Jamiyat
Qo‘pol kishi, qari qiz va o‘zidan ortmagan o‘g‘il
Yomon odam
U juda yomon odam. Qo‘pol, qo‘rs, odamovi, mas’uliyatsiz…
Uni o‘zi hayotini asrab qolgan yuzga yaqin bemoridan boshqa hech kim yaxshi ko‘rmasa kerak!
Qari qiz
– Oq otli shahzodangni kutyapsanmi haliyam?..
– …
– Balki, shu safar rozi bo‘larsan?
– …
– E-e, o‘zing bilasan… Senga gapirdim nima-yu, gapirmadim nima, men ketdim.
Eshik yopildi.
– Oyi, xolam ketdi. Ko‘chaga chiqishni xohlaysizmi? – qiz keks0a onasiga termildi.
– …
– Ha, tushundim. Hozir aravachangizni olib kelaman.
Hurmat
– Xotin. Umar qo‘ng‘iroq qildi. Bu oy pul jo‘natmas ekan.
– O‘zi shu Umaringizni topgani o‘zidan ortmaydi.
Ikki oydan so‘ng.
– Umarjondan ayrilib qoldik, onasi. Bolam bechora ikki oydan beri shifoxonada ekan. Bu qanday ko‘rgilik? Umarjon bolam…
– Voy, bolam… Bolamni topib bering, Umarjonimni topib bering!
Shohruh Najot
Jamiyat
Toshkentda Tracker va BYD ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
Toshkent shahrining Bektemir tumanida Tracker va BYD rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga oraliq masofaga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.
Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 23:00 lar atrofida Bektemir tumanidagi X. Bayqaro mahallasi hududidan o‘tuvchi X. Bayqaro ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tracker rusumli transport vositasi haydovchisi xavfsiz oraliq masofani saqlamagani oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan BYD rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarga murojaat qilib, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, xavfsiz tezlik va oraliq masofani saqlash orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olish mumkinligini eslatdi.
Jamiyat
Qashqadaryoda 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olindi
IIV holat Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lganini tasdiqlagan. 20 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasida dalaga olib borib, zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan nomusga tegish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar protsessual tartibda ushlangan.
Illyustrativ surat / Getty Images
Yakkabog‘ tumanida 4 nafar yigit 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz xabar berdi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nemolchi.uz so‘roviga javoban holatni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 7 iyun kuni Yakkabog‘ tumanida 20, 21, 22, 23 yoshli 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasiga mindirib, dalaga olib borishgan va zo‘rlashgan.
Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi voqea joyini ko‘zdan kechirib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyo va dalillarni olib qo‘ygan. Sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.
Holat yuzasidan 8 iyun kuni Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi 29 iyun kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. Gumondorlar Sh.X., D.H., O.N. va D.A. protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingani hamda barcha aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanishi bildirilgan.
Avvalroq Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov soha xodimlari va aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, ichki nazoratni kuchaytirish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa bo‘lishini ta’kidladi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov tibbiyot sohasi xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini qayd etib, mazkur illatga qarshi qat’iy kurashish sohadagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishini bildirdi.
Vazirning ta’kidlashicha, prezidentning 2026 yil 5 maydagi farmoni asosida vazirlik tizimi qayta tashkil etilmoqda. Markaziy apparat zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan hamda ichki nazorat tizimi kengaytirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.
Shuningdek, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan noqonuniy pul talab qilinishiga chek qo‘yish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Vazirning bildirishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati esa E-Komplaens elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish rejalashtirilgan.
Eldor Odilov fuqarolarni sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki [email protected] elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi.
Jamiyat
Toshkent va Navoiyda mansabdorlar pora bilan ushlandi
Toshkent va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yerdan foydalanish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirish evaziga pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Toshkent va Navoiy viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda inspektor ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollarini o‘zida qoldirib, qolgan 2 ming AQSh dollarini tuman bo‘limi boshlig‘iga berishni rejalashtirgani aniqlangan. Keyingi tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatida esa DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda «Navoiy suv ta’minoti» AJning tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu pul mablag‘ini qabul qilgan, muqaddam sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olingan. Shuningdek, noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘ining ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda do‘ppisi ichiga 35 ming dollar yashirgan yo‘lovchi ushlandi
Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara bojxona postida qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro do‘ppisi ichiga yashirilgan 35,6 ming AQSh dollari bilan ushlandi. Bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan valuta protsessual tartibda olib qo‘yildi.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Holat Andijon viloyati bojxona boshqarmasining «Do‘stlik» chegara bojxona postida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan 51 yoshli fuqaro boshidagi do‘ppining ichiga 35,6 ming AQSh dollarini yashirgan holda mamlakat hududidan olib chiqishga uringan.
Bojxona nazorati davomida yo‘lovchining deklaratsiyasi tekshirilgan va og‘zaki so‘rov o‘tkazilgan. Natijada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan hamda ma’lum qilinmagan naqd xorijiy valuta aniqlanib, belgilangan tartibda olib qo‘yilgan.
Bojxona qo‘mitasi eslatishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston rezidentlari mamlakat hududidan 100 million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi naqd xorijiy valutani olib chiqish huquqiga ega.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Iqtisodiyot4 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat5 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot3 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Jamiyat3 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days agoBosh prokuratura tomonidan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasi ishga tushirildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
