Jamiyat
Rahbarlik lavozimlariga nomzodlar sun’iy intellekt orqali baholanishi mumkin
O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlariga tayinlanadigan nomzodlarni baholashning yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, nomzodlarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalari sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi maxsus elektron platforma orqali kompleks baholanadi.
Muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, Prezident, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan yoki kelishiladigan rahbarlik lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi qoshida tashkil etiladigan Rahbar kadrlarni baholash markazida shaxsiy-professional diagnostikadan o‘tkaziladi.
Loyihada baholash jarayonlari AssessPro elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilangan. Platforma davlat fuqarolik xizmatchilari kompetensiyalarini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida baholash imkonini beradi.
Nomzodlarni baholash bir nechta bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, umumiy bilim va intellekt darajasini aniqlash bo‘yicha testlar, davlat tilida savodxonlikni baholash uchun esse yozish, psixodiagnostik sinovlar, korrupsiyaga qarshi barqarorlikni aniqlash, kognitiv va neyro-kognitiv ko‘nikmalarni baholash, kompetensiyalar bo‘yicha intervyular, keys-stadi va amaliy topshiriqlar nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyihada nomzodlarni elektroensefalografiya (EEG) tekshiruvidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Ushbu usul bosh miya elektr faoliyatini tahlil qilish orqali insonning ayrim kognitiv xususiyatlarini baholash imkonini beradi.
Baholash yakunlari bo‘yicha nomzodlarga “tavsiya etiladi”, “shartli ravishda tavsiya etiladi” yoki “tavsiya etilmaydi” kabi xulosalar beriladi. Har bir ishtirokchi uchun shaxsiy portfolio shakllantirilib, u kadrlar bo‘yicha qaror qabul qilishda qo‘shimcha axborot manbai sifatida qo‘llaniladi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, rahbar kadrlarni baholash sohasida yagona markaz faoliyat yuritishi, baholash materiallari esa milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muntazam takomillashtirib borilishi rejalashtirilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonning 9 viloyatida sel-suv toshqini xavfi e’lon qilindi
«O‘zgidromet» 2–5 iyun kunlari respublika tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar kuzatilishi sabab sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Xavfli hududlar:
– Qashqadaryo
– Surxondaryo
– Samarqand
– Navoiy
– Jizzax
– Toshkent
– Namangan
– Farg‘ona
– Andijon viloyatlarining qator tumanlari.
Mutaxassislar ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, suv toshqini kuzatilishi mumkinligini bildirdi.
Tog‘li hududlarda harakatlanayotgan haydovchilar, dam oluvchilar va mahalliy aholidan ehtiyotkor bo‘lish, xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilish so‘ralmoqda.
Ayniqsa, soy va daryolarga yaqin hududlarda, tog‘ yo‘llarida va pastlik joylarda harakatlanishda ehtiyot choralarini kuchaytirish tavsiya etildi.
Jamiyat
Vazirlik va hokimliklar “yashil reyting” asosida baholanadi
O‘zbekistonda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ekologik samaradorligini baholash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, vazirlik va hokimliklar resurslardan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligi va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi mezonlar asosida maxsus “yashil reyting” orqali baholanadi.
Muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, reyting tizimi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan yuritiladi. Baholash natijalari har yili qo‘mitaning rasmiy veb-sayti hamda maxsus greencities.uz elektron platformasida e’lon qilib boriladi.
Loyihada davlat idoralarida “yashil ofis” tamoyillarini joriy etish, qog‘oz sarfini qisqartirish, elektron hujjat aylanmasini kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, chiqindilarni saralash va energiya hamda suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash kabi chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Shuningdek, ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etgan xodimlarni rag‘batlantirish, ekologik mezonlarni samaradorlik ko‘rsatkichlariga kiritish va har yillik “yashil hisobot” tayyorlash taklif etilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, davlat organlarining ekologik samaradorligi tabiiy resurslardan foydalanish, suv va energiya tejamkorligi, chiqindilarni boshqarish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, ekologik targ‘ibot va raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha baholanadi.
Reyting natijalariga ko‘ra tashkilotlar yuqori, o‘rtacha va past samaradorlik toifalariga ajratiladi.
Jamiyat
Shifokor tish uchun eng zararli mahsulotlarni sanab o‘tdi
Tinch okeani davlat tibbiyot universiteti stomatologiya institutining katta o‘qituvchisi Konstantin Loginov RIA «Novosti» agentligiga bergan intervyusida oddiy uglevodlarni o‘z ichiga olgan oziq-ovqatlar tishlar uchun eng zararli ekanligini aytdi.
«Sendvichlar, bulochkalar, shirinliklar va kekslar og‘iz bo‘shlig‘i faoliyatiga yomon ta’sir etadi. Yopishqoq, shirin ovqatlar esa asosan og‘iz bo‘shlig‘idagi patogenlar uchun oziq-ovqat vazifasini bajaradi», dedi u.
Shifokor bunday gazaklardan keyin og‘izni irrigator bilan tozalash yoki suv bilan chayishni tavsiya qildi. «Bu og‘iz bo‘shlig‘imizni himoya qilishning ideal usuli», deb xulosa qildi shifokor.
Avvalroq stomatolog Magomadi Magomed-Rasulovich Xalilbekov kundalik odatlar tish salomatligiga zararli bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Mutaxassis ovqatdan keyin og‘izdagi kislotalilik oshishini, bu esa tishlarning himoya qatlamini zaiflashtirishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqtda hatto oddiy harakatlar ham zararli bo‘lib qoladi.
Jamiyat
4 oyda soliq qoidabuzarliklari haqida xabar qilganlarga 12 mlrd so‘m mukofot berildi
2026-yilning yanvar–aprel oylarida «Soliq» mobil ilovasidagi «Soliq hamkor» tizimi orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar yuzasidan 43 799 ta murojaat kelib tushdi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi xarid cheklari berilmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Qayd etilishicha, jami murojaatlarning 35 839 tasi yoki 81,8 foizi xarid cheki bermaslik holatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 1 494 ta murojaat to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik, 90 tasi esa karta orqali to‘lov qilinganda xarid summasini sun’iy oshirish holatlari bo‘yicha yuborilgan. Qolgan 6 376 ta murojaat boshqa turdagi huquqbuzarliklar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Murojaatlar asosida 27 681 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida huquqbuzarlik holatlarining 99,4 foizi o‘z tasdig‘ini topgani nazorat mexanizmlarining yuqori samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Hisobot davrida fuqarolar tomonidan yuborilgan xabarlar asosida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun 18 524 ta holat bo‘yicha mukofot to‘langan. Umumiy mukofot mablag‘i qariyb 12 milliard so‘mni tashkil etgan.
Amaldagi tartibga muvofiq, huquqbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolarga undirilgan jarima mablag‘ining 20 foizi miqdorida rag‘batlantirish puli beriladi.
Mukofotlar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilgan. Poytaxtda 3 776 ta holat bo‘yicha 2,5 milliard so‘mdan ortiq mukofot to‘langan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati, Samarqand, Farg‘ona va Buxoro viloyatlari qayd etilgan.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning barchasi ko‘rib chiqilmagan. Jumladan, 12 021 ta murojaat takroriy bo‘lgani yoki shikoyat qilingan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotgani sababli qayta ishlanmagan.
Jamiyat
Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi
«Mening yoshim 19 da. Bir yigitni yoqtiraman, uning ham sevgisi kuchli. Lekin bu muhabbat bizga azob beryapti. Sababi, o‘rtamizdagi munosabatlarga ota-onam qarshi, ular meni o‘zimizga o‘xshagan obro‘li xonadonga uzatish niyatida, sevgimizga quloq solishmayapti. Meni esa yoqtirgan yigitim baxtli qilishiga ko‘zim yetadi. Qolaversa, o‘zim ham oddiy xonadonga kelin bo‘lmoqchiman. Halovatimni yo‘qotdim, biroq muhabbatimni deb ota-onamni ranjitish niyatim yo‘q. Qanday ish tutsam, ularni rozi qilishim mumkin?
S.»
Muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘ladi, degan naql bejiz emas. Ishq-muhabbat domiga tushib qolganlar qaltis xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Zero, hayotda sevgidan tashqari aql bilan ham ishlash kerak.
Savol bergan qiz bilan yigit hissiyotga o‘ta berilib ketgani bois bir-biriga ruhan o‘rganib qolishgan. Bu tuyg‘uni esa oddiygina bog‘lanish desak to‘g‘ri bo‘ladi. Haqiqiy sevgini his qilgan inson dard chekishi emas, balki quvonch, shodlik, baxtiyorlikni tuyib, jufti bilan bir-birini e’zozlab, bu tuyg‘ular unga hayotda yashashi uchun kuch bag‘ishlashi kerak. Shunchaki bog‘lanish oqibatida munosabat qurgan yoshlarda «biz sevgimizga erisha olmaymiz» degan dastur paydo bo‘ladi. Oqibatda g‘am-qayg‘u boshlanadi va bu yoshlar faqat o‘zlarini o‘ylashadi. Go‘yo faqat ularning aytgani, istagi bo‘lishi shart!
Savol bergan qiz yigitning o‘rtahol oilasini me’yoriy holat deb qabul qilyapti. Onasi uchun esa bu normal holat emas, u hayotda ma’naviy yetuklikka erishishni xohlaydi. Shu bois qarshilik ko‘rsatilyapti. Yoshlar ko‘pincha ota-onalari yoki yaqinlari monelik qilganida ularni to‘g‘ri tushunishmaydi. Vaholanki, kattalar sevib qolgan yoshlardan farqli ravishda aqlni ham ishga soladilar. Ota-onani rozi qilmasdan, sevgiga erishib bo‘lmaydi!
Bu qizga maslahatim: hislaringiz haqiqiy ekanligiga aniqlik kiritish uchun ikki yil sabr qiling. Agar shu muddat sinovidan o‘tsangiz, istaganingizga erishasiz. Biror sabab bo‘lib, yigit bilan munosabatingizga putur yetsa, demak, orangizda shunchaki havas bo‘lgan, xolos. Siz noto‘g‘ri xatti-harakatlaringiz bilan, avvalo, onangizning oldida ishonchingizni yo‘qotmang. Agar hozir volidangizga qarshilik ko‘rsatib, o‘sha yigit bilan ko‘rishadigan bo‘lsangiz, yon-atrofdagi insonlar oldida ham obro‘yingiz to‘kiladi. Qachonki onangiz bilan munosabatlaringizni tiklasangiz, ana shunda istagan muhabbatingizga erishasiz.
Ayni damda onangiz xavotirda, u sizning kelajagingizni o‘ylab bugungi xatolaringizdan tashvishlanyapti. Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi. 19 yosh turmush qurish uchun bir oz ertalik qiladi, sinov uchun berilgan ikki yillik vaqt esa hammasini joy-joyiga qo‘yadi. Sevish kerak, muhabbat bo‘lishi zarur, lekin inson o‘z hurmatini yo‘qotmasin.
Aksariyat yoshlar «odamlarning gapiga parvo qilmayman», deb o‘z gapidan qolmaydi, qaltis xatolarga yo‘l qo‘yadi. Eng yomoni, bu xato insonga umrining oxirigacha tinchlik bermaydi. Qiz bola nafisligi, beg‘uborligi, bokiraligiga dog‘ tushirmasligi shart. Baxtli bo‘lish uchun esa havasdan tashqari, ongli ravishda qadam tashlashni ham bilish kerak.
Baxtiniso Azimboyeva,
shifokor-ruhshunos.
-
Iqtisodiyot5 days ago1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
-
Sport5 days agoForbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago1,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi va keskin oshayotgan go‘sht importi
-
Sport4 days ago
Polshada eng ko‘p gol urgan jamoa quyi ligaga tushib ketdi
-
Jamiyat5 days agoBuxoroda YTH sodir qilgan haydovchi 10 sutkaga qamaldi
-
Iqtisodiyot4 days agoBirjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
-
Jamiyat5 days ago
Prezident «Toshkent-Samarqand» muqobil avtomobil yo‘li loyihasi bilan tanishdi
-
Jamiyat5 days agoIchki ishlar vazirligi mahkumlarni ko‘chirish tartibini o‘zgartirmoqchi
