Jamiyat
Qo‘qonda 19 yoshli qiz qotillikka qo‘l urdi
Qotillikka o‘zaro nizo sabab bo‘lgan: 2007 yilda tug‘ilgan qiz yarim tunda yangasiga bir necha bor pichoq urib, uni o‘ldirgan.
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida qotillik jinoyati sodir etgan 19 yoshli qiz jinoiy jazoga tortildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, 2007 yilda tug‘ilgan J.U. yangasi O‘.U. bilan avvaldan nizolashib kelgan. U 2025 yil 3 dekabr kuni soat 3:00 larda o‘ch olish maqsadida oshxona pichog‘i bilan yangasining orqa ko‘krak qafasi, yelka va qo‘l sohalariga bir necha marta zarba bergan. Og‘ir tan jarohati olgan O‘.U. vafot etgan.
J.U. 2025 yil 4 dekabrda protsessual tartibda ushlangan. Shu kuni unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Qiz sudda aybiga iqror bo‘lib, pushaymonlik bildirgan. Uning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalari hamda boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
JIB Qo‘qon shahar sudining 2026 yil 16 apreldagi hukmi bilan J.U. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Jamiyat
Vladivostokda og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oila vatanga qaytarildi
Rossiyaning Vladivostok shahrida mablag‘siz va boshpanasiz og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayol hamda uning voyaga yetmagan farzandi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi. Oilaning yo‘l xarajatlari Migratsiya agentligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplandi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, Vladivostok shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga ushbu hududda vaqtincha yashab kelayotgan vatandosh M.R. murojaat qilib, 2023 yilda tug‘ilgan farzandi bilan birga og‘ir ijtimoiy va moliyaviy ahvolga tushib qolganini ma’lum qilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro 2025 yilda turmush o‘rtog‘ining yoniga Rossiyaning Primore o‘lkasiga kelgan. Biroq joriy yil iyun oyida uning turmush o‘rtog‘i noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlanib, sud qarori asosida O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Shundan so‘ng, oila boshlig‘isiz qolgan ayolning topayotgan daromadi ijara uyi, oziq-ovqat va yosh farzandining kundalik ehtiyojlarini qoplashga yetmay qolgan. Natijada oila og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan.
Vaziyatni o‘rgangan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari tezkor choralar ko‘rdi. Migratsiya agentligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ona va farzandi uchun «Vladivostok–Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha bepul aviachiptalar rasmiylashtirildi.
Shundan so‘ng, vatandoshlar Bosh konsulxona xodimlari kuzatuvida Vladivostok xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga sog‘-omon jo‘natildi.
Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi diplomatik vakolatxonalar xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy, tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini izchil davom ettirayotganini ta’kidladi.
Jamiyat
9 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘gay ota 14 yil 5 oyga qamaldi
Kun.uz 9 yoshli qiz yillar davomida o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqida material e’lon qilgan edi. Jabrlanuvchining onasi tahririyatga murojaatida qiziga tergovda bosim bo‘lgani, «ukalaring ko‘chada qoladi» degan gaplar bilan qo‘rqitilganini aytgan. O‘gay ota «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan paytda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida ishlagan A.A. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari hamda 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 14 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, mahkum davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchining onasi qizi nafaqat yillar davomida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini, balki tergov jarayonida ham unga ruhiy bosim o‘tkazilganini iddao qilgan edi. Tergovda qizaloqqa «ukalaring ko‘chada qoladi» degan mazmunda gaplar aytilgan. Ona bu holat bolaning ruhiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan va ish yuzasidan xolis tergov o‘tkazilishini so‘ragan edi.
Ishning jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan jihatlardan biri – sudlangan shaxs «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida faoliyat yuritgan. «Inson» markazlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.
Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Jamiyat
Ayrim harbiylar uchun ijara puli 25 foizga oshadi
Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Bu o‘zgarish Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 7 iyuldagi 369-son qarori bilan 2005 yil 25 iyulda qabul qilingan 169-sonli qarorga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga muvofiq, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun davlat tomonidan to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga ko‘paytiriladi.
Mazkur qaror harbiy xizmatchilarning uy-joy bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda xizmat o‘tayotgan hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.
Hukumat qarorida belgilangan o‘zgarishlar Toshkent va Samarqand shaharlarida uy-joy ijarasi narxlari yuqoriligi hisobga olingan holda qabul qilingan bo‘lib, kompensatsiya miqdorining oshirilishi harbiy xizmatchilarning ijara xarajatlarini yengillashtirishi kutilmoqda.
Jamiyat
Yevropa va Markaziy Osiyoda jazirama issiqning yangi to‘lqinlari kutilmoqda
Yaqinda Yevropani qamrab olgan rekord darajadagi issiqdan so‘ng, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yozning eng xavfli kunlari hali oldinda bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Bu hafta Portugaliya va Ispaniya janubida harorat 43 darajaga yetishi kutilmoqda. Fransiya va Benilyuks mamlakatlarida yangi issiqlik to‘lqini kutilmoqda, Markaziy Osiyoning bir qator hududlarida esa termometrlar 40 darajadan yuqoriga ko‘tarilmoqda, deb xabar berdi JSST.
Shu munosabat bilan JSST Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge mamlakatlar, shuningdek, Yevropa komissiyasi va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar haddan tashqari issiqlikni shunchaki ob-havo hodisasi emas, balki jamoat salomatligiga jiddiy tahdid sifatida ko‘rmoqda.
JSST ta’kidlashicha, haddan tashqari issiqlikka qarshi milliy harakatlar rejalari allaqachon mavjud bo‘lgan mamlakatlar zarur xizmatlarni tezroq tashkil etish va aholini yaxshiroq himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shunday qilib, Italiyaning 45 ta shahrida o‘limni kuzatish tizimi mavjud bo‘lib, u deyarli real vaqt rejimida jazirama oqibatlarini baholash imkonini beradi. Ispaniyada hokimiyat ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholini sog‘liq uchun xavf-xatarlar haqida xabardor qilish tizimini takomillashtirmoqda. Avstriya milliy harakatlar rejasini yangiladi va ishchilarni issiqdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni joriy etdi, Fransiyada esa idoralararo muvofiqlashtirish sog‘liqni saqlash tizimiga yuklamani kamaytirishga imkon berdi. Shimoliy Makedoniyada Qizil Xoch bilan birgalikda doimiy uy-joyi bo‘lmagan odamlarga yordam ko‘rsatilmoqda.
«Bu misollar muhim, chunki bu tajribani takrorlash mumkin. Kerakli vositalar mavjud. Dalillar bazasi ishonchli. Rejalar inqirozdan oldin ishlab chiqilgan va tekshirilganda, ular odamlarning hayotini saqlab qoladi», deb ta’kidladi Klyuge.
Shu bilan birga, JSST Yevropa va Markaziy Osiyoning 53 davlatidan iborat tashkilotning Yevropa mintaqasidagi davlatlarning yarmidan kamrog‘ida haddan tashqari issiqlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy rejalar mavjudligini ta’kidlaydi.
Ko‘pgina mamlakatlarda odamlar hali ham xavf ostida ekanligini anglamaydi. Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, sovutiladigan markazlarning, ayniqsa uysizlar uchun markazlarning yetishmasligi, tibbiyot muassasalarining iqlim o‘zgarishi oqibatlariga chidamliligini oshirish va rasmiy xabardor qilish tartib-qoidalarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ayniqsa, ijtimoiy muassasalarda yashayotgan insonlar, boshpanasiz shaxslar va yolg‘iz keksalar har doim ham zarur yordamni ololmayotgani tashvish uyg‘otmoqda.
JSST Yevropa byurosi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri turli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘ldi. Klyugening so‘zlariga ko‘ra, haddan tashqari issiqlik xavfsizlikka tahdid solmoqda, bu esa turli sohalar o‘rtasida muvofiqlashtirishni talab qiladi.
JSST mamlakatlar tajribasini umumlashtirib, mintaqaning barcha 53 davlati o‘rtasida tavsiyalar tarqatishini ma’lum qildi. Tashkilot, shuningdek, aholini issiqlikdan himoya qilish milliy rejalarini ishlab chiqayotgan yoki takomillashtirayotgan davlatlarga texnik yordam ko‘rsatishda davom etadi.
Jamiyat
Smartfondan real ijodga: robototexnika bolalarni qanday rivojlantiradi?
Hozir yon-atrofga qaralsa, juda ko‘p bolalarning qo‘lida smartfon. Hatto ayrimlar hali tili chiqmagan va yurishni ham bilmaydigan bolalarining xarxashasiga chidashdan ko‘ra, ularni telefon bilan tinchlantirishni afzal ko‘rmoqda. Mutaxassislar o‘z o‘rnida mobil qurilmalar bilan ko‘p vaqt o‘tkazilishi bolalarning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir o‘tkazishini aytmoqda. Xo‘sh, bunday holatda robototexnika bolalarni smartfonga qaramlikdan qutqaruvchi vositaga aylana oladimi? Kun.uz muxbiri shu savolga javob izladi.
Amerika pediatriya akademiyasi saytida e’lon qilingan maqolada 2–4 yoshdagi bolalar kuniga o‘rtacha 2 soat, 5–8 yoshdagi bolalar esa kuniga o‘rtacha 3,5 soat vaqtini mobil qurilmalarda sarflayotgani qayd etilgan. Mutaxassislar bolalarning smartfonlarda buncha ko‘p vaqt sarflashi ularning diqqat, xotira va fikrlash jarayonlariga ta’sir qilibgina qolmay, balki umumiy rivojlanish jarayoni, nutq shakllanishi hamda ijtimoiy faolligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
O‘z o‘rnida mutaxassislar gadjetlarga bo‘lgan qiziqishni yo‘q qilish, cheklash o‘rniga, uni to‘g‘ri tomonga yo‘naltirishni tavsiya qilmoqda. Shu yo‘nalishlardan biri sifatida robototexnika tilga olib kelinmoqda.
Robototexnika — bolaga nafaqat o‘yin, balki real hayotga yaqin muammolarni hal qilish imkonini beradi. Bu esa unda mantiqiy fikrlashni kuchaytiradi va bilimni amaliyot bilan bog‘laydi.
Bolalarning rivojlanishida ota-onaning roli ham juda katta. Farzandning qiziqishlarini erta aniqlash va uni to‘g‘ri yo‘naltirish — kelajakdagi salohiyatini shakllantirishda asosiy omillardan biri.
“Ota-onalar farzandi yig‘lamasligi uchun to‘g‘ri tarbiyalash o‘rniga qo‘liga telefon berib, televizor yoqib qo‘ymoqda. Bu bolaning tarbiyasiga juda salbiy ta’sir qiladi. Mening farzandim ham bir yoshidanoq telefon o‘ynashni boshladi — oqibatda bolalarga qo‘shilmaydigan, faqat multfilm dunyosiga kirib ketadigan bo‘lib qoldi”, — deydi farzandlarini robototexnika kurslarida o‘qitayotgan Malika Tursunova.
Uning aytishicha, robototexnika darslaridan so‘ng farzandlarida tezda o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, boshqalar bilan muloqotga kirishishi osonlashgan. Vazifalarni ham tezroq bajarishni boshlagan.
Yana bir ona esa o‘z vaqtida ovqatini yemayotgan farzandlariga smartfon berib, ularni taomlantirishga harakat qilganini eslab, aslida bu xato bo‘lganini aytadi. U ham ikki farzandini robototexnika darslariga bergan. Shundan so‘ng ularda ham o‘zgarish kuzatilgan.
“Bir kuni farzandim: “Katta bo‘lganimda butun dunyo foydalanadigan kompyuter dasturi yarataman” dedi. O‘zining yoshiga nisbatan shunchalik katta fikrlaydi. Charchab qolishi, zerikishi mumkin, lekin har doim oldinga yurishga yordam berish kerak”, — deydi Ra’no Ishmuhammedovaa.
Robototexnika yo‘nalishida dars berayotgan Aziza Artikova bu soha bolalarga bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim ko‘nikmalarni berishini aytadi. Ular orasida mantiqiy fikrlash, muammoni bosqichma-bosqich hal qilish, jamoada ishlash, tengdoshlar bilan hamkorlik qilish, nutqni rivojlantirish kabi ko‘nikmalar bor.
Artikovaning ta’kidlashicha, robototexnika kurslarida 5-8 yoshli bolalar asosan jamoa bo‘lib ishlashda qiynaladi. Ammo biroz vaqt o‘tib, bu jihatni ham o‘zlashtirib olishadi.
“Ba’zi ota-onalar farzandining nutqini rivojlantirish maqsadida ham robototexnika to‘garaklariga olib kelishadi. Buning ham o‘z sababi bor: mayda motorika bilan ishlash qo‘l mushaklarini rivojlantiradi va bu jarayonda bolaning nutqi ham asta-sekin rivojlanib boradi”, — deydi mutaxassis.
To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
-
Iqtisodiyot2 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Sport4 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
-
Sport3 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Jamiyat5 days agova’dalar, sirlar va xonavayron bo‘layotgan odamlar (2-qism)
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
-
Sport3 days agotashkilot amerikalik futbolchining diskvalifikatsiyasini to‘xtatdi
-
Dunyodan11 hours ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
