Jamiyat
Qo‘qonda ko‘p qavatli uyda yong‘in: bir kishi vafot etdi
Qo‘qon shahrida ko‘p qavatli uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi ortidan yong‘in kelib chiqdi. Hodisa oqibatida to‘rt nafar fuqaro kuyish jarohati olgan, ulardan biri shifoxonada vafot etgan.
16 fevral kuni soat 21:18 da Qo‘qon shahri Muqimiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy yonayotgani haqida «112» tizimi orqali Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 21:23 da yetib borgan. Yong‘in 21:25 da o‘rab olingan va 21:32 da to‘liq o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in gaz va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan. Natijada 28-uyda taxminan 50 kv m maydonda tom va shift qismi, shuningdek uy jihozlari yonib ketgan.
Chaqnash oqibatida 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish tan jarohati olib, shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, ulardan 1 nafari vafot etgan.
Hozirda hodisaning sabablari aniqlanmoqda.