Sport
Shavkat Mirziyoyev sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqot qildi
Prezident sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrifi chog‘ida soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.
– Avvalo, sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, bo‘lajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini – sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtai nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad – yoshlarimizning sog‘lom va barkamolligi, – dedi davlat rahbari.
Ma’lumki, 2024 yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Endi olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarda natijalarni oshirish maqsad qilingan.
Prezidentning shu yil 8 iyuldagi qarori bilan, O‘zbekiston sportchilarini 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullar biriktirildi.
Asosiy maqsad yuqori sport natijalariga faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir.
Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.
Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi.
Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.
Prezident sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.
– Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi ko‘radi. Buni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarda sportni yanada ommalashtirish kerak. Buning uchun joylarda sharoit bor. Yana qurayapmiz. Natija ham ommaviylikdan kelib chiqadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish, natijador sport turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Sport
Superligada jahon chempionati yakuniga qadar tanaffus e’lon qilindi
«Neftchi» katta tanaffusga peshqadam sifatida, «Mash’al» yaqqol autsayder sifatida yo‘l oldi.
2-4 may kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 11-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda kutilmagan bir necha natijalar qayd etildi.
Peshqadam «Neftchi» safarda OKMK bilan golsiz durang qayd etdi. Ammo uni ta’qib qilayotgan «Paxtakor» ham kutilmaganda Termizda ochkolarni yo‘qotdi. «Nasaf» va «Navbahor» o‘yinida ham g‘olib aniqlanmadi. «Bunyodkor» esa kutilmaganda Qo‘qonda mag‘lubiyatga uchradi.
11-tur yakunlari bo‘yicha «Neftchi» peshqadamlikni saqlab qoldi, «Paxtakor» undan 2 ochko ortda qolyapti. Muborakning «Mash’al» klubi barcha o‘yinlarni yutqazgan holda yaqqol autsayder bo‘lib turibdi.
Superligada 16 iyulga qadar katta tanaffus e’lon qilindi. Bu milliy jamoaning Jahon chempionatidagi ishtiroki bilan bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, klublar O‘zbekiston Kubogi o‘yinlaridagi ishtirokini boshlaydi.
Superliga, 11-tur
2-4 may
OKMK 0:0 NeFTChI
SURXON 1:1 PAXTAKOR
Gollar: Sunnatulla Abdullajonov, 41 (1:0), Shahzod Azmiddinov, 90+1 (1:1)
NASAF 0:0 NAVBAHOR
QO‘QON 1912 1:0 BUNYoDKOR
Gol: Muhammadanas Hasanov, 36 (1:0)
Chetlatish: Jasurbek Yoqubov, 21 (Qo‘qon-1912), Nosirjon Abdusalomov, 49 (Bunyodkor)
BUXORO 2:1 SO‘G‘DIYoNA
Gollar: Timur Mamasidiqov, 13 (1:0), Sherzod Esanov, 57 (2:0), Jasur Jaloliddinov, 61 (2:1)
DINAMO 3:1 MASh’AL
Gollar: Azizbek Amonov, 12 pen (1:0), Roman Xadjiyev, 17 (1:1), Nurillo To‘xtasinov, 31 (2:1), Nurillo To‘xtasinov, 45+2 (3:1)
XORAZM 0:3 ANDIJON
Gollar: Aleksandre Andronikashvili, 15 (0:1) Humoyunmirzo Iminov, 20 (0:2), Dragan Cheran, 90+5 (0:3)
LOKOMOTIV 1:0 QIZILQUM
Gol: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 62 pen (1:0)
Superliga jadvali
Sport
«Inter» muddatidan oldin Italiya chempioni bo‘ldi
«Inter» ikki mavsumdan so‘ng, yangi bosh murabbiy Kristian Kivu qo‘l ostida chempionlik unvonini qaytarib oldi.
«Inter» A Seriyaning 35-turida «Parma»ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan oldin Italiya chempioni bo‘ldi.
Bu g‘alabadan so‘ng, bosh murabbiy Kristian Kivu shogirdlari musobaqa yakuniga 3 tur qolganida 82 ochko to‘pladi, eng yaqin ta’qibchi «Napoli» hisobida 70 ochko bor.
Shu tariqa, «Inter» ikki mavsumdan so‘ng chempionlik unvonini qaytarib oldi. Milanliklar oxirgi marta 2023/24-yilgi mavsumda g‘olib bo‘lgan edi.
2025 yil iyun oyida «Inter» bosh murabbiyi bo‘lgan ruminiyalik mutaxassis Kristian Kivu murabbiylik faoliyatidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. U Joze Mourinodan keyin (2008/09 va 2009/10-yilgi mavsumlar) A Seriyada g‘alaba qozongan birinchi xorijlik murabbiy bo‘ldi. O‘sha yillarda Kivuning o‘zi portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida «Inter» himoyasida o‘ynagan. Shundan beri Italiya chempionatida faqat italiyalik murabbiylar g‘alaba qozongan edi: Massimiliano Allegri, Antonio Konte, Mauritsio Sarri, Stefano Pioli, Luchano Spalletti va Simone Inzagi.
Italiyada skudettolar soni bo‘yicha «Inter» ikkinchi o‘rinda turadi: 21 ta unvon. Rekordchi — «Yuventus» (36 ta sovrin). «Milan»da — 19 ta unvon.
Kivu jamoasida mavsumni oltin dubl bilan yakunlash uchun ajoyib imkoniyat bor. 13 may kuni «neradzurri» Italiya kubogi finalida «Latsio» bilan o‘ynaydi.
Sport
Aleks Fergyuson «Old Trafford»dan shifoxonaga olib ketildi
Angliya chempionatining 35-turi uchrashuvi oldidan stadionda bo‘lgan Fergyuson o‘zini yomon his qilganidan so‘ng shifoxonaga olib ketilgan. Xabar qilinishicha, gap ehtiyot chorasi haqida bormoqda.
«Manchester Yunayted»ning sobiq murabbiyi ser Aleks Fergyuson jamoaning «Liverpul»ga qarshi bahsi oldidan o‘zini yomon his qildi va shifoxonaga olib ketildi, deb xabar berdi Daily Mail.
Nashr xabariga ko‘ra, 84 yoshli Fergyuson o‘yin boshlanishidan bir soat oldin shifoxonaga yotqizilgan. Unga ehtiyot chorasi sifatida tibbiy kuzatuv tayinlangan. Fergyusonga tez vaqt ichida uyiga javob berilishi kutilmoqda.
Aleks Fergyuson — «Manchester Yunayted» tarixidagi eng sovrindor murabbiy hisoblanadi. U klubni 1986 yildan 2013 yilgacha boshqargan. «Manchester Yunayted» Fergyuson boshqaruvida 13 marta Angliya chempioni bo‘lgan. Shotlandiyalik murabbiy klubdagi 26 yillik faoliyati davomida jami 38ta sovrinni qo‘lga kiritgan.
Murabbiylikdan ketganidan so‘ng Fergyuson «Manchester Yunayted» elchisi va klub direktorlar kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. 2024 yil oktyabrda klubning yangi egasi Jim Retkliff va INEOS kompaniyasi unga elchilik faoliyati uchun yiliga 2,16 mln funt sterlingga teng maosh to‘lashni to‘xtatdi.
Sport
«Arsenal»da yirik g‘alaba, «Barsa» bugun chempion bo‘lishi mumkin
«Arsenal» turnir jadvalida «Siti» bilan oradagi farqni 6 ochkoga yetkazdi, Ispaniyada esa bugun «Real» Kataloniyaning «Espanyol» jamoasiga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, bu turda navbatdagi g‘alabaga erishgan «Barselona» muddatidan oldin chempionlikni nishonlashi mumkin.
Angliya: Tiago Holand bilan poygalashmoqda
«Brentford» – «Vest Hem» 3:0
Gollar: Mavropanos, 15 – avtogol (1:0). Tiago, 54 – penalti (2:0). Damsgor, 82 (3:0)
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Hiki, 90+1), Kayode, Yyensen, Yarmolyuk, Damsgor (Dasilva, 90+1), Shade (Ayyer, 80), Uattara (Furo, 90), Tiago
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf (Traore, 74), Uoker-Piters (Van-Bissaka, 65), Fernandesh, Souchek, Sammervill (Skarlz, 88), Bouen (Magassa, 88), Pablo, Kastelyanos (Uilson, 65)
Ogohlantirishlar: Kayode, 73 – Kastelyanos, 59. Sammervill, 62. Skarlz, 90
Bu mavsumda APLda qolish uchun kurash chempionlik tituli uchun kurashdagi kabi qizg‘in kechmayapti. «Vulverhempton» va «Byornli» chempionshipga tushib ketishi allaqachon aniq bo‘lgan, mavsumning uchinchi omadsiz jamoasi esa katta ehtimol bilan «Vest Hem» klubi bo‘ladi. Shanba kuni ushbu jamoa «Brentford» maydonida ilojsiz ahvolda qoldi va hozirda 18-o‘rinda turgan «Tottenhem»da turnir jadvalining quyi qismini tark etish uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘ldi. «Bolg‘achilar» darvozasiga uchta javobsiz gol urgan «asalarilar» yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda, jamoa to‘purari Igor Tiago mavsumdagi sakkizinchi penaltini aniq ijro etib, to‘purarlar poygasida Holandni quyishda ta’qib etmoqda. Hozircha bu poygada norvegiyalik hujumchi ikkita gol oldinda (24:22), ammo braziliyalik hujumchi hozir pik formasida – u gollarining yarmini 2026 yilda urgan va bu borada hech bir hujumchi unga teng kelolmaydi.
«Arsenal» – «Fulhem» 3:0
Gollar: Yokeresh, 9 (1:0). Saka, 40 (2:0). Yokeresh, 45+4 (3:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Uayt (Moskera, 83), Rays (Subimendi, 64), Lyuis-Skelli, Eze (Douman, 78), Trossar, Saka (Madueke, 46), Yokeresh (Gabriel Jyezus, 64)
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Robinson, Kastan, Rid (Kerni, 63), Lukich, Smit-Rou (Kusi-Asare, 78), Chukvueze (King, 64), Uilson (Bobb, 64), Ximenes (Rodrigu Munis, 73)
Ogohlantirish: Lukich, 23
Chempionlik poygasida qatnashayotgan «Arsenal» esa bu oqshom raqibni yirik hisobda mag‘lub etish uchun maydonga tushgandi va buni birinchi bo‘limdayoq uddaladi. Arteta shu kuni boshlang‘ich tarkibdagi tanlovlari bilan ko‘pchilikni ajablantirdi. Birinchidan, so‘nggi vaqtlarda muntazam ravishda ilk daqiqalardan o‘ynab kelgan Inkapiye zaxirada qoldirildi va uning o‘rnini hujumkorligi bilan farq qiladigan Kalafiori egalladi. Ikkinchidan, bu mavsumda top-5 ligalarda eng ko‘p o‘ynagan yarimhimoyachi bo‘lib turgan Martin Subimendiga dam berildi. Uchinchidan, uning o‘rniga tayanch yarimhimoyasiga Rays o‘tkazildi, Deklanning o‘rniga esa chap qanot himoyachisi Lyuis-Skelli tushirildi. Shu bilan birga, hujumning o‘ng qanotida ancha vaqtdan buyon jarohatini davolagan Saka paydo bo‘ldi. Aynan Saka va Skellining harakatlari o‘yin taqdirini hal qildi. Bukayo o‘z qanotida istagan ishini qildi va uning uzatmasidan keyin Yokeresh tezkor gol bilan hisobni ochdi.
Keyin esa Sakaning o‘zi shvetsiyalik hujumchining uzatmasini golga aylantirdi. Arteta uni seshanba oqshomida YeChL yarimfinalida «Atletiko»ga qarshi kechadigan javob o‘yini uchun asrashga qaror qilib, tanaffusda zaxiraga oldi. Ammo u unga 45 daqiqa ham uchta yubiley natijaga erishish uchun yetarli bo‘ldi – 80 gol, 70 assist va 150 ball. Uning maydonga tushishi Yokereshning ham o‘yinini ochib yubordi, u bo‘lim oxirlarida Trossarning uzatmasi orqali dubl qayd etdi. Bu uning uchun «Arsenal» safida ilk bor bir o‘yinda 2+1 ko‘rsatkich qayd etishi bo‘ldi. Shuningdek, Viktor Aleksis Sanches davridan buyon «Arsenal»dagi ilk mavsumida yigirmadan ortiq gol urgan (21) ilk futbolchiga aylandi.
Bu o‘yin mezbonlarning to‘liq ustunligida o‘tgani quyidagi suratda yaqqol aks etgan: «Arsenal» himoya chizig‘i shu qadar yuqori joylashganki, darvozabon David Rayya maydonning ikkinchi qismiga kelib podkat amalga oshirmoqda.
Bu o‘yindagi yirik hisobdagi g‘alaba chempionlik poygasida qo‘l kelishi mumkin, agar mavsum yakunida «Arsenal» va «Manchester Siti»ning ochkolari teng kelib qolsa, birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. Hozirda «kanonirlar» +4 ko‘rsatkichiga ega va keyingi raqiblar ham nisbatan osonroq: «Vest Hem» (18-o‘rin), «Byornli» (19-o‘rin) va «Kristal Pelas» (14-o‘rin). «Siti»ning qolgan 5 raqibidan 3 tasi yevrokuboklar uchun kurashmoqda: «Everton» (11-o‘rin), «Brentford» (6-o‘rin), «Bornmut» (8-o‘rin), «Kristal Pelas» (14-o‘rin) va «Aston Villa» (5-o‘rin).
Ispaniya: Simeonening 1000-o‘yini va YeChLga chiqqan «Vilyarreal»
«Vilyarreal» – «Levante» 2:1
Gol: Mikautadze, 38 (1:0). Espi, 51 (1:1). Moleyro, 62 (2:1). Mikautadze, 68 (3:1). Byukenen, 87 (4:1). Pepe, 90 (5:1)
«Vilyarreal»: Tenas, Veyga, Navarro (Kambvala, 81), Pedrasa (Kardona, 74), Frimen, Parexo (Parti, 74), Komesanya, Moleyro, Pepe, J. Moreno (Byukenen, 84), Mikautadze, Peres
«Levante»: Rayan, M. Moreno, Matturro, Pampin, Tolyan, Arriaga (Ragube, 68), Olasagasti, Pablo Martines (Bruge, 77), Romero (Tunde, 46, Etta Eyong, 68), Alvares (Losada, 30), Espi
Ogohlantirishlar: Parexo, 45. Veyga, 55 – Arriaga, 45
Mavsumning katta qismida uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab turgan «Vilyarreal» bu turda «Levante»ni yirik hisobda tor-mor etib, valensiyaliklarning ligada qolish imkoniyatlarini amalda nolga tenglashtirdi. O‘z navbatida, «submarinalar» bu g‘alaba orqali qatorasiga ikkinchi mavsumda Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichida ishtirok etishini kafolatladi. Marselino shogirdlarida yevrokubokning bu mavsumidagi muvaffaqiyatsizlikni to‘g‘rilash imkoni bo‘ladi. Shanba oqshomidagi o‘yinni Mikautadzening dubli hal qildi, u avvaliga raqib himoyasidagi qo‘pol xatodan foydalandi, keyin esa Pepening qanotdan uzatmasini darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi. O‘tgan yozda «Lion»dan Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan ushbu gurjistonlik hujumchi ilk mavsumida barcha turnirlar doirasida 13 gol urishga erishdi.
«Valensiya» – Atletiko» 0:2
Gollar: Luke, 74 (0:1). Kubo, 82 (0:2)
«Valensiya»: Dimitriyevski, Tarrega, Pepelu, Xose Gayya (Vaskes, 73), Saraviya (Raba, 82), Rodriges, Gerra, Ugrinich (Duro, 59), Rioxa (Diyego Lopes, 59), Sodiq, Ramazani (Gruneveld, 73)
«Atletiko»: Musso, Langle, Le Norman, Dias, Bonyar (Purich, 90+7), Mendosa (Koke, 73), Vargas, Morsilio (Luke, 63), Almada (Grizmann, 73), Molina, Belaid (Kubo, 63)
Ogohlantirishlar: Tarrega, 67 – Almada, 29. Mendosa, 52. Vargas, 61
«Atletiko» «Valensiya» uchun noqulay raqib sifatidagi maqomini mustahkamlab, qatorasiga beshinchi o‘zaro o‘yinda g‘alaba qozondi. Qolaversa, «matraschilar» o‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlarga darvoza sohasi tomon birorta zarba berishga imkon qoldirmadi, ikkinchi bo‘lim oxirida esa shu kuni la ligada debyut qilgan ikki yosh futbolchi «ko‘rshapalaklar» jamoasini nokautga uchratdi. Diyego Simeone YeChL yarimfinali doirasida Londonga safar oldidan asosiy tarkib futbolchilariga dam bergandi va yosh futbolchilar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanishdi.
Avvaliga 20 yoshli forvard Luke o‘z debyutini gol bilan nishonladi, keyin esa 18 yoshli Migel Kubo bu darajadagi ilk o‘yinini madridliklar afsonasi Grizmanning uzatmasi orqali urgan goli bilan eslab qoladigan bo‘ldi. Fransuz hujumchi klublar darajasidagi 800-o‘yinida navbatdagi golli harakatini amalga oshirdi. Bu o‘yin Simeone uchun ham yubiley edi, argentinalik mutaxassis shu kuni murabbiylik faoliyatidagi 1000-o‘yinini o‘tkazdi. Shunday o‘yinda jamoa tarixida 1984 yildan buyon kuzatilmagan holat qayd etildi: 42 yildan buyon «Atletiko» ikki debyutantning ikki goli bilan g‘alaba qozonmagandi.
«Osasuna» – «Barselona» 1:2
Gollar: Levandovski, 81 (0:1). Torres, 86 (0:2). Raul Garsiya, 88 (1:2)
«Osasuna»: Errera, Boyomo, Katena, Galan, Roze, Torro (Osambela, 85), Monkayola (Barxa, 85), Moyses Gomes (Oros, 70), Moro, R. Garsiya (Bretones, 86), Budimir (Raul Garsiya, 70)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, E. Garsiya (Arauxo, 82), Gavi (de Yong, 62), Pedri (Bernal, 88), Olmo (Torres, 62), Fermin Lopes, Barji (Reshford, 62), Levandovski
Ogohlantirishlar: Monkayola, 74. Krus, 90 – Gavi, 24. E. Garsiya, 60
«Barselona»ning vaziyati juda oddiy – kataloniyaliklar shu turdayoq maydondan tashqarida turib chempion bo‘lishi mumkin. Buning uchun «Real» yakshanba kuni «Espanyol»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishi talab etiladi.
Ammo jamoa birinchi navbatda shanba kuni Pamplonada kechadigan o‘yinda g‘alaba qozonishi talab etilardi va bu har qanday raqib uchun oson ish emas. O‘yinning birinchi bo‘limi «Osasuna» nafaqat peshqadamning hujumlarini qaytarib turdi, balki o‘zi ham xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi.
O‘yin kartinasi ikkinchi bo‘limda o‘zgara boshladi va Rafinya va Yamal kabi yetakchilar yo‘q sharoitda Reshford ko‘p ishni o‘z gardaniga oldi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan ingliz hujumchisi avvaliga o‘zi xavfli zarba berdi, keyinroq qanotdan Levandovskining boshiga ajoyib uzatma berdi. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin mezbonlar to‘liq kuch bilan oldinga o‘tib ketishdi va ikkinchi golni o‘tkazib yuborishdi – Fermin Lopes chiziqlar orasidan o‘tkazilgan pas bilan Ferran Torresning goliga assistentlik qildi.
Ikki gol ustunligidan keyin «Barsa» futbolchilari biroz bo‘shashdi va 88-daqiqada jarima maydonida yolg‘iz qoldirilgan Raul Garsiya mezbonlarning hisobni qisqartiruvchi golini urdi.
Shunga qaramay, «Barselona» la ligada qatorasiga 10-g‘alabasini nishonladi va endi bugun «Real» va «Osasuna» o‘yini qanday natijada yakunlanishini kutmoqda. Madridliklar bugun safardan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, «Barselona» keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan klasikoda chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin.
Sport
Sobiq futbolchi Abdusamad Do‘rmonov vafot etdi
U ko‘p yillar Farg‘onaning «Neftchi» klubi safida to‘p surgan, O‘zbekiston milliy jamoasi bilan 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lgandi.
O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi va murabbiy, futbol faxriysi Abdusamad Do‘rmonov 60 yoshda vafot etdi.
Abdusamad Do‘rmonov 1965 yil Termiz shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida «Paxtakor» (1987-1989), «Surxon» (1990-1991) va «Neftchi» (1992-2002) kabi klublarda to‘p surgan, Farg‘ona klubi jamoasi bilan besh marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.
Shuningdek, 1992-1994 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqirilgan, 1994 yil Yaponiyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan.
U futbolchilar oilasi vakili bo‘lib, ukasi Rustam Do‘rmonov ham u bilan birga «Neftchi» klubi sharafini himoya qilgan, yana bir ukasi Ravshan Do‘rmonov esa Termizning «Surxon» klubida o‘ynagan.
Abdusamad Do‘rmonov 2002 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagach, «Neftchi», «Yozyovon lochinlari» va «Istiqlol» kabi klublarda murabbiy sifatida ishlagan, hozirga qadar «Neftchi» klubi murabbiylar shtabida ishlayotgandi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yil oxiriga qadar 13 ta GES qurish rejalashtirilmoqda, tarmoqni kengaytirish koʻzda tutilmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
-
Jamiyat4 days ago
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kafe va restoranlar daromadi keskin oshdi
-
Jamiyat3 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Jamiyat4 days ago
Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Birja savdolarida 1,2 mlrd so‘mlik asossiz daromad olingani aniqlandi
