Jamiyat
Romitandagi fojea ortidagi og‘riqli haqiqat
Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Sudlanuvchi M.N. 22 yoshli talaba, ikki nafar voyaga yetmagan farzandning onasi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- va 97-moddasi 2-qismi «a, v» bandlari bilan ikki nafar ojiz ahvoldagi (voyaga yetmagan) shaxsni qasddan o‘ldirishga suiqasd qilishda ayblangan.
Buxoro viloyati sudi sudyasi Nozimjon Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, M.N.ga nisbatan sud hukmi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sud hujjatlarida bayon etilishicha, M.N. 2020 yilda dastlab, fuqaro F.B.ga turmushga chiqqan. O‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli u bilan ajrashgan. Ota-onasining uyiga qaytib kelgach, 2021 yilda bir nafar o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2022 yilda u Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumanida yashovchi fuqaro I.T. bilan internet orqali tanishib, u bilan shar’iy nikoh qurgan. 2023 yilda yana bir nafar o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan shar’iy nikohdagi erining uyida yashayotgan M.T. yana turmushning achchiq sinovlariga duch kela boshlagan. O‘zi va farzandlarining I.T. tomonidan kamsitilib kelingan ayol uning durtqi-surtqilariga ham sabr bilan chidashga majbur bo‘lgan. M.T. bora-bora, iqtisodiy tang ahvolda ham qola boshlagan. I.T. na ayoliga, na farzandlariga e’tibor ko‘rsatmagan, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlamagan. Bir muddat ota-onasining xonadoniga qaytgan M.T. oradan ko‘p o‘tmay, singlisidan ikkinchi turmush o‘rtog‘ining boshqa bir ayolga uylanish va Toshkendagi xonadonini sotish taraddudiga tushayotganini eshitgan. Ilk turmushidan ro‘shnolik ko‘rmagan M.T. ikkinchi turmushining ham jar yoqasiga tushib qolayotgani, ota-onasiga «yuk» bo‘lib, farzandlarini boqishga qiynalayotgani, hayot tashvishlaridan charchaganini his qilgani bois, o‘zi va farzandlarining joniga suiqasd qilish payiga tushgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, M.T. joriy yilning fevral oyida ham Toshkentda yashab kelayotgan vaqtida dori ichib, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Afsuski, bu gal u hech ikkilanmay, o‘ziga qo‘shib, norasida go‘daklarining ham joniga suiqasd qilishga kirishgan.
U shu maqsadda Buxoro tumani, «Bog‘ikalon» MFY, «Yuzon» qishlog‘idan oqib o‘tuvchi suv to‘la holatidagi eni 5-6 metr, chuqurligi 2 metr bo‘lgan «G‘oziobod» kanaliga avvaliga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini tashlab yuborib, keyin ortidan o‘zini ham shu kanalga tashlab yuborgan.
«Men otamga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtotransport vositasini yuvish maqsadida katta kanal bo‘yiga kelgandim. Shu paytda kanalning narigi tarafi bo‘ylab, bir begona ayol ikki nafar farzandi bilan o‘tib ketishdi. Men hayron qoldim. Aslida, bu tomonga juda kamdan-kam holatdagina begona odam o‘tadi. Balki, ular boqqa borishayotgandir, degan o‘y ham o‘tdi yuragimdan. Ammo, ayolning qadam tashlashlari bejo, g‘alati edi. Ayolni kuzatib turdim. Shu topda menga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Telefondagi suhbatdoshimga ham, negadir, shu haqda gapirib berayotgandim, ne tongki, ayol ham yonidagi bolalari ham bir pasda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Shubhalandim. Men katta ariqning boshqa tarafi, yetmaganiga suv oqimiga qarama-qarshi tarafda emas edim. O‘z-o‘zimdan oyoqlarim yugurib ketyapti, go‘yoki, ona va bolalarini qidirishga. Ularni suvga g‘arq bo‘lishganini ko‘rmayotgan bo‘lsam-da, allanechuk ko‘nglim sezdimi, shu ko‘yi hozirgina telefonda gaplashib turganim tanishimga yana qo‘ng‘iroq qildim. Ogohlantirdim. Ichim yonardi, o‘zim sezmagan holda. Ko‘p o‘tmay, shu yaqin manzilda joylashgan qishlog‘imizning bir nechta odamlari ham baqir-chaqir qilib chiqa boshlashdi. Odamlar shiddatli suvda bir cho‘kib, bir tipirchinlab oqib kelayotgan bir nafar voyaga yetmagan bolani qutqarib qolishga ulgurishibdi…»,-deydi sudga guvohlik bergan fuqaro A.R.
O‘zi ham suvda suzishni bilmagan M.T. esa shoshqin suv to‘lqiniga dosh berolmay, amallab kanal bo‘yiga chiqqan. Suvda big‘illab kelayotgan 2 yoshar o‘g‘lining joniga achishib, uni onaning o‘zi qutqarib qolgan. Bir pasda odamlar to‘planishib, ikki nafar voyaga yetmagan bola hamda onani qutqarib qolib, zudlik bilan ichki ishlar profilaktika inspektori hamda «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishgan.
«Erim tashlab ketdi, bu turmushimdan ham baxt topolmadim, odamlar nima deydi? Men hech kimga kerak emasman, bolalarim ham hech kimga kerak emas, shu sababli o‘zimni va bolalarimni suvga tashlab o‘ldirmoqchi bo‘ldim…”,-deya takror-takror yig‘lab gapirgan, chinqirgan, baqirgan.
Tasodif tufayli yordam bergan fuqarolarning aralashuvi bilan ona va bolalar tirik qolgan. Bolalar nafas yetishmovchiligi va sovuqqa chalinish bilan shifoxonaga yotqizilgan.
M.T. esa sudda o‘z aybini inkor etgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u hayotdan bezib, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, ammo, farzandlarini o‘ldirish niyati bo‘lmagan. Shu bilan birga, u hodisa vaqtida hushida bo‘lganini va bolalarini suvga tushib ketganini aniq eslay olmasligini aytgan.
Biroq, sud-tergov jarayonlari guvohlar va tibbiy ekspertiza xulosalari, shuningdek videotasvirlar va hodisa joyini ko‘zdan kechirish dalillari u avval farzandlarini, keyin esa o‘zini suvga tashlaganini aniqlagan.
Psixiatriya ekspertizasi ham o‘z xulosasida sudlanuvchi hodisa vaqtida aqli raso bo‘lganini, o‘z qilmishini anglay olganini bayon etgan. Demak, M.T. qilmishining oqibatini anglay olgan holatda o‘z xatti-harakatini amalga oshirgan. «Odamlar nima deydi?»-degan go‘yoki yoqimsiz e’tiqodga aylanib qolgan ong ostida o‘zini va farzandlarini bir vaqtda halokatga olib borib, turmush mushtlaridan qochishning yagona yo‘lini tanlagan. To‘g‘ri, bu ayolning jinoyatini oqlamaydi.
Biroq, aytish joizki, bu voqea oilaviy zo‘ravonlik, ruhiy salomatlik xizmati va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimidagi kamchiliklar hali hanuz «yashab» kelayotganini anglatadi. Atrofdagilar (mahalla ko‘y, yaqinlari, oilasi va boshqalar) M.T.ning bor-yo‘g‘i, 22 yoshida har ikki turmushida ham chigalliklarga, oilaviy zo‘ravonlikka duch kelib, qiyinchiliklar orasida yashab kelayotganidan xabardor bo‘lishgan. Tumanlar miqyosida mahalla fuqarolar yig‘inlari, qolaversa, profilaktika organlari, «Yettilik» degan «tushunchalar» va boshqalar bunday holatlarni oldindan aniqlash va aralashish mexanizmlariga ega emas. Romitandagi bu ish faqat bir oilaning fojiasi emas, balki, u yashab kelayotgan muhit, mahalla va jamiyat uchun ogohlantiruvchi signalga o‘xshaydi.
Har bir sud hukmi bilan tanishib, uni o‘qir ekanmiz, har doim «aybdor jazolandi» degan fikr bilan cheklanib qolamiz. Darhaqiqat, sud o‘z hukmini chiqardi: M.T. 4 yilga qamaldi.
Aslida, jinoyatchi emas, jinoyat qurboniga aylanib qolayotgan bu ojiza shu 4 yil umrini temir chambara ortida yashab o‘tishga mahkum.
Albatta, sud qarorlari jinoyatning oqibatini belgilaydi. Ammo, jinoyatning sabablariga yechim topish esa keng jamoatchilikning ishi.
Jamiyat
O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
Jamiyat
Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.
Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.
Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.
Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.
Jamiyat
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.
Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.
Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.
Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi
Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, hech kim tan jarohati olmagan.
27 iyun kuni soat 19:00 larda Farg‘ona shahridagi AGTKSh hududida avtobus tom qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlariga gaz to‘ldirish vaqtida gaz ballonlaridan birida yorilish paydo bo‘lgan.
Viloyat FVBning xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, tan jarohati olganlar yo‘q.
Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tegishli xizmat vakillari chiqqan.
Yorilish sababi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan1 day agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat5 days agoBo‘stonliqda kanalga tushib ketgan ikkinchi bolaning jasadi ham topildi
-
Iqtisodiyot5 days ago1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Sport4 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
