Siyosat
Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan rezolyusiya BMTda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi
O‘zbekiston Prezidentining yana bir global tashabbusi BMTda keng e’tirof etildi va qabul qilindi
Nyu-York shahridagi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi muhim rezolyusiya a’zo davlatlarning mutlaq ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi.
Ushbu tashabbus ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan edi. Oradan o‘tgan davr mobaynida o‘zbek diplomatiyasining faol va izchil sa’y-harakatlari natijasida mazkur g‘oya xalqaro miqyosda yagona hujjat shakliga keltirildi va jahon hamjamiyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Rezolyusiyada nimalar aks etgan va u nima uchun muhim?
O‘zbekiston tajribasi. Hujjatda Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va unda qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi alohida e’tirof etildi.
Ijtimoiy tenglik va yoshlar. Hujjat parlamentlar faoliyatida ayollar va yoshlar ishtirokini kengaytirish, rivojlanayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Dunyo mamlakatlarining yakdil qo‘llab-quvvatlashi. Rezolyusiyani qabul qilish uchun o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida 167 ta davlat uni yoqlab ovoz berdi. Dunyoning 61 ta davlati, jumladan Avstriya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Braziliya va Ispaniya kabi mamlakatlar O‘zbekiston tashabbusiga hammuallif sifatida maydonga chiqdi.
Aytish mumkinki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu rezolyusiyaning qabul qilinishi Yangi O‘zbekiston tomonidan yuritilayotgan ochiq, konstruktiv va inson manfaatlariga qaratilgan tashqi siyosatning, shuningdek, Davlatimiz rahbarining global tashabbuslari xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol isbotidir.
Siyosat
O‘zLiDeP tashabbusi bilan eng chekka mahallalardan yangi tadbirkorlar kashf etilmoqda
Xorazmda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Ishbilarmon ayol” tanlovining hududiy respublika bosqichi o‘tkazildi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda viloyatning 500 dan ortiq mahallasi va tadbirkorlik subyekti qamrab olindi.
Saralash bosqichlarida 3054 nafardan ziyod tadbirkor xotin-qiz ishtirok etdi. Ular orasidan 13 nafar eng istiqbolli ishbilarmon ayol viloyat bosqichida o‘z biznes loyihalari va faoliyatini namoyish qildi.
Tanlovning o‘ziga xos jihati – tadbirkorlarni faqat yirik shaharlardan emas, mahallalardan izlashga urg‘u berilgani. Yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, mahalliy mahsulot ishlab chiqarayotgan, eksport qilayotgan yoki qishloq xo‘jaligida yangi yondashuvlarni qo‘llayotgan ayollar saralash jarayonida aniqlandi.
Viloyat bosqichida Xiva shahridagi “Khiva Plaza” MChJ rahbari Lola Mirzayeva birinchi o‘rinni egalladi. Korxonada 150 nafar xodim ishlaydi. Ikkinchi o‘rin “Shovot-Qumtepa” fermer xo‘jaligi rahbari Oychehra Tohirovaga nasib etdi. Xo‘jalikda shifobaxsh giyohlar yetishtirilmoqda.
Uchinchi o‘rinni “Marjona tekstil” MChJ rahbari Dilafro‘z Bekjanova oldi. Korxonada 70 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. 2025 yilda korxona Rossiyaga 200 ming dollarlik bolalar kiyimlari eksport qilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tanlovdan maqsad – mahallalarda o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlarni aniqlash, ularning tajribasini ommalashtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash.
Xorazmdagi 3054 nafar ishtirokchi esa mahallalarda tadbirkorlik salohiyati qanchalik keng ekanini ko‘rsatmoqda.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev bugun Qoraqalpog‘istonga boradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ladi.
Ikki kunlik safar davomida davlatimiz rahbari sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, transport, turizm va sport sohalaridagi loyihalar, aholi bandligini ta’minlash va mahallalarni obodonlashtirish borasidagi ishlar bilan tanishadi.
Shuningdek, bir qator yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida Qoraqalpog‘istonni kompleks rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkaziladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.
Safarni boshlashdan avval mamlakatimiz yetakchisi atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, marhumning haqqiga duoi fotiha qilindi.
Prezidentimiz marhumning ibratli hayot yo‘li, ezgu ishlari va el-yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini yodga oldi. O‘tganlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, kattalarni e’zozlash yosh avlod uchun ibrat ekanini ta’kidladi.
Joriy yil fevral oyida vafot etgan Kallibek Kamalov ko‘p yillar Qoraqalpog‘istonda rahbarlik lavozimlarida ishlab, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligini ravnaq toptirish, aholi turmushini yaxshilashga katta hissa qo‘shdi.
Keyingi yillarda nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalarni qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etdi. Xizmatlari “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva kino sohasida boshqaruv tizimi o‘zgarishi lozimligini ta’kidladi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga borib, uning joriy holati va faoliyati bilan tanishdi.
“O‘zbekfilm” shunchaki kinostudiya emas, balki qariyb bir asr davomida xalqimizning tarixi, taqdiri, orzu-armonlari va kechinmalarini ekranda aks ettirgan milliy kino maskanidir.
“Endigi vazifa — uni zamonaviy O‘zbekiston kino industriyasining milliy brendi va tayanch markaziga aylantirish. Buning uchun kino sohasida boshqaruv tizimi o‘zgarishi kerak. Bundan buyon davlat filmning ijodiy jarayoniga aralashadigan buyurtmachi emas, sohani rivojlantiradigan va moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydigan strategik hamkor bo‘ladi. Xususiy kinostudiyalar, mustaqil prodyuserlar va ijodkorlar esa industriyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi”, dedi Saida Mirziyoyeva.
Kinoni ishlab chiqarishdan tomoshabingacha bo‘lgan butun zanjir — moliyalashtirish, distributsiya, prokat, festivallar va eksport — zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Milliy kino merosini saqlash, restavratsiya va raqamlashtirish tizimi kuchaytiriladi, yangi avlod ijodkorlarini tayyorlash va xalqaro tajriba almashinuviga keng yo‘l ochiladi.
Eng muhimi, sohada professional muhit va o‘zini o‘zi boshqarish madaniyati shakllanib, kinoijodkorning fikri, tajribasi va kasbiy obro‘si munosib qadrlanadi.
“Tashrif yakunida Abu Ali ibn Sinoning bolaligi haqidagi tarixiy film suratga olinayotgan maydonda bo‘ldim. Ulkan dekoratsiyalar va ijodiy jamoaning mehnati menda katta taassurot qoldirdi. Ijodiy jamoaga omad tilayman. Premerada ko‘rishguncha!”, deya fikrini yakunlagan Mirziyoyeva.
Siyosat
O‘zbekiston prezidentining Tonggi tarovat yurtiga tashrifi samimiy uchrashuv va suhbatlarga boy bo‘ldi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tonggi tarovat yurtiga tashrifi samimiy uchrashuv va suhbatlarga boy bo‘ldi. Birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasida davlatimiz rahbari mintaqa davlatlari rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikning yangi rejalarini muhokama qildi. Samimiy tabassumlar va bemalol suhbatlar mamlakatlarimiz hamda ularning yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yaqqol namoyon etadi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Li Uk Xyon bilan suhbat, ayniqsa, samimiy kechdi. Bu uchrashuv o‘tgan yillarni, O‘zbekiston–Koreya do‘stligini mustahkamlash yo‘lida birgalikda amalga oshirilgan ishlarni yodga olish imkonini berdi.
Sammit arafasida davlatimiz rahbari Milliy Assambleya Spikeri uchun koreys tiliga tarjima qilingan “Mirziyoyev doktrinasi” kitobiga mamnuniyat bilan dastxat yozib berdi. Bu Yangi O‘zbekiston g‘oyalari va islohotlariga bo‘lgan samimiy qiziqishning yana bir ifodasidir.
Koreyalik do‘stlarimiz davlat tashrifiga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatdi. Janubiy Koreyadagi eng baland bino — Lotte World Tower hamda Seul teleminorasida O‘zbekiston bayrog‘ining yorqin tasvirlari namoyon bo‘ldi. Prezidentimiz tashrifi sharafiga bayrog‘imiz ranglaridagi dirijabl parvoz qildi, qarorgoh oldidagi favvorada esa davlatimiz gerbi va bayrog‘i tasvirlari aks ettirildi.
Bularning barchasida mezbonlarning samimiy mehmondo‘stligi va yuksak hurmati sezilib turardi. Seuldan iliq taassurotlar va do‘stligimizning istiqboli porloq ekaniga ishonch bilan qaytdik, deb yozdi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
-
Jamiyat4 days ago
Sud hokimiyatiga oid muhim qonun qabul qilindi
-
Jamiyat4 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchilik sabab 150 dan oshiq mansabdor ishdan olindi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri bilan uchrashdi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbek mutaxassislarining Koreya laboratoriyalari hamda ilg‘or korxonalarida stajirovka o‘tashi bo‘yicha yagona dastur yo‘lga qo‘yiladi
-
Siyosat4 days agoOliy tibbiy hamrohlik ishi ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasidagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Kichik hikoyalar: Ko‘cha, yomg‘irda qolgan kelin-kuyov
-
Jamiyat4 days ago
Ehtiyojmand oilalarni baholash, ishlaydigan onalarga nafaqa va vaucher tizimi — ijtimoiy himoyada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
