Iqtisodiyot
Senat «Enterprise Uzbekistan» markazining huquqiy asoslari bo‘yicha qonunni ma’qulladi
Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi. Qonun bilan respublika IT-park hududida «Enterprise Uzbekistan» raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etishning huquqiy poydevori yaratilmoqda.
Mazkur hujjat Senatning 17-yalpi majlisida ham muhokama qilinib, takliflar asosida takomillashtirish uchun Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi. Senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi davlat organlari hamda tashkilotlar vakillari ishtirokida qonunni qayta ishladi.
Markazni tashkil etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, hududlarini o‘zgartirish, strategik boshqarish va asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash kabi masalalar Prezidentning tegishli farmon va qarorlari asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Qonun doirasida markaz uchun moslashuvchan soliq va bojxona rejimi joriy etilishi, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliq imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgan. Asbob-uskuna, texnologiya va materiallarni olib kirish tartibi ham soddalashtiriladi.
Shuningdek, markaz ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqarish uchun «yagona darcha» mexanizmi yaratiladi. Intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari ham nazarda tutilmoqda.
Markaz faoliyati natijasida 2030-yilga qadar raqamli xizmatlar eksportini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish hamda iqtisodiyotda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Qonun qabul qilinishi xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlarini xalqaro standartlar asosida kafolatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu esa «Apple», «Google», «Microsoft» va «Amazon» kabi yirik IT kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Senatorlar fikricha, yangi huquqiy mexanizm IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va IT xizmatlari eksportini ko‘paytirish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Konstitutsiyaviy qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Iqtisodiyot
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida biznes uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan yangi tashabbuslar e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m resurs ajratilgan.
Tadbirkorlar uchun «kredit xizmatlari yagona raqamli portali» ham ishga tushirildi. U orqali tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi. Biznesni endi boshlayotganlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizimda biznesning turli bosqichlariga mos dasturlar joriy etiladi. Yangi tadbirkorlar uchun «Biznes start», ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun «Biznes lift», yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun «Biznes yuksalish» dasturlari ishlaydi.
«Biznes start» doirasida tadbirkorlarga sun’iy intellekt yordamida loyiha ishlab chiqish, kredit hujjatlari va hisobotlarni yuritish o‘rgatiladi.
Bu maqsadlar uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi. Dastur doirasida tadbirkorlarga tayyor biznes-reja hamda 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish nazarda tutilmoqda.
Yangi yondashuvda tadbirkorlikni faqat kredit bilan ta’minlash emas, balki biznesning keyingi bosqichlarida ham qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu tizimning maqsadini shunday ifodaladi: «Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz».
Iqtisodiyot
Davlat aktivlarini sotib olishda 25 foizgacha chegirma beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida kichik tadbirkorlar uchun muhim masalalardan biri bo‘lgan garov ta’minotini yengillashtirish bo‘yicha yangi tizimni ma’lum qildi.
Biznesning haqiqiy qiymatini baholab, shu asosda kredit berish imkonini yaratadigan «kontr-kafolat» tizimi joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning kredit olishdagi garov bilan bog‘liq muammolarini kamaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garovning 30 foizini davlat, yana 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi va 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga esa 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
Tadbirkorlar uchun «Virtual soliq maslahatchisi» orqali xarajatlar va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sun’iy intellekt portali ham ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday sun’iy intellekt yordamchilari qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.
Hududlarda bo‘sh yerlar va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham belgilandi. Davlat aktivini sotib olishda avans miqdori 30 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Agar tadbirkor aktiv qiymatini olti oyda to‘liq to‘lasa, unga 25 foiz chegirma beriladi. To‘lovning yarmini amalga oshirgan tadbirkor qolgan summani yetti yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi. Uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda tadbirkorlar 650 trln so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 mln 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.
«Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!»,– dedi Prezident.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi.
Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
«Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapti», – dedi davlat rahbari.
Besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi.
Axborot texnologiyalari, fintex va boshqa servis sohalarining jadal rivojlanayotgani hisobiga xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar esa 3,5 mingtani tashkil etmoqda.
Biznesini mahallada boshlab, yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar 300 tadan oshdi.
So‘nggi yillarda mis, oltin, metall prokat, poliyetilen, PVX, kaolin va boshqa xomashyolarning taklifi oshirildi. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik kabi sohalarda «katta sakrash» qilindi.
Ta’kidlanishicha, elektromobil, polimer va maishiy kimyo, «yashil» energetika, zargarlik sanoati kabi yangi yo‘nalishlar shakllandi. «BYD, «ADM Jizzakh», «Sirdaryo Asaka Motors» kabi zamonaviy avtomobil zavodlari sohaga yangi kompetensiya va texnologiyalar olib kirdi.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish xarajatining yarmi qoplab beriladi
To‘rtinchi yo‘nalish – eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish. Prezidentimiz tashqi bozorda har bir dollar eksport uchun kuchli raqobat ketayotganini ta’kidladi.
O‘rganishlarga ko‘ra, eksportchilarning 40 foizi xorijlik mijoz topishga, 36 foizi standart va sertifikatsiya talablariga moslashishga qiynalmoqda. 37 foizida qulay moliyaviy instrumentlar, 33 foizida bozor, marketing va brend bo‘yicha ko‘nikmalar yetishmaydi.
Shu bois, tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat ko‘rsatadigan «eksport navigator» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulotning ro‘yxati shakllantiriladi.
Har bir mahsulot bo‘yicha tashqi bozordagi raqobatchilar, tarif tizimi va logistika yechimlari ishlab chiqiladi. 2 mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor va xaridor segmentiga moslashtiriladi.
Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish xarajatining yarmi – 500 ming dollargacha qoplab beriladi. Milliy brendni tashqi bozorda targ‘ib qilish va xalqaro talablarga moslashtirish uchun 50 ming dollargacha subsidiya ajratiladi.
Marketpleyslarda omborga joylashtirish va sotish xarajatining yarmi, xalqaro tenderlar uchun konsalting xarajatining 80 foizi kompensatsiya qilinadi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun barcha turdagi jarimalar miqdori kamaytiriladi
Beshinchi yo‘nalish – biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish. So‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga, o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushdi.
– Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yilda 2-3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bunga yong‘in, qurilish, sanitariya, karantin va energiya inspeksiyalarining takroriy tekshiruvlari ham qo‘shilmoqda.
– Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi,– dedi Prezident.
Shu bois, kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.
O‘rta va yirik tadbirkor o‘z korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, uning xulosasini soliq organi tan oladi. Kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi, bir yilda takroriy tekshiruv esa faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkaziladi.
Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi” degan noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.
– Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak,– dedi Prezidentimiz.
Shu bois, barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi.
Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakolat pulini qaytarish avtomatizlashtiriladi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.
Shuningdek, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi. Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.
-
Iqtisodiyot3 days agoХоразмда бугуннинг ўзида 176 млн долларлик лойиҳалар ишга туширилди
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda harorat 43 darajagacha ko‘tariladi
-
Jamiyat4 days ago
Surxondaryo viloyatining elektr ta’minoti to‘liq tiklandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston avtomobil bozorida pasayish kuzatilmoqda
-
Siyosat3 days ago
Prezident bugun Xorazm viloyatiga boradi
-
Iqtisodiyot3 days agoIjtimoiy tadbirkorlik uchun davlat ko‘magi beriladi
-
Mahalliy4 days ago
Dadamning bir gaplari…
-
Iqtisodiyot3 days ago
Muddatli to‘lov operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
