Jamiyat
Sea Breeze Uzbekistan bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
23 yanvar kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida Chorvoq suv ombori sohilida barpo etilishi rejalashtirilgan Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turistik markazi loyihasi bo‘yicha jamoatchilik bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi tomonidan loyihaning atrof-muhitga ta’sirini baholash tartibi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir mahalliy hamjamiyatlar ishtirokida o‘tgan ilk keng ko‘lamli ochiq muhokama bo‘ldi.
Foto: Sea Breeze Uzbekistan
Jamoatchilik bilan muloqotda Bo‘stonliq tumani aholi punktlari yashovchilari, jurnalistlar, blogerlar, ekologlar, mustaqil xalqaro jamoat tashkilotlari va ekspertlar hamjamiyati vakillari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bo‘stonliq tumani hokimligi, shuningdek tegishli vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Sea Breeze Uzbekistan bosh direktori Sardor Hamidov loyiha taqdimoti bilan so‘zga chiqib, kurort konsepsiyasi, uning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati hamda amalga oshirishning asosiy tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berdi.
«Sea Breeze Uzbekistan — mintaqani rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli loyiha. U minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi, iqtisodiyot va turizm rivojiga kuchli turtki beradi, shuningdek Chorvoq hududida ilgari mavjud bo‘lmagan zamonaviy muhandislik infratuzilmasini shakllantirishni ko‘zda tutadi. Biz avvalboshdan ochiqlik tamoyiliga amal qilamiz va aholi, ommaviy axborot vositalari hamda ekspertlar bilan barcha masalalarni muhokama qilishga tayyormiz. Eng muhimi, loyihani amalga oshirish jarayoni ustidan Ekologiya vazirligi tomonidan doimiy nazorat olib borilishini ilk kunlardan boshlab o‘zimiz talab qilganmiz», — deya ta’kidladi Sardor Hamidov.
Muhokamalar jarayonida Chorvoqqa tutash aholi punktlari aholisining minnatdorchilik bilan aytgan fikrlari alohida ta’sirli bo‘ldi. Xususan, so‘nggi oylarda ushbu hududlarga ilk bor magistral suv va gaz ta’minoti olib kirilmoqda. Ayrim ishtirokchilar o‘zlari va farzandlari uchun endilikda poytaxt yoki xorijga ketmasdan, o‘z yashash joylarida munosib ish o‘rinlari yaratilishiga umid bildirishdi.
Ayni paytda markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi hamda zamonaviy tozalash inshootlarini barpo etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlangan. Bu tashabbus nafaqat kurort, balki butun mintaqa uchun muhim infratuzilmaviy yechim sifatida baholanmoqda. Tashkilotchilar jamoatchilik bilan ochiq muloqotni aholi va ekspertlar hamjamiyati bilan konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yishdagi muhim bosqich sifatida ko‘rmoqda. Tadbir davomida bildirilgan barcha taklif, savol va mulohazalar qayd etildi hamda loyihani takomillashtirish jarayonida inobatga olinadi.
Uch soatdan ortiq davom etgan tadbir yakunida jamoat muhokamalarida ishtirok etgan ZBS kanali muallifi Vadim Ivankov #savecharvak tashabbusi bilan chiqdi.
«Biz o‘nlab volontyorlar bilan birgalikda mavsum yakunlanganidan so‘ng har dam olish kunlari suv ombori sohiliga chiqib, u yerda to‘planib qolgan chiqindilarni tozalashga tayyormiz. Sohil hududi allaqachon sektorlarga ajratildi, ish rejasi ishlab chiqildi va ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli bir yil ichida qirg‘oqlarni to‘liq tozalashga erishamiz», — dedi Vadim Ivankov.
Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov #savecharvak tashabbusini faol qo‘llab-quvvatladi. Sea Breeze Uzbekistan rahbari Sardor Hamidov esa kompaniya tomonidan ushbu tashabbusga hamkor sifatida ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi
Jinoiy guruh a’zolari Turkiyaning qalbaki fuqarolik pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Farg‘onada qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida Farg‘ona shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 31 yoshli shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 36, 29, 27 va 23 yoshli 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, mijozga Turkiyaning qalbaki fuqarolik pasporti hamda haydovchilik guvohnomasini 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Ulardan jami 11 dona mobil telefon va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
Holat poytaxtning Yakkasaroy tumanida sodir bo‘ldi. “Better Best” qurilish firmasi ko‘p qavatli uy qurilishida belgilangan shart asosida markaziy kanalizatsiya quvurini ko‘chirmasdan kotlovan qazigan. Oqibatda tuproq o‘pirilib, kanalizatsiya quvuri uzilib ketgan. “O‘zsuvta’minot” AJ vakili 10-12 soatda holat bartaraf qilinishini bildirdi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida markaziy kanalizatsiya quvuriga shikast yetdi. Kun.uz muxbiri hodisa joyidan xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasidagi obektda “Better Best” qurilish firmasi quruvchilari markaziy kanalizatsiya quvuriga jiddiy shikast yetkazgan. Shaharning 3 ta tumanidan keladigan oqova suvlar ushbu uzilib ketgan quvur orqali “Salar” suv tozalash inshootiga quyiladigan bo‘lgan.
“O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati Kun.uz’ga holat yuzasidan ma’lumot berdi.
“Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, quvurga juda yaqin joydan kotlovan qazilgan. Aslida, bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay shart bo‘yicha quvur ko‘chirilmagan. Ya’ni, dastlab quvurni ko‘chirib, keyin kotlovan qazilishi kerak bo‘lgan.
Tuproqning o‘pirilishi oqibatida quvur ham uzilib ketgan. Hozirda katta hajmdagi quvurdan oqova suvlari chiqyapti. Buni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Hozirda qo‘shimcha kuchlar jalb etilgan”, deydi jamiyat vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, holatni uzog‘i bilan 10-12 soatda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q.
Jamiyat
O‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilda mamlakatda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetgan.
Jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 77,3 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, erkaklarniki 72,9 yosh bo‘lgan.
Shu tariqa, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi mamlakat aholisining o‘rtacha yoshiga oid ma’lumotlarni ham e’lon qilgan edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 0–4 yoshli bolalar soni 4 million 607 ming 149 nafarni tashkil etgan. Bu eng yirik yosh guruhlaridan biri hisoblanadi.
5–9 yoshdagilar soni 3 million 859 ming 606 nafar, 10–14 yoshdagilar 3 million 406 ming 515 nafar, 15–19 yoshdagilar esa 3 million 155 ming 802 nafarni tashkil qilgan.
20–24 yosh toifasida 2 million 662 ming 250 nafar, 25–29 yoshdagilar orasida 2 million 649 ming 263 nafar, 30–34 yosh guruhida esa 3 million 167 ming 974 nafar aholi qayd etilgan.
Shuningdek, 35–39 yoshdagilar soni 3 million 90 ming 226 nafar, 40–44 yoshdagilar 2 million 687 ming 261 nafar, 45–49 yoshdagilar 2 million 242 ming 676 nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
Andijonda davlat zaxirasidagi yerni 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi
Toshkentda kadastr bosh inspektori yengil konstruksiyali qurilmalarni buzmaslik va jarima qo‘llamaslik evaziga 2 ming dollar pora olayotganida ushlandi. Andijonda esa davlat zaxirasidagi 40 sotix yer uchun 160 ming dollar talab qilib, uning 80 ming dollarini olgan fuqaro qo‘lga olindi.
Toshkent shahri va Andijon viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda pora olish va davlat yerini noqonuniy sotishga urinish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Kadastr agentligining Yashnobod tuman bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzdirmaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga ushbu mablag‘ni talab qilgan.
Yana bir holat Andijon shahrida qayd etilgan. 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro xaridorga Andijon tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini go‘yoki E-auksion orqali yutib olganini aytib, uni kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 160 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX, ichki ishlar va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 80 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar va sel xavfi haqida ogohlantirdi
O‘zgidromet 4–6 iyul kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli ham mavjud.
Ma’lum qilinishicha, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li tumanlarini qamrab oladi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryoning Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelish xavfi yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida ham sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchilik tufayli respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjudligi qayd etildi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Sport5 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
24-iyunda dollar yana ko‘tariladi
-
Mahalliy5 days ago
Birov bildi, birov bilmadi…
-
Jamiyat1 day agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Turk dunyosi4 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Dunyodan2 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Dunyodan2 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
