Iqtisodiyot
“Quyoshli xonadon” dasturi inqirozdami?
Uyiga quyosh panellari o‘rnatib, iste’molidan ortgan elektr energiyasini tarmoqqa sotayotgan fuqarolarga subsidiya to‘lash hech qanaqa izohsiz to‘xtab qoldi. Hukumat sukut saqlashni afzal bilayotgani, parlamentdan ham tayinli harakatlar bo‘lmayotgani – investorlar ishonchiga putur yetkazyapti. Kun.uz mavzuni iqtisodchi Otabek Bakirov bilan muhokama qildi.
— Bu subsidiya fuqarolarga qay tartibda to‘lanib kelingan edi?
— Avvalo, shuni aytish kerakki, bu dastur 2023 yilda og‘ir qishdan chiqqanimizdan keyin mamlakatning muqobil energiya imkoniyatlari cheklangani sababli yo‘lga qo‘yilgan edi. Eslasangiz, o‘sha yilning fevral–mart oylarida energetika sohasi bo‘yicha bir nechta qarorlar qabul qilingan. “Quyoshli xonadon” dasturi ham aynan shu qarorlarning uzviy qismi hisoblanadi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rag‘batlantirish faqat jismoniy shaxslar yoki xonadonlar uchun emas, balki ijtimoiy obektlar, tadbirkorlik sub’yektlari, hududlar va tarmoqlar kesimida ham rejalashtirilgan edi.
Agar xotiram aldamasa, dastlabki rejaga ko‘ra, 2023 yilning o‘zida 37 mingga yaqin xonadonga quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish belgilangan edi. Bugungi kun nuqtayi nazaridan bu katta raqam emasdek tuyulishi mumkin, ammo o‘sha payt uchun 37 ming juda katta ko‘rsatkich edi. Chunki o‘sha vaqtda quyosh panellarining narxi ancha yuqori bo‘lgan. Keyingi yillarda esa ularning narxi yil sayin pasayib bormoqda. Shuningdek, o‘rnatish infratuzilmasi bilan bog‘liq ko‘plab muammolar ham mavjud edi.
O‘shanda odamlar duch kelgan asosiy muammolardan biri – majburlash bilan bog‘liq edi. Hozir ko‘pchilik subsidiyasini ololmayotganidan shikoyat qilyapti. Ammo uch yil avval ular boshqa muammoga – quyosh panellarini majburiy o‘rnatishga duch kelgan edi.
Bu, birinchi navbatda, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mahalla raislari, maktab direktorlari va bog‘cha mudirlari kabi kasb egalariga taalluqli edi. Ko‘pchilik panellarni ma’muriy yo‘l bilan tarqatilgan kreditlar hisobidan o‘rnatgan.
— O‘sha paytdagi normativ-huquqiy hujjatga ko‘ra, quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatganlarga o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlab chiqarilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun ming so‘mdan subsidiya to‘lanishi belgilangan edi. Bu mablag‘ davlat budjeti hisobidan ajratilishi kerak edi. Subsidiya mexanizmi qanday ishlagan?
— Aslida bu yerda ikki yoki uch bosqichli moliyalashtirish bo‘lmasligi uchun bir marta to‘lov qilish mexanizmi tanlangan. Masalan, bir kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi 600 so‘m bo‘lsa, davlat quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘m to‘lagan.
Lekin dastur boshidanoq shoshmashosharlik bilan ishlab chiqilgan: to‘lovlarni budjet mablag‘lariga bog‘lash unchalik to‘g‘ri qaror bo‘lmagan. Menimcha, elektr energiyasini kim qabul qilib, keyin iste’molchilarga sotayotgan bo‘lsa, aynan o‘sha sub’yekt orqali hisob-kitob qilish mexanizmi yaratilishi kerak edi.
— Subsidiyalarning o‘z vaqtida to‘lanmayotgani oddiy texnik uzilishmi yoki bu holat fiskal va energetika siyosati bilan bog‘liqmi?
— Bu haqda, avvalo, Energetika vazirligi yoki Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillarining fikrini eshitishni istardim. Chunki biz qanchalik taxmin bildirmaylik, bu baribir xususiy qarash bo‘lib qoladi.
Lekin men tushunmayotgan bir jihat bor. 2023 yilda budjet bilan bog‘liq muammolar mavjud edi. Buni hamma bilardi. Hatto oyliklar va pensiyalarni to‘lashda ham kechikishlar kuzatilgan. Biroq 2024 yildan keyin makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlandi, budjet intizomi kuchaytirildi, taqchillik cheklandi. Fiskal cheklovlar natijasida 2025 yilga kelib budjet ancha barqarorlashdi.
Shunday sharoitda ham subsidiyalarning kechikishi meni hayron qoldirmoqda. Agar bu muammo 2023 yoki 2024 yillarda kuzatilganida, men buni to‘g‘ridan to‘g‘ri budjetdagi qiyinchiliklar bilan izohlagan bo‘lardim. Chunki o‘sha paytda davlat daromadlarini shakllantirishda haqiqatan ham muammolar bor edi. Hozir esa vaziyat boshqacha. Iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atlarda davom etyapti, budjet daromadlari reja asosida bajarilmoqda.
Bu yil “Quyoshli xonadon” dasturi uchun 100 milliard so‘m ajratilgan. Lekin oyma-oy qancha elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olingani, hududlar kesimida qancha subsidiya to‘langani haqida ochiq hisobotlarni ko‘rmayapmiz. Axborot bo‘lmaganidan keyin, iste’molchi ham muammoning asl sababini tushuna olmaydi.
— 2026 yilgi davlat budjetida “Quyoshli xonadon” dasturida doirasida jismoniy shaxslarga subsidiya to‘lash uchun 100 mlrd so‘m ajratilgan. Vaholanki, yilning birinchi choragidayoq 73,9 mlrd so‘mlik subsidiya to‘lab bo‘lingan. Nima deb o‘ylaysiz, balki xarajatlar noto‘g‘ri prognoz qilingan, rejalashtirishda xatolik bo‘lganmi?
— Bunday gumonlar ham yo‘q emas. Ha, shunday ehtimol haqida o‘ylashga asos bor. Lekin buning o‘zi alohida savolni keltirib chiqaradi: dastur boshlanganida u qanchalik iqtisodiy jihatdan asoslangan edi?
Bizdagi eng katta muammolardan biri shuki, biror qaror yoki loyiha ilgari surilganda, uni taklif qilayotgan idoralar ko‘pincha uning o‘rta va uzoq muddatli oqibatlarini yetarlicha hisobga olmaydi. Masalan, ertaga bu qarordan orqaga qaytishga to‘g‘ri kelsa, nima bo‘ladi? Yoki moliyaviy imkoniyatlar yetarli bo‘lmay qolsa-chi? Yoxud “Quyoshli xonadon” dasturi ishtirokchilari soni 200 ming yoki 250 mingtaga yetsa, davlat budjeti bu yuklamani ko‘tara oladimi?
Ana shu savollarga dastur qabul qilinishi oldidan javob topilishi kerak edi.
— Ideal mexanizm qanday bo‘lishi kerak edi?
— Mening nazarimda, elektr energiyasini sotib olish mexanizmi bozor tamoyillari asosida qurilishi lozim edi.
Bugun issiqlik elektr stansiyalaridan elektr energiyasi taxminan 550–600 so‘m atrofida sotib olinadi. Keyin uni uzatish xarajatlari, tarmoqdagi yo‘qotishlar, chakana sotuvchining operatsion va ma’muriy xarajatlari qo‘shiladi. Shuning uchun yakuniy iste’molchiga elektr energiyasi 650 so‘mdan 1100 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotiladi.
Iste’molchilar ham turli toifalarga ajratilgan: birinchi toifa, ikkinchi toifa va jismoniy shaxslar. Shuning uchun hisob-kitob ham aynan hududiy elektr tarmoqlari bilan amalga oshirilishi kerak edi.
Chunki elektr energiyasi kimning tarmog‘iga uzatilayotgan bo‘lsa, o‘sha tashkilot uni keyin boshqa iste’molchiga sotadi. Masalan, Ali o‘z ishlab chiqargan elektr energiyasini tarmoqqa uzatadi, hududiy elektr tarmoqlari esa uni Valiga yoki boshqa yuridik shaxsga sotadi.
Shu sababli avvalboshdan taklif qilingan subsidiya mexanizmi to‘g‘ri emas edi. Umuman olganda, bu yerda subsidiyaning o‘zi iqtisodiy jihatdan qay darajada to‘g‘ri ekani ham bahsli masala.
Hozir meni eshitayotgan, “Quyoshli xonadon” dasturiga kirib, kredit olib, panel o‘rnatgan odamlar mendan xafa bo‘lishi ham mumkin, lekin haqiqat shuki, dastlabki mexanizmning o‘zi noto‘g‘ri qurilgan edi. Eng achinarlisi, o‘sha paytda bu haqda ochiq gapiradiganlar bo‘lmadi. Hech kim “majburlash noto‘g‘ri”, “majburiy kredit berish noto‘g‘ri” demadi.
Rag‘batlantirish tizimi boshidanoq bozor tamoyillari asosida qurilishi kerak edi. Imtiyoz bilan subsidiyani aralashtirmaslik lozim edi. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar ham gilos yoki tarvuz yetishtirib sotgan tadbirkor kabi bozor munosabatlarida ishtirok etishi kerak edi.
Ochiq bozor bo‘lishi lozim edi. “Quyoshli xonadon” ishtirokchilari elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlariga sotishi, to‘lov esa har oy yakuniga ko‘ra to‘g‘ridan to‘g‘ri shu tashkilot tomonidan amalga oshirilishi kerak edi. Bu budjetga ortiqcha yuk tushirmas edi.
Chunki budjetning vazifasi elektr energiyasi sotib olish emas. Budjet, avvalo, pensionerlarga pensiya to‘lash, o‘qituvchilarga oylik berish, maktab, shifoxona va poliklinikalar qurish uchun xizmat qilishi kerak.
Biz esa ko‘p hollarda vazifalarni aralashtirib yubordik. Bu faqat ushbu subsidiyaga emas, boshqa qator subsidiyalarga ham tegishli. Ularning ayrimlari mazmunan o‘zini oqlamaydi va bozorda noto‘g‘ri rag‘batlar yaratadi.
Suhbatni to‘liq shaklda video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
