Jamiyat

 “Meni zapretdan chiqaringlar, ijod qilmoqchiman, deya olmadim”

Published

on


O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov Kun.uz’ga bergan intervyusida ijodiy faoliyatidagi eng og‘ir davrlar, “zapret” yillari, davlat rahbari hamda birinchi xonim bilan bog‘liq xotiralari, otasi Karim Zokiriy o‘g‘lining ijodiga bergan bahosi va oilasi haqida samimiy gapirdi. Xonanda ayrim paytlar tug‘ilgan kunini “yig‘lab-yig‘lab” o‘tkazganini, biroq xalq mehri uni yana sahnaga qaytarganini aytadi.

“Bu ham sinov ekan. Elakdan o‘tganlar san’atda sheryurak bo‘ladi”

Farrux Zokirov ijodkor uchun taqiq — xalq tilidagi “zapret” qanchalik og‘riqli ekanini eslar ekan, shunday dedi: Endi buni ham ko‘rish kerak ekan. Tatib ko‘rish kerak, his qilish kerak. Bu ham sinov. Shunaqangi she’r yozib berdilar Mahmud Toir, “Yalla”ga bag‘ishlov sifatida. Qarang, to‘rt qatorning o‘zida bitta afsona:

Ellik besh yil elak bo‘ldi,

Ellik besh ming tilak bo‘ldi.

Bu elakdan o‘ta olganlar

San’atda sheryurak bo‘ldi.

“Men vazirlikdan ketib, xalqim va ijodimga qaytishni so‘radim”

“O‘sha paytda sizning hamkasblaringiz bilan muloqot bo‘lganmi? Hol-ahvol so‘rashdimi sizdan? Yoki siz ular bilan yig‘ilib, “meni taqiqdan olinglar, men ijod qilmoqchiman, menga erkinlik kerak”, deya olganmisiz, Farrux aka?” – degan savolga quyidagicha javob qaytardi suhbatdoshimiz.

Yo‘q. Bir shunaqa bo‘lgan, mana, vazirlikda ishladik. Ozgina bo‘lsa ham vazir ham bo‘ldik. Men o‘ylagan edimki, o‘sha paytda mening foydam tegarmikan, men teatrda o‘sganman, san’at olamida o‘sganman. Endi o‘sha paytlarda yo‘q, bu narsa kerak emas ekan. Bu haligi tizim, ertalab rahbariyatdan keladigan qog‘oz, kun bo‘yi o‘sha bilan ovoragarchilik. Endi to‘g‘ri tushuning. Madaniyat bilan sportni birlashtirishdi. Orada bo‘ldi. Esingizda bormi? Mana shu fursatdan foydalanib men aytdimki: “iltimos, keling, men xalqimga, ijodimga qaytay”. Ismlarini aytmay, yaxshi ham yaxshilik bilan men shu yerdan ketdim men, vazirlikdan. Men aytdimki: “Iltimos, men sahnada ko‘proq foyda keltiraman”. Nima deydi, u joydan ketishning o‘zi ham bo‘lmaydi endi, bilasiz-u, bunaqa protokollar. O‘shanda boshdan o‘tkazdik. Bu ham kerak, bu ham, haligi aytganimdek, bu hammasi sinov. Bu haligi aytganimdek elak. Bu elakdan o‘tdik.

“Prezidentimiz san’atimizning muxlisi. Bunga milliardlar ham yetmaydi”

Qahramonimiz suhbat davomida davlat rahbari bilan bog‘liq xotiralarni his-hayajon bilan esladi. Farrux Zokirovning aytishicha, davlat rahbari bilan munosabatlari uzoq yillardan beri davom etadi. Ayniqsa, 70 yillik yubileyidagi tashrifni xonanda katta hayajon bilan esladi. Uning aytishicha, dastlab yarim soatga rejalashtirilgan uchrashuv bir yarim soat davom etgan. “Prezidentimiz bizning san’atimizning muxlisi. Bunga nima yetsin? Buni milliardlarga ham sotib olib bo‘lmaydi”, – dedi san’atkor. Xonanda ayrim qiyin davrlarda aynan shunday e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uni ruhlantirganini ta’kidladi.

“Baxt bor edi, lekin yig‘lab nishonlagan kunlar ham bo‘lgan”

Farrux Zokirov davlat rahbari tilga olgan og‘ir davrlarni ham esladi.

Uning aytishicha, hayot doimo “silliq” bo‘lmagan. Ba’zi tug‘ilgan kunlar quvonch bilan emas, ichki og‘riqlar bilan o‘tgan. Shunga qaramay, san’atkor bunday sinovlarni hayot maktabi deb bilishini aytdi. “Xalq nazari boshqa narsa. Demak, qilgan xizmatlarimiz bekor ketmagan”, – dedi u.

“Birinchi xonimdagi nafosat o‘zbek ayolining timsoli”

Muxlislaringiz orasida birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva ham bor ekanlar. Ya’ni ular ham sizning qo‘shiqlaringizni maroq bilan eshitarkanlar. Birinchi xonim haqida ham bir fikrlaringiz bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi.

Kelinoyimiz. Endi, avvalambor, sir bo‘lmasa kerak, men shunday baxtga ega bo‘lganmanki, muloqotda bo‘lish, bunaqangi oliyjanoblik… Qarang, men o‘sha qo‘shiqlarimda ifodalashga harakat qilaman, bizning o‘zbek ayollarining bir eng go‘zallik tomonlari mana kelinoyimizda bor.

Nafozat, go‘zallik, odob. Shu o‘zlarining shunday bir qarab turishlarida qanaqangi mehr bor, qandaydir go‘zallik bor. Shuning uchun hali aytyabman-u, men butun dunyo bo‘ylab yuraman, bizning o‘zbek ayoli, ayniqsa men bir narsani yana o‘shanga urg‘u beramanki, farqi yo‘q, o‘zbekmi, armanmi, rusmi, qirg‘izmi, o‘zbekistonlik ayollar bir boshqacha-da.

“Otam tanqid qilmaganining o‘zi katta baho edi”

Farrux Zokirov otasi Karim Zokirov bilan bog‘liq xotiralarni ham esladi.

Uning aytishicha, otasi qo‘shiqlarni ko‘p maqtamagan, lekin tanqid qilmasligining o‘zi katta e’tirof hisoblangan. Ayniqsa, “G‘ayra-g‘ayra” qo‘shig‘idan keyingi “Yomon emas, yaxshi, o‘g‘lim” degan gap xonanda uchun unutilmas baho bo‘lib qolgan. “Yalla” diniy qo‘shiq deb tanqid qilingan paytlar ham bo‘lgan”

San’atkor sovet davridagi bosimlarni ham esladi.

Uning aytishicha, 1985-yillarda markaziy matbuotda “Yalla” ansambli diniy yo‘nalishga yaqinlikda ayblangan. Biroq keyinchalik tarixchilar va musiqashunoslar “Yalla” nomining ildizi xalq og‘zaki ijodi va “Yo Alloh” iboralari bilan bog‘liq ekanini aytgan. “Demak, buning tarixiy asosi bor ekan”, – dedi Farrux Zokirov.

“Seni tashlab ketganim yolg‘on, o‘g‘lim”

Intervyumizning eng ta’sirli qismlaridan biri “O‘g‘lim” qo‘shig‘i haqida bo‘ldi. Farrux Zokirovning aytishicha, bu qo‘shiqning yaratilishida marhum Muhammad Yusufning hissasi katta bo‘lgan.

Alloh rahmat etsin, Muhammad Yusufning oldiga borganmiz, uchrashib, keyin men aytdimki, bir fikr bor, mana, suhbatlashsak, maslahatlashsak, shu “Erkak allasi” bo‘larmikin? Shuni chiqarsa bo‘larmikin? Bir mahalda o‘zgarib qoldi Muhammad Yusuf, Alloh rahmat etsin. Qizardi-da, “Farrux aka, uzr, hozir kelaman”, deb chiqib ketdi. Bir o‘n minutcha yo‘q. Keyin kirib, qaytib kirib keldi-da, ko‘zlari qizarib ketgan. “Eh, Farrux aka, mening boshimdan o‘tgan narsa”. Endi birinchi oila bo‘lmasdan anaqa, bunaqa-bunaqa bo‘lgan deb, menga she’r berganlar o‘sha kuni. Qalbimning shunaqangi nozik joyiga tegdi. Keyin o‘sha she’rni menga berganlar.

O‘ksimagin, jon o‘g‘lim, arslon o‘g‘lim.

Seni tashlab ketganim yolg‘on, o‘g‘lim”.

“Jamshid ukamni hammadan ko‘p maqtashardi”

Mendan keyingi ukam rahmatli Jamshid. Ajoyib inson: kamtarin, shunaqangi mehribon, hali aytishadi-yu, “qo‘yning og‘zidan cho‘p olmaydigan” insonlardan biri Jamshid ukam, deya O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kino va teatr aktyori rahmatli Jamshid Zokirov haqida esladi.

Qayerga bormaylik, mana, qarindoshlarga, Qo‘qongami, u-bu yerlarga borganimizda, “Karim aka, Jamshid o‘g‘lingiz boshqacha-da”, deyishardi. Yuvosh bo‘lgan, mehribon bo‘lgan, sal dadamga ham ko‘proq o‘xshab ketardi. Men, masalan, oyimga ko‘proq o‘xshayman. Shu men uchun haligi rashk emas, men ham shu harakat qilardimki, menga ham shunaqa deyishsa. Endi boshqacha hazil ham qilishardi. Masalan, endi bir tasavvur qiling, buyuk Halima Nosirova, buyuk Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva… Endi dadam bilan ular aka-ukaday, opa-singilday, mana shunaqa. Juda ham bularning munosabatiga, bularning muomalasiga havas qiladigan, bu ham bir maktab edi. Masalan, men endi kichkinaman, “Karim aka, buningiz boshqacharoq-a, sarig‘roq-a?” deb. Endi hazil, o‘shaning orasida balkim duolar bo‘lganmi… Endi aytyabman-ku, shunaqangi buyuk insonlarning duosini, suhbatini, maslahatini olganmiz.

“San’atdagi eng katta mukofot — xalqning muhabbati”

Intervyu davomida Farrux Zokirov bir necha bor xalq mehrini eng katta boylik deb ta’kidladi. San’atkorning aytishicha, mukofotlar, unvonlar yoki mansablardan ham muhimrog‘i — xalqning qalbidan joy olishdir. “Buni hech qanday boylik bilan sotib olib bo‘lmaydi”, – dedi u.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version