Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini O‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi (tabrikning to‘liq matni)
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘lgani hamda O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi.
Qadrli vatandoshlar!
Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan mustahkam o‘rin olgan qutlug‘ sana – O‘zbek tili bayrami kuni bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni, chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni chin dildan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom ma’nodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik.
Xususan, yurtimizda geografik ob’yektlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik ob’yekt, jumladan,
200 mingdan ortiq ko‘cha nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgani, faqat keyingi ikki yilda tog‘ va cho‘qqilar, daryo, ko‘l, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temiryo‘l vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar singari 2 ming 600 ta ob’yekt davlat tili talablari asosida qayta nomlanganini qayd etish zarur.
Hozirgi shiddatli globallashuv jarayonlari, ilm-fan yutuqlari orqali hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirildi.
Xorijiy so‘z va iboralarni keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar ishtirokida o‘zbekchalashtirish bo‘yicha samarali mexanizm joriy etilib, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani e’tiborga sazovordir.
Shu o‘rinda bir fikrni yana ta’kidlashni o‘rinli, deb bilaman: kelajagimiz egasi bo‘lgan yosh avlodimiz zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini o‘rganishi lozim. Lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart.
Shu maqsadda ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirishga jiddiy ahamiyat qaratmoqdamiz. Joriy yildan e’tiboran tegishli milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama berilayotgani, ta’lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan yakuniy imtihon topshirish belgilangani shu yo‘ldagi muhim qadamdir.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilangani ham tilimizning mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan davrda 72 nomda qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘pming nusxalarda chop etilib, davlat idoralari va ta’lim muassasalariga taqdim etildi.
Ayniqsa, olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”,
to‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, besh jildli “Navoiy tili lug‘ati” va boshqa nashrlar yetakchi xorijiy universitetlarning kutubxonalari, jahondagi o‘zbek tili markazlari va klublariga yetkazib berilayotgani saflari tobora kengayib borayotgan o‘zbek tili do‘stlarini mamnun etmoqda.
Biz inklyuziv jamiyat barpo etish tamoyillarini til sohasidagi davlat siyosatimizda ham muvaffaqiyatli joriy etib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tillarini rivojlantirishga muhim ahamiyat bermoqdamiz. Ayni vaqtda ularning davlat tilini o‘rganishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratyapmiz. Bugungi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishga xizmat qilayotgani birgalikda olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Aziz do‘stlar!
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Bu borada, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan asosiy maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi”ni hayotga joriy etishda nafaqat mas’ul va mutasaddi tashkilotlar, balki barchamiz faol ishtirok etishimiz zarur.
Bu haqda so‘z yuritganda, raqamli olamda o‘zbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va ma’lumotlarni ko‘paytirish, xususan, global elektron ensiklopediya va platformalarni davlat tilidagi ilmiy-ommabop maqolalar bilan boyitish, onlayn lug‘atlarni takomillashtirish ham diqqatimiz markazida bo‘lishi lozimligini aytib o‘tmoqchiman. Hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir.
O‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yo‘nalishga aylanishi zarur. Bu borada vatanparvar tadbirkorlarimiz alohida jonbozlik ko‘rsatadilar, deb ishonaman.
Bundan o‘ttiz yil oldin qabul qilingan O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan zamonaviy va ta’sirchan media mahsulotlarni ko‘paytirish lozim. Ayniqsa, farzandlarimizni ona tilimizga mehr qo‘yib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishga o‘rgatish ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi ona tilimizni rivojlantirishda ham biz keng jamoatchiligimizning amaliy fikr va takliflariga, faol ishtirokiga tayanamiz.
Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni bugungi quvonchli bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.
Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan jonajon o‘zbek tilimiz yanada ravnaq topsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Jamiyat
O‘zbekiston importda mashina va transport uskunalariga eng ko‘p mablag‘ sarflagan
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulushni mashina va transport asbob-uskunalari egallagan. Mazkur toifadagi mahsulotlar importi 5,5 mlrd AQSh dollariga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga oshgan.
Shuningdek, sanoat tovarlari importi 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari hamda tirik hayvonlar 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz), xizmatlar esa 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz)ni tashkil etgan.
Mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,4 mlrd dollarga (+25,8 foiz) yetgan.
Bundan tashqari, turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz)ni tashkil qildi.
Jamiyat
Javaharla’l Neru qidirgan jadid Po‘lat Soliyev kim edi?
1955-yil 15-iyun kuni Hindiston bosh vaziri Javaxarla’l Neru rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Nufuzli mehmon sharafiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi majlislar zalida tantanali tadbir tashkil etiladi.
Anjuman yakuniga yetgach, Hindiston bosh vaziri tarjimoni SSR Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vasiliy Kuznetsovga “janob Bosh vazir hurmatli professor Bulat (Po‘lat) Soliyev janoblari bilan uchrashmoqchi”, deydi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri G‘ani Sultonov bunday odamni tanimasligini aytib, vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ladi. Hamma yalt etib O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Tesha Zohidovga qaraydi. Olima ayollar Hadicha Sulaymonova va Sabohat Azimjonova labini tishlagancha yerga qarab turishardi. Bir oz sukutdan so‘ng Tesha Zohidov o‘zini qo‘lga olib, “Janob Bosh vazir, professor Po‘lat Soliyev ancha yillar oldin yo‘lda vafot etgan. Qabri qayerdaligi noma’lum”, deya javob beradi.
O‘sha vaqtda o‘zbekistonliklarni noqulay vaziyatga solib qo‘ygan, 1938-yil 28-fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan, ismi tilga olinishi taqiqlangan bu inson — birinchi o‘zbek tarix professori Bulat (Po‘lat) Soliyev edi.
O‘zbekiston ilm-fanining taniqli arbobi, Markaziy Osiyodagi yangi tarixshunoslik ilmiy maktabi asoschilaridan biri bo‘lmish Po‘lat Soliyev 1882-yil 22-martda Astraxan shahrida, mang‘it urug‘iga mansub o‘zbek oilasida tug‘ilgan. Shu bois rasmiy va ilmiy hujjatlarda uning ismi goh Bulat, goh Bekbulat, aksariyat hollarda Po‘lat shaklida tilga olingan.
Qozon va Ufa shaharlarida madrasa ta’limini olgan, arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta o‘rgangan olim 1909 yilda ona yurti Turkistonga keladi. Bulat Soliyev jadid sifatida Turkistonning ko‘pgina shahar va viloyatlarida, jumladan, Toshkent, Farg‘ona, Jalolobod viloyatlarida o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyatini olib boradi. Toshkent va Qo‘qon maktablarida tarix, arifmetika hamda ona tilidan dars beradi.
U 1917-yilda Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatadi va Muxtoriyatning asosiy nashri bo‘lgan “El bayrog‘i” gazetasining bosh muharriri bo‘ladi. 1918-yili Muxtoriyat qulatilgach, o‘zini to‘liq ilmiy-pedagogik faoliyatga bag‘ishlaydi. Shu yilning noyabr oyida Po‘lat Soliyev Nazir To‘raqulov bilan birgalikda Qo‘qon Xalq universitetini tashkil etishda ishtirok etadi. Mazkur o‘quv dargohi, asocan, Farg‘ona vodiysidagi qishloq o‘qituvchilarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi va Po‘lat Soliyev uning direktori etib saylanadi. Bu oliygoh keyinchalik Farg‘ona vodiysidagi pedagogika institutlarining paydo bo‘lishida tamal toshi bo‘ladi.
SSSRning butun 70 yillik umri davomida tarix fan sifatida mafkuraviy aralashuv obyekti bo‘lib kelgan. 1920-yillarning oxirigacha inqilobdan oldingi tarixchilik maktabi vakillari nisbatan erkin faoliyat yuritishi, o‘z asarlarini o‘quv muassasalarida o‘qitish va nashr etishi mumkin edi. Bunday “iliqlik”ka 1920–1928-yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat (YaIS) ham ma’lum darajada imkoniyat bergan.
Bulat Soliyev ham bu paytda o‘zining asarlari bilan allaqachon mahalliy ziyolilar orasida tanilgan edi. Jumladan, olim tomonidan yozilgan “Mang‘itlar davrida Buxoro”, “Hindiston Angliya zulmi ostida”, “Buxoro tarixi, I qism”, “O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri”, “O‘rta Osiyo tarixi: XI–XV asrlar”, “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston va Tojikiston”, “O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi” asarlari birin-ketin nashr etiladi. 1926-yilda Bulat Soliyevga professor unvoni beriladi.
Bulat Soliyevning yozish uslubi mutlaqo o‘ziga xos edi. U, asosan, biror ilmiy muammoni ko‘tarayotganda, aslida umuman boshqa narsa haqida yozgan bo‘lardi. Masalan, olimning 1920-yilda nashr etilgan “Hindiston Angliya zulmi ostida” nomli asarida Bulat Soliyev tarixchi sifatida kapitalistik Angliyaning Hindistondagi qilmishlarini ochib bergan bo‘lsa-da, olim shu o‘rinda Lenin boshliq bolsheviklar hukumatining bosqinchilik siyosatini ham mohirlik bilan fosh qilib ketgan. Xususan, shunday deydi: “Hindistonga xavf bo‘lganligi uchun Angliya davlati Tibetni o‘ziga tobe qildi. O‘zining nazorati ostiga oldi. Tibet ixtiyorsiz suratda Angliyaga itoat etishga majbur bo‘ldi. Ko‘ngilga bir so‘roq keladir: Angliyaning Tibetga hujum etishga qanday haqqi bor? Tibetda qanday ishi bor? Qanday asosga binoan Angliya davlati Tibetni o‘ziga qo‘shadi? Belgili bu ish haqqoniyasizlik, adolatsizlikdir”.
Ushbu savollarning barchasi aslida Turkistonni kuch bilan bosib olgan sovet dohiylariga qaratilgan edi.
1920-yillaryoq Po‘lat Soliyev Turkiston tarixi bo‘yicha darslik yozish ishlariga jiddiy kirishadi. Ammo bolsheviklar Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tayyorlagan tarix darsligi loyihalarini doimiy rad etib keladi. Shunday bo‘lsa-da, olim 1929-yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy ko‘chkiga qarshi ekanligini ta’kidlagan holda, kitobning kirish qismiga, o‘sha kunlari sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.
“O‘zbekiston tarixi” o‘quvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatda qanday o‘rin tutgani va Turkistonning buyuk o‘tmishi haqida qimmatli ma’lumotlar berardi.
Bundan sal avval, ya’ni 1927-yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “O‘zbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari o‘sha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Po‘lat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar e’lon qila boshlaydi.
1933-yil avgust oyida Butunittifoq Kommunistik partiyasining Samarqand bo‘limi tomonidan olimning 1926-yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyo tarixi” asari g‘oyaviy jihatdan “nobop” deb topiladi. Chunki asardagi Xorazmshohlar davlatining nufuzi va O‘rta Osiyoning XI asrda jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar sovetlarga yoqmagan edi.
1936-yildagi tarixchilar qurultoyida Bulat Soliyev asarlari “o‘tmish ideallashtirilgan” va “panturkistik” deya baholanib, oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida qo‘llash taqiqlab qo‘yiladi. Po‘lat Soliyevning tarixshunosligi “millatchilik va panturkistik” ruhda deya ta’riflanadi.
1937-yilda boshlangan “Katta terror” siyosati natijasida O‘zbekistondagi bir qator taniqli davlat arboblari va adabiyot san’at namoyandalari hibsga olinadi. Bulat Soliyev boshiga ham qora bulutlar kela boshlaydi. 1937-yil sentyabrda professor Po‘lat Soliyev Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetidan bo‘shatiladi.
1937-yil 11-oktyabrda Soliyevni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
“Toshkent shahri, 1937-yil 11-oktyabr. Men O‘zbekiston NKVD 3-bo‘limi operativ xodimi – davlat xavfsizligi leytenanti Gaynitdinov panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lgan Po‘lat Soliyevga tegishli hujjatlarni o‘rganish jarayonida uning butunlay O‘zbekistonda Sovet hokimiyatini ag‘darishni maqsad qilgan antisovet panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lganligini, mahalliy ziyolilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borganligini aniqladim”.
O‘zSSR Jinoyat kodeksining 49-modda “6“ bandiga asoslanib qaror qilinadi: 1882-yilda tavallud topgan, partiyasiz, Samarqand shahridagi O‘zbekiston Davlat universiteti professori, SSR Ittifoqi fuqarosi bo‘lmish Po‘lat Soliyev hibsga olinsin va O‘zSSR Jinoyat Majmuasining 60- va 67-moddalariga ko‘ra javobgarlikka tortilsin.”
Shu tariqa qariyb 5 oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng 1938-yil 8-fevralda “maxsus uchlik” Bulat Majidovich Soliyevni otuvga hukm qiladi. Hukm 1938-yil 28-fevralda ijro etiladi. Shu tariqa birinchi o‘zbek tarix professori Po‘lat Soliyev SSR Ittifoqining qatag‘on mashinasi tomonidan mahv etiladi
Po‘lat Soliyevning asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab Sharq xalqlari orasida ancha keng shuhrat qozonadi. 1954-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vazirining ham olimni yodlagani bejiz emas edi. Soliyevning vafot etganligini eshitgan Neru uning “Angliya zulmi ostidagi Hindiston” asari hind ozodlik harakati namoyandalari orasida mashhur bo‘lgani, ularning mustaqillik kurashlariga ilhom berganini aytib, o‘zbek tarixchiga minnatdorlik bildiradi.
Oradan ikki yil o‘tib, 1956-yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi komissiyasi Bulat (Po‘lat) Soliyev haqdagi 1938-yilgi qarorni uning jinoyati tasdiqlanmaganligi tufayli bekor qiladi. Olimning nomi oqlanadi.
Soliyevning rafiqasi Fotima aya 1987-yilda vafot etadi. Bulat Soliyevdan 4 nafar farzand qolgan. Ular hozirda turli faoliyatlar bilan mashg‘ul. Po‘lat Soliyevning nabirasi Alisher aka Muhiddinov bugungi kunda bobosining merosini saqlab kelmoqda.
Ubaydulla Quvvataliyev,
TerDU qoshidagi
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
Jamiyat
Mirziyoyev Namanganda raqamlashtirish, bandlik va investitsiya bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi vaziyatlar markazida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Namanganda tashkil etilgan «aqlli» vaziyatlar markazi va Yangi Namangan mahallasidagi «Mahalla axborot va xizmat markazi» loyihasi taqdim etildi. Markaz orqali 8 ta mahallada yashovchi 27 mingdan ortiq aholiga qariyb 980 turdagi xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyat sanoati hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foizga oshirish vazifasi belgilangan.
Prezident hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta «aql markazi»ni yangi ish uslubiga o‘tkazishni topshirdi. Ular har bir tuman va shaharning iqtisodiy salohiyatini o‘rganib, qo‘shimcha o‘sish manbalarini aniqlaydi.
Yig‘ilishda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 80 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Investitsiya sohasida Namanganga bu yil 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentyabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus olib kelish, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, eksport infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari ham muhokama qilindi.
Jamiyat
Poytaxtning uch va Toshkent viloyatining bir tumani elektrsiz qoldi
Toshkent shahrining Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.
Bugun, 28 iyun soat 20:45 da Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida nosozlik bo‘ldi.
Buning oqibatida Toshkent shahrining Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilmoqda.
Hozirgi vaqtda energetiklar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish hamda iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda “svet” o‘chishi oqibatida attraksionda qolib ketgan odamlar tushirib olindi
Avvalroq Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida yuz bergan nosozlik sababli poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish sodir bo‘lgani xabar qilingandi.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasida joylashgan Dream Park istirohat bog‘idagi «Charxpalak» attraksionida fuqarolar qolib ketganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan va hozirda barcha fuqarolar charxpalakdan xavfsiz joyga tushirib olingan.
“Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q”, deyiladi FVV xabarida.
Avvalroq Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida yuz bergan nosozlik sababli poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish sodir bo‘lgani xabar qilingandi.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat5 days agoAshraf Xo‘jayev O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Mahalliy5 days ago
Endi rahbarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fosh qilish mumkin!
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
