Jamiyat
«Aviasozlar» bozori buziladimi? Poytaxt hokimligi bayonoti
Tarmoqda «Aviasozlar» bozori buzilishi haqida xabar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi mazkur masala yuzasidan bayonot berdi.
Aytilishicha, xalq tilida Kadishev bozori deb nomlanuvchi «Aviasozlar» bozorining, shuningdek, savdo rastalari va do‘konlarining buzilishi haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Bozor odatdagi tartibda ishlamoqda. Olib borilayotgan ishlar qonuniy asosda faoliyat yuritayotgan savdo rastalari va obyektlariga daxl qilmaydi. Gap uzoq vaqt davomida tartibsiz, o‘zboshimchalik bilan tashkil etilgan savdo mavjud bo‘lgan bozorga tutash hududda tartib o‘rnatish haqida ketmoqda, deyiladi hokimlik xabarida.
Ushbu hududda ayrim fuqarolar meva, sabzavotlar, go‘sht mahsulotlari va kalla-pochalarni ruxsat beruvchi hujjatlarsiz, jumladan, sanitariya-epidemiologiya talablarini buzgan holda sotgan. Zarur sanitariya sharoitlari va mahsulot sifati nazoratining yo‘qligi oziq-ovqat xavfsizligi uchun xavf tug‘dirardi.
Bundan tashqari, tartibsiz savdo piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilar, transport harakatiga xalaqit berar, tirbandliklar, odamlarning to‘planishi, tartibsiz avtoturargohlar va aholi, xaridorlar hamda bozorga tashrif buyuruvchilar uchun noqulayliklar tug‘dirardi.
Ushbu hududda savdo qilgan shaxslarga bozor hududidan muqobil, maxsus ajratilgan va qonuniy joylar taklif etilmoqda. Bu joylar tadbirkorlar uchun ham, xaridorlar uchun ham yanada tartibli va qulay sharoitlarni nazarda tutadi.
«Ushbu hududda ishlar yakunlangach, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, avtomobillar uchun turargoh tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tartibsiz avtoturargohlarni kamaytirish, hududga kirishni optimallashtirish va xavfsiz qilish, shaxsiy transportda harakatlanish uchun qulayroq sharoitlar yaratish hamda yaqin atrofdagi ko‘chalardagi yuklamani kamaytirish imkonini beradi», deyiladi xabarda.