Jamiyat
Respublika bo‘yicha navbatchilikka chiqqan o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lanadi – manba
O‘tgan haftadagi dam olish kunlari maktabda qolgan pedagoglarga 2 hissa ish haqi yanvar oyi maoshiga qo‘shib to‘lab berilishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi Kun.uz manbasi. “Bu tarixda birinchi marta bo‘lsa kerak”, deydi u.
Illyustrativ foto / Kun.uz
Kun.uz Buvaydadagi 37-maktabda rasman ishlanmaydigan kunlarda ham 24 soatlik uzluksiz navbatchilikka jalb etilgan pedagoglar, bunga buyruq berib, shuning ortidan ishdan bo‘shagan maktab direktori masalasini batafsil surishtirishga urindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati tahririyatning bu boradagi savollarini befarq qoldirdi.
Ammo Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidagi manbalarga ko‘ra, ishdan olingani aytilgan Hasanboy Nishonov 37-maktabda ancha yillardan beri direktor o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan. 2024 yil oxiriga kelib unga direktorlik v.v.b. (vazifasini vaqtincha boshqaruvchisi) lavozimi yuklatilgan.
O‘sha yilda uning o‘rniga vaqtincha o‘rinbosar sifatida Sevara Hamdamova tayinlangani, navbatchilik bilan bog‘liq voqealar rezonansi ortidan Nishonov ishdan olinib, Hamdamova direktor bo‘lgani ma’lum qilindi. Hasanboy Nishonov esa hozirda o‘zining asosiy vazifasi – direktor o‘rinbosarligiga qaytarilgan.
“Mahalliy hokimiyat va vazirlikdan chiqishgan, “kimgadir chora ko‘rmasang bo‘lmaydi”, deyishganidan keyin, shuni ko‘rsatish uchun aslida ishdan haydalmagan bo‘lsa ham yuklatilgan ishidan ozod qilinganini ishdan olindi deb umumiy berishgan”, – deydi manba.
Biroq, Nishonov Gazeta.uz bilan suhbatda ishga hanuz tiklanmagani haqida gapirib bergan. Uning ta’kidlashicha, 6 yanvar kuni vaqtincha mehnatga layoqatsizlik ta’tiliga chiqqanida u ishdan bo‘shatilgan. Bundan o‘zi bexabar bo‘lgan.
“15 yanvar kuni kasallik ta’tili tugaydi, keyin ishga qaytmoqchi edim. Ammo “bolnichnyy”ga chiqqan kunim ishdan bo‘shatildim. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topdim. Men bilan hech kim suhbatlashib, ogohlantirmadi, ariza va tushuntirish xati ham yozdirib olmadi. Eng alam qiladigani shuki, men hech qanday ayb ish qilmay turib, tepaning topshirig‘ini bajarib, o‘zim bexabar ishdan olindim. Internetda ishga tiklanganim haqida xabarlar tarqalyapti. Ammo ishga tiklanganim yo‘q, bu haqda menga biror tashkilotdan rasmiy javob aytilmadi. Ishdan bo‘shatilganim to‘g‘risidagi buyruqni kecha, 8 yanvar kuni qo‘limga oldim. Hatto o‘rnimga ayol kishi vaqtincha vazifa bajaruvchi etib tayinlanibdi”, — deydi sobiq maktab direktori v.v.b.
Navbatchilik uchun to‘lov
Kun.uz manbasiga ko‘ra, dam kunlarida ishlashga majbur qilingan o‘qituvchilarning ish haqini 2 hissa qoplab berishga oid Mehnat inspeksiyasining yozma ko‘rsatmasi ijroga yo‘naltirilmoqda. Hujjat 8 yanvar sanasida vazirlikka kelgan va uning ijrosi ustida 9 yanvardan ishlash boshlangan.
Tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan inspeksiya taqdimnomasiga ko‘ra, respublika bo‘yicha navbatchilikka jalb qilingan barcha xodimlarga mehnat qonunchiligida belgilangan miqdorlarda ish haqlari to‘liq to‘lab berilishi, qolaversa, vazirlik hamda uning quyi tizimlarida:
mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish;
pedagog xodimlarni mehnat shartnomasi va lavozim majburiyatlarida belgilangan ishlardan tashqari ishlarga ularning roziligisiz jalb qilmaslik;
ushbu taqdimnoma talablarini tizim va tassarufiy tashkilotlariga yetkazish hamda mehnat qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha qat’iy nazoratni amalga oshirish qat’iy so‘ralgan.
Taqdimnoma ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda 2026 yil 16 yanvar kuniga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasiga yozma axborot berilishi kerakligi ham yozilgan.
Manbaning ta’kidlashicha, 20 yildan beri tizimda ishlayotgan bo‘lsa, pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun qo‘shimcha haqi to‘lab berilmagan. “Bu tarixda birinchi marta bo‘lsa kerak”, – deydi u.
Avvalroq Kun.uz navbatchilikka oid topshiriqning kelib chiqish nuqtasi Maktab vazirligi va hukumatga bog‘lanishi, bu holat faqat Farg‘onada emas, balki butun respublikada kuzatilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham yozgandi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days agoSirdaryo viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi
-
Siyosat4 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat19 hours ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
