Jamiyat
Shengen vizasini qanday qilib mustaqil olish mumkin?
O‘zbekiston fuqarolari uchun Shengen vizasi ko‘pincha qiyin va tushunarsizdek ko‘rinadi: qoidalar, talablar va odamni chalkashtiradigan mayda-chuyda jihatlar juda ham. Ammo vizaga topshirish mantig‘ini tushunib, konsullik uchun aynan nimalar muhim ekanini bilib olsangiz, bu jarayon ancha oson kechadi. Ushbu maqolada Shengen vizasiga ariza topshirishning barcha asosiy jihatlari — mamlakat tanlashdan tortib hujjatlarni tayyorlash, rasmiylashtirish muddati va narxigacha batafsil ko‘rib chiqamiz. Misol sifatida Ispaniyani olamiz va uning asosida vizaga ariza topshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnoma beramiz.
Shengen vizasi nima?
Shengen vizasi bir vaqtning o‘zida Yevropaning bir necha mamlakatlariga kirish imkonini beradi. Bitta viza bilan Shengen hududining barcha mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilishingiz mumkin.
Shengen hududiga kiruvchi mamlakatlar ro‘yxati
Qaysi turdagi viza kerak?
O‘zbekiston fuqarolari uchun bu, qoidaga ko‘ra, C turidagi qisqa muddatli viza bo‘lib, u turizm, mehmonga borish yoki qisqa muddatli xizmat safarlari uchun olinadi. C turidagi Shengen vizasi bir martalik, ikki martalik va ko‘p martalik (multiviza) bo‘ladi — farq kirishlar sonida.
Bir martalik viza —Shengenga bir marta kirish. Aniq muddatli bir martalik safarga mos keladi. U birinchi arizadayoq berilishi mumkin.
Ikki martalik viza — ikki marta kirish. Shengendan chiqish va yana qaytib kirish rejalashtirilgan holatlar uchun qulay.
Multiviza — viza amal qilish muddati davomida 180 kun ichida 90 kun qoidasiga rioya qilgan holda Shengenga bir necha marta kirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, boshqa turdagi vizalar ham mavjud — barchasi safar maqsadi va davomiyligiga bog‘liq. O‘qish yoki rasmiy ishlashni rejalashtirayotganlar D turidagi milliy vizani rasmiylashtiradilar. Bunday vizalar kam beriladi, chunki ular taklifnoma, tasdiqlangan asoslar va hujjatlarni sinchiklab tekshirishni talab qiladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston fuqarolaridan tushadigan arizalarning aksariyati aynan turizm va mehmonga borish safarlariga to‘g‘ri keladi, shu bois C turidagi Shengen vizasi eng keng tarqalgan variant bo‘lib qolmoqda.
Shengen vizasini rasmiylashtirish necha pul?
O‘zbekistonda C turidagi Shengen vizasini rasmiylashtirish o‘rtacha 100–150 yevro atrofida bo‘lib, bunda yakuniy narx tanlangan viza markaziga bog‘liq. Narxga hujjatlarni topshirish usuli va tanlangan qo‘shimcha xizmatlar — masalan, tezkor navbat, anketa to‘ldirishda yordam, suratga tushish, hujjatlarni nusxalash yoki pasportni yetkazib berish xizmati ta’sir qiladi.
BLS viza markazida tezkor navbat uchun qo‘shimcha to‘lov undiriladi — taxminan 655 000 so‘m. Shu sababli yakuniy summa kutilmagan bo‘lib chiqmasligi uchun hujjat topshirishdan oldin barcha ehtimoliy xarajatlarni oldindan aniqlab olish tavsiya etiladi.
Hujjatlar konsullik nomidan hujjatlarni qabul qiladigan, biometrik ma’lumotlarni yig‘adigan va ularni konsullikka yuboradigan rasmiy tashkilotlar — viza markazlari orqali topshiriladi. Vizani berish qarorini faqat konsullikning o‘zi chiqaradi.
Qaysi davlatga hujjat topshirish kerak?
Hujjatni:
birinchi navbatda qaysi mamlakatga borayotgan bo‘lsangiz yoki
ko‘proq vaqt o‘tkazish rejalashtirilgan mamlakat konsulligiga topshirasiz.
Agar bir necha mamlakatga borish ko‘zlangan bo‘lsa, asosiy mamlakatni aniqlab olish kerak — ko‘proq qayerda vaqt o‘tkazasiz yoki asosan qaysi mamlakatga ketyapsiz. Viza shu mamlakat orqali rasmiylashtiriladi va o‘sha mamlakat orqali kiriladi, aks holda hujjatlarni ko‘rishda savollar tug‘ilishi mumkin.
Hujjatlar qayerda qabul qilinadi?
Viza uchun hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elchixonaga emas, balki BLS yoki VFS kabi viza markazlari orqali topshiriladi. Ular hujjatlarni qabul qilib, konsullikka topshiruvchi, biroq viza berish bo‘yicha qaror chiqarmaydigan operator kompaniyalardir.
Odatda, hujjat topshirish uchun navbatga yozilish viza markazining rasmiy sayti orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi va ayniqsa mavsum paytlarida bo‘sh sanalar darhol chiqmasligi mumkin.
Shengen vizasiga hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?
Quyida hujjat topshirishni Ispaniya misolida ko‘rib chiqamiz —ilk Shengen vizasi uchun ko‘pincha shu mamlakatni tanlashadi. Agar hujjatlar to‘g‘ri tayyorlangan bo‘lsa, viza olish imkoniyati yuqori bo‘ladi va ko‘p hollarda birinchi marta hujjat topshirishda ham birdaniga bir nechta safar uchun mo‘ljallangan vizani lish mumkin.
Qanday hujjatlar topshiriladi?
Ariza berishdan oldin quyidagi hujjatlar paketini tayyorlash lozim.
Xorijga chiqish pasporti
Foto (3.5×4.5 sm, oq fonda)
Biometrik pasport/ID karta nusxasi
Mablag‘lari haqida bankdan ingliz tilidagi ma’lumotnoma
Oxirgi 6-12 oy davomidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risida bankdan ingliz tilidagi ma’lumotnoma
Nikoh/tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma
Turmush o‘rtog‘ining/farzandlarining ingliz tilida notarial tasdiqlangan pasport nusxalari
Bron qilingan aviachipta
Bron qilingan mehmonxona
– Ishlaydiganlar uchun
Yollanib ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
Egallab turgan lavozimi to‘g‘risida ish joyidan ma’lumotnoma
Oxirgi 12 oylik ish haqi to‘g‘risida rasmiy blankada imzolangan va muhrlangan ma’lumotnoma
Ish joyidan ta’til berilishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma
– Pensionerlar uchun
Pensionerlar pensionerligini va muntazam ravishda pensiya olib kelayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlashi zarur:
Pensiya guvohnomasi
Pensionerligi to‘g‘risida mygov portalidan olingan ma’lumotnoma
Oxirgi 12 oy davomida pensiya olgani to‘g‘risida mygov portalidan olingan ma’lumotnoma
– Ta’sischilar/direktorlar uchun
Kompaniya ta’sischi va direktorlari biznes yuritishi, qarzdorligi yo‘qligi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlashi lozim:
Lisenziya
Kompaniyaning ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma
Soliqdan qarzi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma
Oxirgi 12 oy davomida dividendlar hisoblangani to‘g‘risida bankdan ma’lumotnoma
Muhim: barcha hujjatlar olingan kunidan boshlab 2 hafta davomida amal qiladi.
BLS viza markazi sayti orqali qabulga yozilish
Toshkentda BLS viza markazi faoliyat yuritadi – u Ispaniyaga viza olish bo‘yicha rasmiy xizmat ko‘rsatadi.
BLS Spain Uzbekistan saytida “Book an appointment / Qabulga yozilish”ni tanlang.
BLS viza markazi sayti bosh sahifasi
Portalda akkaunt yarating (registratsiya): email/telefon raqamingizni ko‘rsating, parol tanlang, email ni tasdiqlang (agar tizim so‘rasa)
Viza markazi portalida shaxsiy akkaunt yaratish
Shaxsiy akkauntda quyidagilarni tanlang:
shahar/markaz (Toshkent)
boruvchi (yakka/oila)
viza turi (odatda short-term / Schengen)
Shaxsiy kabinet sahifasi
BLS shaxsiy kabinet sahifasi — ariza beruvchilarni qo‘shish va anketa holatini tekshirish uchun
O‘z ma’lumotlaringizni kiritib, viza anketasini to‘ldiring
Viza anketasi shakli
Sana va vaqtni tanlang, yozuvni tasdiqlang
Vizaga hujjat topshirish uchun sana va vaqtni tanlash
appointment letter ni yuklab oling va qog‘ozga chiqaring
Yozuvni tasdiqlash
Hujjat topshirish va biometriya
Belgilangan kuni belgilangan vaqtda BLS viza markaziga barcha hujjatlar bilan kelasiz. Xodim hujjatlarni qabul qilib, tekshirib chiqadi, so‘ngra biometriyadan o‘tasiz — barmoq izlarini topshirasiz va suratga tushasiz.
Konsullik yig‘imi to‘lovi
Hujjatlar qabul qilinganidan keyin BLS viza markazida viza va servis to‘lovlari amalga oshiriladi. To‘lov miqdori 2 050 000 so‘m bo‘lib, o‘sha joyning o‘zida to‘lanadi va sizga to‘lov kvitansiyasi beriladi — uni pasport olinguniga qadar saqlab turish kerak.
Viza tayyor bo‘lish muddati va pasport olish
Hujjatlar topshirilgandan so‘ng viza bo‘yicha qaror chiqishini kutish qoladi. Ariza holatini BLS viza markazi saytida kvitansiyada ko‘rsatilgan raqam orqali onlayn kuzatish mumkin. Pasport tayyor bo‘lganida sizga xabarnoma keladi va uni viza markazidan shaxsan olib ketishingiz mumkin.
Vizani ko‘rib chiqish muddatini hisobga olish muhim: u 15 kundan 45 kalendar kungacha bo‘lishi mumkin. Shu bois hujjat topshirishni cho‘zmaslik tavsiya etiladi. Eng maqbuli — safardan 2 oy oldin, imkon bo‘lsa hatto yarim yil oldin topshirish. Bu bilan siz ortiqcha stressdan qutulasiz va safarga xotirjam tayyorlanishingiz mumkin bo‘ladi.
Nimalarni yodda tutish lozim?
Barcha hujjatlar va bronlar real yo‘nalishga mos kelishi lozim;
Yozilish va hujjat topshirish BLS viza markazida shaxsan amalga oshiriladi;
Viza yig‘imi o‘sha joyda hujjat topshirilgan kuni to‘lanadi;
Vizani ko‘rib chiqish muddati 15-45 kalendar kunni tashkil etadi;
Avvalroq hujjat topshirgan ma’qul — safardan kamida 2 oy oldin.
Jamiyat
Oliy sud Plenumining majlisi birinchi marta jonli efirga uzatiladi
2026 yil 3 iyul kuni soat 10:00 da Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqiladigan tadbir Oliy sudning Interaktiv xizmatlari portali orqali jonli efirga uzatiladi.
2026 yil 3 iyul kuni soat 10:00 da Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd qilinishicha, majlisda Oliy sud Plenumining
“Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida”,
“Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”,
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalari ko‘rib chiqiladi.
Birinchi marotaba Plenum majlisi Oliy sudning Interaktiv xizmatlari portali orqali jonli efirga uzatiladi.
Jamiyat
Mundial uchun O‘FAga berilgan imtiyozli chiptalar karrasiga qimmat narxda pullanganmi?
O‘zbekiston milliy jamoasi mundialdagi ishtirokini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Uchala o‘yindagi mag‘lubiyat atrofidagi qizg‘in muhokamalar to‘xtayotgan bir paytda, tarmoqlarda yangi mojaro bo‘y ko‘rsatdi. Amerikada yashayotgan vatandoshlar iddaosicha, FIFA tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ajratilgan imtiyozli chiptalar muxlislarga asl narxidan bir necha barobar qimmatga pullangan.
Tanqidga qolayotgan blogerlar Abdurahmon Fozilov va Otabek Jo‘rayev fan-klubga ajratilgan chiptalarning sotilishiga aloqasi yo‘qligini aytib chiqishdi. O‘FA esa holatga hozircha munosabat bildirmadi.
Instagram’ning Ikromjon Abdullayev ismli foydalanuvchisiga ko‘ra, O‘FAga imtiyozli ravishda taqdim etilgan chiptani unga 450 dollardan, ikkitasini 900 dollarga sotishgan.
Shuningdek, Ikromjon Abdullayev iwash brendi bilan tanilgan Otabek Jo‘rayevning o‘ziga tegishli chiptani sotib, “fan-klub bilan qo‘shilib kiraman” degan gaplaridan ham jig‘ibiyron bo‘lgan.
Instagram’dagi evilwox yuzerneymi egasi Shoxruh Azizovning aytishicha, 200, 300, 400 dollarlik chiptalar 900 dollardan 1500 dollargacha narxlarda sotilgan. Narxlar qimmatligi sabab yuzlab muxlislar stadionga kira olmay, tashqarida qolib ketgan.
AQShda yashovchi yana bir hamyurtimiz Nizomiddin Ahmadjonov ham holat yuzasidan keskin fikr bildirib, arzon chiptalar berilganda ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘yinlarga borishi mumkin bo‘lganiga urg‘u berdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar fonida Abdurahmon Fozilov ham videomurojaat bilan chiqdi va na liboslar, na chipta bilan bog‘liq vaziyatga aralashmaganini bildirdi.
“Futbolka, bilet, mehmonxona, umuman Amerikadagi tashkiliy ishlarning birortasiga men aralashganim yo‘q. Barchasiga javobgar mutasaddi vakillar bor. Men bilaman, “Asr market” original futbolkalarni sotdi va iltimos qilishganiga reklama qilib berdim. Biletga kelsak, fan-klubning 700 ta chiptasini Abdurahmon Fozilov 1000-1500 dollardan sotibdi, emish. Azizlar, 700 ta bilet 1000 dollardan bo‘lsa, 700 ming dollar bo‘ladi. Birorta ham fan-klubning biletiga men aralashganim yo‘q. Chiptalarni vakolatli shaxslar fan-klubga berdi, qolganini kimga tarqatdi, mening ishim emas”, dedi Fozilov.
Otabek Jo‘rayev esa unga homiylari tomonidan bir nechta chipta sovg‘a qilingani, o‘z ehtiyojlaridan oshiqchasini sotganini aytdi. Ammo u “fan-klub tarkibiga kirib olaman”, degan gapiga izoh bermagan.
“Amerikada yashaydigan vatandoshlarimiz bilet mojarasiga duch kelib, qiyin ahvolga tushib qolishibdi. Ya’ni biletni vaqtida olishmagan, vaqtliroq harakat qilishmagan, ko‘chaga chiqib olaman desa, narxlar oshib ketgan. Saytda ham chipta qolmagan, kassaga borib ololmaydi, chunki masofalar juda uzoq. Lichkamga rosa yozishadi, aka, bilet topib bering, deb. Homiylar tomonidan 2-3 ta kompaniya menga ikkitadan bilet sovg‘a qilgan. Menda bilet bor, kerakmas dedim. Bittasi Xitoydan keldi, bittasini Amerikadagi akamiz sovg‘a qildi. Endi biletni tekinga bervorish yoki sovg‘a qilish mening qo‘limda. U narsa noto‘g‘ri hisoblanmaydi. Harom ham bo‘lib qolmaydi. Yonimda o‘g‘lim bor edi, unga berdim. Yaqinlarim so‘radi, ularga berdim. Qolganini sotdim. Qanaqa sotdim, bozor qanaqa narx talab qilsa, shunaqa narxda sotdim. Buni har qanday biznesmen tushunadi”, deydi Otabek Jo‘rayev.
Imtiyozli chiptalar
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida milliy futbol federatsiyalari va ularning rasmiy fan-klublariga tekin chiptalar bermagan, lekin avvalgi mundiallarda bo‘lgani kabi, aynan sodiq muxlislar uchun mo‘ljallangan maxsus arzonlashtirilgan chiptalar kvotasi mavjud. Bu toifadagi chiptalar narxi barcha o‘yinlar uchun qat’iy – 60 dollar etib belgilangan.
Qoidalarga ko‘ra, har bir ishtirokchi federatsiyaga o‘z o‘yinlari uchun stadion sig‘imining 8 foiz qismi kafolatlangan holda ajratiladi. Ushbu 8 foiz kvotaning 10 foiz qismi aynan 60 dollarlik arzon chiptalardan iborat bo‘ladi. Bunday chiptalar ochiq savdolarda sotilmaydi, ularni kimga va qanday taqsimlashni federatsiyalarning o‘zi hal qiladi.
O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, Kolumbiya qarshi “Atsteka” stadionidagi o‘yin uchun O‘FAga 6640 ta chipta taqdim etilgan, shundan 664 tasi imtiyozli 60 dollarlik chiptalar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich Hyustondagi Portugaliyaga qarshi o‘yinda mos ravishda 5465 taga 546 tani, Atlantadagi Kongo DRga qarshi uchrashuvda esa 5459 taga 546 tani tashkil etgan.
Reglament bo‘yicha, guruh bosqichidagi uchta o‘yin uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga bevosita fan klub a’zolariga tarqatish uchun jami 1750 dan ortiq kafolatlangan arzonlashtirilgan chiptalar taqdim etilgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, O‘FA ixtiyorida 17,5 mingta standart toifadagi chiptalar ham bo‘lgan va ular FIFA tomonidan belgilangan narxlarda o‘zbekistonlik muxlislarga sotilishi nazarda tutilgan.
Jamiyat
Zo‘ravonlik qurbonlariga qo‘shimcha huquqiy kafolatlar berildi
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimi yanada kuchaytirildi. Yangi qonun bilan jabrlanuvchilarning huquqlarini sudda himoya qilish, ularga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator o‘zgartishlar kiritildi.
2026 yil 1 iyulda qabul qilingan O‘RQ–1156-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunga muvofiq, milliy qonunchilikka «bolaning eng ustun manfaatlari» tushunchasi hamda uni ta’minlash kafolatlari kiritildi. Ushbu tushuncha bolaning oila muhitida tarbiyalanishi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, ta’lim olishi, har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati, shuningdek, uning fikrini inobatga olgan holda belgilanadigan boshqa manfaatlarni qamrab oladi.
Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar, jumladan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamasdan sudlarga da’vo arizalari kiritish hamda sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish vakolati berildi.
Qonun bilan yana bir muhim yangilik joriy etildi. Endi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, bu holat unga bir oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Jamiyat
Davlat arxiv hujjatlari elektron shaklda saqlanadi
O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash va yuritish tartibi belgilandi. Tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hukumatning 2026 yil 30 iyundagi 352-son qarori bilan «Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa davlat tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda shakllantirish, yuritish va saqlash, shuningdek, Yagona milliy arxiv axborot tizimidan foydalanish tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, arxiv axborot tizimidan davlat organlari va tashkilotlari hamda operator o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida foydalaniladi.
Tizimga ulanish uchun davlat organlari va tashkilotlari maxsus elektron oyna orqali operatorga ariza yuboradi. Operator ariza kelib tushgan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi.
Agar ariza nizom talablariga muvofiq deb topilsa, operator davlat organi yoki tashkilotga elektron shaklda shartnoma yuboradi.
Shartnoma imzolanib, unda nazarda tutilgan to‘lovlar amalga oshirilganidan keyin operator foydalanuvchini ikki ish kuni ichida Yagona milliy arxiv axborot tizimiga ulash choralarini ko‘radi.
Jamiyat
1,4 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan guruh fosh etildi
Jamiyat | 08:49
3296
1 daqiqa o‘qiladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida tijorat banki mas’ullari, mahalladagi hokim yordamchilari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, 37 nafar fuqaro nomidan 1,4 milliard so‘mni talon-toroj qilgani aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beruniy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining bank xizmatlari markazi mas’ul shaxslari, 7 ta mahalladagi hokim yordamchilari hamda boshqa shaxslar jinoiy til biriktirgan holda harakat qilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida ular 37 nafar fuqaro nomiga ajratilgan imtiyozli mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan jami 1,4 milliard so‘mni talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport4 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport5 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
-
Iqtisodiyot1 day agoO‘zbekistonda benzin narxi rekord darajada qimmatlashdi. Sabab nima?
