Jamiyat
Sud hokimiyatiga oid muhim qonun qabul qilindi
Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlar tartibga solindi.
«Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1177-son, 11.09.2026-y.) qabul qilindi.
Ushbu Qonunning maqsadi sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida quyidagilarning faoliyatini moliyalashtirish uchun mablag‘lar nazarda tutiladi:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining;
– O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan;
– O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
– harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo iqtisodiy sudlar, tumanlararo ma’muriy sudlar uchun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.