Jamiyat
Sirdaryoda sudya bilan birgalikda bank mansabdori ham ushlangani ma’lum bo‘ldi
Sirdaryoda sudya bilan birgalikda bank mansabdori ham ushlangani ma’lum bo‘ldi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari va Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi va «Agrobank» ATB Guliston filiali mansabdor xodimining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Xususan, sudlov hay’ati sudyasi o‘z ish yurituvida bo‘lgan – mahalliy tadbirkor tomonidan Guliston shahrida qurilgan ko‘p qavatli bino bo‘yicha kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan da’vo ishi qonunan uning foydasiga hal bo‘lishini bilgani holda, o‘zining yaqin aloqasi hisoblangan «Agrobank» mansabdori bilan til biriktirib, undan 7500 AQSh dollari talab qilishgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori talab qilingan pul mablag‘idan 5500 AQSh dollarini olib, sud tomonidan tadbirkor foydasiga ijobiy hal qiluv qarori e’lon qilinganidan so‘ng, sudyaga 3600 AQSh dollarini bergan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy sud Sirdaryoda sudya ushlangani haqida xabar bergandi.
Jamiyat
O‘qish maqsadida chet elga chiqqanlar soni kamaydi
2026 yilning dastlabki to‘rt oyida o‘qish maqsadida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada qisqardi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–aprel oylarida 7 355 nafar O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olish maqsadida chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,6 ming nafarga yoki 26,2 foizga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur davrda o‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p tanlagan davlat Qirg‘iz Respublikasi bo‘lgan. U yerga ta’lim maqsadida 1 519 nafar fuqaro yo‘l olgan. Rossiya ikkinchi o‘rinni egallab, ushbu mamlakatga 1 515 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun borgan.
Reytingning keyingi pog‘onalaridan Janubiy Koreya, Turkiya va Tojikiston joy olgan. Xususan, Koreya Respublikasiga 1 184 nafar, Turkiyaga 554 nafar, Tojikistonga esa 514 nafar fuqaro ta’lim maqsadida safar qilgan.
Shuningdek, Xitoyga 472 nafar, Buyuk Britaniyaga 413 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun chiqqan. Boshqa davlatlarga ta’lim maqsadida safar qilganlar soni esa 1 184 nafarni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, ta’lim migratsiyasidagi o‘zgarishlarga xorijiy universitetlar qabul siyosati, ta’lim xarajatlari, stipendiya dasturlari hamda mehnat bozoridagi tendensiyalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rinishicha, xorijda ta’lim olishga qiziqish saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, joriy yilning dastlabki oylarida chet elda o‘qish uchun safar qiluvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Jamiyat
Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. U kelishilgan mablag‘ning bir qismini olayotgan vaqtida ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, fuqaro Z.Yu. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan. U Andijon tumanidagi Yo‘ldosh Oxunboboyev massivida joylashgan davlat zaxirasi yer maydoni auksion orqali uning farzandi nomiga rasmiylashtirilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan.
Shundan so‘ng mazkur 40 sotix yer maydonining hujjatlarini kelgusida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, bu xizmat uchun 160 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablag‘ning dastlabki qismi hisoblangan 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ishning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni yer ajratish, auksion savdolari va mulkni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarda faqat rasmiy manbalar va qonuniy tartiblarga tayanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Soliq oliy maktabida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari ochiladi
O‘zbekistonda soliq sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentning “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–227-son, 2026 yil 16 iyun) qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2026 yil 19 maydagi PF–95-sonli farmoniga asosan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etilgan. Shuningdek, uning tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi.
Qarorga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab Soliq oliy maktabida o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027-2028 o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.
Bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur o‘quv kurslarini tamomlaganligi haqida hujjat ham oladi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi sertifikatlarini qo‘lga kiritgan talabalarning mazkur sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplab beriladi.
Jamiyat
FVB tizimiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Buxoro viloyatida fuqaroni Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan shaxs 3,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. fuqaro S.I.ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimiga ishga kirish imtihonlaridan o‘tkazib berishini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, u mazkur xizmat evaziga 3 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi
Toshkent shahridagi muhim ko‘chalardan bir qismiga Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi. Bu haqda tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Prezidentning 2026 yil 15 iyundagi qaroriga muvofiq, poytaxtning Yashnobod tumanida barpo etilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboniga tutash hududda joylashgan Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismi Mustafo Kamol Otaturk nomi bilan ataladi.
Hujjatga ko‘ra, yangi nom Istiqbol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan boshlanib, Abdulla Qodiriy ko‘chasi hamda Mahtumquli shohko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan hududga beriladi.
Qaror O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va yaqinlik rishtalarini e’tirof etish maqsadida qabul qilingani ta’kidlanmoqda.
Mustafo Kamol Otaturk XX asrda Turkiya davlatchiligini shakllantirgan eng muhim siyosiy arboblardan biri sifatida tanilgan. U mamlakat mustaqilligi uchun kurashga rahbarlik qilgan, respublika boshqaruv tizimini joriy etgan hamda keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan.
Mazkur tashabbus Toshkentda yaratilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboni bilan uyg‘un holda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yana bir ramzi sifatida baholanmoqda.
Qarorning amaliy ijrosi doirasida tegishli davlat organlari va mahalliy hokimliklarga ko‘chani qayta nomlash hamda manzil ma’lumotlarini yangilash bilan bog‘liq tashkiliy choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
