Connect with us

Sport

Shomurodovda yana gol, London derbisida mojaro, Salohda rekord. Kun o‘yinlari

Published

on


«Arsenal» va «Barsa»da yorqin g‘alabalar, «Bavariya» yana ochko yo‘qotdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: YeChL poygasida kambeklar kuni

«Lids» – «Arsenal» 0:4

Gollar: Subimendi, 27 (0:1). Darlou, 38 – avtogol (0:2). Yokeresh, 69 (0:3). Gabriel Jyezus, 86 (0:4)

«Lids»: Darlou, Rodon, Streyk, Jastin (Longstaff, 46), Ampadu, Gruyev (Okafor, 46), Gudmundsson, Bogl, Aaronson (Buonanotte, 71), Shtah (Nionto, 81), Kalvert-Lyuin (Piru, 85)

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye (Kalafiori, 75), Timber, Subimendi, Rays, Havers (Edegor, 61), Trossar (Eze, 81), Madueke (Martinelli, 61), Yokeresh (Gabriel Jyezus, 76)

Ogohlantirishlar: Gudmundsson, 37 – Timber, 59

Qatorasiga uch turda g‘alaba qozona olmagan «Arsenal»da inqiroz yuzaga kelgani haqida taxminlar bildirilgandi va bunga jamoa faqat ishonchli g‘alaba bilan javob qaytarishi mumkin edi. Amalda ham xuddi shunday bo‘lib chiqdi, «Lids» esa APLdagi barcha jamoalar kabi «kanonirlar»ning burchak zarbalariga chora topolmayapti. Birinchi gol urilgan holatda mezbonlar hujumni qaytargandek edi, ammo to‘pni qayta egallab olgan mehmonlar hujumni ikkinchi tempda davom ettirishdi va himoyachilarni finti bilan dog‘da qoldirgan Noni Madueke to‘pni Subimendining boshiga yetkazib berdi. Keyin esa xuddi shu vinger burchak zarbasini shunday ijro etdiki, darvozabon Darlou to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi.

Shu tariqa, avvaliga boshlang‘ich tarkibda bo‘lmagan va Saka chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida o‘zini noqulay his qilishi ortidan startdan o‘rin olgan futbolchi bir bo‘limning o‘zida ikki golli harakat amalga oshirdi, holbuki Nonida 412 kundan buyon APLda golli uzatma bo‘lmagandi.

Mikel Arteta shogirdlari o‘yindan ham gol urishdi: ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Edegor boshlab bergan hujumni darvozabon hududida ochilgan Yokeresh yakunladi, unga ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan boshqa bir futbolchi Gabriel Martinelli assistentlik qildi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan yana bir hujumchi Gabriel Jyezus esa o‘yindagi eng chiroyli gol muallifiga aylandi. U jarima maydoniga kirishda Edegordan pas qabul qilib oldi va fint ishlatib, himoyachilar ta’qibidan qutulgan holda to‘pni burchakka joyladi. «Arsenal» tanqidlarga munosib javob qaytardi va turnir jadvalidagi o‘rnini mustahkamladi – kamida «Siti» va «Aston Villa»ning yakshanba kungi o‘yinlari yakuniga qadar oradagi farq 7 ochkoga yetdi.

«Chelsi» – «Vest Hem» 3:2

Gollar: Bouen, 7 (0:1). Sammervill, 36 (0:2). Joao Pedro, 57 (1:2). Kukurelya, 70 (2:2). Fernandes, 90+2 (3:2)

«Chelsi»: Sanches, Badiashile (Kukurelya, 46), Chaloba, Hato (Fofana, 46), Gyusto (Jyeyms, 81), Fernandes, Kaysedo, Palmer, Garnacho (Joao Pedro, 46), Gittens (Pedru Netu, 26), Delap

«Vest Hem»: Areola, Mavropanos, Todibo, Diuf (Skarlz, 81), Van-Bissaka, Fernandesh, Souchek, Pablo (Kilman, 67), Sammervill, Bouen (Traore, 81), Kastelyanos (Uilson, 76)

Ogohlantirishlar: Kaysedo, 85. Fernandes, 90. Joao Pedro, 90 – Skarlz, 90. Traore, 90

Chetlatish: Todibo, 90

Turnir jadvalining quyi qismidan chiqib ketishga harakat qilayotgan va so‘nggi ikki o‘yinida g‘alaba qozongan «Vest Hem» «Stemford Brij»da ham g‘alaba uchun kelganini namoyish etdi. O‘yin startidayoq Bouenning uzatmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbaga aylandi – bu holatda Pablo to‘pga sakrashi Sanchesni chalg‘itib qo‘ydi. «Bolg‘achilar»ning ikkinchi goli ham o‘ng qanotdan urildi, uzun pasdan keyin to‘pga yetib borgan Bouen jarima maydoni ichiga kirib borgan sherigi Van-Bissakani pas bilan ta’minladi. U jarima maydoni markaziga tashlab bergan to‘pga yetib kelgan Sammervil qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Mezbonlar ustozi Liam Rosenior YeChLda «Napoli»ga qarshi kechgan qiyin o‘yindan (jamoa kambek amalga oshirib, kuchli sakkizlikka kirgandi – 3:2) keyin va keyingi hafta o‘rtasida Liga kubogi yarimfinalida «Arsenal»ga qarshi kechadigan javob uchrashuvi oldidan (ko‘klar o‘z maydonidagi birinchi o‘yinda 2:3 hisobida yutqazgan) tarkibda katta rotatsiyaga qo‘l urgandi – Pedru Netu (u birinchi bo‘limda jarohat olgan Gittensni almashtirdi), Joao Pedro, Kukurelya, Fofana, Jyeyms kabi asosiy tarkib futbolchilari zaxirada qoldirilgandi. 

Murabbiy ikkinchi bo‘limni birdaniga uch futbolchini almashtirish bilan boshladi – o‘tkazilgan gollarda xatoga yo‘l qo‘ygan himoyachilar Badiashile va Hato, shuningdek, birinchi bo‘limda 10 martadan ortiq to‘p yo‘qotgan chap qanot vingeri Garnacho o‘rniga mos ravishda Kukurelya, Fofana va Pedro tushirildi. Mehmonlar esa ikkinchi bo‘limda ham hujumkor o‘yin ko‘rsatishda davom etdi va Sanchesni bir necha bor qahramonlik ko‘rsatishga majbur etishdi.

Futbolchilar tanaffusga chiqib ketishayotganida Sanches «Stemford Brij»ni to‘ldirib o‘tirgan fanatlarni tinchlantirishiga to‘g‘ri kelgandi. Ushbu ispaniyalik darvozabon norozilik bildirayotgan muxlislarga qarata jamoada hali barchasini o‘nglash uchun 45 daqiqa borligini aytgandi.

Uning gaplari to‘g‘ri edi – ikkinchi bo‘limda mezbonlar barchasini o‘z qo‘liga olishdi. Zaxiradan tushirilgan futbolchilarning sa’y-harakatlari bilan kambek amalga oshirildi: 56-daqiqada Joao Pedro Uesli Fofananing ideal krossiga yetib borib, hisobni qisqartirdi. Keyin esa Mark Kukurelya ham boshda darvozani ishg‘ol etib, muvozanatni tikladi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Joao Pedroning uzatmasidan keyin Enso Fernandes g‘alaba golini urishga erishdi. Amalda barchasi boshqacha kechishi mumkin edi, chunki hisob 2:2 ekanida mehmonlar himoyachisi Todibo darvozabon hududida turib to‘pni darvozaga to‘g‘ri tepa olmagandi.

Yakunda ushbu fransiyalik himoyachi – oqshomning eng omadsiz kishisiga aylandi. Hakam hushtagi chalinishi arafasida maydonda ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida janjal boshlanib ketdi. 90+6-daqiqada Adama Traore burchakda Kukurelyani kuch bilan turtib, maydon tashqarisiga chiqarib yubordi, Joao Pedro esa sherigini himoya qilib, uning o‘ziga tashlandi. Voqea joyiga yetib kelgan Todibo esa braziliyalik hujumchining bo‘ynidan bo‘g‘ib oldi.

Yakunda Todiboga qizil, janjalda ishtirok etgan yana to‘rt futbolchiga sariq kartochkalar ko‘rsatildi. Mezbonlar yakunda tarixiy g‘alabani nishonlashdi. Bungacha «Chelsi» APL o‘yinlarida 57 marta birinchi bo‘limdan keyin ikki to‘p farqi bilan ortda borgan va ilk marta bunday o‘yinni g‘alabaga aylantira oldi.

«Liverpul» – «Nyukasl» 4:1

Gollar: Gordon, 36 (0:1). Ekitike, 41 (1:1). Ekitike, 43 (2:1). Virs, 67 (3:1). Konate, 90+3 (4:1)

«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Soboslai, Makallister, Gravenberh, Virs (Endo, 87), Gakpo, Saloh (Jons, 84), Ekitike (Kiyeza, 84)

«Nyukasl Yunayted»: Poup, Tshau, Byorn, Holl (A. Myorfi, 89), Trippiyer (Osula, 84), Tonali, Remsi, Uillok (Vissa, 73), Barns (J. Myorfi, 73), Elanga (Voltemade, 73), Gordon

Ogohlantirishlar: Makallister, 59 – Gordon, 11. Remsi, 45. Byorn, 86

«Liverpul» hafta o‘rtasida YeChL guruh bosqichi so‘nggi turida «Qorabog‘»ga qarshi o‘yinda xumordan chiqquncha gol urgandi (6:0). «Nyukasl» esa butunlay boshqa darajadagi raqib edi va «Enfild»dagi uchrashuvning birinchi bo‘limida mehmonlar faolroq o‘ynab, xavfliroq vaziyatlar yaratishdi. Eddi Hau shogirdlari qarshi hujumlarga tayandi va shunday hujumlardan biri Gordon hisobni ochishi bilan yakunlandi. Ammo qizillar tezda o‘ziga kelishdi, ajoyib formaga kirib olgan Virs to‘pni qulay pozitsiyada turgan Ekitikening oyoqlari oldiga olib kelib berdi.

Jamoaning moslashish davri qiyin kechgani uchun tanqidga uchragan yozgi xaridlari nihoyat o‘z so‘zini aytmoqda. Shunday futbolchilardan biri bo‘lgan Kerkez bir necha daqiqa o‘tib o‘z jarima maydoni yaqinida turgan holda Ekitikening ikkinchi golini tashkillashtirib berdi. Shu bilan birga, bu hujumda fransuz hujumchisining mahoratini ham e’tirof etish kerak, u tezlik olib, himoyachidan qochib ketdi va shvedka uslubidagi zarbasi bilan to‘pni Poupning yonidan o‘tkazgancha darvozani ishg‘ol etdi.

Shu tariqa, barchasi bir necha daqiqa ichida o‘zgarib ketdi, ikkinchi bo‘limda esa Saloh Virsga golli uzatma berib, APLda yana bir rekord o‘rnatdi. Endi misrlik hujumchi bitta stadiondagi golli harakatlar soni bo‘yicha (jami 152 ta gol va pas) Tiyerri Anri va Ueyn Runini ortda qoldirib, mutlaq rekordchiga aylandi. Qolaversa, u bitta raqibga qarshi o‘yinlardagi gol va uzatmalar soni kamida o‘ntani tashkil etayotgan yagona futbolchidir (10+10).

O‘yin oxirida yana bir e’tiborli voqea sodir bo‘ldi. 90+3-daqiqada Konate gol urib, o‘yindagi yakuniy natijani o‘rnatdi. Bu o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, futbolchining o‘zi uchun bu gol muhim edi. Yanvar boshida uning otasi vafot etgan va uch o‘yinni o‘tkazib yuborgandi, futbolchi golni nishonlash chog‘ida yig‘lab yubordi, uni esa avvalroq otasidan ayrilgan Alisson yupatdi.

«Liverpul» uchun bu APLda 2026 yildagi ilk g‘alaba bo‘ldi. Bu g‘alaba orqali beshinchi o‘ringa chiqib olgan mersisaydliklar pastdan ta’qib qilib kelayotgan «Nyukasl» bilan oradagi farq olti ochkoga yetkazildi, to‘rtinchi o‘rindagi «Chelsi» bilan oradagi bir ochkolik farq saqlanib qoldi.

Ispaniya: Ferrandan darvincha ijro

«Elche» – «Barselona» 1:3

Gollar: Yamal, 6 (0:1). Rodriges, 29 (1:1). Torres, 40 (1:2). Reshford, 72 (1:3)

«Elche»: Penya, Chust, Donald, Affengryuber (Petro, 74), Aguado (Redondo, 56), Mendosa, Valera, Pedrosa, Diangana (Neto, 60), Andre Silva (Boyar, 60), Rodriges (Sepeda, 75)

«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, E. Garsiya, Balde, Kunde (Arauxo, 84), de Yong, Fermin Lopes (Kasado, 85), Olmo (Bernal, 62), Rafinya (Reshford, 46), Yamal, Torres (Levandovski, 62)

Ogohlantirishlar: Donald, 38. Mendosa, 76 – de Yong, 90

«Barselona» yana darvozasi daxlsizligini saqlay olmadi, ammo hujumdagi kuchli o‘yin himoyadagi xatolarni yopib ketmoqda. O‘yin startidayoq Dani Olmoning uzatmasidan keyin yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Yamal la liganing bir mavsumida urilgan gollar soni bo‘yicha (9) o‘z rekordini yangiladi. Bo‘lim oxirida esa Ferran Torres 20 o‘yinda 12-golini urib, ko‘k-anorranglilar safida so‘nggi 12 yil ichidagi eng sermahsul ispan futbolchisiga aylandi – Pedro  2013/14 yillar mavsumida 37 o‘yinda 15 urgan, Torresda uning natijasini yaxshilash uchun hali imkoniyat yetarli.

Ushbu hujumchi o‘z natijasini shu o‘yinning o‘zidayoq yaxshilab olishi mumkin edi, ammo buning o‘rniga chempionatning «Dahshatli xatolar» nominatsiyasi bo‘yicha haylayti qahramoniga aylanadigan bo‘ldi. U darvozabon hududida turib shunday zarba berdiki, to‘p avvaliga to‘singa, keyin ustunga tegdi, ammo darvoza to‘riga kirmadi.

Lekin kataloniyalik muxlislarni uning xatosi emas, birinchi bo‘lim oxirida Rafinya jarohat olib, maydonni tark etishi ranjitdi. Shu bilan birga, uning o‘rnini egallagan Reshford ikkinchi bo‘limda yakuniy hisobni o‘rnatdi. Ijara asosida o‘ynayotgan hujumchi jamoaning Yamal va Fermin Lopesdan keyingi eng sermahsul uchinchi futbolchisi bo‘lib turibdi (barcha turnirlar doirasida 10+10). «Barsa» muxlislari allaqachon Angliyadan kelayotgan xabarlardan xavotirga tusha boshlagan, unga ko‘ra, agar Maykl Kerrik «MYu» bosh murabbiyi sifatida qoladigan bo‘lsa, Markusni qadrdon klubiga qaytarmoqchi.

«Osasuna» – «Vilyarreal» 2:2

Gollar: Moreno, 17 – penalti (0:1). Munos, 20 (1:1). Budimir, 45+2 (2:1). Moreno, 70 (2:2)

«Osasuna»: Garsiya (Bretones, 76), Galan, Katena (Errando, 46), Errera, Boyomo, Torro, Roze, Moro (Oros, 62), Monkayola, Munyos, Budimir (Raul Garsiya, 76)

«Vilyarreal»: Luis Junior, Marin, Veyga, Pedrasa (Kardona, 46), Mourino, Parexo (Komesanya, 75), Guyye, Moleyro, Pepe, Moreno (Oluvaseyi, 83), Mikautadze (Byukenen, 75)

Ogohlantirishlar: Katena, 38. Torro, 72 – Pedrasa, 19. Veyga, 90

«Levante» – «Atletiko» 0:0

«Levante»: Rayan, Moreno (Sanches, 29), de la Fuente, Matturro, Tolyan, Pablo Martines, Ragube, K. Alvares (Olasagasti, 75), Losada (Etta Eyong, 59), Tunde (Kortes, 75), Romero (Abed, 89)

«Atletiko»: Oblak, Langle (Gansko, 46), Le Norman, Rudjyeri, Molina, Kardozo, Barrios (Koke, 49), Gonsales (Monserrate, 73), Liorente (Baena, 59), Syorlot (X. Alvares, 27), Almada (Pubil, 58)

Ogohlantirishlar: de la Fuente, 84. Olasagasti, 90 – Langle, 21

YeChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Vilyarreal» «Osasuna» maydonidagi o‘yinda hisobda ortda quvishiga to‘g‘ri keldi va Jyerar Moreno dubli bilan ushbu vazifani uddalashga yordam berdi. Shu bilan birga, «sariq submarinalar» bu turda ochko yo‘qotgan «Atletiko»ga yaqinlasha olmadi, madridliklar safida Xulian Alvares 11 o‘yindan buyon gol urolmayapti va bu argentinalik futbolchi uchun rekord darajadagi noxush seriya. Boshqa tomondan, Marselino Toral jamoasi beshinchi o‘rin bilan oradagi farqni oshirib oldi – mavsum startida shov-shuv ko‘targan «Espanyol» qatorasiga beshinchi turda yuta olmayapti. «To‘tiqushlar»ning shanba kuni «Alaves»dan uchralgan mag‘lubiyati – bu oraliqdagi to‘rtinchisi bo‘ldi.

Germaniya: «Bavariya»da yana qoqilish

«Hamburg» – «Bavariya» 2:2

Gollar: Viyeyra, 34 – penalti (1:0). Keyn, 42 (1:1). Dias, 46 (1:2). Vushkovich, 53 (2:2)

«Hamburg»: Oyyer Fernandesh, Vushkovich, Elfadli, Kapaldo, Lokonga (Feray, 85), Remberg, Muhaym, Mikelbrensis (Omari, 73), Jatta (Gocholeishvili, 59), Viyeyra (Glatsel, 85), Kenigsderffer (Filipp, 73)

«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Kim Min Je (Ta, 65), Deyvis, Stanishich, Kimmih, Pavlovich, Karl (Dias, 46), Gnabri (Musiala, 65), Olise, Keyn

Ogohlantirishlar: Remberg, 23. Muhaym, 55. Lokonga, 75. Gocholeishvili, 85. Oyyer Fernandesh, 90. Kapaldo, 90 – Kim Min Je, 57. Keyn, 87. Olise, 90. Kimmih, 90

Futbolda barchasi bir necha daqiqa ichida o‘zgarib ketishi mumkin. Bu o‘yinda ham «Bavariya» hisobni ochishi muqarrardek ko‘ringandi, ammo mezbonlarni darvoza to‘sini qutqardi va amalda keyingi vaziyatda Kimmih o‘z jamoasi jarima maydonida fol ishlatdi. «Hamburg» penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi va Viyeyraning aniq zarbasi evaziga hisobni ochdi. Tanaffus arafasida Kimmih aybini qisman yuvib, Keynni golli uzatma bilan ta’minladi. Ammo shu bilan mehmonlar tashabbusni o‘z tomoniga og‘dira olmadi va Noyyer muntazam ravishda o‘z mahoratini ishga solishi talab etildi.

Ikkinchi bo‘limda Karl o‘rnini egallagan Dias myunxenliklarni hisobda oldinga olib chiqishi ham mezbonlarni taslim qila olmadi. «Bavariya» mudofaasi shu kuni ishonchli harakat qilmadi va burchak zarbasi amalga oshirilganida 19 yoshli Vushkovich raqib futbolchilarining barchasidan baland sakrab, hisobni tenglashtirdi. Yana bir vaziyatda mezbonlar futbolchisi qarshi hujumda to‘pni Noyyer ustidan oshirib tashlaganida, Deyvis so‘nggi lahzada to‘pni chiziq ustidan qaytarib yubordi.

Yakunda Vensan Kompani shogirdlari qatorasiga ikkinchi o‘yinda ochko yo‘qotdi va Dortmundning «Borussiya» klubiga yaqinlashib olish imkonini berdi.

Turkiya: Shomurodov – to‘purar

«Boshoqshehir» – «Rizespor» 2:2

Gollar: Eldor Shomurodov (19), Bergut Yildirim (74) – M. Shahin (45+1), Valentin Mixayla (68).

To‘rt o‘yindan iborat g‘alabali seriya qayd etgan «Boshokshehir» navbatdagi o‘yinda ham birinchi bo‘lib hisobni ochdi. 19-daqiqada chap qanotdan uzatilgan to‘pni Eldor Shomurodov osonlik bilan darvoza to‘riga yo‘lladi. O‘zbekistonlik hujumchi uchun bu Turkiya superligasidagi 14-goli bo‘ldi va u chempionat to‘purarlari poygasida yetakchilikni davom ettirmoqda – uni «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu 13 gol bilan ta’qib etmoqda.

Shomurodov shu tempda davom etadigan bo‘lsa, nafaqat chempionatning bu mavsumida, balki Istanbul klubi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib olishi mumkin – hozircha bu boradagi rekord o‘tgan mavsumda 21 gol urgan va yozda Qatar chempionatiga yo‘l olgan Kshishtof Pyontekka tegishli.

Istanbulliklar o‘yin davomida tashabbusni raqibga berib qo‘yishdi va faqat Yildirimning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Endilikda jamoa 20 turdan keyin 30 ochko to‘plagan holda oltinchi o‘rinda bormoqda va peshqadam «Galatasaroy» bilan oradagi farq 16 ochkoga teng.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

«Siti» poygaga qaytdi. Kun o‘yinlari «Manchester Siti» yirik g‘alabaga erishgan o‘yinda Husanov qaydnomaga ham kiritilmadi, Turkiyada esa Shomurodov va Fayzullayev bittadan gol urdi.

Published

on



«Siti» poygaga qaytdi. Kun o‘yinlari

«Manchester Siti» yirik g‘alabaga erishgan o‘yinda Husanov qaydnomaga ham kiritilmadi, Turkiyada esa Shomurodov va Fayzullayev bittadan gol urdi.



Source link

Continue Reading

Sport

2027 yilgi Osiyo kubogiga qur’a tashlandi

Published

on


O‘zbekiston milliy jamoasiga B guruhida Bahrayn, Shimoliy Koreya va Iordaniya kabi jamoalar raqiblik qiladi.

2027 yil Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi ishtirokchilari o‘z guruhdoshlarini bilib oldi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bahrayn, KXDR va Iordaniya kabi jamoalar bilan birga B guruhidan joy oldi.

A guruhi


Saudiya Arabistoni
Kuvayt
O‘mon
Falastin

B guruhi


O‘zbekiston
Bahrayn
KXDR
Iordaniya

C guruhi


Eron
Suriya
Qirg‘iziston
Xitoy

D guruhi


Avstraliya
Tojikiston
Iroq
Singapur

E guruhi


Janubiy Koreya
BAA
Vetnam
Livan/Yaman

F guruhi


Yaponiya
Qatar
Tailand
Indoneziya

Navbatdagi Osiyo kubogi 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralga qadar bo‘lib o‘tadi. Unda 24 ta milliy jamoa 6 guruhga bo‘lingan holda qit’a chempionligi uchun kurash olib boradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi 2024 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan oxirgi Osiyo kubogida chorakfinalga chiqqan, ammo mezbon Qatarga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ygandi. O‘sha turnirda qatarliklar finalga chiqib, Iordaniyani mag‘lub etibgan holda ketma-ket ikkinchi bor qit’a chempionligini qo‘lga kiritgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Real» ikki futbolchisini mushtlashgani uchun 500 ming yevro jarimaga tortdi

Published

on


Urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuameni o‘zaro janjal uchun jazolandi.

«Real» futbol klubi urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuamenini mashg‘ulotdagi mushtlashuv uchun 500 ming yevrodan jarimaga tortdi. Bu haqda Madrid klubi saytida xabar berildi.

«O‘yinchilar sodir bo‘lgan voqeadan to‘liq pushaymon ekanligini bildirib, bir-biridan uzr so‘radi. Bundan tashqari, ular klubdan, jamoadoshlaridan, murabbiylar shtabi va muxlislardan ham uzr so‘radi va ikkalasi ham klub munosib deb hisoblagan har qanday jazoni qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi», deyiladi xabarda.

Natijada «Real» ularni jarimaga tortishga qaror qildi va bu bilan tegishli ichki tekshiruvni yakunladi.

Bir kun avval Marca nashri xabariga ko‘ra, futbolchilar mashg‘ulotdan so‘ng kiyinish xonasida mushtlashgan, oqibatda urugvaylik yiqilib, boshi bilan urilgan va keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan. Unga chok qo‘yilgani, klub esa shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, intizomiy ish qo‘zg‘atgani xabar qilingandi.

Shu bilan birga, Valverdening o‘zi bahs paytida tasodifan stolga urilib, jarohat olganini va shifoxonaga yotqizilganini aytgandi. U Tchuameni uni urmaganini ta’kidlab, voqeani bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka chaqirdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman Chess 2026 turnirini 3-o‘rinda yakunladi

Published

on


Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyadagi nufuzli TePe Sigeman Chess 2026 turnirini uchinchi o‘rinda yakunladi.

O‘zbekistonlik grossmeyster 7 tur yakunlariga ko‘ra turkiyalik 14 yoshli shaxmatchi Yag‘iz Kaan Erdogmush bilan 3-o‘rinni bo‘lishdi.

Qayd etilishicha, Abdusattorov turnir davomida birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi. U startda g‘alaba qozonib, keyingi olti bahsni durang bilan yakunladi.

1-o‘rin — Magnus Karlsen (Norvegiya)
2-o‘rin — Arjun Erigaysi (Hindiston)

Turnir 1–7 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tdi. 



Source link

Continue Reading

Sport

«Real»da xaos. Valverde va Chuameni mushtlashib ketdi

Published

on


Urugvaylik futbolchi boshidan jarohatlangan va safdan chiqqan. Klub ikki futbolchini ham jazolashi mumkin.

«Real»da ichki muhit kundan kunga yomonlashmoqda. «Barselona» bilan o‘yinga bir necha kun qolganida madridliklar mojaro girdobida qoldi – ish shu darajaga borib yetdiki, futbolchilar o‘zaro janjallashmoqda.

Chuameni va Valverdening janjali

So‘nggi kunlarda futbol olamidagi asosiy yangilik – Oreliyen Chuameni va Federiko Valverde o‘rtasidagi mushtlashuv bo‘ldi. Marca ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yarimhimoyachilar dastlab chorshanba kungi mashg‘ulot chog‘ida nizolashib qolgan, ammo o‘shanda ish ochiq mushtlashuvgacha borib yetmagan.

Payshanba kuni futbolchilar hissiyotlarini jilovlay olishmagan. Xabar qilinishicha, fransiyalik futbolchi mojaroga chek qo‘yish uchun Fededan uzr so‘ragan, ammo urugvaylik uning uzrini qabul qilmagan. Mashg‘ulot vaqtida esa jamoadoshiga qarshi qo‘pol o‘ynay boshlagan. Murabbiy Alvaro Arbeloa vaziyatni to‘g‘rilash uchun ularni mashg‘ulotda bitta jamoa safida o‘ynatgan. Lekin vaziyat yumshamagan.

As nashri yozishicha, kiyim almashtirish xonasida Valverde Chuamenini bir kun oldin bo‘lgan janjalni OAVga sizdirishda ayblagan. Oreliyen esa buni qat’iy rad qilib, jamoadoshidan uni ayblashni to‘xtatishni talab qilgan. Fede esa to‘xtamagan, shundan so‘ng Oreliyen unga musht tushirgan. Zarbadan so‘ng Valverde yiqilgan va stol burchagiga urilib boshi yorilgan. Shundan so‘ng uni shifoxonaga olib ketishgan va boshini tikishgan.

Valverdening raddiyasi

Hozirda futbolchi bazaga qaytgan. «Real» matbuot xizmati rasmiy bayonotida aytilishicha, unda bosh miya jarohati qayd etilgan. Bunday holatlarda futbolchi ikki haftagacha maydonga tusha olmasligi mumkin.

Ko‘p o‘tmay Valverde ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida holat yuzasidan izoh berdi: u vaziyat bo‘rttirib yuborilgani, bu har qanday jamoada bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatligi va bunday xabar kiyim almashtirish xonasidan tashqariga chiqmasligi kerakligini aytgan. 

«Jamoadoshim meni urgani yo‘q, men ham uni urmadim. Lekin tushunaman: biz mushtlashganimizga yoki bu ataylab qilinganiga ishonishingiz osonroq, lekin unday emas. Bahs paytida men tasodifan stolga urildim, bu esa peshonamda kichik tirnalishga va shifoxonaga borishimga sabab bo‘ldi», – deya yozgan Fede.

Futbolchi «Real»ning og‘ir mavsumi va Chempionlar ligasini tark etishni qabul qilish og‘ir bo‘lganini tan olgan.

«Biz yana bir yilni behuda sarfladik. Men g‘azab va alamimni ichimga yutardim, ammo oxir-oqibat hammasi bema’ni janjalga aylanib ketdi», – degan futbolchi.

U bo‘lgan voqea uchun uzr so‘ragan va hamon klubga sodiqligini qayd etgan.

«Real» – hayotimdagi eng muhim narsalardan biri va men unga befarq bo‘la olmayman», – deya qo‘shimcha qilgan urugvaylik futbolchi.

Valverde o‘z murojaatini shunday yakunlagan: «Men klub va jamoadoshlarim zarur deb hisoblagan har qanday qarorga rozi bo‘laman».

Futbolchilar jazolanadi

«Real» klubiga yaqin bo‘lgan jurnalistlar bu voqea rahbariyatning g‘azabini keltirgani, ikki futbolchi ham intizomsizligi uchun qat’iy jazolanishi haqida yozishdi.

Ko‘p o‘tmay «Real» klubi Valverde va Chuameni o‘rtasida chiqqan mojaroni rasman tasdiqlab, ularga nisbatan intizomiy ish ochilganini ma’lum qildi:

«Real Madrid futbol klubi ertalabki mashg‘ulot paytida Federiko Valverde hamda Orelen Chuameni o‘rtasida ro‘y bergan vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlanganini ma’lum qiladi. Klub tegishli jarayonlarni yakunlaganidan keyin ikki futbolchiga nisbatan qo‘llangan choralar haqida batafsil ma’lumot beradi».

Bunday holatlar uchun futbolchilar bir necha o‘yinga chetlatilib, moliyaviy jarima qo‘llanishi mumkin. Ichki protokolga ko‘ra, jiddiy darajada muammo keltirib chiqqan futbolchilar bilan shartnoma bekor qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, xaos «Real» uchun odatiy holga aylangan. Xabarlarga ko‘ra, jamoa a’zolari ikki guruhga ajralib olgan va o‘zaro muloqot qilmaydi. Olti nafar futbolchi esa bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning so‘zlariga quloq tutmaydi.

Bu vaqtda klub himoyachilari Antonio Ryudiger va Alvaro Karreras o‘rtasida ham so‘nggi vaqtlarda ikki bor janjal ro‘y bergani haqida ham xabarlar tarqalgan. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi janjaldan keyin jamoadoshlari Ryudigerni uzr so‘rashga majbur qilishgan.

Mbappe bilan bog‘liq vaziyat

Bu voqealar Kilian Mbappe bilan bog‘liq katta mojaro fonida ro‘y bermoqda: jarohatlangan hujumchi tiklanish jarayonini o‘tash o‘rniga sevgilisi bilan Italiyaga ketib qolishi jamoadoshlarini ham, klub muxlislarini ham g‘azablantirgan. Muxlislar fransiyalik futbolchini jamoadan ketkazish talabi bilan petitsiya boshlagan va u allaqachon 34 million kishi tomonidan imzolangan.

Lekin Mbappe allaqachon klub bazasiga qaytdi va aftidan hech narsadan xavotirda emas – u tez orada maydonga qaytishi ham mumkin. Chuameni va Valverdening janjali ro‘y bergan mashg‘ulotda Kilian ham bor edi va bazani juda mamnun holatda tark etgan. Jurnalistlar hujumchi bazadan qattiq kulgancha chiqib ketayotganini ko‘rishgan.

Mendining og‘ir jarohati

Bu vaqtda madridliklar tarkibida yana bir jiddiy yo‘qotish ro‘y berdi. Mavsumning katta qismini jarohatini davolash bilan o‘tkazib yuborgan himoyachi Ferlan Mendi la liganing 34-turi doirasida «Espanyol»ga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) yana jarohat oldi. U o‘yin boshida tezlik olayotganida bel qismida og‘riq sezdi va gazonga o‘tirib oldi.

Avvaliga shifokorlar uning davolanish va tiklanish jarayoni besh oy davom etishini prognoz qilishgandi. Ammo 7 may kuni Mendi o‘ng son mushagining payi uzilgani va operatsiya qilinishi, kamida bir yilni o‘tkazib yuborishi ma’lum qildi. COPE nashri ma’lumotiga ko‘ra, endi 30 yoshli fransuz futbolchilik faoliyatini yakunlash haqida o‘ylamoqda.

Shunday muammolar girdobida qolgan «Real» 10 may kuni «Kamp Nou»ga safar qiladi va la liganing 35-turi doirasida «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi. Kataloniyaliklar shu kuni chempionga aylanishi mumkin – buning uchun mezbonlar azaliy raqibiga yutqazmasligining o‘zi yetarli bo‘ladi. Madridliklar bu o‘yinga qanday holatda borishi hisobga olinsa, bu qiyin vazifa bo‘lib ko‘rinmayapti.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.