Jamiyat
Serbiyada og‘ir vaziyatda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Serbiyada ish beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilmagani oqibatida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi T.Z. mamlakatning Vengriyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qilib, Serbiyadan O‘zbekistonga qaytish uchun amaliy yordam so‘ragan.
Uning bildirishicha, yuzaga kelgan muammo Serbiyadagi ish beruvchi tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar to‘liq bajarilmagani, jumladan, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilinmagani bilan bog‘liq bo‘lgan. Natijada hamyurtimiz og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan va mustaqil ravishda yurtiga qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Vaziyatni inobatga olgan holda, elchixona tomonidan O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan tezkor hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Olib borilgan ishlar natijasida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan arizachi uchun bepul aviachipta rasmiylashtirildi.
Shundan so‘ng fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Mutasaddilar xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga qiyin vaziyatlarda diplomatik vakolatxonalar va tegishli idoralarga murojaat qilishni tavsiya etmoqda.