Jamiyat
Sizni kuzatish uchun ruxsat so‘rab o‘tirishmaydi
Shaxsiy hayotingizni, sirlaringizni adolatli insonga ishongan bo‘larmidingiz? Aytaylik, ijtimoiy tarmoqlar, sizdagi qurilmalar, foydalanayotgan dasturlaringiz yaxshi odamlarning qo‘lida deb o‘ylaysizmi? Agar pardalar ortida “yomon amakilar” turgan bo‘lsa-chi? Bugun biz “5 daqiqa”da Den Braunning “Raqamli qal’a” romani haqida gaplashamiz.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Asar voqealari dunyoning eng maxfiy tashkilotlaridan biri — AQSh Milliy xavfsizlik agentligi ichida boshlanadi. U yerda har bir ovoz, har bir raqam, har bir xabar kuzatiladi. Ana shu joyda kriptografiya bo‘yicha eng kuchli mutaxassislardan biri, IQ darajasi juda yuqori bo‘lgan Syuzan Fletcher ismli go‘zal xonim ishlaydi. O‘sha sohibjamol sizni AQShning “temir devorlari” ortiga nazar tashlashingizga yordam beradi.
Kriptograf Ensey Tankado Ispaniyada shubhali o‘lim topadi. U xavfsizlik agentligida ishlagan, keyin esa tashkilotni tark etib, butun dunyoga shov-shuv soladigan da’vo qiladi. Tankado shunday kod yaratganki, uni hech qanday superkompyuter buzib o‘ta olmaydi. Bu shifr agar ochilmasa, Milliy xavfsizlik agentligining global tizimi ishdan chiqadi. Agar ochilsa, agentlik butun dunyo aloqalarini mutlaq nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Mutlaq nazorat uchun kurash
Milliy xavfsizlik agentligi rahbariyati kodni ochishga urinadi. Ammo “TRANSLTR” deb atalgan ulkan superkompyuter ham kod oldida ojiz qoladi. Tizim qizib, ma’lumotlar yonib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Syuzan Fletcher buni birinchi bo‘lib his qiladi. U kodni ochish bilan nafaqat tizimni, balki inson erkinligini ham yo‘q qilish mumkinligini anglaydi.
Bir vaqtning o‘zida voqealar ikkinchi yo‘nalishda ham rivojlanadi. Syuzanning qallig‘i — tilshunos va ramzlar bilan ishlaydigan Devid Bekker Ispaniyaga yuboriladi. U kod muallifi Tankado qoldirgan sirning tagiga yetadi. Quvg‘inlar, xiyonatlar, yolg‘on yo‘l-yo‘riqlar orqali Bekker ham kod ortidagi haqiqiy maqsadni anglaydi.
Asarning dramasi shundaki, Milliy xavfsizlik agentligining ichida ham yagona fikr yo‘q. Kuch ishlatish tarafdori bo‘lgan Greg Heyl kabi shaxslar uchun maqsad hamma narsani oqlaydi. Ular uchun erkinlik ikkinchi darajali tushuncha. Stratmor esa davlat xavfsizligi bilan vijdon o‘rtasida qolgan rahbar sifatida tasvirlanadi. U tizimga, tizimning qudratiga haddan ortiq ishonib yuboradi. Hammani nazorat qilish mumkin bo‘lgan kuchga erishish uchun qonunlarning ham, inson daxlsizligining ham unga hech qanday ahamiyati yo‘q.
Sirlaringiz — dushmaningiz bo‘lishi mumkin
Tankadoni asar davomida deyarli ko‘rmaysiz, lekin hamma voqealar uning g‘oyasi atrofida sodir bo‘ladi. U shifr yaratish orqali davlatni ag‘darishni emas, insonlarni uyg‘otishni istagan edi. U kod orqali shunday tuzoq qo‘ygandiki, uni ochishga uringan har qanday hokimiyat o‘zini fosh qilib qo‘yadi. Ya’ni u “Troya oti”ga o‘xshab ichkariga kiradi va barchamizni nazorat qilishga urinayotgan tizimni ishdan chiqaradi.
Asar yakunida ayon bo‘ladiki, haqiqiy dushman kod emas. Asl dushman — hokimiyatning cheksiz nazoratga bo‘lgan ishtiyoqidir.
Den Braunning fikricha, texnologiyaga ishonib bo‘lmaydi, u kimda bo‘lsa, o‘sha uning yo‘nalishini belgilaydi. Agar texnologiya insonni himoya qilsa — bu taraqqiyot. Agar insonni kuzatishga xizmat qilsa, u qullikning zamonaviy ko‘rinishi.
(Faraz qiling, telegram, yutub, feysbuk va nihoyat sun’iy intellekt yomon odamlarning qo‘liga tushsa nima bo‘ladi? Umuman, ular ayni paytda yaxshi odamlarning qo‘lidami? Shunaqa paytda odam tog‘larga qochib ketib, qo‘y boqsam deysan).
Bugungi kunda “Raqamli qal’a” yanada dolzarb. Smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar, kameralar, sun’iy intellekt — barchasi hayotimizni yengillashtiryapti, lekin bir vaqtning o‘zida biz haqimizda hamma narsani bilib olyapti. Erkinlikni qulaylikka almashtirishni afzal bilyapmiz.
Den Braun zamonaviy dunyoning eng yaxshi yozuvchilaridan biri. U deyarli barcha asarlarida o‘quvchiga yangi bilimlar bera oladi, baland devorlar ortiga qarash imkonini beradi.
Jamiyat
Toshkent va Andijonda yirik miqdordagi taqiqlangan moddalar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahri va Andijon viloyatida yirik miqdordagi sintetik narkotik modda hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy aylanmasining oldi olindi.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvda bo‘lgan, 2003 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan va Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtotransport vositasi Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan poytaxt tomon harakatlanib kelayotgan vaqtida Chilonzor tumanidagi “Erkin” YPX maskanida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, salonida sof og‘irligi 4 kg 811 grammni tashkil qiluvchi “Alfa PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda “O‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasining Andijon viloyati Marhamat tumani “Boboxuroson” MFY hududidan o‘tuvchi qismida 1985 va 1987 yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular qirg‘izistonlik shaxs tomonidan chegara sim to‘siqlari orqali uloqtirilgan qog‘oz qutini qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Quti xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 9988 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish so‘raldi. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga pul talab qilgan mansabdor ushlandi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va ularni muddatidan oldin tayyorlab berishni va’da qilgan mansabdor shaxs tezkor tadbir davomida pul olgan vaqtida ushlandi.
Kadastr agentligining Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani bo‘limi bosh inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda 1975 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U o‘zining mansabdor tanishlari orqali fuqaroning yashash xonadoniga oid kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish va ushbu hujjatlarni belgilangan muddatdan oldin tayyorlab berish evaziga 1500 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh inspektor 1000 AQSh dollari va 6 million 50 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish so‘raldi. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Qashqadaryoga 800 ta kitobdan iborat sepi bilan kelgan kelin
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumaniga Andijondan kelin bo‘lib tushgan Nasibaxon Ibrohimova kelinlik sepiga odatdagidek turli maishiy buyumlar emas, balki 800 ta ilmiy va badiiy kitob qo‘shib olib keldi.
Hozirda yosh oila kitob javonidagi kitoblar soni 1500 dan oshgan.
«Kitobsevar kelin o‘zining ma’naviyatga bo‘lgan mehri va bilimga chanqoqligini shu tarzda namoyon etdi. U kelgan xonadonida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishni maqsad qilganini aniq.
Hozirgi gadjetlar va moddiy ehtiyojlar ustuvor bo‘lib borayotgan zamonda bunday o‘ziga xos qarashga ega yoshlarni uchratish juda qiyin», – deb yozmoqda mahalliy blogerlardan biri.
Jamiyat
«Men ishlashdan uyaladigan, lekin tilanishdan or qilmaydiganlardan bezorman!»
Ba’zan insonning yutuqlarini ko‘rib uning bu darajaga yetishida kim yoki nima sabab bo‘lgan deb o‘ylab qolasan. Bugungi suhbatdoshim bilan gaplashish asnosida bir haqiqatni angladim: insonni yaxshi tomonga o‘zgartiradigan, uning irodasini toblaydigan eng katta kuch – bu muhit ekan.
Sayxunobod tumanining Axchob qishlog‘i – bu yerning odamlari mehnatkashligi bilan ajralib turadi. Suhbatdoshim Komila opa Boymurodova o‘z bolaligini xotirlarkan, qishloqning o‘sha mehnatga to‘la hayotini shunday tasvirlaydi:
«80-90-yillarni eslasam, ko‘z oldimga zahmatkash insonlar keladi. Hamma nimadir bilan band: kimdir gilam to‘qiydi, kimdir olacha, yana kimdir kashta tikadi. Mening ustozim mana shu muhit bo‘ldi. Katta ammam mashhur Samarqand gilamlarini to‘qirdilar, onam esa ham chevar, ham mohir oshpaz edilar. Haligacha odamlar onamning nonlarini qo‘msab eslashadi».
«Onam va ammam»
Suhbatdoshimning aytishicha, hunarga bo‘lgan muhabbat unga oilaviy meros. Ammasi va onasining tunlari qo‘y yungidan ip yigirib, «kechasi bilan mana shu gilamni bitiraylik» deya tinib-tinchimay qilgan mehnatlari katta maktab bo‘lgan. Bugun uning xonadonida ammasidan qolgan, toza jundan to‘qilgan gilam nafaqat foydali, balki iliq xotiralari bilan ham qadrli.
«To‘g‘risi, men o‘zim bilan faxrlanaman. Chunki insonning bandligi uni ko‘p qiyinchiliklardan qutqaradi. O‘n yoshlarimda tinmay kiyimchalar to‘qiganimdan onam hatto xafa bo‘lib: «Borib o‘rtoqlaring bilan o‘yna, faqat to‘qish, tikishga yopishavermasdan!» deganini eslayman. To‘rt o‘g‘ilning ichida bir qiz bo‘lsam-da, mehnatdan qochmadim. Maktab davrimdayoq to‘qiganlarimni sotardim. Hech kimda pul bo‘lmagan vaqtlarda ham mening yonimda doim mablag‘im bo‘lardi. Qiziq jihati, o‘sha vaqtlarda atrofdagilar «Hamma narsasi badastir bo‘lsa, yana uning ustiga birgina qiz, nega buncha tinmaydi?» deb hayron bo‘lishgan.
Odam faqat o‘z kuchiga, mehnatiga ishonishi kerak. Ota-ona yoki yaqinlarning ko‘magiga suyanib qolish eng katta xato. Intiluvchanligim orqali oliy ma’lumotli bo‘ldim, hunarim tufayli ko‘rgazmalarda qatnashdim va o‘z farovonligimni yaratdim. Ota-onam kelajagimdan xavotirlanib, «Ertaga bu qizimiz qanday yashaydi?» deb soddalarcha o‘ylashgan ekan. Ammo vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘ydi. Bu yerda onamning roli juda katta, kelajagimni o‘ylab hunarga qiziqtirgani uchun bir umr minnatdorman».
«Imkonsizlikni emas, mehnatni tanladim»
Komila opa bilan avval ham suhbatlashganman, ichidagi g‘ayrat va hayotga bo‘lgan muhabbat meni doim hayratga soladi. U nafaqat hunarmand, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuksak, mag‘rur ayol – hayot falsafasi oddiy: «Hech kimdan kam emasman». Ammo bu darajaga yetish oson bo‘lmaganini, ota-onasining xavotirlari ortida qanchalik zahmatli mehnat yotganini u shunday eslaydi: «Ota-onam bu kunlarimni ko‘rsaydi, ularning men uchun xavotirlanganlarini eslasam, yuragim uvishadi. Qiyin paytlarda ko‘rpa-jildlar, choyshablar tikdim, gullar o‘stirib sotdim. Balki kimgadir erish tuyular, lekin zavq bilan ishladim. Hamisha oliy darajada, chiroyli yashashga intilish bo‘lgan va bunga haqliman deb bilaman».
Jamiyatda nogironligi bor shaxslarga imkoniyati cheklangan odamlardek qarash yoki ulardan yuksak natija kutmaslik kabi noto‘g‘ri qarashlar uchrab turadi. Komila opa mana shu stereotiplarga qarshi o‘zining yashash tarzi bilan javob bermoqda.
«Men odamlarning rahmi kelishini yomon ko‘raman. Bechora, imkoni cheklangan, yolg‘iz ona, degan gaplar haqoratdek tuyuladi. Rahm qilishlarini emas, hurmat qilishlarini istayman! Boshqalardan ajralib qolishni, chetga surib qo‘yilishni hech qachon istamaganman. Boqimandalik bu qalbning majruhligi. Agar insonda xohish bo‘lsa, bir qo‘l bilan ham dunyoni o‘zgartirish mumkin. Imkoniyati cheklangan degan tamg‘ani o‘zimdan yulib oldim, rostdan ham imkonim cheklanmaganini amalda isbotladim: biz agar chin dildan istasak sog‘lom odamlardek boshimiz baland, mag‘rur yashay olamiz! Hayot – katta imkoniyat, «o‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil», deydilar. Biz odamlar bir-birimizni qadrlab, yaxshi tomonlarimizni o‘rganib yashashimiz kerak. Mening yana bir xobbim – yaxshi insonlar bilan tanishish va ulardan o‘rganish».
Chorasizlik ichidagi chora…
Hayot hamisha ham tekis yo‘ldan iborat emas. Ba’zan taqdir insonni shunday sinovlarga ro‘para qiladiki, yo sinib qolishing yoki yanada kuchliroq bo‘lib qad ko‘tarishing kerak bo‘ladi. Komila opaning hayotidagi eng katta burilish nuqtasi uning talabalik yillariga to‘g‘ri kelgan. Otasi tarix fani o‘qituvchisi, ko‘p yillar kasaba uyushmasida ishlagan ziyoli inson nohaqlikka uchragan, oila iqtisodiy jihatdan qiynalgan yillar…
«21 yoshimda onam to‘satdan olamdan o‘tdilar. O‘shanda xuddi sahroda yolg‘iz qolgandek bo‘ldim. Eng alam qilgani – onam kasal bo‘lib yotganlarida moddiy yordam berolmadik. Chunki hammamiz o‘qirdik, otam ham xasta edilar. O‘shanda anglaganman: «Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi». Inson har qanday holatda ham o‘zini o‘zi uddalashi, nimadir tadbir qilishi, hunari bo‘lishi shart ekan. Chorasiz qolganingda, chorasizlikning o‘zi senga chora bo‘larkan».
O‘sha yillari Komila opa talabalik stipendiyasiga uchta tovuq sotib olib, kelinoyisi bilan jo‘ja ochirib, tuxum sotadi. Bu kimgadir erish tuyulishi mumkin, lekin bu haqiqiy hayot maktabi edi. U «men qiynalganman» deb tushkunlikka tushishni emas, mehnat bilan vaziyatdan chiqishni tanladi.
Darvoqe, atrofga qarang. Hamma narsasi yetarli, soppa-sog‘lom, lekin hayotdan doim norozi kimsalar qancha? Ishlashga uyaladigan, lekin birovdan so‘rashga uyalmaydigan insonlar-chi? Komila opaning hayoti mana shunday noshukurlikka berilgan eng qattiq zarbadir. U bir qo‘li bilan nafaqat to‘qish to‘qiydi, balki tuvaklarda gullar yetishtiradi, jurnalist sifatida qalam tebratadi. Yana atrofida tanish-bilishlariga hunarini o‘rgatishdan aslo og‘rinmaydi. Uning lug‘atida «qiynaldim», «qo‘limdan kelmaydi» degan so‘zlar yo‘q.
«O‘g‘lim – faxrim»
Komila opaning yana bir katta yutug‘i va baxti – o‘g‘li Hikmatillo. U o‘g‘li haqida gapirganda ko‘zlarida cheksiz umid va faxr porlaydi.
«O‘g‘lim Hikmatillo – mening baxtim. U shiddatli zamon, boshqa davr odami, yangicha fikrlaydi. Kompyuter texnologiyalari, sun’iy intellekt sohasiga qiziqadi. Uning yurtimiz koriga yaraydigan inson bo‘lishini istayman. Mening mehnatlarim samarasi illo mana shu farzandimning kamoli va yaqinlarimning omonligidir».
Yuksak e’tirof…
Komila Boymurodova «Ishonch» gazetasida ko‘p yillardan buyon mehnat qilib kelmoqda. Ishxonadagi qizg‘in muhit, ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgan jamoa uning ikkinchi oilasiga aylangan.
«Shukr, sevimli jamoam bor. Ishimiz qizg‘in, katta ezgu ishlarni amalga oshiryapmiz. Bo‘sh vaqtlarimda esa ekologiyaga foyda keltirish uchun gullar, ekinlar bilan shug‘ullanaman, – deydi suhbatdoshim. – Odam kamharakat bo‘lmasligi kerak. Atrofda kasallik ko‘p, hammasi harakatsizlikdan. Dangasalardan bezorman: hamma sharoit bor, lekin harakat qilish o‘rniga birovdan so‘rashga uyalmaydi, ishlashga esa uyaladi. Eng qizig‘i mablag‘i bo‘lishini istaydi, ishlamagan va mehnat qilmagan odamning puli qayerdan bo‘lsin. Bu noto‘g‘ri fikrlashdan qutilish kerak».
Komila Boymurodovaning mehnatlari davlatimiz va jamoatchilik tomonidan ham munosib e’tirof etilgan: Mustaqillikning 15 yilligi ko‘krak nishoni, «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni, Kasaba uyushmalarining «Ehtirom» nishoni, «Atirgul» va «Yilning Eng faol jurnalisti» tanlovlari g‘olibligi…
«Shunday kunlarga erishishimga ustozlarimning, «Ishonch» gazetasi rahbariyatining ham yordami beqiyos. Prezidentimizga, Kasaba uyushmalari federatsiyasiga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Otam rahmatli aytardilar: «Borlik nelar yedirmas, yo‘qlik nelar dedirmas». Bugun shukr qilish uchun sabablarim juda ko‘p».
Oltin damlarga aylangan qiyinchiliklar
Inson taqdiridagi eng og‘ir damlar vaqt o‘tib uning eng katta boyligiga aylanishi mumkin. Komila opa qiyinchiliklardan noliganida, otasining aytgan bir gapi bugun uning hayotida o‘z isbotini topdi: «Qizim, qiyinchilik ko‘rdim dema, hali bu ko‘rganlaring senga oltin bo‘lib qaytadi». Haqiqatan ham, o‘sha mashaqqatlar bugungi muvaffaqiyatlarning oltin poydevori bo‘ldi.
Komila Boymurodovaning irodasi maktab davri – paxta dalalaridayoq toblangan desak mubolag‘a emas. Maktab direktori onasiga «qizingiz chiqmay qo‘ya qolsin» deganida, «Nega chiqmas ekanman?!» deb sinfdoshlaridan qolmay dalaga oshiqqan, yuk mashinalarida paxtaga borib, ukalariga yordam bergan o‘sha qiz hali hamon yaqinlariga qo‘lidan kelgancha yaxshilik sog‘inadi.
«Mening Boymurod bobom katta chorvador, el suygan saxovatli inson bo‘lganlar. U kishining bir gapi qulog‘imda muhrlanib qolgan: «Ishlaganda quldek ishla, yurganda bekdek yur!» Men bobom bilan faxrlanaman. U kishi hatto o‘ziga dushmanlik qilganlarga ham yaxshilik sog‘ingan mard inson edilar. Men ham mana shu tamoyil bilan yashayman: chin dildan qilingan mehnat hech qachon minnat qilinmasligi kerak, shundagina uning mukofoti ziyodasi qaytib keladi».
Bugungi shiddatli axborot zamonidagi charchoqlar insondan ruhiy tetiklikni talab qiladi. Komila opaning fikricha, buning davosi – yaxshi insonlar bilan muloqot va tabiat bilan uyg‘unlikdir.
«Odam taftini odam oladi. Men hayotni nega yaxshi ko‘raman? Chunki har bir lahza – Alloh bergan mislsiz imkoniyat. Men bormanmi, demak, harakat qilishim, birovga muhtoj bo‘lmay yutuqlarga erishishim kerak. Inson doim o‘z kuchiga suyanishi va ishonishi kerak. Negaki yaqinlaringning o‘z hayoti, o‘z tashvishi bor. Odam birovga yaxshilik qilsa qilsinu lekin umidvor bo‘lmasin. Inson o‘ziga o‘zi katta yordam berishi bu – boshqalardan umidvor bo‘lmaslik, hech narsa kutmaslik. Vaqtni isrof qilmay tejamkorlik bilan chiroyli yashash mumkin. Boshimdan ko‘p qiyinchlik o‘tgan, deb tushkunlikka tushish kerak emas. Bosh motivatorim bu – o‘smirlikdagi oilamiz boshiga tushgan qiyinchiliklardir. Hozirda eng katta ovunchog‘im va quvvat manbaim – ona zamin va gullar. Hovlimda ishlash ham menga ishtiyoq beradi. Go‘zallik haqiqatdan ham dunyoni qutqaradi. Gullarim go‘zal bo‘lib ochilsa, ekinlarim yashnasa, ulardan olam-olam zavq olaman».
Omad siri yaxshi kayfiyatda…
Suhbat davomida anglaganim shu bo‘ldiki, muvaffaqiyat faqat tinimsiz mehnatda emas, balki insonlarga bo‘lgan xushmuomalalik va ichki xotirjamlikda hamdir.
Komila opaning o‘g‘li Hikmatilloga bo‘lgan cheksiz mehri va ishonchi, yurtiga bo‘lgan muhabbati, har bir kunini qadrlashi uning haqiqiy baxt formulasidir. Qahramonimizning hayoti bizga shuni o‘rgatadi: qanday vaziyatda bo‘lmang, ichingizdagi g‘ayratni so‘ndirmang, zero ezgulik bilan sug‘orilgan mehnat albatta meva beradi.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Jamiyat
Farg‘onada soliqchi tadbirkordan 20 ming dollar olganida ushlandi
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari imkoniyati orqali, mazkur tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan 10 gektar yer maydonini namanganlik tadbirkorga kelgusida sayyohlik maskani tashkil etishi uchun ajratib berish evaziga 95 ming AQSh dollari hamda yer maydoni toifasini o‘zgartirib berish evaziga 6 ming AQSh dollari (jami 101 ming AQSh dollari) talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Yangi Namangan tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh inspektor oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
Гидрометеорология хизмати қор кўчиш хавфидан огоҳлантирди
-
Dunyodan4 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat4 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Dunyodan5 days ago
Ozarbayjon diplomatlarini Erondan evakuatsiya qilmoqda
-
Jamiyat5 days agoAyrim mahkumlar uchun jazoni o‘tash tartibi o‘zgaradi
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Dunyodan2 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan1 day ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
