Jamiyat
Sizni kuzatish uchun ruxsat so‘rab o‘tirishmaydi
Shaxsiy hayotingizni, sirlaringizni adolatli insonga ishongan bo‘larmidingiz? Aytaylik, ijtimoiy tarmoqlar, sizdagi qurilmalar, foydalanayotgan dasturlaringiz yaxshi odamlarning qo‘lida deb o‘ylaysizmi? Agar pardalar ortida “yomon amakilar” turgan bo‘lsa-chi? Bugun biz “5 daqiqa”da Den Braunning “Raqamli qal’a” romani haqida gaplashamiz.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Asar voqealari dunyoning eng maxfiy tashkilotlaridan biri — AQSh Milliy xavfsizlik agentligi ichida boshlanadi. U yerda har bir ovoz, har bir raqam, har bir xabar kuzatiladi. Ana shu joyda kriptografiya bo‘yicha eng kuchli mutaxassislardan biri, IQ darajasi juda yuqori bo‘lgan Syuzan Fletcher ismli go‘zal xonim ishlaydi. O‘sha sohibjamol sizni AQShning “temir devorlari” ortiga nazar tashlashingizga yordam beradi.
Kriptograf Ensey Tankado Ispaniyada shubhali o‘lim topadi. U xavfsizlik agentligida ishlagan, keyin esa tashkilotni tark etib, butun dunyoga shov-shuv soladigan da’vo qiladi. Tankado shunday kod yaratganki, uni hech qanday superkompyuter buzib o‘ta olmaydi. Bu shifr agar ochilmasa, Milliy xavfsizlik agentligining global tizimi ishdan chiqadi. Agar ochilsa, agentlik butun dunyo aloqalarini mutlaq nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Mutlaq nazorat uchun kurash
Milliy xavfsizlik agentligi rahbariyati kodni ochishga urinadi. Ammo “TRANSLTR” deb atalgan ulkan superkompyuter ham kod oldida ojiz qoladi. Tizim qizib, ma’lumotlar yonib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Syuzan Fletcher buni birinchi bo‘lib his qiladi. U kodni ochish bilan nafaqat tizimni, balki inson erkinligini ham yo‘q qilish mumkinligini anglaydi.
Bir vaqtning o‘zida voqealar ikkinchi yo‘nalishda ham rivojlanadi. Syuzanning qallig‘i — tilshunos va ramzlar bilan ishlaydigan Devid Bekker Ispaniyaga yuboriladi. U kod muallifi Tankado qoldirgan sirning tagiga yetadi. Quvg‘inlar, xiyonatlar, yolg‘on yo‘l-yo‘riqlar orqali Bekker ham kod ortidagi haqiqiy maqsadni anglaydi.
Asarning dramasi shundaki, Milliy xavfsizlik agentligining ichida ham yagona fikr yo‘q. Kuch ishlatish tarafdori bo‘lgan Greg Heyl kabi shaxslar uchun maqsad hamma narsani oqlaydi. Ular uchun erkinlik ikkinchi darajali tushuncha. Stratmor esa davlat xavfsizligi bilan vijdon o‘rtasida qolgan rahbar sifatida tasvirlanadi. U tizimga, tizimning qudratiga haddan ortiq ishonib yuboradi. Hammani nazorat qilish mumkin bo‘lgan kuchga erishish uchun qonunlarning ham, inson daxlsizligining ham unga hech qanday ahamiyati yo‘q.
Sirlaringiz — dushmaningiz bo‘lishi mumkin
Tankadoni asar davomida deyarli ko‘rmaysiz, lekin hamma voqealar uning g‘oyasi atrofida sodir bo‘ladi. U shifr yaratish orqali davlatni ag‘darishni emas, insonlarni uyg‘otishni istagan edi. U kod orqali shunday tuzoq qo‘ygandiki, uni ochishga uringan har qanday hokimiyat o‘zini fosh qilib qo‘yadi. Ya’ni u “Troya oti”ga o‘xshab ichkariga kiradi va barchamizni nazorat qilishga urinayotgan tizimni ishdan chiqaradi.
Asar yakunida ayon bo‘ladiki, haqiqiy dushman kod emas. Asl dushman — hokimiyatning cheksiz nazoratga bo‘lgan ishtiyoqidir.
Den Braunning fikricha, texnologiyaga ishonib bo‘lmaydi, u kimda bo‘lsa, o‘sha uning yo‘nalishini belgilaydi. Agar texnologiya insonni himoya qilsa — bu taraqqiyot. Agar insonni kuzatishga xizmat qilsa, u qullikning zamonaviy ko‘rinishi.
(Faraz qiling, telegram, yutub, feysbuk va nihoyat sun’iy intellekt yomon odamlarning qo‘liga tushsa nima bo‘ladi? Umuman, ular ayni paytda yaxshi odamlarning qo‘lidami? Shunaqa paytda odam tog‘larga qochib ketib, qo‘y boqsam deysan).
Bugungi kunda “Raqamli qal’a” yanada dolzarb. Smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar, kameralar, sun’iy intellekt — barchasi hayotimizni yengillashtiryapti, lekin bir vaqtning o‘zida biz haqimizda hamma narsani bilib olyapti. Erkinlikni qulaylikka almashtirishni afzal bilyapmiz.
Den Braun zamonaviy dunyoning eng yaxshi yozuvchilaridan biri. U deyarli barcha asarlarida o‘quvchiga yangi bilimlar bera oladi, baland devorlar ortiga qarash imkonini beradi.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
