Jamiyat
Shveysariyaning yetakchi kompaniyasi «Eco-Expo Central Asia 2025»da o‘z texnologiyalarini taqdim etadi
19–21 iyun kunlari Toshkentdagi «Central Asian Expo» ko‘rgazmalar majmuasida ilk bor «Eco-Expo Central Asia 2025» ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada Turkiya, Xitoy, BAA, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Germaniya va boshqa 25 dan ortiq davlatdan eksponentlar ishtirok etadi.
Xususan, dor yo‘llari qurish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri, Shveysariyaning «Bartholet Maschinenbau AG» kompaniyasi ham qatnashadi.
Kompaniya bosh direktori Markus Menzi mahalliy va xalqaro kompaniyalarni ko‘rgazmada qatnashib, hamkorlik o‘rnatishga chaqirdi.
«Eco-Expo Central Asia 2025» ko‘rgazmasida ishtirok etish biz uchun katta sharaf. Bu – biznes, hukumat va xalqaro hamkorlar sa’y-harakatlarini ekologik barqaror yechimlarni ilgari surish yo‘lida birlashtiruvchi muhim mintaqaviy platforma hisoblanadi.
Biz atmosferaga chiqariladigan zararli gazlarni kamaytiradigan, landshaftni asraydigan va tabiatga zarar yetkazmagan holda infratuzilma barpo etadigan transport tizimlarini ishlab chiqyapmiz. Loyihalarimizdan biri allaqachon O‘zbekistonda, Zomin tumanida amalga oshirildi. Yo‘l qurilishi tabiiy xususiyatlar va ekologik talablardan kelib chiqqan holda tashkil etildi.
«Bartholet» stendida jamoamiz bilan barqaror transport infratuzilmasi sohasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishingiz mumkin bo‘ladi. Sizni «Eco-Expo Central Asia» ko‘rgazmasidagi stendimizga taklif qilaman. Keling, ekologik toza transport kelajagini birga quramiz», — deydi Markuz Menzi.
Ma’lumot uchun, «Bartholet Maschinenbau AG» osma yo‘llarni ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, bosh ofisi Shveysariyaning Flums shahrida joylashgan. «Bartholet» dor yo‘llar, ko‘ngilochar bog‘lar, mashinasozlik hamda yoritish uskunalari sohalarida yetakchi xalqaro korxona hisoblanadi. 450 dan ortiq malakali xodimlar bilan zamonaviy infratuzilma mijozlar istaklariga mos ravishda kompleks loyihalarni tezkor va sifatli amalga oshirishni ta’minlaydi.
Kompaniya 60 yildan ortiq vaqt davomida tog‘li hududlarda va tobora ko‘proq shaharlarda dor yo‘llarni loyihalashtirib, qurib kelmoqda. Toshkent shahrida «Bartholet»ning qo‘shma korxonasi allaqachon faoliyatini boshlagan. Korxona nafaqat dor yo‘llari quradi, balki ularni tamirlash ishlari, ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish kabi xizmatlarni ham qamrab oladi.
«Eco-Expo Central Asia 2025» ko‘rgazmasida kompaniya o‘zining eng so‘nggi texnikalari, yangi dor yo‘li smart kabinalari bilan ishtirok etadi. Ularning afzalligi o‘zgacha dizayn va kabina ichidagi sensor qurilmalaridir.
Jamiyat
23 martdan Toshkent – Chorvoq avtobus qatnovi qayta tiklanadi
2026 yil 23 martdan boshlab Toshkent shahridan Chorvoq yo‘nalishi bo‘yicha avtobus qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi. Yangi yo‘nalish ichki turizmni rivojlantirish va aholiga qulay transport xizmatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Foto: Toshshahartransxizmat
«Toshshahartransxizmat» AJ tarkibidagi «Toshavtobustrans» MChJ tomonidan 1226-sonli «Mashinasozlar metrosi — Chorbog‘ (Humson qo‘rg‘oni)» avtobus yo‘nalishi faoliyati qayta tiklanadi.
Yo‘nalishga 47 o‘rindiqli, konditsionerlar bilan jihozlangan MAN RR3 rusumli zamonaviy turistik avtobuslar biriktiriladi. Yo‘lkira narxi 25 ming so‘m etib belgilangan.
Avtobuslar Mashinasozlar metrosi bekatidan har kuni soat 06:00 da harakatni boshlaydi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshirilib, safar vaqti taxminan 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi. So‘nggi qatnov Chorvoq tomondan soat 20:30 da amalga oshirilib, soat 22:00 da Mashinasozlar metrosida yakunlanadi.
Yo‘nalish Mashinasozlar metrosi bekatidan boshlanib, Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Hojikent mavzesi va Chinorkent orqali Xumson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar uchun naqd pul va bank kartalari orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratilgan.
Jamiyat
Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda qo‘lga olindi
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan qariyb 38 kilogramm narkotik moddalar aniqlanib, musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘shni davlatdan olib kirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan Urgut tumanida yashovchi 1989 va 1992 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro aylanma yo‘llar orqali Tojikistonning Panjikent tumaniga borib, narkosavdogarlardan 14 kg 766 gramm “opiy” va 14 kg 958 gramm “gashish” moddalarini olib, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan holda O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, yana bir holatda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan xususiy avtomashina garaji ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv natijasida maxsus tayyorlangan yashirin joy — marmar toshlar orasiga 9 kg 40 gramm opiy ekstraksiyasi yashirilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, bunday turdagi narkotik moddalar odatda xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Garaj egasini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu turdagi jinoyatlar uchun qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatiga 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Tailanddagi YTHda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
Tailand poytaxti Bangkok shahrida avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa natijasida o‘zbekistonlik og‘ir tan jarohatlari olgan va voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Shuningdek, mazkur avtohalokatda yana uch nafar o‘zbekistonlik turli darajada tan jarohati olgan bo‘lib, ularga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonadan javob berilgan.
Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat alohida nazoratga olingan.
O‘zbekistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonasi xodimlari tomonidan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatilmoqda.
Qayd etilishicha, marhumning yaqinlari bilan aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, hozirda jasadni vatanga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi.
Prezident Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda davlat rahbari yaratilgan sharoitlar va ekspozitsiyalar bilan tanishadi.
«Shuningdek, davlatimiz rahbari ishtirokida markazning rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimi bo‘lib o‘tadi», – deyiladi xabarda.
Jamiyat
Namangan, Qashqadaryo va Samarqandda kontrafakt dori vositalari aniqlandi
Namangan, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, me’yoriy hujjatlarsiz saqlanayotgan hamda ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tgan minglab dori vositalari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, ichki ishlar organlari hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xodimlari hamkorligida Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kosonsoy tumanida yashovchi 1971, 1975 va 1990 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro tomonidan tashkil etilgan 3 ta “yashirin ombor” fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu omborlar tumanning “O‘rikzor”, “Gulobod” va “Mahdumi A’zam” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan bo‘lgan. Tadbir davomida xorijda ishlab chiqarilgan, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, shuningdek, ayrimlarining yaroqlilik muddati o‘tgan 723 turdagi jami 57 422 dona kontrafakt dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shu kabi holat Qashqadaryo viloyatida ham aniqlandi. Xususan, Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1965 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash xonadonida tegishli litsenziyasiz dorixona tashkil qilib, 82 turdagi jami 1 520 dona me’yoriy hujjatlari bo‘lmagan dori vositalarini sotib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan tadbirda esa 1980 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro ijaraga olgan omborxonalarda 225 turdagi jami 14 322 dona iste’molga yaroqsiz dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotgani fosh etildi.
Hozirda har uchala holat bo‘yicha olingan dori vositalariga nisbatan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Jamiyat11 hours ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Dunyodan11 hours ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Sport5 days agoFutbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Iqtisodiyot17 hours agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Dunyodan4 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Iqtisodiyot13 hours agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
