Sport
Rolan Garros–2026: Zverev tarixiy g‘alabaga erishdi
Rolan Garros–2026 erkaklar o‘rtasidagi finalda germaniyalik tennischi Aleksandr Zverev uzoq kutilgan ilk “Katta dubulg‘a” chempionligini qo‘lga kiritdi. Parijdagi hal qiluvchi bahsda u italiyalik Flavio Kobollini besh setlik dramatik uchrashuvda mag‘lub etib, faoliyatidagi eng yirik g‘alabaga erishdi.
Parijdagi mashhur Roland-Garros 2026 turnirining erkaklar yakkalik bahsi finali tennis muxlislariga haqiqiy triller taqdim etdi. Germaniyalik Aleksandr Zverev italiyalik Flavio Kobollini 6:1, 4:6, 6:4, 6:7(5), 6:1 hisobida mag‘lub etib, o‘z faoliyatidagi ilk «Katta dubulg‘a» sovrinini qo‘lga kiritdi. Uchrashuv 4 soatdan ortiq davom etdi.
29 yoshli Zverev uchun bu g‘alaba alohida ahamiyatga ega. U avvalgi yirik turnirlar finallarida bir necha bor omadsizlikka uchragan edi, ammo bu safar hal qiluvchi pallada ruhiy barqarorlik va tajribasini namoyish qildi.
Finalda ilk bor qatnashgan Kobolli ham yuqori darajadagi o‘yini bilan e’tibor qozondi. Italiyalik tennischi to‘rtinchi setni tay-breykda yutib, intrigani saqlab qoldi, ammo hal qiluvchi beshinchi setda Zverev ustunligini namoyon etdi.
Mazkur muvaffaqiyat bilan Zverev Fransiya Ochiq chempionatida g‘olib chiqqan kam sonli nemis tennischilari qatoridan joy oldi va ko‘p yillik intilishlaridan keyin o‘zini tennis elitasidagi haqiqiy chempion sifatida namoyon qildi.
Final natijasi:
Alexander Zverev – Flavio Cobolli 3:2 (6:1, 4:6, 6:4, 6:7(5), 6:1).
Sport
Kristian Eriksen Daniya – Ukraina uchrashuvi vaqtida hushidan ketdi. O‘yin to‘xtatildi
2021 yil iyunida Daniya va Finlandiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida ham Eriksenning yuragi to‘xtab qolgandi. O‘shandan buyon 34 yoshli futbolchi kardiostimulyator bilan o‘ynab kelmoqda.
Daniya va Ukraina milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvining 65-daqiqasida daniyalik yarim himoyachi ko‘ksini ushlab maydonga yiqildi va shifoxonaga olib ketildi.
Ushbu holatdan so‘ng jamoalar uchrashuvni davom ettirmaslikka qaror qildi.
O‘yin to‘xtatilgan paytda Daniya 2:1 hisobida oldinda borayotgan edi.
Daniya futbol ittifoqi Kristian Eriksen hushiga kelganini ma’lum qildi.
“Kristian Eriksen hushida va o‘zini yaxshi his qilmoqda”, — deyiladi bayonotda.
2021 yil iyunida Yevropa chempionati doirasidagi Daniya va Finlandiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida ham Eriksenning yuragi to‘xtab qolgandi. O‘shandan buyon 34 yoshli futbolchi kardiostimulyator bilan o‘ynab kelmoqda.
Sport
Eronlik futbol rasmiylariga AQSh vizasi berilmadi
Eron futbol federatsiyasi rahbari Mahdi Toj va boshqa qator eronlik futbol rasmiylari 11 iyun kuni boshlanadigan jahon chempionatiga bora olmaydi. The New York Times xabariga ko‘ra, ularga Amerika vizasi berilmagan.
Mahdi Toj – Islom inqilobi muhofizlari korpusining sobiq zobiti hisoblanadi. Undan tashqari, Eron futbol federatsiyasi ijrochi direktori Mahdi Xarati, tashkilot bosh kotibi Hidoyat Mumbini va media bo‘limi direktori Muhsin Mutamedkiyaning ham viza olish bo‘yicha murojaatiga rad javobi berilgan.
Eron milliy jamoasi a’zolarining barchasiga viza chiqqan. Ularga «yordamchi xodimlar» ham biriktirilgan. Shu bilan birga, «terrorchilar tizimdan Qo‘shma Shtatlarga yashirincha kirish uchun foydalanishi»ga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.
Eron AQShni diskriminatsiyada ayblab, FIFAni vaziyatga aralashishga chaqirdi. Eron tomoni sport mulozimlari va «har qanday milliy jamoaning ajralmas qismi hisoblanadigan» texnik maslahatchilarning aksar qismiga viza bo‘yicha rad javobi berilganini qayd etgan.
Futbol bo‘yicha jahon chempionatiga AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi. Eron milliy jamoasi ilk o‘yinini 15 iyun kuni Los-Anjyelesda o‘tkaziladi.
Mart oyida Eron hukumati futbol bo‘yicha milliy jamoa AQShdagi jahon chempionatiga bormasligini ma’lum qilgan, ammo keyin bu qaror o‘zgartirilgandi.
Sport
«Real» jiddiy qayta qurish davriga kirmoqda Madridning «Real» klubi prezidentlik saylovi natijasi oldindan aniq emasligiga qaramay, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda.
«Real» jiddiy qayta qurish davriga kirmoqda
Madridning «Real» klubi prezidentlik saylovi natijasi oldindan aniq emasligiga qaramay, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda.
Source link
Sport
Jahon chempionatida irqchilik holatlari yuz bersa, o‘yin butunlay to‘xtatiladi
FIFA Jahon chempionatida irqchilik haqida shikoyat qilish uchun maxsus ishora joriy etdi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionatida hakamlarning e’tiborini irqchilik ko‘rinishlariga qaratish uchun maxsus ishora qo‘llaniladi. Jurnalist Henri Vinterning xabar berishicha, futbolchilar qo‘llarini ko‘krak oldida X ko‘rinishida chalishtirishi kerak bo‘ladi.
Hakam imo-ishorani ko‘rishi bilanoq, Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) «No Racism» (Irqchilikka yo‘q) kampaniyasi doirasida uch bosqichli jarayonni boshlashga majbur bo‘ladi. Birinchi epizodda o‘yin to‘xtatiladi, agar haqoratlar davom etsa, o‘yinda 15 daqiqalik tanaffus e’lon qilinadi va futbolchilar maydonni tark etadi. Uchinchi marta hodisa yuz bersa, o‘yin butunlay to‘xtatiladi.
Ushbu ishora qoidasi ilk bor 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida sinovdan o‘tkazildi. Turnir 2024 yilda Kolumbiyada bo‘lib o‘tdi.
2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Chempionatda 48 ta jamoa, jumladan tarixda birinchi marta O‘zbekiston ham ishtirok etadi.
Sport
«Real» tarixidagi asosiy tahdidni to‘xtatish kerak». Peresni jangga chorlagan kim?
Enrike Rikelme top-murabbiy va yulduzlarni olib kelishni, klubning bir qismi sotilishiga yo‘l qo‘ymaslikni va’da qilmoqda.
7 iyun kuni Madridning «Real» klubida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Nomzodlar ikki nafar: klubning amaldagi rahbari Florentino Peres, shuningdek, yirik tadbirkor Enrike Rikelme. Quyida Peresga kurash taklif etayotgan nomzod haqida hikoya qilinadi.
Rikelme – uchinchi avloddagi tadbirkor. Uning otasining oilasi meva eksporti bilan, onasining oilasi esa beton va qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullangan. Enrikening o‘zi boshqa yo‘nalishda ketishga qaror qiladi. 21 yoshida u Panamaga borib, beton ishlab chiqariladigan kichik zavod faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Yakunda uning kompaniyasi katta natijalarga erishadi: shu darajadaki, Panama kanalini kengaytirish uchun qum va shag‘alni aynan shu kompaniya yetkazib beradi.
Rikelme ishlab topilgan mablag‘ni «yashil» energetikaga investitsiya qiladi. Uning ilk katta loyihasi – Gvatemaladagi Rainbow 50 quyosh elektr stansiyasi 100 mln dollarga baholanadi. Keyin u Cox Energy nomli quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha kompaniyaga asos soladi. Hozirda u Lotin Amerikasi bozori yetakchilaridan biri bo‘lib, Yevropa, AQSh va Yaqin Sharqda filiallari mavjud. Sohada Rikelmeni «quyosh qiroli» deb atashadi. Tadbirkorning boyligi haqida aniq ma’lumot yo‘q, ammo mish-mishlarga ko‘ra, bu miqdor 460 mln dollarni tashkil etadi.
Foto: Oscar J. Barroso/Europa Press via Getty Images
Enrikening hayotining katta qismi «Real» bilan bog‘liq. U 20 yildan oshiq vaqtdan buyon – madridliklar sosiosi (klub rasmiy a’zosi) hisoblanadi. E’tiborli jihati, uning otasi Ramon Kalderon prezidentligi davrida (2006-2009) «Real» direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan. Kichik Rikelme esa klub rahbarligi uchun ilk bor 2021 yilda urinib ko‘rgandi. U o‘shanda «Real» prezidentligi uchun nomzodini qo‘ymoqchi ekanini aytib, bir necha intervyu bergan va klub rahbariyatida o‘zgarishlar zarur ekanini ta’kidlagandi. Masalan, klub boshqaruvida demokratiya joriy etish, Krishtianu Ronalduni qaytarish va o‘sha vaqtdagi bosh murabbiy Zinedin Zidanni iste’foga chiqarishni taklif qilgandi. Ammo yakunda Rikelme saylovda nomzod sifatida qatnasha olmaydi: u belgilangan muddatda kerakli hujjatlarni to‘plash va saylovoldi kampaniyasini tashkillashtirishga ulgurmaydi.
Hozir esa Enrike vaziyatdan foydalanib qolmoqda. May oyi o‘rtalarida Florentino Peres navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e’lon qilgandi va 37 yoshli biznesmen «Real»ning amaldagi xo‘jayiniga chaqiriq tashladi. Rikelme nomzod uchun talablarga mos keladi: nomzod Ispaniya fuqarosi bo‘lishi, kamida 20 yil klub rasmiy a’zosi hisoblanishi va madridliklar klubi yillik budjetining (2025-2026 yillar uchun 1,25 mlrd dollar) 15 foizi miqdoridagi bank kafolatini taqdim etishi lozim.
Shu bilan birga, Rikelme 2028 yilgi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rganini qayd etadi (aslida saylov ikki yildan keyin bo‘lishi kerak edi). Hozirgi kampaniya esa tezlashtirilgan bo‘lib chiqmoqda. «Bizda 2028 yilga mo‘ljallangan strategiya bor edi, ammo keyingi 10, 15 yoki 20 yil davomida «Real» uchun sifatli va qiziqarli bo‘lishi kerak bo‘lgan narsani tashkil etish uchun bizga juda oz vaqt qoldirildi», – degan u Ispaniyadagi Expansion ishbilarmonlik nashri tomonidan tashkillashtirilgan tadbirda.
Rikelme nimalar taklif qilmoqda?
Enrike o‘z saylovoldi dasturiga quyidagi g‘oyalarni kiritdi:
sosios uchun yangi infratuzilma barpo etish. Dasturga ijtimoiy klub, premium toifadagi mehmonxona, padel kortlari, «Real» rasmiy a’zolari uchun futbol maydonlari va suv sporti markazi kiradi;
«Real» basketbol jamoasi uchun yangi arena hamda konsertlar uchun 15 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan pavilion qurish;
Alfredo Di Stefano nomidagi stadionni kengaytirib, 20 ming kishilik qilish. Bu arenada klub ayollar jamoasi o‘ynaydi;
«Real»ning sosios egaligida qolishini kafolatlash;
klubning Chempionlar ligasidagi keyingi g‘olibligiga qadar a’zolik badallarini 50 foizga kamaytirish;
mavsumiy chiptalar uchun navbat ro‘yxati shaffofligi;
klub a’zolari o‘rtasida 10 mingta mavsumiy abonementlar o‘ynash.
klub a’zolari birinchi jamoa va akademiya futbolchilarining mashg‘ulotlariga kirishi imkoniyatlarini kengaytirish;
safar o‘yinlariga borish uchun turistik agentlik tashkil etish va bunday o‘yinlar uchun chiptalar narxini pasaytirish.
Dasturdan klub ishlarini boshqarish uchun yangi raqamli platforma, Santyago Bernabeu kubogini qaytarish, «Real» muzeyida Afsonalar markazini tashkil etish va klubning barcha madhiyalarini saqlab qolish haqida ham so‘z boradi.
Eng muhim mavzu – sport loyihasi. Rikelme nufuzli murabbiy olib kelishga va’da bergan, shuningdek, «ikkita top-transfer tayyorligi»ni aytgan.
«Biz uzoq muddatli loyihaga mos keladigan murabbiyni tayinlaymiz. Klubning barcha a’zolari biz «Real» uchun taklif qiladigan profildan faxr tuyadi. Bu loyiha birinchi kundan boshlab ilhom uyg‘otishi, shu bilan birga aniq iyerarxiya, tashkilot va haqiqiy boshqaruv vakolatlariga ega haqiqiy professional tuzilmani shakllantirishi lozim. Mening murabbiyim – qandaydir tajriba emas. U boshqarishni biladi, katta tajribaga ega. U darhol, birinchi kundan boshlab natija berishga tayyor, lekin uzoq muddatli muvaffaqiyatga ham erisha oladi. Bizning loyihamiz madridliklarni ruhlantiradi».
Enrike murabbiylik uchun nomzodi ilgari «Real»da ishlamaganini qayd etadi. Va Peresning nomzodi hisoblangan Joze Mourinio – qisqa muddatli variant ekanini aytadi: «Real» qisqa muddatli istiqboldan kelib chiqib harakat qila olmaydi. Endi siklni o‘zgartirish vaqti keldi. Albatta, ilgari erishilgan barcha yutuqlar e’tirofga loyiq, ammo bizning maqsadimiz – yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan loyihani qurishdir».
OK Diario nashri xabariga ko‘ra, Rikelmening «Real» bosh murabbiyligi uchun nomzodi – Mikel Arteta. Nashr manbasi allaqachon dastlabki muzokaralar bo‘lib o‘tgani va ispaniyalik mutaxassis rozilik bildirganini aytgan. Shuningdek, Yurgen Klopp va Sesk Fabregas ham nomzodlar qatorida. Ammo Klopp yaqin vaqtlar ichida murabbiylik faoliyatiga qaytishni rejalashtirmayapti, Fabregas esa Arteta kabi nomdor emas.
Shu bilan birga, Rikelme 2021 yildayoq Yurgenni Madridda ko‘rishni istashini aytgan. Hozir ham u germaniyalik mutaxassisni afzal ko‘rgan bo‘lardi, ammo bu variant bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q: «Biz jahon futbolining eng yaxshi murabbiylari – «Real» kabi klubni boshqarish uchun zarur bo‘lgan tajriba va yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan odamlar orasidan variantlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Tabiiyki, jamoani shu darajadagi murabbiylar boshqarsa, xursand bo‘lardim. Klopp varianti bormi? Hozircha ha yoki yo‘q deb ayta olmayman. Bu muzokaralar bilan loyiha doirasida ishlayotgan sport mutaxassislari shug‘ullanmoqda va men hozircha boshqa narsa ayta olmayman. Yaqin kunlarda ko‘ramiz».
Bundan tashqari, Enrike Rodrini olib kelmoqchi ekanini ochiq qilib aytgan. «Agar men «Real» prezidenti bo‘lsam, Rodri Madridda o‘ynaydi», – dedi Rikelme Tiempo de Juego dasturiga bergan intervyusida. Prezidentlikka nomzodning so‘zlariga ko‘ra, Rodrining transferi «Ispaniya terma jamoasida «Real»ning birorta ham futbolchisi yo‘qligidek og‘riqli sharmandalikdan» qochish imkonini beradi. Shuningdek, Rikelme Rodri haqidagi bayonot oldinroq va’da qilingan ikki superyulduz bilan bog‘liq emasligi, bu yulduzlar ispaniyalik emasligini ta’kidlagan.
3 iyun kungi teledebat vaqtida esa Enrike «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holandni Madridga olib kelmoqchi ekani aytdi va uning nomi tushirilgan futbolkani ko‘tardi.
Ko‘p o‘tmay «shaharliklar» bu xabar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va jamoa bilan shartnomasi bor futbolchining nomidan foydalangani uchun Rikelme ustidan sudga da’vo arizasi kiritishini ma’lum qildi.
Rikelme va Peres saylov arafasida o‘zini qanday tutmoqda?
Albatta, Peres – oldindagi saylovlar favoriti. Uning boshqaruvida «Real» 2000 yildan 2006 yilgacha va 2009 yildan hozirgi kungacha 34 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Biroq Rikelme oson taslim bo‘lmoqchi emas. Masalan, Florentino Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi finalida FIFA prezidenti Janni Infantino, UYeFA rahbari Aleksandr Cheferin va «PSJ» rahbari Nosir Al-Hilayfi bilan suhbatlashayotganda, Enrike boshqacha yo‘l tutdi.
Rikelme shu kuni «Pushkash Arena»ga korpusiga tashviqot so‘zlari bitilgan to‘rtta avtobusni olib keldi. Ulardan birida prezidentlikka nomzodning portreti yonida «Bugungi oqshomdan bahramand bo‘ling. Biz qaytamiz» yozuvi tushirilgandi. Boshqa avtobusda esa shunday yozilgan: «Raqiblar keladi va ketadi. «Madrid» esa doim qaytadi».
Prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida ochiq qarama-qarshilik boshlangan. Peres may oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rikelmeni ranjituvchi so‘zlarni aytgandi: «Men bu nouneymni tanimayman». Enrike esa Florentinoni klub tarixidagi eng yaxshi prezident deb atadi, ammo «yangi bobni boshlash vaqti kelgani»ni ta’kidladi.
Hozir Rikelme Peresning 2026 yil kuzida «Real»ning 5 foizini xususiy investorga sotish g‘oyasiga yopishib oldi. Shu sababli ular o‘rtasida OAVda aytishuv yuzaga kelgan. «Endi biz rejani bilamiz: klubning bir qismini sotish – Peres 5 foizni tashqi investorlarga sotish haqida aytmoqda – saylov uchastkalari yopilishi bilanoq, korporativ modelni o‘zgartirish va 120 yildan ortiq tarixni bir zarb bilan o‘chirish uchun nazorat ostidagi yig‘ilish va shoshilinch referendum o‘tkazish.
Xavf faqat qancha qismi sotilishida emas, balki eshiklarni ochishdadir. Hech kim dunyodagi eng yaxshi klubning bir qismini shunchaki sotib olmaydi. Muammo birinchi qadamning kattaligida emas, balki eshikni ochishda, chunki bir marta zaiflashgan sosios modeli qayta tiklanmaydi. Yevropada bu jarayonni boshlagan birorta ham klub ortga qayta olmagan».
«Bu saylov «Real»ni sotish bo‘yicha bevosita referendumdir. Bu xususiylashtirish byulleteni bo‘lib, klub aksiyalarining 100 foizi uning a’zolariga tegishli bo‘lib qolishini kafolatlaydi. Florentino ajoyib prezident edi, lekin bu unga klubni sotish huquqini bermaydi. Hech kim «Real»dan yuqori turishi mumkin emas, hatto Peres ham. Men ushbu saylov natijalari klub sotilmasligi haqida imkon qadar aniq signal bo‘lishini xohlayman. Biz «Real» tarixidagi eng jiddiy tahdidni to‘xtatishimiz kerak».
Peres bunga javoban shunday dedi:
«Bu 5 foiz klub nima qilishini hal qila olmaydi. Aytaylik, bu ko‘proq imij masalasi, «Real» Madrid kabi brend bilan bog‘liqlik masalasidir. 95 foizlik sosios asosiy kuch bo‘lib qolaveradi. Klubning barcha moliyaviy aktivlari uning a’zolariga tegishli bo‘lishiga kafolat bermagunimcha o‘lmayman.
Klub hech qachon o‘z mablag‘isiz boshqaruvni qo‘lga kiritgan va «Real»ni qo‘lga kiritish uchun yirtqichlarcha kredit olishga qodir bo‘lgan tasodifiy odamga nasib etmaydi. [Saylovda] muqobil nomzod – bu manfaatdor shaxslar sindikati bo‘lib, ular ilgari klub a’zosi bo‘lmasdan yig‘ilishlarga kirib, ovoz bergan odamlardir. Saylovdan so‘ng men navbatdan tashqari yig‘ilish va referendum chaqiraman, unda klubning mulkchilik modelini o‘zgartirish masalasi ko‘tariladi».
Rikelmening shtabi Peresning bayonotidan keyin Florentinoni yolg‘on ma’lumot tarqatish va nomaqbul xatti-harakatlarda aybladi. «Enrike Rikelmening nomzodi bevosita shaxsiy mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlanadi va saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan. Aloqalari bor shaxslar haqidagi har qanday tuhmatlar Florentino Peresning o‘zi tomonidan 20 yillik hokimiyatda bo‘lganidan so‘ng rad etilishi, jumladan, uning oilasi va do‘stlarining klub boshqaruvi va vositachilik tuzilmalarida ishtiroki batafsil tushuntirilishi kerak», – deya qayd etilgan bayonotda.
«Real» prezidentligi saylovida mo‘jiza ro‘y beradimi yoki Peres navbatdagi muddatga saylanadimi? Bu savolga javob shu hafta oxirida ma’lum bo‘ladi.
-
Jamiyat5 days agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
-
Dunyodan4 days ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Siyosat5 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Siyosat3 days ago
Saida Mirziyoyeva YeXHT bosh kotibi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days agoYo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
Saida Mirziyoyeva MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Jamiyat3 days ago
1-sentyabrdan yo‘lkira shahar avtobuslariga chiqish vaqtida to‘lanadi
