Iqtisodiyot

Senat «Enterprise Uzbekistan» markazining huquqiy asoslari bo‘yicha qonunni ma’qulladi

Published

on


Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi. Qonun bilan respublika IT-park hududida «Enterprise Uzbekistan» raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etishning huquqiy poydevori yaratilmoqda.

Mazkur hujjat Senatning 17-yalpi majlisida ham muhokama qilinib, takliflar asosida takomillashtirish uchun Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi. Senatorlar va deputatlardan iborat kelishuv komissiyasi davlat organlari hamda tashkilotlar vakillari ishtirokida qonunni qayta ishladi.

Markazni tashkil etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, hududlarini o‘zgartirish, strategik boshqarish va asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash kabi masalalar Prezidentning tegishli farmon va qarorlari asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonun doirasida markaz uchun moslashuvchan soliq va bojxona rejimi joriy etilishi, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliq imtiyozlari berilishi ko‘zda tutilgan. Asbob-uskuna, texnologiya va materiallarni olib kirish tartibi ham soddalashtiriladi.

Shuningdek, markaz ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqarish uchun «yagona darcha» mexanizmi yaratiladi. Intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari ham nazarda tutilmoqda.

Markaz faoliyati natijasida 2030-yilga qadar raqamli xizmatlar eksportini 5 milliard AQSh dollariga yetkazish hamda iqtisodiyotda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Qonun qabul qilinishi xorijiy investorlarning mulkiy va intellektual huquqlarini xalqaro standartlar asosida kafolatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu esa «Apple», «Google», «Microsoft» va «Amazon» kabi yirik IT kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini rag‘batlantirishi kutilmoqda.

Senatorlar fikricha, yangi huquqiy mexanizm IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va IT xizmatlari eksportini ko‘paytirish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Konstitutsiyaviy qonun Senat tomonidan ma’qullandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version