Jamiyat
Qizamiq asoratidan aziyat chekayotganlarga kim yordam beradi?
Sklerozlashgan panensefalit – qizamiq virusidan keyin paydo bo‘ladigan, miya to‘qimalarini asta-sekin yemiradigan kasallik. Aytishlaricha O‘zbekistonda bu kasallikka chalingan bolalar soni 300 nafarga yetgan. Avvallari respublika hududida deyarli uchramagani sababli mazkur xastalikni davolashga ixtisoslashgan shifokor, preparatlar va davolash choralari mavjud emas. Ota-onalar Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlarga tinimsiz murojaat qilib, klinik protokol ishlab chiqilishiga erishgan. Biroq ular mutassaddilarning vaziyatga yengil qarayotgani va davolanish sharoitlari yetarli emasligidan norozilik bildirmoqda.
O‘zbekistonning ayrim hududlarida “sklerozlashgan panensefalit” va uning og‘ir kechuvchi varianti – “o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalit” tashxisi qo‘yilayotgan bolalar soni ortib bormoqda. Norasmiy manbalar, ya’ni Kun.uz’ga murojaat qilgan ota-onalar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu kasallikka chalinganlar umumiy hisobda shu vaqtga qadar 300 nafardan oshgan, ularning qariyb 40 nafari vafot etgan. Rasmiy ma’lumotlarda esa 2025 yil fevral holatiga 133 nafar bola mazkur kasallik bo‘yicha ro‘yxatga olingan, ulardan 12 nafari hayotdan ko‘z yumgani ta’kidlangan.
Aksariyat holatlar 2018–2019 yillarda tug‘ilgan, qizamiq bilan kasallangan yoki emlashda kechikish kuzatilgan bolalarda aniqlanmoqda. Toshkent, Farg‘ona, Namangan hamda boshqa viloyatlardan murojaat qilgan ota-onalar farzandlari dastlab sog‘lom bo‘lganini, biroq 2023 yildan boshlab harakat va nutqdagi buzilishlar kuzatilganini ta’kidlaydi. Ularning aytishicha, dastlab shifokorlar kasallikka aniq tashxis qo‘ya olmagan, xastalik ayrim hollarda autizm yoki boshqa nevrologik muammolar bilan adashtirilgan
“Nevaram sog‘lom, quvnoq bola edi. Uyqudan turganda “dadajon, bobojon” deb yugurib kelardi. 2023 yil may oyidan boshlab har kuni yig‘laydigan, injiq bo‘lib qoldi. Nevropatologga olib bordik, “bolang erka, sog‘lom” deyishdi. Keyin iyun oyining oxirlarida qusa boshladi, bosh og‘rishi paydo bo‘ldi. Avgust oyida esa meni tanimaydigan bo‘lib qoldi. U paytda bola uch yarim yosh edi. Holati kun sayin yomonlashdi. Yurib ketayotib, to‘satdan yiqilib tushadigan bo‘ldi. Muolajalar ta’sir qilmadi. Shunday vaziyatlar takrorlanaverganidan keyin Farg‘onadan Toshkentga olib keldik. Xususiy shifoxonalar “biz faqat kattalarni tekshiramiz, bolalarga qaramaymiz”, deb qabul qilmadi. Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib bordik. U yerda nabiramga sklerozlashgan panensefalit tashxisini qo‘yishdi”, – deydi Abdufattoh Mahmudov.
Namanganlik Borixon Mingboyevaning Azizbek ismli nabirasi 9 oylik chaqaloq vaqtida qizamiqqa chalingan. Kasallikdan so‘ng sog‘lomlashib, to‘rt yoshgacha bog‘chaga qatnagan. 2023 yil sentabr oyida bog‘chada barcha bolalarga antistrumin dorisi berilgan. Oila dastlab kasallik shundan boshlangan deb o‘ylagan.
“Bolajonimiz qadam bosib turgan joyida yiqila boshladi. Nevrologga, travmatologga olib bordik. Tekshiruvlar orasida bola yurolmay, gapira olmay qoldi. 2023 yil sentabridan buyon yotadi, hech kimni tanimaydi, harakat qilmaydi, nutq faoliyati butunlay to‘xtagan. Ovqatlanish va dori qabul qilishni “zond” orqali amalga oshiryapmiz”, – deydi Borixon Mingboyeva.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, sklerozlashgan panensefalitning yashirin davri odatda 5–7 yilni tashkil etadi. Kasallik asosan ilgari qizamiq bilan og‘rigan, immuniteti zaif yoki to‘liq emlanmagan bolalarda kuzatiladi.
Tibbiyot mutaxassislari ta’rificha, mazkur xastalik yuqumli emas. U qizamiq virusining uzoq muddatli asorati hisoblanadi. Virus miya hujayralarida yashirin shaklda saqlanib qoladi, tashqi muhitga chiqmaydi va shuning uchun boladan bolaga o‘tmaydi. Biroq u asab tizimini asta-sekin zararlab, og‘ir nevrologik o‘zgarishlarga olib keladi. Kasallik bosqichma-bosqich rivojlanib, dastlab bosh og‘rig‘i, isitma, holsizlik, keyinchalik nutq va harakat buzilishi, og‘ir hollarda esa koma bilan kechadi.
“2019 yilda tug‘ilgan farzandimda 2023 yil mart oyidan boshlab shamollashga o‘xshash yengil alomatlar paydo bo‘ldi. Aprel oyida esa harorati keskin ko‘tarilib, 40 darajagacha chiqdi. Isitma ikki-uch kun davom etdi, keyin bolamning boshi pastga egila boshladi, holsizlanib qoldi. Shu vaqtdan boshlab uni turli shifokorlarga ko‘rsatdik, sababini aniqlashga harakat qildik. Mutaxassislar bir-biridan farqli taxminlar bildirishdi: “miyaga kislorod yetarli darajada bormayapti” degan asosda muolajalar boshlashdi. Bu vaqt ichida MRT, qon tahlillari, hatto genetik testlar ham o‘tkazildi. Ammo hech bir tekshiruv va davolash foyda bermadi, aksincha, har bir muolajadan so‘ng bolamning ahvoli yanada og‘irlashdi. May oyida shifokorlar taxmin asosida sklerozlashgan panensefalit tashxisini qo‘yishdi. Ularning aytishicha, bu kasallikning butun dunyoda davosi yo‘q, bola ikki oy ichida vafot etadi. “Uyingizga olib keting, davolab bo‘lmaydi”, degan javobni berishdi. Bolam asta-sekin koma holatiga tushdi. O‘shanda biz butunlay chorasizlanib, uni qayerga, kimga olib borishni bilmay qoldik”, – deydi farg‘onalik Vohidjon Qurbonov.
Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, bolalarda sklerozlashgan panensefalit yuzaga kelishiga asosiy sabab sifatida shifokorlar qizamiq virusining miya neyronlarida saqlanib qolishini ko‘rsatmoqda. Kasallikning oldini olish uchun eng samarali chora o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilgan emlashdir. Biroq ayrim ota-onalar emlashdan oldingi tibbiy ko‘riklar yuzaki o‘tkazilayotganini aytib, bolaga vaksina yuborishdan oldin batafsil laboratoriya tahlillari qilinmasligi, faqat og‘zaki savollar bilan cheklanilishi, sklerozlashgan panensefalit qizamiqqa qarshi emlashning noto‘g‘ri bajarilgani oqibatida paydo bo‘lganini iddao qilmoqda.
“Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni emlash jarayonida bolaning umumiy ahvoli tekshirilmasligi, komissiya tizimining to‘liq ishlamasligi holatlari ko‘p uchraydi. Rasmiy idoralar “biz jahon standartlariga amal qilamiz” deyishlari mumkin, ammo bu da’vo qog‘ozdagina. Koreya, AQSh va Yevropa davlatlarining tajribasini o‘rganib chiqdik: ularda har bir chaqaloq emlashdan oldin shifokorlar komissiyasi tomonidan batafsil tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bola sog‘lomligi to‘liq tahlil asosida tasdiqlangachgina emlashga ruxsat beriladi. Bizda esa jarayon butunlay boshqacha. Patronaj yoki hamshira emlash uchun kelganda onadan atigi ikki-uchta savol so‘raydi: “Farzandingiz shamollamaganmi?”, “Ichi ketmayaptimi?” – shularning o‘zi kifoya va bola darrovda emlanadi. Biroq bu paytda hech kim go‘dakning ichki ahvolini bilmaydi. Balki u endigina shamollay boshlagan yoki nerv tizimida o‘zgarishlar kuzatilayotgandir. Emlash ham organizmga virus (kuchsizlantirilgan bo‘lsa ham) kiritish jarayoni. Agar bolaning immun tizimi zaif bo‘lsa, u kutilmagan asoratlarni keltirib chiqarishi ehtimoli mavjud. Tibbiy adabiyotlarda bu holatlarning ba’zilari markaziy asab tizimini zararlashi, nogironlik yoki hatto o‘lim bilan yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan”, – deydi Davlat Sharopov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda tug‘ilgan qizi bolalar bog‘chasida qizamiqqa qarshi o‘zboshimchalik bilan emlangan. Buning uchun ota-ona ruxsati olinmagan, vaksinatsiya haqida ogohlantirilmagan
“2023 yil 13 dekabr kuni bog‘chada qizamiqqa qarshi vaksina qilishgan. Eng achinarlisi, bizning roziligimizsiz, hatto xabarimizsiz emlash amalga oshirilgan. Avvaliga bu narsa jiddiy oqibatga olib kelishini bilmagandik. Ammo oradan yarim yil o‘tib, 2024 yil boshidan qizimning ahvoli asta-sekin yomonlasha boshladi. Dastlab, sababsiz isitmasi chiqdi, keyin harakatlari sustlashdi. Tushunmadik nega bunday bo‘layotganini. Bir necha oy davolanish uchun harakat qildik, natija bo‘lmadi. Oxiri qizimni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifoxonasiga yotqizdik. U yerda ham “davolayapmiz” deyishdi, lekin bolam holati tobora og‘irlashaverdi. Keyin biz uni chet elga olib chiqishga qaror qildik. Hindistonga ketayotganimizda, Abu Dabi aeroportida tranzit zonada ushlanib qoldik – til bilmaymiz, pul tugagan. Shu paytda Allohning o‘zi bizga yordam berdi: bir guruh shifokorlar holimizni ko‘rib, qizimni shoshilinch tibbiy yordam mashinasida olib ketishdi. Ular bizni dunyo reytingida yuqori o‘rinlarda turadigan zamonaviy bolalar klinikasiga joylashtirishdi. O‘sha yerda ishlovchi musulmon shifokor “bolani samolyotga chiqarmaymiz, holati og‘ir. Biletingni o‘zim qayta tiklab beraman, faqat uni hozircha bu yerda qoldirish kerak”, deb palataga joylashtirdi. Bir oy davomida bizga tekin qarashdi, dori-darmon, ovqat, hammasini ehson yo‘li bilan ta’minlashdi. To‘rt hafta o‘tgach, shifokorlar tavsiyasi bilan qizimni O‘zbekistonga qaytardik. Uni Milliy bolalar tibbiyot klinikasiga olib bordik. Lekin ikki soatga qolmay, qizimni u yerdan olib chiqib ketdim: qo‘limda 70 sahifadan ortiq analiz natijalari, chet el shifokorlarining xulosalari bor edi, lekin bizdagi mutaxassislar qog‘ozlarga qaramadi, ishonmadi”, – deydi Davlat Sharopov.
Ushbu kasallik tez rivojlanishi va yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari bilan xavfli hisoblanadi. U kam uchraydigan va surunkali bo‘lgani, shuningdek, turli virusli yoki immun tizimi buzilishlaridan kelib chiqishi sababli davolashni murakkablashtiradi. Kasallik alomatlarini bartaraf etishga yordamlashuvchi aniq preparat yoki dori-darmon vositasi, shuningdek, davolash uslubi ham ayni vaqtda mavjud emas. Bu borada tegishli tashkilotlarga bir necha marta murojaat qilingan, biroq natijalar qoniqarli bo‘lmagan.
“Farzandim tug‘ilganda butunlay sog‘lom edi. O‘ynardi, kulardi, bog‘chaga qatnardi, gapirardi – oddiy bola hayotini kechirardi. Ammo qizamiq virusini yuqtirganidan so‘ng hayotimiz butunlay o‘zgardi. Oradan ko‘p o‘tmay, farzandimning ahvoli og‘irlashdi va reanimatsiyaga tushdi. Bolalar tibbiyot milliy markazida unga aniq tashxis qo‘yib bera olishmadi. Shundan so‘ng, men Sog‘liqni saqlash vazirligiga yozma murojaat qildim. Menga “bu kasallik O‘zbekistonda uchramaydi, klinik protokoli yo‘q, bu borada mamlakatda mutaxassis ham mavjud emas” qabilidagi javobni berishdi. Mazkur munosabatdan keyin o‘zim mustaqil izlanishni boshladim. Qidiruvlarimiz natijasida Ukrainada faoliyat yurituvchi immunolog, professor Dmitriy Maslovni topdik. U bilan onlayn aloqa o‘rnatib, kurslari asosida farzandimni davolashga harakat qildik. Professorning aytishicha, bolamdagi sudurgilarni to‘xtatish uchun “klonazepam” nomli psixotrop dori vositasi zarur ekan. Ammo bu dorini topish oson bo‘lmadi: u Toshkentda ham, butun O‘zbekistonda ham sotuvda yo‘q edi. Dorini mamlakatga olib kirish, dorixonalarda sotuvini yo‘lga qo‘yish uchun turli tashkilotlarga ariza bilan murojaat qildim. Qozog‘istondan dorini olib kelganimda, O‘zbekistonda bu kasallikka chalingan atigi ikki nafar bola bor edi. Bugunga kelib esa biz tuzgan guruhda 258 nafar bola shu xastalikka, ya’ni qizamiq virusining og‘ir asorati bo‘lgan o‘tkir osti sklerozlashgan panensefalit (SSPe)ga duchor bo‘lgan. Afsuski, 40 ga yaqin bola hayotdan ko‘z yumdi. Umumiy hisobda kasallik 300 ga yaqin bolada kuzatilgan. Mamlakatda bu kasallik bo‘yicha tibbiy bilim va tajriba yetishmasligi, shuningdek, davolash protokolining yo‘qligi bolalar erta o‘limiga sabab bo‘ldi”, – deydi Saidkomil Murodov
Murojaatchi Qozog‘istondan olib kelingangan “klonazepam” dorisini Toshkentdagi Bolalar tibbiyot markaziga topshirgan. Shifokor uni bolaga bergach, sudurgi darhol to‘xtagan.
“Chet davlatlardan olib kelingan dori vositalari O‘zbekiston tibbiyot protokollarida mavjud emasligi sababli ko‘p shifokorlar mazkur preparatlar yordamida qilinadigan muolajalarni o‘tkazishdan bosh tortishdi. Shu paytda bizda boshqa yo‘l yo‘q edi:“ertaga nima bo‘lsa ham, o‘zimizdan” degan holatda chorasizlikdan shifokorlar so‘ragan barcha rozilik hujjatlarini imzoladik. Har bir shifokor yuzimizga qarab, “bolangiz baribir ikki oy ichida vafot etadi” deb aytishdan tortinmasdi, bu bizga qanchalik og‘ir botganini tasavvur ham qila olmaysiz. O‘sha paytlarda tavakkal qilib, chetdan olib kelingan preparat (klonazepam) asosida muolajani boshladik. Dastlabki haftadayoq natija sezildi. Ikki haftadan keyin bola ko‘zlari jonlanib, atrofdagi odamlarni anglay boshladi. Uchinchi haftaga borib, qo‘llari ishladi: biror narsa tutqazsangiz, ushlab olardi. Bir oy o‘tib kulib, “oyi”, “dada” deb chaqirdi”, – dedi Vohidjon Qurbonov.
JSST manbalarida qayd qilinishicha, sklerozlashgan panensefalit bilan kasallanish har 100 000 qizamiq holatiga taxminan 4-11 holatni tashkil qiladi. Ammo O‘zbekistonning aksar hududlarida kuzatilayotgan vaziyatda balans yuqori, ya’ni bir tuman yoki shaharning o‘zida 40 tagacha bolalarda aynan shu kasallik yuzaga kelgani aytilmoqda.
“Sog‘liqni saqlash vazirligiga juda ko‘p murojaat qildik, hatto bosh vazirga ham ariza topshirdik, prokuraturaga xat yozdik, umuman olganda, bormagan tashkilotimiz qolmadi. Chunki bizda ko‘plab savollar tug‘ilgan edi: bu virus aslida qanday paydo bo‘lyapti? Sun’iymi, tabiiymi? Rostdan ham qizamiqdan keyin kelib chiqadimi yoki yo‘qmi? Qizamiqdan kelib chiqsa, o‘lim bilan yakunlanishi kerak. Bizning bolalarimiz asta-sekin tuzalyapti. 100 000 tadan 4-11 ta bolada uchraydi deyilgan, nega bizda kasallanish soni ko‘p? Shu savollarimizga hanuz aniq javob ololmadik. Faqat hal qilinyapti degan gapni eshitamiz xolos. Poliklinikalarga kirsangiz, nevrologik kasalliklarga chalingan bolalar juda ko‘p. Har bir joyda shunaqa muammolarni ko‘rasiz. Nima sababdan bunday bo‘lyapti? Buni olimlarimiz o‘rganishsin”, – deydi Abdufattoh Mahmudov.
Ota-onalar hozirda eng katta muammo sifatida farzandlari uchun maxsus davolanish sharoiti yo‘qligini aytmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bu kasallik bilan yashayotgan bolalar uchun alohida shifoxona yoki hech bo‘lmaganda panensefalit bo‘limi tashkil etilishi zarur.
“Eng og‘riqli jihati shundaki, ushbu kasallikning aniq davosi hali topilgani yo‘q. Hozirgi dori vositalari faqat bolalarning hayotini vaqtincha saqlab turish uchun qo‘llanmoqda. Biz virusga qarshi preparatlarni beramiz, ammo ularning to‘liq samarasi ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Olimlar bu borada izlanish olib borayotganini bilamiz, lekin natija hali yo‘q. Asosiy talabimiz – bolalarimiz uchun alohida bir shifoxona yoki hech bo‘lmaganda panensefalit kasalligiga ixtisoslashgan bo‘lim ochib berishsin. Hozirda bunday joy yo‘qligi uchun bolalarimiz kerakli sharoitda davolana olmayapti. Ular “klonazepan”, “baklosan” kabi dorilarni ichishadi, bu preparatlar ularni uxlatib qo‘yadi, harakatdan qoldiradi. Shunday paytda zamonaviy reabilitatsiya markazlari juda zarur. U yerda bolalarimiz LFK, massaj, fizioterapiya kabi muolajalarni davlat hisobidan olishsa, bu biz uchun katta yengillik bo‘lardi. Chunki hozir hammasi borib iqtisodga taqaladi. Har bir narsa pulli, farzandini davolatish uchun ota-onalar deyarli hamma narsasini sotdi: uy, mashina, tilla buyumlar va boshqa ko‘chmas mulklarini tugatdi. Yana bir iltimosimiz – sklerozlashgan panensefalitni “orfan kasalliklar” ro‘yxatiga kiritishsin. Shunda dorilar, muolajalar davlat tomonidan qisman bo‘lsa ham moliyalashtiriladi, ota-onalarning og‘ir yuki yengillashadi. Chunki hozirda har bir oila iqtisodiy va ruhiy jihatdan o‘ta qiyin ahvolda”, – deydi Borixon Mingboyeva.
Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, sklerozlashgan panensefalit (SSPe) bilan og‘rigan bolalar oilalari so‘nggi paytlarda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Kasallik bolaning immunitetini zaiflashtirishi sababli davolanish murakkab va qimmatga tushadi. Shu bilan birga, davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli orderlarning muddati hamda qiymati keskin qisqartirilgani oilalarning qiyinchiliklarini yanada oshirgan.
“Sklerozlashgan panensefalit tashxisi qo‘yilgan bolalar uchun ajratilgan imtiyozli order muddatini 10 kundan 5 kunga qisqartirib qo‘yishdi. Sog‘liqni saqlash, Iqtisod va moliya vazirligidan kelgan ikki mutaxassis bu kasallikni 10 kunlik emas, 5 kunlik davolanish bilan chegaralash to‘g‘ri, degan xulosaga kelib, malakalab ketganmish. Shundan keyin order qiymati 27,6 million so‘mdan 7 million so‘mgacha tushirildi. Men bu masalada bir necha bor Sog‘liqni saqlash vazirligiga, prezident portali (my.gov.uz)ga murojaat qildim. Har safar ariza yozaman, lekin javob yo‘q. “Ishonch telefoni” orqali qilgan murojaatlarim ham e’tiborga olinmayapti, balki juda ko‘p yozganim uchun “bezdirgan” bo‘lsam kerak mutasaddilarni. Achinarlisi, bu kasallik haqida davlat tizimida biladiganlar bor, lekin sog‘liqni saqlash tizimining o‘zida tushuncha yo‘q. Vazirlikdagi tartibsizlikni ko‘rib, shaxsan Elmira Botirxonovaga aloqaga chiqqanman: “bir nazorat guruhi tuzing, kamchiliklarni tahlil qilaylik, muammolarni birga hal qilaylik,” deganman. “Bo‘ladi, xavotir olmang,” deyishadi, ammo natija yo‘q.
Bugun bolalarimizni hayotda ushlab turgan asosiy narsa – dori vositalari. Chunki bu kasallik bolaning immunitetini butunlay yemirib yuboradi. Uni tiklash uchun bioven kabi dorilar zarur. Har oyda ularni tomir orqali yuborish kerak. Bir dona dorining narxi 7–7,5 million so‘m atrofida, bir bolaga esa kamida to‘rt–olti dona kerak bo‘ladi. Bu hali reabilitatsiya, tahlillar va boshqa xarajatlarsiz hisoblangan summa. Biz hozir faqat bitta narsani talab qilayapmiz: 10 kunlik order qayta tiklansin. Aslida o‘n kun ham yetmaydi, lekin hech bo‘lmaganda avvalgidek bo‘lsin. Ushbu masalani shu kasallikni yaxshi biladigan, malakali mutaxassislar qayta ko‘rib chiqsin”, – deydi Saidkomil Murodov.
Biz bu masalada izoh so‘rab Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildik. Lekin so‘rovlarimiz javobsiz qoldirildi.
Hozircha mazkur kasallikka qarshi rasmiy tasdiqlangan profilaktik choralar mavjud emas. Shifokorlar bolalarda nevrologik simptomlar paydo bo‘lsa, darhol shifoxonaga murojaat qilishni, vaksinatsiya va virusli infeksiyalarning oldini olish choralarini kuchaytirishni tavsiya qilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi uchun esa ushbu xastalikni davolash bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish, ota-onalarga yordam ko‘rsatish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Biz bu borada mas’ullardan amaliy harakatlarni kutamiz.
Ko‘rsatuvni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Siyosat3 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Jamiyat4 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Mahalliy2 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat3 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Jamiyat3 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Siyosat5 days ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Siyosat4 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport4 days ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
