Jamiyat
Sirdaryoda qalbaki 150 ming dollar muomalaga kiritilishining oldi olindi
U Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olgani aniqlangan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqoltin tumanida yashovchi, 27 yoshli fuqaro ushlandi.
DXX xabariga ko‘ra, u qalbaki 150 ming AQSh dollarini shartli xaridorga haqiqiy 30 ming AQSh dollariga sotishga uringan.
Ta’kidlanishicha, u oldin ham sudlangan bo‘lib, 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va hozir jazoni o‘tash davrida bo‘lgan.
Tergovga qadar tekshiruvda u Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan ushbu qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqarodan olgani aniqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
31 mart kuni avtokredit rasmiylashtirish uchun bankka borgan fuqaro bedarak yo‘qoldi. Ko‘p o‘tmay bank xodimi qo‘lga olindi, u o‘zaro janjal oqibatida mijozni o‘ldirib, jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan. Hozirda jasadni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Foto: Wikimedia/Getty images
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro S.E joriy yilning 31 mart kuni avtokredit rasmiylashtirish maqsadida Qo‘qon shahridagi bankka borgan va shundan keyin bedarak yo‘qolgan. Uning yaqinlari Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, u bank binosini bank xodimi bilan birga tark etgan, ikki soat o‘tib xodim yolg‘iz qaytib kelgan.
Bosh prokuratura axborot xizmati tergovga qadar tekshiruv davomida Qo‘qon shahridagi banklardan birining kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinganini ma’lum qildi. U mijozni o‘ldirib, jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan.
U S.E. 31 mart kuni aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida filialga kelgani, u bilan filialda o‘zaro tortishib qolgani, Tracker rusumli avtomashinasida o‘zaro gaplashib olish uchun yo‘lga chiqib, O‘zbekiston tumani «Taraqqiyot» MFY hududiga kelgani, bu yerda mashina ichida oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yin sohasiga bir necha marta zarba berib o‘ldirganini aytgan.
U shundan so‘ng ish joyiga qaytib kelgan, murdani mashinasida qoldirgan, soat 19:00 larga qadar ishda bo‘lib, ishdan so‘ng, avtomashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumanidagi To‘lash mahallasi hududidan oqib o‘tgan qismiga borib, murdani kanalga tashlab yuborganini bildirgan.
Holat yuzasidan JKning 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.T. qo‘lga olingan. Ayni vaqtda jabrlanuvchining jasadi topilmagan, qidiruv ishlari davom etmoqda.
Qidiruvga FVVning Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari jalb etilgan. Shuningdek, mahalliy aholi vakillari ham qidiruv ishlarida ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida ham IIB xodimi tomonidan urib yuborilgan shaxsning jasadi Farhod kanalidan 80 kundan so‘ng topilgan edi.
Jamiyat
Gulistonda ko‘p qavatli uy qulash xavfi sabab unda yashovchilar evakuatsiya qilindi
Voqea guvohiga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning 1-qavatidagi savdo do‘konlaridan birida asosiy ustun olib tashlangan. Shu sababli uy qulash holatiga kelgan.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida qulash xavfi yuzaga keldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Guliston shahri Bog‘ishamol mahallasidagi 8-uyda yashovchilar 1 aprel kuni tushdan keyin tezkor ravishda evakuatsiya qilingan. Bunga ko‘p qavatli uyda qulash xavfi yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.
Voqea guvohlaridan birining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ushbu ko‘p qavatli uyning 1-qavati savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlariga aylantirilgan.
“Do‘konlardan birining egasi tegishli tashkilotlar ruxsatisiz asosiy ustunni olib tashlabdi. Shu sababli, “dom” qulash holatiga kelgan. Hozir hech kim yashamayapti. Qurbi yetganlar ijaraga uy olishgan, yetmaganlarni esa yotoqxonalarga joylashtirishgan”, deydi u.
Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati holatni Kun.uz’ga tasdiqladi. Uning bildirishicha, tekshirilib, xulosa olingunicha ehtiyot chorasi sifatida odamlar evakuatsiya qilingan. Hokimlik vakiliga ko‘ra, holat o‘rganilyapti, uyni ta’mirlash yoki boshqa qurib berish masalasi ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda futbol maydonchasi va daraxtlarga qurilish xavf solmoqda
Poytaxtdagi yana bir yashil hududdagi daraxtlar va bolalar maydonchasi xavf ostida qolgan. Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri ularni saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bu yerda maishiy kompleks qurilishi rejalashtirilgan.
Yakkasaroydagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri bolalar sport maydonchasi va 18 ta daraxtni saqlab qolish uchun kurashmoqda, ammo tadbirkorning ham qurilishdan voz kechish niyati yo‘q. 2022 yilda auksionda tadbirkor Doniyor Yusupov tomonidan 1 milliard 300 million so‘m evaziga ofis binosi qurish sharti bilan qo‘lga kiritilgan, biroq keyinchalik loyiha o‘zgartirilib ofis, avtoturargoh, ko‘ngilochar majmua qurilishi reja qilingan.
Aholi bu qarorga qarshi sudga murojaat qilgan, bir necha bosqichli sud jarayonlaridan so‘ng 2024 yil oxirida ular foydasiga qaror chiqarilgan. Shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasida bu holat Shaharsozlik kodeksiga zid ekani aytilgan. Chunki shaharsozlik normalari va qoidalariga ko‘ra, bunday obektlar maktab-bog‘chalardan 50 metrdan kam bo‘lmagan masofada uzoq bo‘lishi kerak. Ammo qurilishi reja qilingan bino bilan tumandagi 323-bolalar bog‘chasining oralig‘i bor-yo‘g‘i 3 metr masofada loyiha qilingan.
“Bu yerda bolalar bog‘chasi bor, jajji bolachalarimiz o‘sib-ulg‘ayishiga tadbirkor quradigan bino salbiy ta’sir qilishi aniq. Bu xalqning noroziligiga sabab bo‘lyapti. Nima sababdan 1 yil-u 2 oy o‘tib shahar prokurori o‘rinbosari protest beryapti? Chunki biz sudlarda yutib chiqdik, isbotlandi bu yerda qurilish mumkin emasligi”, – deydi MFY raisi o‘rinbosari Xolida Murodova.
Biroq 2026 yil fevral oyida Bosh prokuratura ushbu qaror yuzasidan protest kiritdi. Unda aytilishicha, hududdagi 18 ta daraxt qurilish ostiga tushgan va shundan 8 ta daraxtni kesish, 2 tasini ko‘chirish 5 mln 100 ming so‘m to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin. Bunga Ekologiya qo‘mitasining ruxsati berilgan. Ammo Botanika bog‘i mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, bunday kattalikdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish deyarli imkonsiz. Bu ularning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Hududdagi barcha daraxtlar «Yashil makon» dasturiga kiritilgan.
Ish 3 aprel kuni qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Aholi Prezident administratsiyasiga ham murojaat yo‘llagan.
«Bu hududda issiq suv quvurlari tepadan o‘tkazilgan, chunki bu mahalla qurilgan paytda ularni pastdan yotqizishning iloji bo‘lmagan. Bu yerdagi barcha uylar taxminan 60 yil avval qurilgan uylar. Agar qurilish jarayonida qazishni boshlashsa va biron bir quvurga tegishsa, butun mahalla gaz, suv yoki kanalizatsiyasiz qoladi. Hatto telefon aloqasini ham uzib qo‘yishi mumkin», – deya ta’kidladi yana bir fuqaro.
«Bu masalada 2023 yildan beri murojaat kelib tushadi. Shunga asosan hududdagi daraxtlar xatlovga olingan. Fuqarolar ham xabardor, tadbirkorga ham ogohlantirish berilgan – daraxtlarni noqonuniy kesmaslik, ko‘chirmaslik va shikast yetkazmaslik yuzasidan. 2023 yildan beri hali hech qanaqa ekologik qonunbuzilish holatlari yo‘q. Daraxtlar kesilmagan, shikastlantirilmagan, ko‘chirilmagan. Daraxtlarni kesish yuzasidan hali murojaat kelib tushmagan. Tushgan taqdirda ham aholining fikri o‘rganiladi. Daraxtlarni saqlab qolish choralari ko‘riladi», – deya izoh berdi Ekologiya qo‘mitasi mas’uli Mirkomil Abduvohidov.
Tahririyat ikkinchi tomon fikrini eshitish maqsadida tadbirkor Doniyor Yusupov bilan bog‘landi. U ekranda ko‘rinishni istamadi, u bilan telefon suhbati yozilgan audioyozuvlardan foydalanmaslikni so‘radi. Tadbirkor qurilish futbol maydonchasi uning uchastkasi chegaralariga faqat qisman tushishini, futbol maydonchasini buzishni rejalashtirmayotganini aytib, bu hududni qonuniy xarid qilgani va soliqlar to‘lab kelayotgani, voz kechish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
Hududda faqat ekologik xavf emas, sport kelajagi uchun ham xavotir yuzaga kelgan. Chunki daraxtlarga qo‘shilib bolalar sport maydonchasining ham qo‘ldan boy berilishi futbolni rivojlantirish haqidagi qonunlarga ham zid. Prezident qarori bilan har bir mahallada futbol maydoni joriy qilish, davlatga qarashli stadionlar va futbol maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish va sotish taqiqlangan.
Hozircha yakuniy qarorni sud hal qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi
Tibbiy xizmatlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash tartibi joriy etiladi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
2026 yil 1 apreldan O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tdi. Bu prezidentning 2025 yil 9 noyabrdagi «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
SSV matbuot xizmati qayd etishicha, bunda shifo maskanlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra 2026 yil 1 apreldan:
tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi;
zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti qo‘llanadi;
yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqishli ishlar uchun ham 36 soatdan oshmaydi;
tibbiyot xodimlari bo‘lmaganlar uchun ish vaqti 40 soatni tashkil etadi.
Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish vaqti:
dushanba–juma: 08:00–20:00;
shanba: 08:00–14:00 (navbatchilik).
Sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda:
asosiy ish vaqti: 08:00–16:00;
qo‘shimcha navbatchilik: 16:00–20:00.
Navbatchilik vazirlikning 254-son buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Ish haqi saqlanadi, kamaytirilmaydi. Ichki hujjatlar va mehnat shartnomalari qayta rasmiylashtiriladi.
Statsionarlarda navbatchilik doimiy tashkil etiladi. Smena va navbatchilik adolatli taqsimlanadi.
Jamiyat
Samarqanddagi maktabda direktor o‘rinbosari va o‘quvchi o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa 2 aprel kuni Urgut tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabida yuz bergan.
Ta’kidlanishicha, janjal maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari hamda 9-sinf o‘quvchisi o‘rtasida sodir bo‘lgan.
Hozirda holatni huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rganmoqda.
Voqeaga nima sabab bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Boshqarma o‘quvchilarga nisbatan har qanday qo‘pol munosabatni keskin qoralashini bildirgan.
Shuningdek, holat yuzasidan boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib o‘rganilishi va uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi va’da qilingan.
-
Dunyodan4 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Dunyodan4 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Sport4 days agoEronlik futbolchilar Minob qurbonlarini xotirladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Jamiyat4 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Jamiyat3 days agoMITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
