Connect with us

Siyosat

“Shimoldan esgan sovuq shamol”. Rossiyalik yana bir propagandachi O‘zbekistonga til tekkizdi

Published

on


Rossiyalik faylasuf va siyosatshunos Aleksandr Dugin postsovet makonida mustaqil davlatlar davri ortda qolgani haqidagi iddaoni ilgari surar ekan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon kabi davlatlarning suverenitetini shubha ostiga oldi.  

Dugin “dunyoning yangi modeli”da postsovet makonda suveren davlatlar mavjud bo‘la olmasligini ta’kidlab, Moskva nazoratida yangi ittifoqni tuzish kerakligini urg‘ulagan.

O‘zbekistonlik tahlilchi va ekspertlar Aleksandr Duginning buyuk davlatchilik hidi anqib turgan bayonotiga keskin e’tiroz bildirmoqda.

“Rossiya axborot maydonida Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetiga qarshi qaratilgan tajovuzkor ritorika to‘xtash o‘rniga, yangi va yanada xavfli tus olmoqda. Hali Vladimir Solovyovning mintaqa davlatlariga qarshi “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazish haqidagi tahdidlari jamoatchilik xotirasidan o‘chmasdan turib, sahnaga “rus dunyosi”ning asosiy mafkurachilaridan biri hisoblangan Aleksandr Dugin chiqdi. Uning so‘nggi chiqishlari shunchaki hissiyotli jurnalistning gapi emas, balki mustaqil davlatchilik asoslarini inkor etuvchi mafkuraviy hujum sifatida baholanmoqda… Uning mustaqil davlatlarni “o‘tmish qoldig‘i” deb atashi nafaqat diplomatik odobga, balki xalqaro huquqning barcha normalariga tupurish bilan barobardir…

Shimoldan kelayotgan bunday “sovuq shamollar” bir haqiqatni yana bir bor eslatmoqda: Mustaqillik – bu “sovg‘a” emas, balki har kuni, har soatda himoya qilinishi kerak bo‘lgan oliy qadriyatdir. Rossiya propaganda mashinasining bugungi hujumlari ertangi real xavfga aylanmasligi uchun mintaqa davlatlari nafaqat ogoh bo‘lishi, balki o‘z suvereniteti masalasida qat’iy va yakdil pozitsiyada turishi shart. Zero, o‘zligini himoya qila olmagan davlatlar, Dugin aytmoqchi bo‘lganidek, tarix arxiviga uloqtirilish xavfi ostida qoladi – ammo O‘zbekiston bu ssenariyni allaqachon rad etgan”, – deb yozdi tahlilchi G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li.

“Rossiyalik propagandachilarning ketma-ket chiqishlari tasodif emas, bu individual fikr ham emas, bu – juda aniq xavfli, mafkuraviy signal. Kecha Solovyovning Markaziy Osiyoda “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazish haqidagi chaqirig‘i, bugun esa Dugin bergan mana bu bayonot Rossiya siyosiy doiralarida postimperial tafakkur hanuz tirik ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

Bunday sharoitda “sodda, yumshoq diplomatiya” ishlamaydi, chunki kuch siyosatini targ‘ib qilayotgan tomon faqat kuchni va qat’iy pozitsiyani tan oladi. Ozarboyjon misolida buni ko‘rdik.

Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tushunishi kerak: suverenitetimizning ochiq inkor etilishini javobsiz qoldirish xavfsizlik vakuumini yuzaga keltiradi. Doimiy sukut – betaraflik yoki bosiqlik emas, balki zaiflik sifatida qabul qilinadi.

Shu sabab, yana qaytaraman, birinchi va eng tabiiy javob sifatida bunday chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni “persona non grata” deb e’lon qilishni boshlang. Ortiq kutish mumkin emas.

Ikkinchi bosqichda esa urush va bosqinchilik mafkurasini targ‘ib qilayotgan Rossiya telekanallarini O‘zbekiston hududida bloklash kabi axborot xavfsizligi richaglarini ishga solaylik. Agar bu aniq choralar ham samara bermasa, keyingi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan, jamoaviy va ochiq siyosiy javobi kun tartibiga chiqishi lozim. Yumshoq diplomatiya emas, ongli, prinsipial va izchil pozitsiya – mintaqaviy barqarorlikning yagona kafolati bo‘la oladi”, – deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.

“Bugungi RFning fashistik va imperialistik da’volarini ko‘rib, nima uchun avvalgi tuzum vaqtida bizning qo‘shnilar bilan munosabatlarimiz sovuq bo‘lganini tushunib boryapman. Markaziy Osiyodagi ittifoqchilarimizda harbiy va iqtisodiy mustaqillik yo‘qligi yetmaganidek, har bittasida Rossiya harbiy bazalari mavjud. Ya’ni, O‘zbekiston bugun to‘rt tomondan rus harbiylari bilan qurshab olingan, atrofimizdagi elita ham doim rusparastlardan iborat bo‘lib kelgan. Qolaversa, yillar davomida Moskvaning mintaqada iqtisodiy ta’siri ham kuchayib boravergan. Karimovning YeOII haqida aytgan o‘sha mashhur iqtibosini eslab qo‘yishning ayni vaqti: “Ular faqat iqtisodiy bozor yaratayotganini, bu suverenitet va mustaqillikka hech qachon daxl solmasligini aytishyapti. Lekin, ayting-chi, iqtisodiy mustaqilliksiz siyosiy mustaqillikka erishish mumkinmi?”

E’tibor bering, Dugin aynan O‘zbekistonni nishonga olib gapiryapti. U: “Yo bizning ta’sir ostimizdagi mamlakatlar umumiy ittifoqqa qo‘shiladi yoki AQSh va Yevropa uchun harbiy platsdarmga aylanadi”, deb aynan bizni aytyapti. Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlari allaqachon Rossiyaning sun’iy YeOII va KXShT kabi ittifoqlariga qo‘shilib bo‘lgan. Yagona suveren hudud bu yerda faqat bizmiz.

Tasavvur qiling, agar Moskvaning o‘zi bugun bizning ahvolimizga tushganida, ya’ni uning atrofini NATO harbiy bazalari qurshab olganida qanday reaksiya bildirgan bo‘lar edi? Ukrainadagi urushni shu sabab boshlamaganmidi? Biz bu borada yillar davomida ancha diplomatik va pragmatik yo‘l tutganmiz, ayniqsa ikkinchi ma’muriyat davrida. To‘g‘ri, biz hozir istasak ham balki Rossiya kabi kuch pozitsiyasini namoyish eta olmasmiz, chunki yillar davomida Kremldagi og‘alarni xafa qilmaslik uchun ataylab qo‘shinlarni modernizatsiya qilmadik, mudofaani zamonaviy qurol-aslahalar bilan to‘yintirmadik. Hech bir qurolli harakatlarga qo‘shilmadik, doim neytral pozitsiyani saqlab keldik. Rossiya esa bu vaqtda o‘z harbiylarini Markaziy Osiyoda joylashtirib, atrofimizda kengayib boraverdi. Mana bugun endi Kreml “laychalari” xohlaganicha bizga tahdid qilishi mumkin. Biz esa indamay “yeb yuboradigan” pozitsiyadamiz…

Lekin, bir narsa xursand qiladi, Rossiya o‘zining agressiv ritorikalari bilan yillar davomida birodar ukrain xalqini qanday qilib o‘zidan sovutgan bo‘lsa, bugun MO aholisi ham xuddi shu tariqa ulardan bezib ketyapti”, – deb yozdi Telegramdagi “Fayzbog‘” kanali.

“Aleksandr Dugin – akademik muhitdan chiqqan shaxs, u olim sifatida o‘z qarashlariga ega bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda, har bir gapini favqulodda “hujum” yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy signal sifatida qabul qilib, ortiqcha reaksiya qilish ham shart emas. Ortiqcha, hissiyotga to‘la reaksiya qanchalik ko‘p bo‘lsa, tashqi tomondan shunchalik zaif ko‘rinamiz. Buni Game of Thrones serialidan bir epizod yaxshi ifoda qiladi. Yosh podshoh Joffri bobosi Tayvin Lannisterga qattiq ovozda: “Men podshohman”, deb aytadi. Tayvin esa javob beradi: “Kim o‘zini ‘men podshohman’ deb aytishga majbur bo‘lsa, u haqiqiy podshoh emas”.

Xalqaro siyosatda ham shunga o‘xshash qoida bor: kim suverenitet haqida baqirib gapirsa, ko‘pincha uning o‘zi suveren emasligini namoyon qiladi. Haqiqiy suverenlik bayonotlarda emas, qaror qabul qilish qobiliyatida va amaliy mustaqillikda ko‘rinadi. Lekin bu uni aytgan fikrlarni mutlaqo inkor etish yoki e’tiborsiz qoldirish kerak degani emas. Chunki Dugin – shunchaki marginal publitsist emas, balki Rossiyadagi geosiyosiy tasavvurlarni shakllantirgan asosiy ideologlardan biri”, – deb yozdi siyosatshunos Otabek Akromov.

Ma’lumot o‘rnida: Aleksandr Dugin “Russkiy mir” ideologiyasi muallifi hisoblanadi. Uning targ‘ibot nazariyasiga ko‘ra, Yevroosiyo ittifoqi integratsiyalashuvi orqali, Rossiya sobiq ittifoq respublikalari bilan birgalikda yangi – Yevroosiyo superdavlatini yaratishi kerak.

Dugin avvalroq Qozog‘iston tomonidan istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni rossiyalik yana bir propagandachi Vladimir Solovyov Rossiya Armaniston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida maxsus harbiy amaliyot o‘tkazishi haqidagi da’voni ilgari surgan, bunga javoban “It hurar, karvon o‘tar” maqoli esga olingan edi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Siyosat

Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi

Published

on


Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Pokistonni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

Joriy yilning fevral oyida Islomobodga amalga oshirilgan tarixiy tashrif va bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida qayd etildi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish borasida fikr almashildi.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlik va gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

To‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalardagi loyihalarni jadallashtirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi

Published

on


Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi. 

Mirziyoyeva Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQ Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi devoni rahbari, Xitoy tashqi ishlar vaziri janob Van I bilan uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tganini bildirgan. 

​O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilib, keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Shu nuqtai nazardan savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy aloqalar kabi ustuvor yo‘nalishlardagi munosabatlar rivojini muhokama qilish alohida ahamiyat kasb etdi.

​Suhbat chog‘ida tomonlar global masalalar bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirishga alohida to‘xtaldi.

Saida Mirziyoyeva Van Iga iliq va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi. 



Source link

Continue Reading

Siyosat

Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan tabrigidan asosiy fikrlar:

​Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;

​Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;

​ Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz;

​Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;

​Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik;

​«Paxta qulligi», «majburiy mehnat va bolalar mehnati», «konvertatsiya cheklovi», «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;

​Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik;

​2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz;

​Bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;

​Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalarining yarmidan ko‘pini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar — bilimli oila, bilimli avlod, ma’rifatli jamiyat deganidir;

​Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir;

​Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi;

​Kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz;

​Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi;

​Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi;

​2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi;

​To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi;

​ Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz;

​Mahalla jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi;

​O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz;

​Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz;

​ Xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q;

​Matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov

Published

on


Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi dunyo, yangi tashabbuslar» xalqaro media forumida nutq so‘zladi.

Forumda Sherzod Asadov zamonaviy jurnalistika oldida turgan tahdidlar, sun’iy intellekt, so‘z erkinligi, milliy media va jurnalistning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.

«Bugun axborot chegara bilmaydi. Bir voqea haqidagi xabar sanoqli soniyalarda millionlab odamlarga yetib boradi. Biroq axborot bilan birga yolg‘on, manipulyasiya, feyk xabarlar va axborot xurujlari ham tez tarqalmoqda. Shuning uchun bugun jurnalistika oldidagi eng muhim vazifalardan biri — ishonchli axborotni ta’minlashdir», — dedi u.

Sherzod Asadov sun’iy intellektning jurnalistikaga jadal kirib kelayotganiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt jurnalistning o‘rnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytiradi.

«Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistikaning asosiy mezonlari — haqiqat, xolislik, vijdon va inson manfaatiga xizmat qilish tamoyillari o‘zgarmasligi kerak», — dedi Prezident matbuot kotibi.

U, shuningdek, zamonaviy jurnalistikaning bugungi global muammolardan biri sifatida haqiqiy so‘z erkinligi inqirozi masalasini ko‘tardi. Ayrim hollarda so‘z erkinligining siyosiy bosim vositasiga aylanishi jurnalistikaning xolisligi va ishonchliligiga putur yetkazayotganini qayd etdi.

Sh.Asadovga ko‘ra, milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas. Aksincha, bu — faktlarga tayanish, voqealarni xolis tahlil qilish va jamiyat bilan ochiq muloqot o‘rnatishdir.

Prezident matbuot kotibi jurnalistning vazifasi faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasligini ham ta’kidladi. Jurnalist odamlarning dardu tashvishini eshitadi, muammolarini ko‘taradi va jamoatchilik ovozining davlat idoralariga yetib borishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu maskan xalqimizning ko‘p ming yillik ilmiy va ma’naviy merosini jahonga tanitishga xizmat qiladi.

Uning ta’kidlashicha, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar merosi butun bashariyatning bebaho boyligidir. Xorazmiy nomi bugun «algoritm» atamasida yashab kelayotgani ham ajdodlarimiz merosi zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Sh.Asadov milliy merosni faqat muzey va kitoblarda saqlash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va jahon jamoatchiligiga xolis yetkazish zarurligini ta’kidladi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)

Published

on


Давлатимиз раҳбари Шавкат Мирзиёев ва Озарбайжон Президенти Илҳом Алиев рафиқалари ҳамроҳлигида Бухоронинг жаҳонга машҳур тарихий обидалари – Сомонийлар мақбараси, Арк қўрғони, Пойи Калон ва Лаби Ҳовуз мажмуалари, Кўкалдош мадрасасини зиёрат қилдилар.

Олий мартабали меҳмонларга ушбу ноёб обидаларнинг тарихи, меъморий хусусиятлари ҳамда Шарқда илм-фан, маданият ва шаҳарсозлик ривожидаги аҳамияти ҳақида батафсил маълумот берилди.

Ташриф Исмоил Сомоний томонидан барпо этилган Сомонийлар мақбарасидан бошланди. Ушбу обида 1993 йилда ЮНЕСКОнинг Умумжаҳон мероси рўйхатига киритилган.

Шундан сўнг етакчилар кўп асрлар давомида Бухоронинг сиёсий ва маъмурий маркази бўлиб келган қадимий Арк қалъасига ташриф буюрдилар. Археологик ва тарихий маълумотларга кўра, қалъа узоқ давр мобайнида шаклланиб келган ва яқин ўтмишдан бошлаб Бухоро ҳукмдорларининг қароргоҳи вазифасини бажарган. Бугунги кунда Арк шаҳарнинг энг машҳур обидаларидан бири ва Бухоро тарихий марказининг муҳим қисми ҳисобланади.

Пойи Калон мажмуаси – Марказий Осиёнинг энг салобатли меъморий мажмуаларидан бири. 1127 йилда бунёд этилган машҳур Калон минораси мажмуанинг энг эътиборли иншооти бўлиб, асрлар давомида нафақат Бухоро меъморчилиги намунаси, балки шаҳарнинг ҳақиқий “ташриф қоғози” бўлиб хизмат қилиб келмоқда.

Ансамбл таркибига XVI аср бошларига оид Калон масжиди ва Мир Араб мадрасаси ҳам киради. Ушбу мажмуа ҳақли равишда Шайбонийлар давридаги тарихий Бухоронинг дурдоналаридан бири ҳисобланади.

Олий мартабали меҳмонларда Лаби Ҳовуз мажмуаси ҳам катта таассурот қолдирди. У қадимий ҳовуз атрофида қурилган ва эски Бухородаги энг машҳур жамоат масканларидан бири ҳисобланади.

Бу ерда Кўкалдош мадрасаси, Нодир Девонбеги мадрасаси ва хонақоҳи жойлашган. Шаҳарнинг ушбу гўшаси асрлар давомида аҳоли, сайёҳлар ва илм аҳлини ўзига жалб қилувчи маскан бўлиб келган ҳамда ўрта асрлардаги Бухоронинг бетакрор муҳитини бугунги кунгача сақлаб қолган.

Ташриф давомида халқ ҳунармандчилиги намуналари ҳамда тарихий обидаларга туширилган бадиий безакларнинг хусусиятлари ҳам намойиш этилди.

Озарбайжонлик меҳмонларга Бухоронинг Буюк Ипак йўлидаги ислом цивилизациясининг энг йирик илм-фан, таълим ва савдо марказларидан бири сифатидаги кўп асрлик тарихи ҳақида сўзлаб берилди.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.