Sport
Shavkat Mirziyoyev Yoshlar o‘rtasida V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblarini tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar o‘rtasida V Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari — O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolarini tabrikladi.
Hurmatli ustoz-murabbiylar!
Muhtaram ota-onalar!
Avvalo, barchangizni V Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida erishilgan ulkan tarixiy g‘alaba bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qit’amizning 35 ta davlatidan kelgan 1 ming 500 nafardan ziyod sportchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan g‘oyat keskin bellashuvlarda sizlar jasorat va matonat fazilatlarini namoyon etib, musobaqalarning chinakam qahramonlariga aylandingiz va O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida yana bir yorqin sahifa ochdingiz.
Ushbu nufuzli sport anjumanida sizlarni ko‘p millatli butun xalqimiz qo‘llab-quvvatlab, barchangizga zafar va omadlar tilab turdi.
Ana shunday yuksak ishonchni sharaf bilan oqlab, 99 ta oltin, 57 ta kumush, 41 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida Osiyo qit’asida 1-o‘rinni egallab, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilganingiz muborak bo‘lsin!
Turnir davomida O‘zbekiston madhiyasi qariyb 100 marta yangragani sizlarning Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etishga qanday beqiyos hissa qo‘shganingizdan dalolatdir .
Sizlar ulkan azmu shijoatingiz, bukilmas iroda va intilishingiz bilan Osiyoning milliy sporti jadal rivojlanayotgan Eron, Yaponiya, Tailand, Indoneziya kabi davlatlari jamoalarini ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldingiz.
O‘zbekiston Paraosiyo o‘yinlari tarixida bunday rekord natija, bunday buyuk zafar ilgari hech qachon bo‘lmagan edi. Hech shubhasiz, sizlar yurtimiz sportida shonli tarix va an’analar yaratayotgan yoshlar, mohir mutaxassislar sifatida yuksak tahsin va tasannolarga munosibsiz.
Butun xalqimiz, jonajon Vatanimiz sizlar bilan faxrlanadi. Sizlar O‘zbekiston paralimpiya harakatining oltin avlodi, oltin vakillarisiz.
Bunday qahramon yoshlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Ayniqsa, para pauerliftingchi o‘g‘il-qizlarimiz Bahriddin Xolbo‘tayev, Elbek Farhodov, Oyshajon Rajabboyeva, Ruxshona O‘ktamova o‘z vazn toifalarida jahon rekordini, Nurillo Inobiddinov, Ezoza Abdujabborova, Azizbek Perdebayev, Ruxshona O‘ktamova, Ziyodaxon Boqijonova, Zuhra Yuldasheva, Gulyuz Nematullayeva esa Osiyo rekordini o‘rnatganlarini alohida ta’kidlash lozim.
Yana bir muhim tarixiy natija – sportchi qizlarimiz Madina Muxtorova, Farog‘at Muxammadqulova, Mohichexra Ibragimova para yengil atletikaning yadro va nayza uloqtirish dasturlari doirasidagi murosasiz bahslarda raqiblariga mutlaqo imkoniyat qoldirmasdan butun medallar jamlanmasini O‘zbekistonga olib keldilar.
Bularning barchasi – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz, qolaversa, yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Sizlar erishgan ulkan zafar Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday katta marralarni egallashga qodir ekanini amalda yana bir bor ko‘rsatgani bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir. Bu g‘alaba, hech shubhasiz, minglab yoshlarimizga g‘urur va iftixor, intilish va ilhom manbai, katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, sizlarni mana shunday bahodir, dovyurak va pahlavon farzandlar etib tarbiyalagan, ezgu intilishlaringizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan otaonalaringiz, mohir va jonkuyar murabbiylaringizga, barcha muxlislaringizga chin dildan minnatdorlik izhor etaman.
Aziz sportchi o‘g‘il-qizlarim,
Qadrli murabbiylar!
Xabaringiz bor, yaqinda mamlakatimizda Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish bo‘yicha maxsus qaror qabul qildik.
Ishonchim komil, ushbu qaror sizlarning kelgusi faoliyatingiz uchun qo‘shimcha ravishda yangi sharoit va imkoniyatlar yaratish, sport olamidagi yutuqlaringiz salmog‘ini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihati – so‘nggi yillarda Ijtimoiy himoya milliy agentligini tuzib, alohida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.
Shuningdek, ushbu tizimda Matonat maktabi hamda sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha institut tashkil qildik.
Natijada adaptiv sport turlaridagi yo‘nalishlar soni 89 taga yetkazilib, yurtimiz mahallalarida ushbu sport turlari bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni 45 mingdan oshdi.
Yurtimizda inklyuziv jamiyat barpo etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimiz albatta izchil davom ettiriladi.
Vatanimizga yuksak mehri va sadoqati, mustahkam iroda va matonati bilan millionlab farzandlarimizga o‘rnak bo‘layotgan sizlardek qahramon o‘g‘il-qizlarimni Yoshlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabangiz bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda ulkan omad va zafarlar tilayman.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Jamiyat20 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport20 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat8 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat2 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
