Sport
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi
«Sizlar muqaddas Qurbon hayiti kunlarida xalqimizga bayram sovg‘asi sifatida olib kelayotgan ushbu unutilmas tarixiy g‘alaba barchamizga muborak bo‘lsin», deyiladi prezident tabrigida.
Qadrli farzandlarim!
Avvalo, siz, azizlarni Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash o‘yinlarida chinakam jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, tom ma’noda ulkan g‘alabaga erishganingiz – Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Sizlar professional bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingiz, eng muhimi, yuksak irodangiz va g‘alabaga bo‘lgan ishonchingiz bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganingiz har qanday tahsin va tasannoga munosibdir.
Mana shu munavvar oqshomda – qutlug‘ zafar ayyomida ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqi sizlar bilan haqli ravishda faxrlanmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Saralash o‘yinlari naqadar kuchli raqobat ostida, keskin va shiddatli kurashlarda o‘tgani, terma jamoamizga nisbatan turli bosimlar bo‘lganiga qaramasdan, sizlar zarur ochkolarni jamg‘arib, azmu shijoatli Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday yuksak marralarni egallashga qodir ekanini yana bir bor amalda isbotladingiz.
Sizlarning ana shunday g‘oyat mas’uliyatli turnirdagi munosib ishtirokingiz keyingi yillarda mamlakatimizda sportga, jumladan, uning eng ommaviy turi bo‘lgan futbolga berilayotgan ulkan e’tiborning yana bir buyuk amaliy natijasi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir.
Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSh, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo qit’asining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman.
Mana shu shukuhli ayyomda sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mehribon va talabchan ustoz-murabbiylaringiz, milliy terma jamoamizning barcha a’zolarini, sizlarga baxt va omad tilab, kechayu kunduz duoda bo‘lib kelgan ota-onalaringiz, aka-uka, opa-singil va barcha yaqinlaringizni o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan qizg‘in tabriklab, ularga samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Sizlar muqaddas Qurbon hayiti kunlarida xalqimizga bayram sovg‘asi sifatida olib kelayotgan ushbu unutilmas tarixiy g‘alaba barchamizga muborak bo‘lsin!
Zafarli odimlaringiz bardavom bo‘lsin, aziz farzandlarim!
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot11 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
