Sport
Serbiya Superligasida murabbiy o‘yin vaqtida vafot etdi
Mladen Jijovich 44 yoshda edi. U «Radnichki» jamoasi boshqaruviga kelganiga ko‘p vaqt bo‘lmagandi.
Serb futbolida fojia ro‘y berdi. Mamlakat Superligasining 14-turi doirasida «Mladost Luchani» va Kraguyevatsning «Radnichki 1923» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin vaqtida mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi, bosniyalik mutaxassis Mladen Jijovich vafot etdi. Murabbiy 44 yoshda edi.
Jijovich birinchi bo‘lim o‘rtalarida yon chiziq oldida turganida kutilmaganda yiqilib tushgan. Bu vaqtda uning shogirdlari 2:0 hisobida oldinda borayotgandi. Tibbiyot xodimlari yordamga shoshilgan va murabbiyni jonlantirishga harakat qilgan. Murabbiy tez yordam mashinasida olib ketilgan, ammo shifoxonaga ketishda uning joni uzilgan.
Murabbiy olib ketilganidan keyin o‘yin davom ettirilgan, ammo 41-daqiqada baribir to‘xtatilgan, chunki futbolchilar va klublar xodimlari karaxt ahvolda edi. Bu vaqtda stadionga murabbiyning vafoti haqida xabar yetib kelgandi. Ayrim futbolchilar dahshatga tushib, boshini changallab qolgan.
Novosti.rs xabariga ko‘ra, murabbiy o‘yin kuni ko‘ngil aynishidan shikoyat qilgan, biroq hech kim bunga ahamiyat bermagan. Bundan tashqari, nashrning yozishicha, bosniyalik mutaxassis stadionning o‘zida jon berib ulgurgandi. Shifokorlar hozircha o‘lim sababini aytishmayapti, biroq murabbiyda yurak xuruji kuzatilgani taxmin qilinmoqda.
Serbiya aza tutmoqda
Jijovichning o‘limi haqidagi xabar Serbiya uchun katta zarba bo‘ldi – mamlakat qayg‘uda. Birinchi bo‘lib raqib jamoa ustozi Neshko Milovanovich hamdardlik bildirdi.
«Uch farzand otasidan ayrildi, bu juda katta qayg‘u. U ajoyib mutaxassis edi, lekin birinchi navbatda erkak va ota edi. Juda afsusdaman, hamdardlik bildiraman», – dedi Milovanovich.
Stadionda Jijovichning o‘limi haqidagi xabar e’lon qilingan paytda olingan kadrda Neshko chuqur shok holatiga tushganini ko‘rish mumkin.
«Radnichki» klubi ham muxlislarga shunday murojaat qildi: «Afsus bilan jamoatchilikka, muxlislarga va barcha do‘stlarga shuni ma’lum qilamizki, bugungi o‘yin paytida bizning Mladen Jijovich vafot etdi.
Klubimiz nafaqat buyuk professionalni, balki birinchi navbatda yaxshi insonni, do‘stni va sportchini yo‘qotdi, u o‘zining bilimi, g‘ayrati va olijanobligi bilan uni bilganlarning qalbida chuqur iz qoldirdi.
Uning oila a’zolari, yaqinlari va futbolga mehr qo‘ygan barchaga chuqur ta’ziya izhor etamiz. Joying jannatda bo‘lsin, Mladen».
Mladen «Radnichki» klubi boshqaruviga atigi bir oy muqaddam kelgandi – u bu lavozimda Fedju Dudichni almashtirgan. Jamoa yangi bosh murabbiy bilan endigina ikki o‘yin o‘tkazgandi, uchinchisi esa fojiaga aylandi.
Jijovichning futbolchilik faoliyati 1997 yildan 2016 yilga qadar davom etgan. U deyarli butun faoliyatini vatani Bosniya va Gersegovinada o‘tkazgan. Shuningdek, ma’lum muddat davomida (18 o‘yin) Albaniyaning «Tirana» klubi safida o‘ynagan. 2009 yilda «Zrinski Mostar» klubi bilan Bosniya chempioniga aylangan. Milliy jamoa safida ikki o‘rtoqlik o‘yinida (2008 yilda Yaponiya va Ozarboyjonga qarshi) maydonga tushgan.
Futbolchilik karerasini yakunlagach, Jijovich mahalliy «Radnik», «Zrinski Mostar», «Sloboda» va «Borats» klublarida, shuningdek, Shimoliy Makedoniya («Shkupi») va Saudiya Arabistonida («Al-Hulud» murabbiy sifatida ishladi. Uning Serbiyadagi faoliyati juda qisqa bo‘ldi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot17 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
