transport vositasini boshqarish YHX qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Necha yoshdan boshlab o‘qish va imtihon topshirish mumkin
Haydovchilik guvohnomasi uchun o‘qish va imtihon topshirish yoshi transport vositasi toifasidan kelib chiqib belgilanadi.
Guvohnoma olish vaqtida belgilangan yoshga yetish uchun o‘qishni imtihon topshirishdan biroz avval boshlashga ruxsat beriladi.
Muhim:
O‘qishni minimal yoshga to‘lishdan 3–6 oy avval boshlash mumkin — bu tug‘ilgan kundan so‘ng darhol imtihon topshirish imkonini beradi.
Barcha toifalar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish va litsenziyaga ega avto maktabda o‘qish majburiy.
“A1” yoki “A” toifasini olganda guvohnoma 10 yil muddatga beriladi.
Moped va skuterlarni ro‘yxatdan qanday o‘tkazish mumkin
Ro‘yxatdan o‘tkazish IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX)ning hududiy bo‘limlarida amalga oshiriladi. Transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uning egasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:
1. Moped yoki skuter egasining pasporti yoki egasi tomonidan berilgan ishonchnoma bilan birga vakilning pasporti (agar ro‘yxatdan o‘tkazish vakil orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa).
2. Transport vositasi egasi yoki uning vakili tomonidan to‘ldirilgan belgilangan namunadagi ariza.
3. Ishlab chiqaruvchi, rasmiy diler yoki savdo tashkiloti tomonidan berilgan (agar mavjud bo‘lsa) transport vositasining texnik xususiyatlarini ko‘rsatuvchi hujjat.
Unda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak: model, rama va dvigatel raqami, quvvati, og‘irligi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlar.
1. Moped yoki skuterga bo‘lgan mulk huquqini yoki xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (hisob-faktura, oldi-sotdi shartnomasi va h.k.), agar mavjud bo‘lsa.
2. Ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat raqam belgisini va ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi guvohnomani berish uchun to‘lov qilinganini tasdiqlovchi hujjat, agar mavjud bo‘lsa.
To‘lov elektron to‘lov tizimlari orqali (masalan, my.gov.uz yoki Xazna) amalga oshirilganda alohida kvitansiya talab etilmaydi.
1 oktyabrdan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazilmagan transport vositasini boshqarish yo‘l harakati qoidalarini buzish hisoblanadi.
Batafsil ma’lumot bu yerda — lex.uz.
Tibbiy komissiyadan qanday o‘tiladi
Tibbiy komissiyadan o‘tish – avtomaktabga o‘qishga kirish va imtihon topshirishdan oldingi birinchi qadam. Tibbiy ma’lumotnoma haydovchining transport boshqarishiga qarshi ko‘rsatmalar yo‘qligini tasdiqlaydi.
Qanday ma’lumotnoma kerak
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun №083/u shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi. U avtomaktabga hujjat topshirishda va IIV YHXXda guvohnoma olish vaqtida talab qilinadi.
Tibbiy komissiyadan quyidagi joylarda o‘tish mumkin:
yashash joyidagi davlat poliklinikalarida;
№083/u shaklini berish litsenziyasiga ega xususiy klinikalarda;
my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda — bu xizmat elektron raqamli imzo (ERI) bo‘lganda bepul taqdim etiladi.
Muhim: my.gov.uz portalida tibbiy ko‘rikdan masofadan turib o‘tishning iloji yo‘q. Bu servis faqat barcha zarur mutaxassislar ko‘rigidan o‘tganingizdan so‘ng tibbiy ma’lumotnomaning elektron nusxasini olish imkonini beradi.
Qaysi shifokorlar ko‘rigidan o‘tish kerak
Tibbiy komissiya haydovchining transportni xavfsiz boshqarishiga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklari yo‘qligini tasdiqlash uchun o‘tkaziladi. Ko‘rik belgilangan tartibda poliklinikada yoki litsenziyaga ega xususiy klinikada amalga oshiriladi.
Tibbiy komissiya tarkibiga quyidagi mutaxassislar kiradi:
Terapevt — komissiyaning bosh vrachi. U barcha mutaxassislar xulosalarini yig‘adi va yakuniy ma’lumotnomani rasmiylashtiradi.
Oftalmolog (ko‘z shifokori) — ko‘rish qobiliyatini, ko‘rish doirasini va rangni farqlash qobiliyatini tekshiradi. Hatto kichik ko‘rish nuqsonlari (masalan, ko‘zoynak taqish) ham ma’lumotnomada ko‘rsatilishi kerak.
Nevropatolog — asab tizimi faoliyati va harakatlarni muvofiqlashtirish darajasini baholaydi.
Psixiatr — ruhiy buzilishlar bor-yo‘qligini tekshiradi, shaxsning psixoaktiv moddalarga qaram emasligi va hisobda turmasligini tasdiqlaydi.
Muhim:
Psixiatr va narkolog xulosalari faqat propiska bo‘yicha maxsus dispanserlarda rasmiylashtiriladi. Bu ikki ko‘rikdan onlayn yoki xususiy klinikalarda o‘tish mumkin emas — natijalar davlat bazasiga kiritilishi shart.
Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi
Poliklinikaga borishdan oldin quyidagilarni tayyorlang:
Fuqarolik pasporti
1 dona fotosurat (3×4 sm);
agar terapevt talab qilsa, tahlillar natijalari (masalan, EKG, qon, siydik);
qayta rasmiylashtirish uchun eski ma’lumotnoma (agar avvalgi muddati tugagan bo‘lsa).
Ma’lumotnomaning amal qilish muddati
№083/u shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma berilgan kundan boshlab 6 oy amal qiladi.
Bu vaqt ichida avtomaktab yoki YHXBga hujjat topshirmasangiz, komissiyadan qaytadan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.
Qayta ko‘rikda ko‘pincha terapevt va psixiatr hamda narkolog tasdig‘i talab qilinadi xolos.
“A” toifasidagi guvohnomaga o‘qish tartibi
“A” toifasi mototsikl, dvigateli 125 sm³ dan ortiq bo‘lgan skuter va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqini beradi. Bu toifadagi guvohnomani olish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish, o‘quv kursini tamomlash va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida (YHXX) imtihon topshirish kerak.
2026 yil 1 fevraldan haydovchilarni o‘qitishning yangi qoidalari kuchga kiradi. Quyidagi jadvalda ularning amaldagi tizimdan qanday farqlanishi ko‘rsatilgan. Batafsil bu yerda – lex.uz
1. Akkreditatsiyadan o‘tgan avtomaktabga kirish
IIV litsenziyasiga ega har qanday avtomaktabga kirish mumkin. Buning uchun quyidagilar kerak bo‘ladi:
pasport;
№ 083/u shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma;
3 dona foto (3×4 sm);
Maslahat: o‘z avtodromi va mototsikllariga ega avtomaktabni tanlangyu
2. O‘qish dasturi
Kurs nazariy va amaliy qismlardan iborat. Nazariy qism: YHQ, xavfsizlik asoslari, mototsiklning tuzilishi, YTH vaqtida yordam ko‘rsatish. Amaliy qism: dvigatelni ishga tushirish, «ilonizi» bo‘ylab harakatlanish, to‘siqlarni aylanib o‘tish, tormoz berish, cheklangan makonda burilishlar.
3. Ichki imtihon
Davlat imtihoniga kirishdan oldin avtomaktabda ichki test o‘tkaziladi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng hujjatlar YHXXga yuboriladi.
4. Davlat imtihoni
Imtihon ikki bosqichdan iborat:
Nazariy— kompyuterda 20ta savolga javob berish;
Amaliy — avtodromda yo‘riqchi nazorati ostida harakatlanish.
Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng 10 yil amal qiluvchi «A» toifasidagi guvohnomani olish mumkin.
5. O‘qish narxi
Kurslar narxi shahar va avtomaktabga bog‘liq:
Toshkentda — 1,8-3,2 mln so‘m;
viloyatlarda — 1-2 mln so‘m.
Imtihon qanday o‘tadi
Imtihon nazariy va amaliy bosqichlardan iborat.
1. Imtihonga ro‘yxatdan o‘tish
Haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihon topshirishga ro‘yxatdan o‘tish imtihon markazlari orqali amalga oshiriladi.
Qayerda ro‘yxatdan o‘tish mumkin
Qanday hujjatlar kerak
Fuqarolik pasporti.
№ 083/u shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma.
Foto 3×4 sm.
Davlat boji to‘lovi (kvitansiya).
(Agar kerak bo‘lsa) avtomaktabni bitirganligi to‘g‘risidagi hujjat.
my.gov.uz portali orqali ariza berish mumkin, lekin imtihon muddati va o‘tkazish joyi imtihon markazi tomonidan belgilanadi.
2. Nazariy imtihon
Kompyuterda o‘tkaziladi — YHQ bo‘yicha 20ta savol.
Uchtagacha xato qilishga ruxsat beriladi, to‘rtinchi xato muvaffaqiyatsizlik deb hisoblanadi.
Savollar IIV bazasidan tasodifiy shaklda tanlanadi.
Test vaqti — 20-25 daqiqa.
Natija imtihon yakunlanishi bilan ma’lum bo‘ladi.
Imtihondan o‘tolmagan taqdirda, 3 kundan so‘ng yana pul to‘lab, qayta topshirish mumkin.
Maslahat: onlayn-test orqali va mobil ilovalarda imthonga tayyorlanish mumkin.
3. Amaliy imtihon
Maxsus jihozlangan avtodromlarda o‘tkaziladi. Nomzod yo‘llardagi real vaziyatlar modellashtirilgan mashqlarni bajaradi.
A toifasi uchun (mototsikl, skuter):
yurishni boshlash va to‘xtash;
«ilonizi» bo‘ylab harakat;
cheklangan maydonda qayrilish;
tormoz qilish va to‘siqlarni aylanib o‘tish.
Agar nomzod qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymasa (YHQ buzish, chiziqdan chiqib ketish, dvigatel o‘chib qolishi) imtihondan o‘tgan hisoblanadi.
Imtihon haqida nimalarni bilish kerak
YHXXBda imtihon o‘tkazilishi jarayoni videoga yozib boriladi.
Barcha topshiriqlar IIVning yagona standarti asosida bo‘ladi.
Nazariy va amaliy imtihonni qayta topshirish uchun alohida pul to‘lanadi.
Nomzod uch marta imtihondan o‘ta olmasa, qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
Maslahat: imtihonga ertaroq – boshlanishidan 30 daqiqa oldin keling. Pasport va tibbiy ma’lumotnoma yoningizda bo‘lsin. Bu hujjatlarsiz imtihonga kirib bo‘lmaydi.
Imtihondan keyin guvohnoma qanday olinadi
Nazariy va amaliy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tilganidan keyin oxirgi qadam, haydovchilik guvohnomasini olish qoladi. Jarayon soddalashtirilgan: YHXXBda va my.gov.uz orqali ariza berish, to‘lov qilish va guvohnomani olish mumkin.
1. Davlat boji qanday to‘lanadi
Haydovchilik guvohnomasi olish uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizini tashkil etadi. 2025 yil holatiga ko‘ra bu —238 000 so‘m atrofida. my.gov.uz, Uzum Bank, Click, Payme ilovalari orqali yoki banklarda to‘lash mumkin.
To‘lov qilinganidan so‘ng chekni saqlab qo‘yish lozim, uni guvohnoma berilayotgan vaqtda so‘rashlari mumkin.
2. Guvohnoma olish uchun ariza qanday beriladi
Imtihondan so‘ng ma’lumotlar avtomaktab yoki imtihon markazidan YHXXBga taqdim etiladi.
Agar o‘zingiz topshirgan bo‘lsangiz arizani:
onlayn — my.gov.uz orqali: «Haydovchilik guvohnomasini olish»;
oflayn — ro‘yxatdan o‘tish joyidagi IIV YHXB bo‘limida berishingiz mumkin.
Kerakli hujjatlar:
pasport;
№083/u shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma (6 oygacha amal qiladi);
foto 3×4 sm;
davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.
3. Guvohnomani olish
Rasmiylashtirish muddati — 1-3 ish kuni.
Guvohnoma egasi uni shaxsan imzo qo‘yib oladi.
Amal qilish muddati — 10 yil.
Hujjat tayyor bo‘lganidan so‘ng SMS-xabarnoma keladi.
4. Guvohnomada qanday ma’lumotlar ko‘rsatiladi
Haydovchilik guvohnomasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
ism-sharif, tug‘ilgan sana;
guvohnoma raqami;
toifasi (masalan, A, A1, B);
berilgan vaqti va amal qilish muddati.
Keyinchalik yangi toifa olishni istasangiz (masalan, «B»), to‘liq kurs o‘tash shart emas, yangi toifa bo‘yicha imtihon topshirish yetarli.
Maslahat:
Guvohnomani olayotganda undagi barcha ma’lumotlarni, ayniqsa, ism-sharif va tug‘ilgan sanani tekshirib oling. Guvohnomadagi xatoni to‘g‘rilashga vaqt kerak va qayta ariza topshirish talab qilinadi.
Guvohnoma olish qanchaga tushadi
O‘qish va imtihonga hujjat topshirishdan oldin xarajatlarni hisoblab chiqish kerak bo‘ladi. Quyida «A» toifadagi guvohnomani olish uchun taxminan qancha mablag‘ ketishi ko‘rsatilgan.
Yakuniy taxminiy summa (qayta topshirishsiz)
Imtihon qayta topshirilganida har bir qayta urinish uchun 500–600 ming so‘m qo‘shiladi.
Yodda tutish muhim
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab moped va skuterlar YHXBda ro‘yxatdan o‘tkazilishi majburiy.
Ularni boshqarish uchun dvigatel quvvatiga qarab «A» yoki «A1» guvohnomasi talab qilinadi.
Avtomaktabda o‘qish majburiy hisoblanadi.
Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish bilan bog‘liq ayrim xizmatlar onlayn tarzda mavjud, masalan, davlat boji to‘lovi va tayyor guvohnomani olish.
Imtihonlar IIV standartlari bo‘yicha o‘tkaziladi: nazariya kompyuterda, amaliyot avtodromda, videokuzatuv bilan.
«A» toifadagi guvohnomaning amal qilish muddati 10 yil va barcha turdagi mototransport vositalari uchun tan olinadi.
Guvohnoma olishning o‘rtacha qiymati o‘qish, tibbiy ma’lumotnoma va davlat boji bilan birga 3–5 million so‘mni tashkil etadi.
Jamiyat
Xorazmda avtobus uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Xorazm viloyatida jamoat transporti uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Yangi tartib jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda.
Elektron to‘lovga o‘tish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026 yil 1 iyuldan ShI-4, ShI-5, ShI-7, ShI-13, ShI-18, ShI-19 va ShI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli «Urganch shahri – Xiva shahri» trolleybus yo‘nalishini qamrab oladi.
Ikkinchi bosqichda qolgan avtobus hamda trolleybus yo‘nalishlarida belgilangan tartibda brutto-shartnomasi rasmiylashtirilgandan keyin yo‘lkira haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi amaliyoti joriy etiladi va to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng kam tuman va shaharlar qaysi?
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam bo‘lgan hudud Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu yerda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Top-10 talikdan Navoiy, Buxoro, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari o‘rin olgan.
Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Navoiy viloyatining Tomdi tumani joy olgan. Bu yerda 15,3 ming nafar aholi yashaydi. Keyingi o‘rinda esa Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri qayd etilgan bo‘lib, uning aholisi 19,4 ming nafarni tashkil qiladi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 20,7 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida 21,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Ro‘yxatdan Jizzax viloyatidagi Yangiobod tumani ham o‘rin olgan. U yerda 30,6 ming nafar aholi yashaydi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq tumani aholisi esa 34,1 ming nafarni tashkil etgan.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida 36,8 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida 38,9 ming nafar aholi yashaydi. Reytingni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani yakunlab, u yerda 39,9 ming nafar doimiy aholi qayd etilgan.
Jamiyat
Bank sirini bekor qilish emas: Soliq qo‘mitasi izoh berdi
Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha faqat jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinayotganini qayd etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday yondashuv hujjat mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.
Ta’kidlanishicha, loyihada soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi va bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlar va tartib doirasida taqdim etishi mumkin. Bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.
Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish masalalariga oid ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga berilishi mumkin.
Qo‘mita soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishini ham eslatdi. Bunday ma’lumotlarni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatish qonun bilan taqiqlangan.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmi xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bunday tizimlar soliq shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan.
Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Idora fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib, kelib tushgan takliflar hujjatni takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Jamiyat
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 28 iyun – 3 iyul kunlari respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuchli yomg‘irlar kuzatilishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari ham kuzatilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hamda tog‘oldi tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Xususan, xavf Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot, shuningdek Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tog‘li va tog‘oldi tumanlarida kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam oluvchilar hamda ushbu hududlar orqali harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Shu bilan birga, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bu pastqam joylarning suv ostida qolishiga va mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar aholiga ob-havo haqidagi rasmiy ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish, xavfli hududlarga bormaslik hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Ijtimoiy himoya tizimida ish haqi shartlari yangilandi
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur muassasalar xodimlari uchun ish haqi razryadlari hamda ko‘p yillik mehnat faoliyati uchun har oylik ustamalar miqdori belgilandi.
Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tegishli idoraviy hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3589-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, quyidagi muassasalarda faoliyat yurituvchi direktor, bosh vrach, ularning o‘rinbosarlari, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor hamda ijtimoiy xodimlar uchun mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilandi:
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.
Shuningdek, ushbu lavozimlarda ishlovchi xodimlarga mehnat stajiga qarab har oylik ustama to‘lanishi belgilandi. Unga ko‘ra:
1 yildan 3 yilgacha — 30 foiz;
3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
15 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega xodimlarga — 120 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Yangi tartib ijtimoiy himoya tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning mehnatiga munosib haq to‘lash va ularni uzoq muddatli faoliyatga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat5 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Jahon banki O‘zbekiston qishloqlari uchun 150 mln dollar ajratadi
-
Jamiyat5 days agoInterpol o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi
