Sport
Ronaldu – tarixdagi ilk milliarder futbolchi bo‘ldi
Uning boyligi 1,4 mlrd dollarga baholanmoqda.
Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu tarixdagi birinchi milliarder futbolchiga aylandi. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘zining Billionaires Index indeksiga asoslanib xabar bermoqda. Ma’lum bo‘lishicha, 40 yoshli futbolchining boyligi 1,4 mlrd dollarga o‘sgan.
Bu raqamlarga homiylar bilan shartnomalar orqali keladigan mablag‘lar, klublardan olinadigan maosh va tijoriy faoliyatdan daromadlar kiradi.
Ronaldu 20 yildan oshgan futbolchilik faoliyati davomida «Manchester Yunayted», «Real» va «Yuventus» kabi grand klublarda to‘p surishdan tashqari, Armani va Nike kabilarni ham o‘z ichiga oluvchi ko‘plab yirik brendlar bilan ham hamkorlik qilgan. Xususan, 2002 yildan 2023 yilga qadar 550 mln dollardan ortiq mablag‘ ishlab olgan.
Ammo u faoliyatining so‘nggi qismida eng badavlat sportchilar qatoriga kirdi. Joriy yil iyunida Ronaldu hozirgi klubi «An-Nasr» bilan tuzilgan yangi shartnomaga ko‘ra, yiliga 400 million dollardan ortiq mablag‘ ishlab topishi mumkin.
May oyida Ronaldu Forbes talqiniga ko‘ra, ketma-ket uchinchi marta dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagani xabar qilingandi.
Saudiya klubida Krishtianu barcha turnirlar doirasida 111 o‘yinda maydonga tushib, 98 gol urgan. U kattalar futbolida jami 1060 o‘yinda ishtirok etib, 799 gol va 257 golli uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ygan.