Connect with us

Sport

«Real» peshqadamlikni boy berdi, «Arsenal» ham ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari

Published

on


«MYu»da kambek, «Liverpul» Salohsiz g‘alabaga erishdi, A Seriyada chempionlik poygasi qizimoqda. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Manchester Siti» foydasiga durang

«Chelsi» – «Arsenal» 1:1

Gollar: Chaloba, 48 (1:0). Merino, 59 (1:1)

«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto, Jyeyms, Kaysedo, Fernandes, Pedru Netu, Estevan (Garnacho, 46), Joao Pedro (Delap, 55)

«Arsenal»: Rayya, Moskera, Inkapiye, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 46), Timber, Subimendi (Edegor, 57), Rays, Eze (Yokeresh, 72), Martinelli (Madueke, 57), Saka, Merino

Ogohlantirishlar: Kukurelya, 11 – Subimendi, 5. Moskera, 13. Kalafiori, 27. Inkapiye, 41. Lyuis-Skelli, 54. Yokeresh, 88

Chetlatish: Kaysedo, 38

«Chelsi» va «Arsenal» o‘rtasidagi o‘yin turning markaziy bahsi edi. Bu jamoalar tur arafasida birinchi va ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turishgandi.

Klublar London derbisiga ajoyib kayfiyatda yetib kelgandi – ikki jamoa ham hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida Yevropa grandlarini mag‘lub etgandi. «Chelsi» «Barselona»ga qarshi o‘yinda yirik g‘alabaga erishdi (3:0), «Arsenal» ham «Bavariya»ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi (3:1).

Lekin o‘yin arafasida Arteta kutilmagan muammoga duch keldi. U jamoa himoya markazidagi asosiy juftlikning ikki vakilidan ham foydalana olmasdi – Gabriel oldinroq safdan chiqqandi, Saliba esa o‘yindan oldingi mashg‘ulotlar chog‘ida lat yegani ma’lum bo‘ldi. Natijada himoya markazida hali biror marta birga o‘ynamagan yangi futbolchilar – 21 yoshli Moskera va 23 yoshli Inkapiye tushirildi. Shuningdek, hafta o‘rtasida «Bavariya»ga qarshi o‘yinda jarohatlangan Trossar ham jamoaga yordam bera olmasdi.

Ikki jamoa ham ilk daqiqalardan maydonda jangga kirishdi. Beshinchi daqiqadayoq Entoni Teylor cho‘ntagidan dastlabki sariq kartochkani chiqardi – Martin Subimendi Risa Jyeymsni to‘xtatib qolgani uchun ogohlantirildi. 11-daqiqada esa ko‘klar himoyachisi Kukurelya Sakaga qarshi navbatdagi qo‘polligi uchun sariq oldi, shundan keyin ham ikki jamoa futbolchilari bir-biriga ayovsiz fol ishlatdi va birinchi bo‘lim chiroyli kombinatsiyalar bilan emas, yakkakurashlar va to‘qnashuvlar bilan yodda qoldi.

Bunday ortiqcha qo‘pollik yaxshilik bilan tugamasligi sezilib turgandi va 38-daqiqada mezbonlar son jihatdan ozchilik bo‘lib qolishdi – Moyses Kaysedo Mikel Merinoning to‘piq qismiga butsasining ostki qismi bilan zarba bergani uchun maydondan chetlatildi.

«Arsenal»da esa to‘rt himoyachidan uch nafari sariq oldi.

Tanaffusdan keyin esa jamoalar nihoyat futbol o‘ynashdi va gollar ham bo‘ldi. Dastlab 48-daqiqada burchak zarbasidan keyin Trevor Chaloba barchadan baland sakrab, hisobni ochdi.

«Arsenal» tezda javob qaytardi. 58-daqiqada Saka o‘ng qanotda navbatdagi marta Kukurelyani dog‘da qoldirib, to‘pni darvozabon hududiga yetkazdi, u yerda Merino bosh bilan zarba berib, muvozanatni tikladi.

Shundan keyin ikki murabbiy hujum chizig‘iga yangi kuchlarni tashladi: «Arsenal»da Edegor, Madueke va Yokeresh maydonga tushdi, «Chelsi»da – Garnacho va Delap. Mezbonlar ozchilik bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi.

O‘yin oxirlarida mehmonlar g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, Merinoning kuchli zarbasidan keyin Sanches to‘pni qo‘lidan chiqarib yubordi, ammo Yokeresh to‘pga yetib borolmadi.

Yakunda «Chelsi» hisobni ushlab qoldi, lekin APLda «Arsenal»ga qarshi o‘yinlardagi g‘alabasiz seriyasini davom ettirdi: 3 durang va 4 mag‘lubiyat.

«Arsenal» esa chempionlik poygasida ancha oldinga chiqib ketish imkoniyatidan foydalana olmadi. 13-tur yakunlariga ko‘ra «kanonirlar» 30 ochko bilan birinchi o‘rinda, bu turda g‘alaba qozongan «Siti» oradagi farqni besh ochkogacha qisqartirdi. «Chelsi» esa 24 ochko bilan uchinchi o‘rinda.

«Kristal Pelas» – «Manchester Yunayted» 1:2

Gollar: Mateta, 36 – penalti (1:0). Zirkze, 54 (1:1). Maunt, 63 (1:2)

«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Gehi, Richards, Kamada (Lerma, 85), Uorton (Hyuz, 78), Mitchell (Devenni, 85), Munyos, Sarr (Nketia, 38), Pino (Uche, 78), Mateta

«Manchester Yunayted»: Lammens, de Liht, Shou (Martines, 82), Yoro (Mazraviy, 54), Brunu Fernandesh, Kazemiro, Dalot, Diallo (Dorgu, 90+1), Maunt, Mbeumo (Maynu, 90+1), Zirkze

Ogohlantirishlar: Nketia, 53. Gehi, 75. Lerma, 90 – Mbeumo, 17. Shou, 72

O‘tgan oyda «MYu» uch o‘yindan iborat g‘alabali seriyasi ortidan uch o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya qayd etgandi. «Nottinghem» va «Tottenhem»ga qarshi safardagi duranglarni jamoa o‘yin oxirida urilgan javob gollari tufayli o‘z hisobiga yozishi mumkin, ammo o‘tgan turda «Old Trafford»da bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynab «Everton»dan mag‘lub bo‘lish jamoa muxlislari uchun og‘riqli zarba bo‘ldi. Va shunday fonda mankunianliklar «Kristal Pelas» maydoniga safar qilishdi.

«Burgutlar» istalgan raqibga muammo tug‘dira oladi va «MYu» ham istisno bo‘lmadi. Birinchi bo‘lim oxirlarida De Liht to‘pni yo‘qotgach Yoro jarima maydoni ichida Matetani qo‘pollik bilan to‘xtatdi va jabrlanuvchining o‘zi penaltini aniq ijro etdi. Lekin mehmonlar ikkinchi bo‘limda to‘qqiz daqiqa ichida burilish yasadi. Avvaliga APLda deyarli bir yildan buyon (364 kun!) gol urmayotgan Zirkze Bruno Fernandeshning uzatmasidan keyin yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Biroz o‘tib jarima zarbasi ijro etilganida yana Fernandesh Mauntning goliga assistentlik qildi.

Portugaliyalik yarimhimoyachi endi APLdagi golli uzatmalar soni (56) bo‘yicha Pol Skoulzdan o‘zib ketdi. «MYu» futbolchilari orasida undan yuqorida faqat Rayan Giggz (162), Ueyn Runi (93) va Devid Bekhem (80) joylashgan. Manchesterliklar shu kuni g‘alabadan tashqari Lisandro Martinesning maydonga qaytishini ham nishonlashdi – u tizzasidagi jarohat tufayli 2 fevraldan buyon o‘ynamayotgandi.

«Vest Hem» – «Liverpul» 0:2

Gollar: Isak, 60 (0:1). Gakpo, 90+2 (0:2)

«Vest Hem»: Areola, Mavropanos, Todibo, Magassa (Luis Gilerme, 68), Fernandesh, Pots (Souchek, 88), Diuf, Van-Bissaka, Lukas Paketa, Bouen, Uilson (Fyullkrug, 78)

«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez (Roberson, 85), Gomes, Makallister, Gravenberh, Soboslai, Virs (Jons, 75), Gakpo, Isak (Ekitike, 68)

Ogohlantirishlar: Magassa, 66. Lukas Paketa, 83

Chetlatish: Lukas Paketa, 84 (ikkinchi sariq)

«Liverpul» qatorasiga uch yirik mag‘lubiyatdan keyin Londondagi o‘yinda Salohni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi va hujum markazida Isak tushdi. Qizillar bungacha ushbu shvetsiyalik hujumchi boshlang‘ich tarkibda harakatlangan to‘rt o‘yinning barchasida yutqazgandi va u bunday noxush statistikaga barham berish uchun barcha ishni qildi. Aleksandr birinchi bo‘limdayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo uning bir necha metr masofadan yo‘llagan akrobatik usuldagi zarbasini Areolya qaytarib qoldi. Ammo Isak baribir ikkinchi bo‘limda o‘z maqsadiga erishdi va Gakponing uzatmasidan keyin mezbonlar darvozasining yaqin burchagini aniq nishonga oldi. Shu tariqa, u APL o‘yinlarida o‘zi uchun rekord darajadagi yetti o‘yindan iborat golsiz seriyani yakunladi va o‘rnini Ekitikega bo‘shatib berdi.

Lukas Paketa esa arbitr bilan uzoq bahslashib, bir necha daqiqa ichida ikki sariq kartochka oldi va «Vest Hem»ni qiyin ahvolda qoldirib ketdi. Gakpo esa ozchilik bo‘lib qolgan raqibni uzil-kesil taslim etdi. Arne Slot bu g‘alaba orqali o‘z iste’fosi haqidagi xabarlarga kerakli reaksiya ko‘rsatdi, «Liverpul» esa turnir jadvalining ikkinchi qismidan sakkizinchi o‘ringacha ko‘tarildi.

«Aston Villa» – «Vulverhempton» 1:0

Gol: Kamara, 67 (1:0)

«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Din, Kesh, Tilemans (Barkli, 75, Sancho, 88), Kamara (Bogard, 88), Rodjyers, Buendiya (Uotkins, 54), Makginn, Malen (Onana, 75)

«Vulverhempton»: Jonston, Agbadu, Moskera (Bueno, 77), Gomesh, Volfe (Mane, 77), Chachua, Andre, Bellegard (Chireva, 69), Gomes, Larsen, Arias (Arokodare, 88)

Ogohlantirishlar: Andre, 45. Volfe, 58. Moskera, 76. Arias, 80

«Liverpul» bu mavsumda 6 bor yutqazganiga qaramay, juda yomon vaziyatga tushib qolgani yo‘q va kuchli to‘rtlikni yakunlab turgan «Aston Villa»dan atigi uch ochkolik masofada. Birminghemliklar bu mavsumni juda yomon o‘tkazayotgan va ligani tark etish uchun birinchi raqamli nomzod bo‘lib turgan «Vulverhempton»ni mag‘lub etib, uch ochkolik farqni saqlab qoldi. Bu g‘alabani Kamaraning goli ta’minladi, Unai Emeri esa hozirgi jamoasi boshqaruvida APLdagi 61-g‘alabasini nishonladi. Endi ispaniyalik mutaxassis klubning bu borada eng yaxshi natijaga ega sobiq murabbiylari Jon Gregori va Martin O’Nilga tenglashib oldi.

Ispaniya: «Real»da duranglar seriyasi

«Jirona» – «Real» 1:1

Gollar: Unai, 45 (1:0). Mbappe, 67 – penalti (1:1)

«Jirona»: Gassaniga, Rinkon (Franses, 72), Vitor Reys, Moreno, Martines, Vitsel, Martin, Unai (Kuruma, 83), Xil (Asprilya, 72), Tsigankov (Roka, 72), Vanat (Ruis, 83)

«Real»: Kurtua, Eder Militau, Ryudiger, F. Garsiya (Karreras, 90), Aleksandr-Arnold (G. Garsiya, 90), Tshuameni (Rodrigu, 72), Bellinghem, Valverde, Vinisius Junior, Arda Guler (Kamavinga, 46), Mbappe

Ogohlantirishlar: Gassaniga, 42. Unai, 59. Vanat, 74

Madridliklar esa kutilganidek Kataloniyada qattiq qarshilikka to‘qnash kelishdi. «Jirona» nafaqat mardonavor himoyalandi, balki favoritlarni xavfli qarshi hujumlar bilan qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Shunday hujumlardan biri esa muvaffaqiyatli chiqdi, birinchi bo‘lim oxirida Tsigankov to‘pni jarima maydoniga yetkazib berdi, Unai esa bir harakat bilan darvozani ishg‘ol etdi. Shunga o‘xshash kombinatsiya ikkinchi bo‘limda ham mezbonlarga muvaffaqiyat keltirishi mumkin edi, ammo bu safar Kurtua Vanatning zarbasini qaytarib qoldi.

Ikkinchi bo‘limda «Real» butun kuch bilan oldinga tashlandi va hujumlarda markaziy himoyachilar Militao va Ryudiger ham faol ishtirok etishdi. Vinisius Juniorning sa’y-harakatlari esa jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Avvaliga braziliyalik hujumchining goli ofsayd tufayli bekor qilindi, u esa harakatdan to‘xtamadi va unga nisbatan foldan keyin mezbonlar darvozasiga penalti belgilandi. Mbappe esa zarbani benuqson ijro etdi, penaltilar bo‘yicha mutaxassis Gassaniga zarba yo‘nalishini topgan bo‘lsa-da, to‘pga yeta olmadi.

Madridliklar shundan keyin mezbonlar jarima maydonini qamal qilishdi, ammo raqibni taslim qilishning yo‘lini topa olishmadi. Goh Vinsiusning zarbasiga aniqlik yetishmadi, goh darvozabon to‘pni Mbappening oyoqlaridan olib qo‘ydi. Natijada «Real» chempionatda qatorasiga uchinchi o‘yinda durang o‘ynab, birinchi o‘rinni qaytarib ololmadi, «Barselona» esa buning uchun qo‘shnilaridan minnatdor bo‘lsa arziydi.

Italiya: Konte Rimni zabt etdi

«Piza» – «Inter» 0:2

Gollar: Martines, 69 (0:1). Martines, 83 (0:2)

«Piza»: Skuffet, Karachcholo, Kanestrelli, Albiol (Lorran, 80), Marin, Ebisher, Pichchinini (Tramoni, 71), Angori (Leris, 71), Ture, Meyster (Buffon, 90), Nzola (Moreo, 90)

«Inter»: Zommer, Acherbi (Bissek, 67), Bastoni, Akanji, Suchich (Zelinski, 46), Hoqon Chalxono‘g‘li, Barella, Dimarko, Luis Enrike (Diuf, 67), Tyuram (Espozito, 67), Martines (Karlos Augustu, 87)

Ogohlantirishlar: Karachcholo, 26. Albiol, 61 – Acherbi, 35

«Inter» uchun Pizaga safar favqulodda qiyin kechdi. Faqat ikkinchi bo‘limda Pio Espozito zaxiradan o‘yinga qo‘shilishi hisobni ochishga imkon berdi. U raqiblar aut ijro etishidan keyin boshlangan qarshi hujumda muhim rol o‘ynab, Lautaro Martinesni qulay vaziyatga chiqardi. Bu gol esa mezbonlarni ruhan sindirdi va mehmonlar sardori o‘yin oxirlariga borib Barellaning uzatmasidan keyin ikkinchi golni ham urdi. Argentinalik hujumchi uchun «Piza» – u A Seriyada darvozasini ishg‘ol etgan 29-jamoaga aylandi. Lautaro 2018 yilda Italiyada debyut qilganidan buyon boshqa hech bir futbolchida bunday ko‘rsatkich qayd etilmagan.

«Roma» – «Napoli» 0:1

Gollar: Neres, 36 (0:1)

«Roma»: Svilar, N`Dika, Ermoso, Manchini, Kristante (Al-Aynaviy, 62), Kone, Uesli Vinisius (Al-Sha’roviy, 82), Zeki Chelik, Pellegrini (Beyli, 80), Soule (Dibala, 62), Fergyuson (Baldansi, 46)

«Napoli»: Milinkovich-Savich, Rraxmani, Buondjorno, Bekema, Maktominay, Lobotka, Olivera, Di Lorenso, Lang (Politano, 69), Neres (Lukka, 85), Hoylund (Elmas, 80)

Ogohlantirishlar: Kristante, 55. Baldansi, 73. N`Dika, 86. Al-Sha’roviy, 90 – Lobotka, 63. Bekema, 64. Olivera, 90

«Napoli» yetakchilaridan biri Zambo-Angissaning jarohati David Neresga qo‘l keldi. Ushbu braziliyalik o‘tgan turda «Atalanta» bilan o‘yinda dubl qayd etgandi, endi esa peshqadamlik uchun o‘yinda hisobni ochdi. Neapolitanliklar birinchi bo‘limning ikkinchi yarmida namunali tezkor hujum uyushtirishdi va Hoylund Neresni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Uning goli o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi va bu g‘alaba janubliklarning turnir jadvalidagi holatini maksimal darajada yaqinlashdi. Shanba kungi o‘yinda «Latsio»ni mag‘lub etgan «Milan» hamon birinchi o‘rinda, ammo «Napoli» «Inter» va «Roma»ni quvib o‘tdi va ochkolar soni bo‘yicha rossonerilar bilan tenglashib oldi. Umuman olganda, chempionat turnir jadvalining yuqori qismida intriga aql bovar qilmas darajada – birinchi va to‘rtinchi o‘rinlardagi jamoalar orasidagi farq bir ochko!



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi

Published

on


Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.

«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.

Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi

Published

on


Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.

Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.