Sport
«Real»da inqiroz. O‘t o‘chirishga Joze kelmoqda
Madridning «Real» klubi uchun mavsumning ikkinchi qismi murakkab o‘tdi. Ichki muhitdagi muammo jamoani inqiroz holatiga keltirib qo‘ydi. Inqiroz deganda jamoa ikkinchi divizionga tushib ketgani, futbolchilarga dekabrdan buyon maosh berilmayotgani, professional klub mashg‘ulot maydoni topilmaganda maktab stadionlarida shug‘ullanib yurganini tushunish kerak emas. Madridga xos, oriyona inqiroz.
Bu yil ham «Real» mavsum boshidagi ustunlikni saqlab qolsa, La Ligani yutardi, birinchi klasikoni yutgandi ham. YeChLda ham, aytaylik, Noyyer qahramonlik ko‘rsatmasa, «Bavariya»dan o‘tib, balki finalga ham chiqqan bo‘lardi. Kimsan Mbappesi bor jamoa mavsumni sovrinsiz yakunladi va aslida bu fojia emas, hech qayerda yozilmagan katta klublar har yili sovrinlarni qalashtirib tashlashi kerak deb. Madrid muxlislari ichki muhitdan, ishga bo‘lgan munosabatdan norozi. Bu borada chindan muammolar jiddiy. Shunchalik jiddiyki, Peres yangi murabbiy borasida ko‘pchilik kutmagan radikal o‘zgarish qilishgacha bordi.
Mushtlashuv
Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsum jamoani italiyalik Karlo Anchelotti boshqargandi. Ko‘pchilik, «Real» ketma-ket ikkinchi mavsum sovrinsiz qoldi, deb gapiryapti, lekin bunaqa emas. Madrid ikki yildan buyon La Liga, Ispaniya kubogi va Chemppionlar Ligasini yutmayotgandir, lekin o‘tgan mavsum jamoa Anchelotti bilan Yevropa superkubogi va Qit’alararo kubokni yutganini unutmaslik kerak.
«Real» chempionatda va Chempionlar Ligasida kubok yutolmagan bo‘lsa-da, muhit bilan bog‘liq muammo yo‘q edi. Chunki Anchelotti jamoada ichki tartibni saqlash bo‘yicha aynan «Real»bop, tengsiz murabbiy. Braziliya ham aynan shu xususiyati sabab uzoq yil rosa harakat qilib Papa Karloni olib ketdi.
O‘tgan mavsum oldidan «Real»ni Xabi Alonso qabul qilib oldi. Bir qarashda juda to‘g‘ri qaror, Alonso «Real»ning sobiq futbolchisi, Germaniyada «Bavariya»ning gegemonligiga yakun yasagan murabbiy. Uning «Real»ga kelishi Leverkuzendagi muvaffaqiyatli mavsumidan keyinoq aniq edi.
Jamoa Xabi bilan mavsumni yomon boshladi deb bo‘lmaydi, birinchi klasikoda «Barselona»ni yengdi, La Ligada peshqadam ham bo‘lib olgandi. Lekin keyin muammolar bo‘y ko‘rsata boshladi. Jamoaning asosiy futbolchisi Vinisius zaxirada qolib, ko‘rsatkichlari keskin tushib ketdi. Shu yil boshida «Real» superkubok finalida «Barselona»ga yengilgach, Alonsoga javob berildi.
Klub murabbiy iste’foga chiqarilmagani, arizasiga ko‘ra ketganini ta’kidlab bayonot berdi. O‘sha finaldan keyin sodir bo‘lgan voqea Alonsoning murabbiylik faoliyatiga kuchli zarba bo‘ldi. U futbolchilarini chempion «Barselona»ni tabriklash uchun shohsupaga olib bormoqchi bo‘ldi, lekin Mbappe boshchilik futbolchilar murabbiyni butun stadion ko‘z o‘ngida jyerkib tashlashdi. Mana shu epizodda Madridda ichki muhit yaxshi emasligi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Mavsum o‘rtasida «Real»ga munosib murabbiy qidirib o‘tirishmadi, chunki bunday murabbiylar bekor o‘tirmaydi. Zidan bekor edi, lekin uning Fransiya bilan kelishganini hamma bilardi. Shu sabab klub tizimida ishlayotgan Alvaro Arbeloa mavsum yakuniga qadar bosh murabbiy etib tayinlandi. Uning qo‘l ostida hammasi o‘nglanayotgandek ko‘rindi, Vinisius yana asosiy tarkibga qaytdi, o‘yinlari ochilib ketdi. Lekin aslida Arbeloa kelgach barchasi battar yomonlashib ketgan ekan…
«Real» kiyinish xonasidan shunaqa xabarlar sizib chiqa boshladiki, butun futbol jamoatchiligi hayratdan yoqa ushladi. Chuameni va Valverde mushtlashib, urugvaylik futbolchining qoshini tikishga ham majbur bo‘lishdi. Har ikki futbolchi rasman 500 ming yevrodan jarimaga tortildi. Yana bir necha futbolchi janjallashib ketgani, bir guruh futbolchilar murabbiy bilan gaplashmay qo‘ygani haqida xabarlar chiqdi.
Eng qizig‘i, ichkaridan chiqayotgan xabarlarning hammasi rost edi, klub xabarni tashqariga chiqarayotgan «kalamush»ni qidira boshladi. Va o‘sha «kalamush» qidirilayotgani haqida xabar ham tashqariga chiqib ketdi, qoyilmisiz? Bunaqa xaos Madrid tarixida kuzatilmagan, ishonavering.
Va bu hali hammasi emas, eng jiddiy muammo Mbappe bilan bog‘liq edi. Shubhasiz, hozir dunyoda o‘ynayotgan futbolchilar ichida eng zo‘ri bo‘lgan Kilian Mbappe, afsuski, futbol emas, boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib yuribdi. U klasiko oldidan tiklanish o‘rniga dugonasi bilan Yevropa aylanib yurgani jamoadoshlarining jahlini chiqargan. Axir xuddi shu Kilian edi-da «Barsa»ni tabriklashdan or qilib, jamoadoshlarini shohsupadan olib ketgan. Keyin xuddi shu Mbappe klasiko oldidan yallo qilib yurdi. Bu ham yetmaganday Arbeloa uni zaxirada qoldirganiga «Chunki men murabbiy uchun to‘rtinchi hujumchiman», deb kinoya qildi.
Ko‘z o‘ngimizda Mbappedek noyob futbolchi bunaqa ishlar bilan shug‘ullanib yurgani qanchalik achinarli. U «Monako»da o‘ynab yurganidayoq hali futbol taxtiga chiqishi, «Oltin to‘p»larni qalashtirib tashlashiga ko‘pchilik shubha qilmasdi. Lekin mana, Kilian 28 ga qarab ketdi, eng kuchga to‘lgan davri o‘tib bormoqda, uning Fransiyadagi o‘rinbosari, «lazaret shahzodasi» Dembele «Oltin to‘p» oldi. Kecha maktabni bitirgan Yamal va Mbappening yana bir o‘rinbosari Olise ham yaqin yillarda bu sovrinni yutishi mumkin, lekin Kilian hamon o‘zining yulduzli porlashini amalga oshirmadi.
Hozir «Oltin to‘p» uchun kurashda tunov kuni o‘z vaqtida «Nasaf» yutgan kubokni o‘z maydonida yuta olmagan «An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu va hech kimga qiziq bo‘lmagan Amerika chempionati o‘rtamiyonasida o‘ynayotgan Lionel Messining imkoniyatlari Mbappenikidan yuqoriroq, ishonasizmi? Albatta, sovrin beradigan tashkilotchilar Ronaldu va Messiga nisbatan munosabatni oshirib yuborishadi, bu ikki top ligalardan nafaqaga chiqqan qariyalarni allaqachon Yevropa elitasida o‘ynayotgan yigitlar bilan taqqoslamaslik kerak, lekin fakt shu — Mbappe dunyoda eng zo‘r bo‘lish uchun futbol pensionerlaridan orqada yuribdi. Mbappe uchun qanday bilmadim, lekin futbol uchun bu — fojia!
Yetakchilik kurashi
«Real»dagi eng jiddiy muammolardan biri yetakchilar o‘rtasida zimdan raqobat ketayotgani, menimcha. Albatta, buni ochiq aytishmaydi, lekin Mbappe, Vinisius, Belinghem zimdan raqobat qilayotgandek. Chunki jamoada yaqqol yetakchi ko‘rinmaydi. Klub har qancha katta bo‘lmasin, unda hamma tan oladigan, hamma eng zo‘r deb biladigan yetakchi bo‘lmasa, aravani bir tomonga tortish qiyin bo‘ladi.
Masalan, «Barselona»da kechagina maktabni bitirgan bo‘lsa-da, Yamal yetakchi ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Yamalning dadasi tengi Shesni ham, Levandovski ham uni lider deydi. «MYu»da Brunu yaqqol yetakchi, hamma uning 21-assistni amalga oshirishini kutmoqda. «Bavariya»da yangilamagan rekordi qolmagan Keyn ham Oliseni eng zo‘r deydi, Parijda Dembele qirol. «Real»da mana shunday yaqqol yetakchi yo‘q, kimdir Vinisiusni, kimdir Mbappeni, kimdir Belinghem yoki Valverdeni lider deydi.
Mourinio qaytmoqda
Ichki muhit shunchalik yomonlashib ketganidan Florentino Peres yangi murabbiy borasida radikal qaror qabul qildi. Eng yaxshi davrlari allaqachon o‘tib ketgan Joze Mourinio Madridga qaytmoqda. Special one kuchli beshlikda oxirgi marta 11 yil avval g‘olib bo‘lgan, murabbiy sifatida yutgan oxirgi kubogi Yevropa Konferensiyalar Ligasi va shunga ham to‘rt yil bo‘ldi.
Joze «Real»dan ketgach, qayerlarda ishlamadi deysiz: «Tottenhem»ga bordi, u yerdan ketgach, «Bu klub hech qachon katta jamoa bo‘lmaydi», dedi, «Fenerbaxche»ga bordi, Turkiyada ham ishlari o‘xshamadi, keyin Portugaliyaga qaytib, «Benfika»da ishladi. Qaysi klubdan ketmasin katta-katta tovon pullari olib yodda qoldi. Faqat Saudiyada ishlamagani qoldi va mana, omadi bor ekan, Peres uni yana «Real»ga qaytardi.
Madridga taktik jihatdan kuchli murabbiy kerak emas, azaldan shunaqa bo‘lgan. Bu jamoada futbolchiga to‘pni qanday to‘xtatishni, qanotdan qanday uzatma qilishni o‘rgatishmaydi, «Real», aytaylik, «Barselona» kabi bir o‘yin falsafasiga asoslanib futbol o‘ynamaydi ham. Bu yerga shunchaki futbolchilar uchun yaxshi avtoritet olib kelish kerak, u muhitni yaxshi saqlasa, natija o‘zi kelaveradi, xuddi Zidan davrida bo‘lgani kabi.
Oxirgi yillarda Karlo Anchelotti va Zidan ichki muhit borasida juda yaxshi ishlagan, shu sabab natijalar zo‘r edi. Bu ikki insonning «Real»da obro‘si juda baland, futbolchilar ularning ko‘z o‘ngida mushtlasha olmaydi. Xames bir marta zaxirada latifa aytgani uchun Zidanning g‘azabiga uchraganini eslasangiz kerak.
Hozir klubda hammasi joyida emas, shu uchun Zidan yoki Anchelotti kabi bosiq liderlar emas, Mourinio kabi jahon chempioni Kasilyasni zaxiraga o‘tqizib, Adan degan darvozabonni asosiy tarkibda tushirishga jur’ati yetadigan murabbiy kerak bo‘ldi. Joze xohlasa, Mbappeni o‘rinbosarlar jamoasiga, Chuameni va Valverdeni boks klubiga yuborishi mumkin, Arbeloa esa bunday qilolmasdi.
Nima bo‘lganda ham, «Real» Mourinioni olib kelish orqali katta tavakkal qildi. Ichki muhit yaxshilanishi mumkin, lekin Jozening murabbiyligi allaqachon top davridan o‘tib ketgan. Balki bunday emasdir, buni keyingi mavsumda ko‘ramiz. Bir narsa aniq, endi klasikolar juda zo‘r o‘tadi, Joze katta o‘yinlarni shouga aylantirishni, raqibni dushman deb ko‘rsatishni qoyillatadi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot2 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
