Jamiyat
Sirdaryoda mashina olib qochib, Bo‘kada IIB xodimini pichoqlagan ikki yigit uzoq muddatga qamaldi
18 yoshli yigitlar avvaliga Samarqand shahridan yo‘lovchi sifatida mingan Cobalt mashinasini, so‘ngra Bo‘ka tumani hududida ularni to‘xtatgan IIB xodimi mashinasini olib qochgan. Ular IIB tezkor vakiliga pichoq bilan jarohat ham yetkazishgan. Sud hukmi bilan yigitlarning biri 9,5 yilga, ikkinchisi 15,6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Mashina olib qochib, Bo‘ka tumanida IIB xodimini pichoqlagan andijonlik ikki yigitga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi F.Sh. (2007 yil 14 mayda tug‘ilgan) hamda voyaga yetmagan F.X. (2007 yil 2 dekabrda tug‘ilgan) Namangan viloyatiga ketish maqsadida Samarqand shahridan yo‘lovchi sifatida Cobalt mashinasiga mingan. Ular Sirdaryo viloyati hududida haydovchi hojatxonaga kirib ketganida mashinani olib qochgan.
1 avgustdan 2 avgustga o‘tar kechasi yigitlar Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida harakatlanib ketayotganida ularni Bo‘ka tumani IIB tezkor vakili mayor Nurbek Shodiyev to‘xtatgan. Ammo IIBga olib ketish paytida ulardan biri xodimning bo‘yniga pichoq bilan jarohat yetkazgan. So‘ngra yigitlar Cobalt’ni o‘sha yerda qoldirib, xodimning Matiz mashinasini haydab, qochib ketgan.
“Tez ham ketmayapman, qishloqning yo‘li. O‘sha vaqtda men telefonda gaplashdim. Telefonni o‘chirib, uni cho‘ntagimga solganimda orqamda o‘tirgan bola bo‘ynimga birdan pichoq sanchib qoldi. O‘sha yerda to‘xtab turibmiz, men qonni to‘xtatish uchun mashinani o‘chirdim, kanalga tushmoqchi bo‘ldim. Menga pichoq urgan bola rulga o‘tirib oldi. Xullas, u bola mashinani o‘t oldirdi, men ham oldiga chiqdim va mashinani olib qochma, dedim. U baribir mashinani olib qochib ketdi”, degan Bo‘ka tumani IIB tezkor vakili Nurbek Shodiyev.
Shundan so‘ng ular Ohangaron tumanida to‘xtash ishorasini bergan YPX inspektorini ham urib yuborgan.
JIB Bo‘ka tuman sudi hukmi bilan F.Sh. va F.X. Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g,o,p,r” bandlari hamda 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topildi. Voyaga yetmagan F.X.ga 9,5 yil, F.Sh.ga esa 15,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.