Iqtisodiyot
Rossiyada Telegram’ning 500 mln dollarlik obligatsiyalari muzlatib qo‘yilgan
The Financial Times yozishicha, Moskvadagi Milliy hisob-kitob depozitariyida (MHD) Telegram’ning taxminan 500 mln dollarlik obligatsiyalari muzlatib qo‘yilgan. Durov esa messenjer “Rossiya kapitaliga bog‘liq emas”, deb bildirdi.
Moskvadagi Milliy hisob-kitob depozitariyida (MHD) Telegram messenjeri obligatsiyalari taxminan 500 million dollar miqdorida, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan G‘arb sanksiyalari sababli, bloklab qo‘yilgan. Bu haqda seshanba, 6 yanvar kuni Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
So‘nggi yillarda Telegram bir necha bor obligatsiyalar joylashtirgan (emissiya qilgan), jumladan 2025 yil may oyida 1,7 mlrd dollarlik chiqarilish ham bo‘lgan. FT suhbatdoshlarining aytishicha, messenjer 2026 yilda muddati tugaydigan obligatsiyalarning katta qismini allaqachon qaytarib sotib olgan. Shu bilan birga, Telegram vakillari investorlarga 500 mln dollar miqdoridagi muddati o‘tmagan qarz qimmatli qog‘ozlari Rossiyada hali ham bloklangan holda qolayotganini bildirgan.
Gazeta qayd etishicha, bu holat “Telegram hali-hamon Rossiya kapitaliga qay darajada bog‘liq ekani”ni ko‘rsatadi. Biroq Telegram obligatsiya egalariga, muzlatib qo‘yilgan obligatsiyalar muddati tugagach, ular bo‘yicha qarz majburiyatlarini qoplashini aytgan. Shundan keyin to‘lov agenti va obligatsiyalar depozitariyi messenjerning rossiyalik obligatsiya egalariga to‘lov qilish-qilmasligini hal etadi.
FT ma’lumotiga Telegram egasi Pavel Durov o‘zining Telegram-kanalida izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram “Rossiya kapitaliga bog‘liq emas”: 1,7 mlrd dollarlik obligatsiya joylashtirilishida “birorta ham rossiyalik investor bo‘lmagan”, 2021 yilda chiqarilgan qog‘ozlar esa “asosan qoplangan va muammo tug‘dirmaydi”. “Har qanday holatda ham obligatsiya egalari — aksioner emas va Telegram’da qaror qabul qilishda ovoz berish huquqiga ega emas. Yagona aksioner — men”, — dedi Durov.
RIA “Novosti” va Bloomberg agentliklari 2021 yil 23 mart kuni Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF) vakiliga tayanib, RTIF BAAning Mubadala Investment Company fondi bilan birga Telegram qimmatli qog‘ozlarini sotib olganini xabar qilgan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, arab fondi va uning shu’ba kompaniyasi messenjerning konvertatsiyalanadigan obligatsiyalariga jami 150 mln dollar sarmoya kiritgan. Rossiya tomoni bitim summasini ochiqlamagan.
Bir necha soat o‘tgach, Telegram’ning o‘sha paytdagi vitse-prezidenti Ilya Perekopskiy RTIF messenjer jamoasi bilan investitsiya masalasida aloqa qilganini, ammo joylashtirishda ishtirok etmaganini aytgan.
Pavel Durovning o‘zi — boshqa bir necha biznesmenlar kabi — 2022 yil aprelida, Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan qariyb ikki oy o‘tib, amerikalik Forbes jurnalidan uni “rossiyalik biznesmen” deb atamaslikni so‘ragan. Telegram asoschisining vakillari bu iltimosni “Pavel Rossiyadan ko‘p yillar oldin ketgani va qaytishni rejalashtirmayotgani” bilan izohlagan.
Iqtisodiyot
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2025-yil 13-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 33,37 so‘mga tushib, 12 102,39 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 77,41 so‘mga tushdi va 13 990,36 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 209,94 so‘m (-71,04).
Rossiya rubli 153,08 so‘m etib belgilandi (-0,32).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi tasdiqlandi
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan xalqaro bitim tasdiqlandi. Prezident qaroriga muvofiq, mazkur shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlar ham belgilab berildi.
“Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Hujjat 2026 yil 6 mart kuni PQ-84-son bilan qabul qilingan.
Qarorga asosan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilangan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligiga mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun O‘zbekiston tomonidan zarur bo‘lgan ichki davlat tartib-taomillari bajarilgani haqida afg‘on tomoniga tegishli bildirishnoma yuborish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur bitim O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston eksportida poytaxt ulushi eng yuqori bo‘ldi
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy eksport hajmi 33,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar kesimida eksport hajmi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda eksport hajmi 6,6 mlrd dollarni tashkil etib, mamlakatdagi umumiy eksportning katta qismini ta’minlagan. Shuningdek, Toshkent viloyati 2,2 mlrd dollar bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 1,4 mlrd dollar, Andijon viloyati — 1,3 mlrd dollar va Samarqand viloyati — 1,2 mlrd dollar eksport ko‘rsatkichlari bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati 1,1 mlrd dollar, Namangan viloyati 722,6 mln dollar, Qashqadaryo viloyati 513,5 mln dollar va Surxondaryo viloyati 507,5 mln dollarlik eksportni amalga oshirgan.
Bundan tashqari, Xorazm viloyati 435,7 mln dollar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 435,2 mln dollar, Buxoro viloyati 414 mln dollar, Sirdaryo viloyati 283,1 mln dollar hamda Jizzax viloyati 272,3 mln dollarlik eksport ko‘rsatkichlarini qayd etgan.
Mazkur raqamlar mamlakat hududlarida eksport faoliyati bosqichma-bosqich kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
XEA mamlakatlari neft zaxiralarining rekord hajmini bozorga chiqaradi
Xalqaro energetika agentligi tarkibidagi 32 davlat jahon neft bozoridagi keskinlikni yumshatish uchun umumiy hajmi 400 million barrel bo‘lgan neft zaxiralarini chiqarish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildi.
Foto: Global Look Press/Vernon Yuen
Erondagi urush va shu bilan bog‘liq ravishda energiya tashuvchilar narxining keskin oshishi fonida Xalqaro energetika agentligi (XEA)ga a’zo davlatlar milliy zaxiralaridan rekord hajmda neft chiqaradi. XEA tarkibiga kiruvchi 32 davlat 11 mart, chorshanba kuni Parijda bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, favqulodda holatlar uchun saqlanayotgan zaxiralaridan bozorga 400 million barrel xom neft chiqarishga bir ovozdan kelishib oldi, deb ma’lum qildi tashkilot.
XEA ma’lumotiga ko‘ra, qator davlatlar qo‘shimcha favqulodda choralarni ham ko‘radi.
“Neft bozorida duch kelayotgan muammolarimiz ko‘lami jihatidan misli ko‘rilmagan”, — deb izohladi agentlik rahbari Fotih Birol bu qarorni. Uning qo‘shimcha qilishicha, neft bozorlari global hisoblanadi, shu sababli yirik uzilishlarga javob ham global bo‘lishi kerak.
Dpa agentligining qayd etishicha, XEA mamlakatlarining qo‘shma aksiyasi doirasida bu qadar katta hajmda neft hali hech qachon chiqarilmagan. Ushbu qadam Erondagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi tufayli og‘ir ahvolga tushgan bozorlarni barqarorlashtirishga qaratilgan. Jahon neft savdosining taxminan 20 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali amalga oshiriladi. Jahon bozorlariga bosimni kamaytirish uchun AQSh Hindistonga Rossiya neftini vaqtincha sotib olishga ruxsat berdi. So‘nggi kunlarda neft narxi 2022 yildan beri birinchi marta 100 AQSh dollaridan oshib ketdi.
Xususan, Germaniya milliy zaxiradan 19,5 million barrel neft chiqarish rejasini e’lon qildi. Bundan tashqari, Germaniyadagi yonilg‘i quyish shoxobchalariga yonilg‘i narxini kuniga faqat bir marta oshirishga ruxsat berildi, deb ma’lum qildi 11 mart kuni iqtisodiyot vaziri Katarina Rayxe.
Bu choralar so‘nggi bir necha kun davomida XEA va G7 davlatlari o‘rtasida Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi hamda shu orqali jahon bozorida yuzaga kelgan neft tanqisligi munosabati bilan muhokama qilingan edi. Tarkibiga “Katta yettilik” mamlakatlari ham kiruvchi XEA davlatlari 1,2 milliard barreldan ortiq strategik neft zaxirasiga ega. Bu hajmga yana 600 million barrel sanoat zaxiralari qo‘shiladi.
Milliy neft zaxiralari urush yoki falokat holatida avtomobil yonilg‘isi ishlab chiqarish, isitish va sanoat ehtiyojlari uchun yetarli neft mavjud bo‘lishini ta’minlaydi. Yevropa Ittifoqi va XEA o‘z a’zolaridan kamida 90 kunlik import hajmiga teng neft zaxiralarini saqlashni talab qiladi. XEA ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida Germaniyada 34,42 million tonna neft saqlangan.
XEA 1974 yilda tashkil etilganidan beri neft zaxiralaridan foydalanishga atigi besh marta ruxsat berilgan — 1991 yilda Fors ko‘rfazidagi ikkinchi urush arafasida, 2005 yilda kuchli dovullardan keyin, 2011 yilda Liviyadagi fuqarolik urushi davrida, shuningdek, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin ikki marta.
Iqtisodiyot
«O‘zbekneftgaz» Xitoy kompaniyasi bilan 30 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha shartnoma imzoladi
«O‘zbekneftgaz» Xitoyning «XIBU» kompaniyasi bilan 2026−2027 yillarda O‘zbekistonda 30 ta quduq burg‘ilash bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha doirasida 450 tonnalik yuk ko‘tarish quvvatiga ega 10 ta burg‘ilash dastgohini O‘zbekistonga keltirish ko‘zda tutilgan.
«O‘zbekneftgaz» va Xitoyning «CNPC» milliy korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi «XIBU» kompaniyasi o‘rtasida 2026–2027 yillarda 30 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha birinchi bosqich shartnoma imzolandi. Bunda 450 tonnalik yuk ko‘tarish quvvatiga ega 10 ta burg‘ilash dastgohini O‘zbekistonga keltirish ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
«O‘zbekneftgaz» ma’lumotiga ko‘ra, yangi quduqlar tabiiy gaz zaxiralari istiqbolli deb topilgan maydonlarda burg‘ilanadi. Ularning chuqurligi 5500−6000 metrdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, ayrim quduqlarda 1000 atmosferagacha bo‘lgan yuqori bosim va 200 darajagacha harorat kuzatilgani qayd etilgan.
«Mazkur loyiha murakkab geologik sharoitda burg‘ilash jarayonlari xavfsizligini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish va geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, gaz zaxiralarini ko‘paytirish hamda mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi strategik vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi kompaniya xabarida.
-
Jamiyat5 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Jamiyat2 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Dunyodan3 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan2 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp: “Eron bilan hech qanday kelishuv boʻlmaydi”
-
Dunyodan4 days ago
Indoneziyada bolalarga qaratilgan ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi.
-
Jamiyat5 days ago“Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati o‘tkaziladi
