Sport
Sindorov Nomzodlar turniridagi peshqadamlikni davom ettirmoqda
U navbatdagi turda durang o‘ynaganiga qaramay, eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farqni uzaytirdi – ikkinchi o‘rindagi Fabiano Karuana bu turda Hikaru Nakamuraga yutqazib qo‘ydi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov 7 aprel kuni Nomzodlar turnirining sakkizinchi turida rossiyalik grossmeyster Andrey Yesipenko bilan durang qayd etdi.
Raqiblar 24-yurishdan keyinoq durangga rozi bo‘lishdi.
Andrey Esipenko and 🇺🇿 Javokhir Sindarov draw their Round 8 game in the FIDE Candidates 2026 by threefold repetition! ♟️#FIDECandidates #FIDE #Chess #Cyprus pic.twitter.com/RT8SASlFIF
— International Chess Federation (@FIDE_chess) April 7, 2026
Endilikda o‘zbekistonlik shaxmatchi 8 imkoniyatdan 6,5 ochko (5 g‘alaba va 3a durang) jamg‘arib, turnir jadvalidagi yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda.
Ochko yo‘qotganiga qaramay, u eng yaqin ta’qibchisi – Fabiano Karuana bilan oradagi farqni oshirib oldi. Amerikalik shaxmatchi AQShning boshqa bir vakili Hikaru Nakamuraga mag‘lub bo‘ldi va endi Sindorovdan 2 ochkoga ortda qolmoqda.
Uchinchi o‘rinda kelayotgan niderlandiyalik Anish Giri va to‘rtinchi o‘rindagi hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha o‘rtasidagi bahs ham durang bilan yakunlandi va ular ham yuqoriga ko‘tarila olmadi. 5 va 6-o‘rinlardagi germaniyalik Mattias Blyubaum va xitoylik Vey I ham durangga imzo chekishdi.
Bugun, 8 aprel kuni Sindorov to‘qqizinchi tur doirasida Blyubaumga qarshi qora donalarda o‘ynaydi. Ushbu shaxmatchilarning birinchi davradagi bahsida durang qayd etilgandi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Yesipenko bilan bahsdan keyin bergan intervyusida tavakkalchilikni emas, ishonchli strategiyani tanlaganini aytgan.
«Raqibimdan kataloncha boshlanishga o‘xshash variant kutgandim. Debyutdan keyin tayyorgarligimdagi pozitsiya yuzaga keldi va u menga yoqa boshladi. Andrey uzoq o‘yladi. Bir payt tushundimki, agar piyoda qurbon qilmasam, shunchaki biroz ustunlikka ega, lekin cho‘zilgan o‘yin bo‘ladi. Shu tufayli tashabbus uchun piyoda qurbon qildim», deydi u.
Uning fikricha, shu qurbonlikdan keyin pozitsiya ancha qulay bo‘lgan: «O‘sha vaziyat menga juda yoqdi. Umuman olganda, bugungi natijani yaxshi deb baholayman».
Durang natija uning o‘yiniga ta’sir qiladimi, degan savolga Sindarov quyidagicha javob berdi:
«Oldin ham duranglar bo‘lgan. Men uchun eng muhimi sifatli shaxmat o‘ynash. Imkoniyat paydo bo‘lsa, har doim raqibga bosim qilishga harakat qilaman».
Shuningdek, u partiyadagi birinchi yurish braziliyalik futbolchi David Luiz tomonidan amalga oshirilganini ham eslab o‘tdi:
«Men ham, Andrey ham futbol muxlisimiz. Bunday mehmonlar kelganda juda xursand bo‘laman».
O‘z tayyorgarligining tarqalib ketgani haqida gapirarkan, u gap eski variantlar haqida ketayotgani, shundan so‘ng o‘zi ancha ehtiyotkor bo‘lib qolganini qayd etdi.
Tayyorgarlik jarayonining bir qismi avvalroq Lichess platformasida sizib chiqqani haqidagi savolga javob berar ekan, Sindarov buni jiddiy muammo deb hisoblamasligini ta’kidladi:
«Umuman olganda – yo‘q, bu muammo emas. Ushbu yozuvlarni oxirgi marta qachon ochganimni ham eslamayman. Lekin Jahon kubogi paytida muxlislarim menga: „Hoy, materiallaring maxfiy emas ekan…“ deb yozishgandi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri u «ancha ehtiyotkor bo‘lib qolgan va bunday tahlillardan foydalanmaslikka harakat qilmoqda».
«Agar kimdir ularni ko‘rgan bo‘lsa ham, bu katta ehtimol bilan eski variantlardir. Kimdir buni ko‘ra olgani haqiqatan ham hayratlanarli, chunki men doim hamma narsani maxfiy holatda ochardim. Ammo u yerda maxfiylik rejimini ikki marta yoqish kerak ekan, men esa buni tez-tez unutib qo‘yardim. Balki kimdir variantlarni ko‘rib qolgandir. Lekin bu men uchun ahamiyatsiz, chunki ular eski tayyorgarliklar», – deya tushuntirdi Sindarov.
Magnus Karlsen kabi jahon yulduzlarining e’tibori haqidagi savolga javob berarkan, grossmeyster tashqi baholarga chalg‘imaslikka harakat qilayotganini ta’kidladi.
«Ha, hozirgi ishtirokim juda kuchli ko‘rinayotganini tushunib turibman. Ammo bu shunchaki bitta turnir… Musobaqa hali davom etmoqda va men bunday narsalarga chalg‘ishni istamayman», – dedi u.
Yakunda u vatandoshi Nodirbek Abdusattorovning iliq so‘zlariga ham munosabat bildirdi. Avvalroq Abdusattorov Sindorov ushbu turnirda o‘zining asl salohiyatini ko‘rsatayotgani va g‘alabaga loyiqligini aytgandi.
«Buni eshitish juda yoqimli. Biz haqiqatan ham birga o‘sdik, ko‘plab turnirlarda birga o‘ynadik, yaqin do‘stlarmiz… Men u uchun juda xursandman – u qatorasiga uchta yirik turnirda g‘olib chiqdi. Umid qilamanki, qachondir u ham jahon chempioni bo‘ladi», – dedi Javohir.
Ma’lumot uchun, 29 mart kuni Kiprda boshlangan 2026 yilgi Nomzodlar turniri 15 aprelga qadar davom etadi. Unda sayyoraning 8 nafar kuchli grossmeysteri ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar ikki davrada (jami 14 tur) o‘zaro kurash olib boradi. G‘olib amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh bilan shaxmat toji uchun bahs yuritish huquqini qo‘lga kiritadi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot21 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat17 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat16 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
