Dunyodan
Qozog‘iston mintaqada sun’iy yomg‘ir texnologiyasini joriy etgan birinchi davlatdir
Qozog‘istonning Turkiston shahrida yog‘ingarchilikni sun’iy ravishda oshirish loyihasi ishga tushirildi. Mahalliy matbuotning yozishicha, Qozog‘iston mintaqada sun’iy yomg‘ir texnologiyasini tijoratlashtirgan birinchi davlatga aylandi.
Loyihaning ochilish marosimida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev, BMT Jahon meteorologiya tashkiloti prezidenti va BAA Milliy meteorologiya markazi direktori Abdulla Ahmad Almandus, BAAning Qozog‘istondagi elchisi Muhammad Said Muhammad Al-Alikiy va Turkiston gubernatori Nurarxon Kusherov ishtirok etdi.
Bu texnologiya Turkiston viloyatidagi 911 ming gektardan ortiq ekin maydonlariga qurg‘oqchilik va suv tanqisligi ta’sirini kamaytirishga yordam beradi.
Loyiha ob-havoni o‘zgartirish va sun’iy yog‘ingarchilikni oshirish texnologiyalari sohasida ko‘p yillik tajribaga ega BAA Milliy meteorologiya markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
“Qozogʻiston iqlimni barqarorlashtirishning yangi tizimini shakllantirish boʻyicha amaliy qadamlar tashlamoqda. Mintaqada birinchi marta yogʻingarchilikni sunʼiy ravishda oshirish texnologiyalari sohasida bunday keng koʻlamli loyiha yoʻlga qoʻyiladi. Biz uchun bu ilm-fan, xalqaro hamkorlik va raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy iqlim infratuzilmasini yaratish debochasidir”, dedi Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Jaslan Madyev.
Xalqaro tahlillarga ko’ra, sun’iy yomg’ir texnikasi yog’ingarchilikni 10-20% ga oshirishi mumkin. Ushbu texnologiyalar Xitoy, AQSh, BAA, Frantsiya va Saudiya Arabistonida qo’llaniladi.
Ushbu texnologiya mahalliy ta’sirga ega, uning radiusi 5 kilometrdan oshmaydi va keng ko’lamli ob-havo hodisalarini keltirib chiqarmaydi. Buning uchun xalqaro amaliyotda yog’ingarchilikni sun’iy ravishda oshirish texnikasida qo’llaniladigan sho’r reagent qo’llaniladi.
Ushbu yangi loyiha qishloq xo‘jaligi hududlarini suv bilan ta’minlash samaradorligini oshirish, qurg‘oqchilikdan zararni kamaytirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Yillik iqtisodiy samara 35 milliard tengega baholanmoqda.