Sport
Raul gol urdi, Eronni siqishmoqda
Meksikada futbol bo‘yicha 23-jahon chempionati boshlandi. Ochilish o‘yinida mezbon Meksika kutilganidek JARni mag‘lub etdi. Guruhdagi yana bir o‘yinda Janubiy Koreya Chexiyani haqli tarzda yengdi. Bugungi mundial kundaligida ochilish o‘yinlari, 35 yoshga kirib nihoyat JChda gol urgan yulduz va Eron milliy jamoasi atrofida bo‘layotgan voqealarga to‘xtalamiz.
Sakkizinchi urinish
Mundial ochilish o‘yinlarida maydonga tushish bo‘yicha Meksikaga yetadigan yo‘q. Seriallar yurti vakillari mundiallarda shunchalik ko‘p o‘ynaganki, kecha naq sakkizinchi marta ochilish o‘yinida qatnashdi. Meksika bu yilgi musobaqani ham qo‘shib hisoblasa, 18-marta futbol bo‘yicha jahon chempionatida qatnashmoqda. Bu borada jamoa Braziliya, Germaiya, Italiya va Argentina bilan birga kuchli beshlikka kiradi.
Buni qarangki, hozirgacha 7 marta ochilish o‘yinlarida ishtirok etgan Meksika biror marta g‘alaba qozona olmagan. Esingizda bo‘lsa, 2010 yil JARda o‘tgan mundial ochilishida ham mezbon jamoa Meksika bilan o‘ynagan. Ravshan Ermatovning fenomenal faoliyatini boshlab bergan o‘sha o‘yinda ham favorit deb qaralgan meksikaliklar zo‘rg‘a durang qayd etgandi. Ammo kecha Xaviyer Agirre shogirdlari ishonchli tarzda g‘alaba qozondi – 2:0. Shunchaki statistika qarasangiz ham, mezbonlar ustunligi sezilib turibdi: darvoza tomon zarbalar 16 ga 3, to‘p nazorati 61 ga 39.
Musobaqaning ochilish goliga Xulian Kiniones mualliflik qildi. Qanot vingeri himoyadagi xatodan keyin to‘pni egallab olib, jarima maydoniga kirasola kuchli zarba bilan hisobni ochdi. Musobaqaning birinchi goli muallifi bo‘lish juda yoqimli, chunki ilk golni muxlislar yaxshi eslab qoladi. Filipp Lam, Pap Buba Diop, Sipxive Shabalala, Ener Valensiyaning gollari ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.
Bu gal ochilish golini Saudiyaning «Al Qodisiya» klubi futbolchisi urdi. Saudiya chempionatiga odatda Yevropadan nafaqaga chiqqan qariyalar borishardi, lekin bugun bu chempionatda pul shunaqa ko‘payib ketdiki, endi Saudiya o‘rtamiyonasida o‘ynayotgan futbolchilar mundial ochilish gollarini urib yuribdi.
Meksikaning ikkinchi goliga Raul Ximenes mualliflik qildi. Men Raulning golidan juda xursand bo‘ldim. Ingliz futbolida porlagan ajoyib hujumchi to‘rtinchi mundialda qatnashmoqda va JChdagi ilk golini 35 yoshida urdi. «Vulverhempton»dagi o‘yinlari bilan APL muxlislariga yaxshi tanish Raul Qatar mundialidan oldin boshidan jiddiy jarohat olib, qo‘rqinchli operatsiyani o‘tkazgan va bir yilcha futbol o‘ynolmagandi.
Uni ortiq futbol o‘ynolmasa kerak deyishgandi, lekin Raul bu sinovdan omon chiqib, yana dunyoning eng zo‘r ligasida gollarni qalashtirishni boshladi. Kechagi o‘yinda ham ko‘rgan bo‘lsangiz, maxsus himoya vositasida maydonga tushdi. O‘yinni ko‘rmagan APL muxlislari Raul bosh bilan gol urganini taxmin qilgandir. Ha, shunday, Ximenes o‘z uslubida bosh bilan gol urdi.
Bu futbolchi JChdek katta musobaqada gol urishga haqli edi. U 2014 yil Meksikani jahon chempionatiga olib chiqqan Panamaga qarshi o‘yinda akrobatik usulda hal qiluvchi g‘alaba golini urgan. Raul butun faoliyatidagi mehnatlari mukofoti o‘laroq mundialda gol urdi.
Yevropa uchun qo‘rqinchli Koreya
«A» guruhuning ikkinchi o‘yinida Janubiy Koreya Yevropa vakili Chexiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘yinda koreyslar ustunlik qildi, buni raqamlarda ham ko‘rish mumkin, lekin birinchi golni Chexiya urdi. «Vest Hem»dagi o‘yinlari bilan tanilgan Vladimir Tsoufal autdan to‘pni darvoza oldigacha tashlab berdi va yana bir «Vulverhempton» futbolchisi Kreychiy gol urdi. Biroq koreyslar ustunlikni qo‘lga olib, g‘alabani ilib ketdi. Ularda ham Yevropa klublarida o‘ynayotgan futbolchilar katta sahnaga chiqdi. Avvaliga «Feynord» futbolchisi Xvan In Bom, 80-daqiqada esa «Beshiktosh» futbolchisi O Hyon Gu g‘alaba golini urdi. Yevropa klublari darajasi o‘z so‘zini aytishda davom etadi.
Chexlar o‘yin davomida Kumikov davridagi «Andijon» uslubida standart vaziyatlar, Tsoufalning autdan uzatmalariga e’tibor qaratishdi. Lekin maydonda juda tez o‘ynagan koreyslar haqli g‘alabaga erishdi. O‘zi Koreyani Osiyoning eng zo‘rlaridan qilib turgan narsa ham ularning tezligi. Koreya yevropacha tempda o‘ynaydi, chunki tarkib deyarli to‘laligicha Yevropada o‘ynaydigan yigitlardan tashkil topgan.
Janubiy Koreya oxirgi mundiallarda Yevropa jamoalari uchun qo‘rqinchli raqibga aylanmoqda. 2018 yil koreyslar Germaniyani qanday yengganini eslasangiz kerak. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda ikkita gol urgan Koreya guruhda qolib ketgan, lekin amaldagi jahon chempioni Germaniyaga ham guruhdan chiqishga imkon bermay, o‘zi bilan birga musobaqadan olib chiqib ketgandi. Xuddi «Kalmar o‘yini» filmidagi ana ayol qahramondek.
2022 yil esa Koreya kimsan Ronaldusi bor Portugaliyani mag‘lub etgan, g‘alaba golini yana qo‘shimcha vaqtda urib, oxir-oqibat Urugvayni guruhda qoldirib ketgandi. Navbatdagi «qurbon» Chexiya. Qit’adoshimizning bu mundialdagi sayohati imkon qadar uzoq davom etishiga umid qilamiz.
Eron atrofida mojarolar
Bu mundialda muxlislar eng ko‘p qo‘llab-quvvatlaydigan jamoa Eron bo‘lsa kerak. Sababini bilasiz. Eron milliy jamoasi Osiyoning eng kuchli uch jamoasidan biri ekaniga shubha yo‘q. Lekin bu gal forslar mundialga juda katta qiyinchiliklar bilan yetib bordi. Avvalo ichki chempionat to‘xtab qolgani sabab jamoa asosi bo‘lgan mahalliy futbolchilar o‘yin amaliyotisiz qolib ketdi. Bundan tashqari, mamlakatdagi urush futbolchilar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Aytgancha, bu yil jahon chempionatlari tarixida ilk marta musobaqada urush holatidagi mamlakat jamoasi qatnashadi.
Eronliklar avvaliga AQShda joylashishi kerak edi, lekin siyosiy holat sabab Meksikadan qo‘nim topdi. Eronlik futbolchilarga Amerika vizasi berildi, lekin 13 nafar delegatsiya a’zosi Amerikaga qo‘yilmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, Amerika eronlik muxlislar uchun ajratilgan chiptalarni bekor qildi. Endi Eron milliy jamoasiga Amerikaga faqat o‘yin kuni borishga ruxsat beriladi va hakam o‘yin yakunlanishi haqida hushtakni chalishi bilan eronliklar Amerikani tark etish tadorigini ko‘rishi kerak bo‘ladi.
Eron milliy jamoasi futbolchilari Meksikaga Minobdagi maktabga Amerika hujumi qurbonlari xotirasi uchun 168 raqami yozilgan kostyumlarda borishdi. Hali eronliklar Amerikaga bormadi, forslar o‘ynaydigan kunlar Amerikada xavfsizlik choralari kuchaytirilishi, hali yana ko‘p mojaroli holatlar bo‘lishiga shubha yo‘q. Urush sabab butun dunyo aynan Eron ishtirokidagi o‘yinni diqqat bilan kuzatadi.
Aytgancha, Eron telekanallaridan birida eronlik futbolchilarning intervyusini ko‘rib qoldim. Ularning aytishicha, Meksikada kartel a’zolari ularning eronlik ekanini bilgach yaxshi munosabatda bo‘lgan.
Amerikaga kirish bilan bog‘liq muammo faqat futbolchilarda emas, FIFA o‘yinlar uchun tayinlagan hakamlarda ham kuzatilmoqda. Afrikaning eng yaxshi hakami bo‘lib turgan somalilik Umar Artanga Amerikaga kirishga ruxsat berishmagan. U Mayamiga uchib borgan, lekin amerikalik chegarachilar Umarni 11 soat davomida tintib Amerikaga kirishiga ruxsat bermagan. Keyin FIFA referesini izolyatorga joylashtirib, Turkiyaga uchirib yuborishgan.
Hakamni o‘z yurtida qahramondek kutib olishgan. Yevropa futbol ittifoqi UEFA bu hakamni qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos usulini topdi. Unga PSJ va «Aston Villa» o‘rtasidagi Yevropa superkubogi o‘yinini boshqarish ishonib topshirildi. Yevropa har doimgidek diplomatiya maydonida tengsiz ekanini navbatdagi marta isbotlab qo‘ydi…