Jamiyat
Serbiyada og‘ir vaziyatda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Serbiyada ish beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilmagani oqibatida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi T.Z. mamlakatning Vengriyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qilib, Serbiyadan O‘zbekistonga qaytish uchun amaliy yordam so‘ragan.
Uning bildirishicha, yuzaga kelgan muammo Serbiyadagi ish beruvchi tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar to‘liq bajarilmagani, jumladan, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilinmagani bilan bog‘liq bo‘lgan. Natijada hamyurtimiz og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan va mustaqil ravishda yurtiga qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Vaziyatni inobatga olgan holda, elchixona tomonidan O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan tezkor hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Olib borilgan ishlar natijasida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan arizachi uchun bepul aviachipta rasmiylashtirildi.
Shundan so‘ng fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Mutasaddilar xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga qiyin vaziyatlarda diplomatik vakolatxonalar va tegishli idoralarga murojaat qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Navoiyda mehmonxona oshxonasi yonib ketdi
Navoiy shahrida joylashgan mehmonxonalardan birining oshxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in qisqa vaqt ichida o‘chirildi, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi.
Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 5 iyun kuni soat 21:24 da Navoiy shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan mehmonxona oshxonasida yuz bergan.
Xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga viloyat FVBning 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Qutqaruvchilar yong‘inni tezkorlik bilan bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan.
Yong‘in oqibatida mehmonxona oshxonasining 35 kvadrat metr maydoni zararlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar yo‘q.
Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent shahrida qimmatbaho uyni sotish bahonasida xaridordan 363 ming AQSh dollari olib, keyinchalik ushbu uyni boshqa shaxsga sotib yuborganlikda gumonlanayotgan ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sun’iy intellekt chizgan surat
Ma’lum qilinishicha, aka-uka o‘zlariga tegishli uyni sotuvga qo‘ygan. Uyga xaridor sifatida Uchtepa tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro qiziqish bildirgan.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng dastlab bir million AQSh dollariga baholangan uyni 900 ming AQSh dollariga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xaridor sotuvchilarning fikridan qaytib qolishidan xavotirlanib, oldindan 363 ming AQSh dollari bergan va qolgan mablag‘ni uy rasmiylashtirilgandan keyin to‘lashini bildirgan.
Biroq oradan vaqt o‘tib, uy sotuvchilari va’dalarini bajarmagan. Natijada xaridor o‘zini aldangan deb hisoblab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan 1986 yilda tug‘ilgan hamda 1987 yilda tug‘ilgan aka-ukaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov davomida gumonlanuvchilar xaridordan oldindan katta miqdorda pul olganiga qaramay, mazkur uyni boshqa shaxsga sotib yuborgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar tibbiy xizmatlarga 7 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi qariyb 7,3 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 15,1 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarning 16,8 foizi tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, shifoxona muassasalari xizmatlari umumiy hajmning 20,2 foizini tashkil etgan. Eng katta ulush — 63 foiz esa boshqa turdagi sog‘liqni saqlash xizmatlariga to‘g‘ri kelgan.
Sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi bo‘yicha Toshkent shahri mutlaq yetakchilik qildi. Poytaxtda mazkur ko‘rsatkich 3,3 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, respublika bo‘yicha umumiy hajmning katta qismini tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (674,3 milliard so‘m), Samarqand viloyati (549,2 milliard so‘m) va Farg‘ona viloyati (488,1 milliard so‘m) qayd etildi.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Navoiy viloyatida — 118,4 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 126,5 milliard so‘m va Sirdaryo viloyatida — 134 milliard so‘mni tashkil qildi.
Jamiyat
Qurilish sohasida sun’iy intellekt joriy etiladi
O‘zbekistonda qurilish sohasini raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va inson omilini qisqartirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu prezidentning qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni yo‘lga qo‘yish hamda sohadagi davlat xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan farmonida belgilandi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Hujjatga ko‘ra, qurilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlar uchun xizmatlarni soddalashtirish hamda byurokratik to‘siqlarni qisqartirish choralari ko‘riladi.
Jumladan, 2026 yil 1 iyuldan qurilish sohasidagi bir qator davlat xizmatlari “bitta ariza – bir to‘lov – barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida ko‘rsatiladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni berish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi.
Shuningdek, qurilishga ruxsat berish va obektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali taqdim etilgan hujjatlar avtomatik tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni inson aralashuvisiz bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.
Farmon bilan qurilish obektlarini onlayn kuzatish tizimi ham kengaytiriladi. Yirik qurilish maydonlarida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘lib, ulardan olinadigan ma’lumotlar yagona monitoring platformasiga integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash, nazoratni kuchaytirish va korrupsiya xavflarini kamaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi imkoniyatlari ham kengaytiriladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur choralar qurilish sohasida xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, ruxsat berish jarayonlarini tezlashtirish va inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
MIB Toshkent shahar boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
Bosh prokurorining tegishli buyrug‘i bilan Nodirjon Nabidjanovich Aripov Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
U tayinlovga qadar, Byuroning Olmazor tuman bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
MIB Toshkent shahar boshqarmasining sobiq rahbari A.Arziyev esa, Andijon viloyat prokurorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
-
Dunyodan2 days ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Jamiyat3 days agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
-
Siyosat3 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Dunyodan5 days ago
Myanmadagi portlash 46 kishining hayotiga zomin bo’ldi: tafsilotlar
-
Dunyodan4 days agoEron va AQSh barcha muzokaralarni to’xtatdi
-
Jamiyat5 days ago
Yozning birinchi kunida ayrim viloyatlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
2-iyundan dollar yana keskin pasayadi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston delegatsiyasi Venadagi BMT sammitida birinchi bo‘lib chiqish qildi
