Jamiyat
qaynota va kelinga himoya orderi berildi
Kun issiq. Qo‘lida arqon tutgan ayol qishloqning hu-uv chetidagi daraxt tomonga sudralib bordi. Ko‘zlari ko‘kargan. Bilaklarida kaltak izlari – qontalash. Lablaridan sizib chiqayotgan qon iyaklarini yuvib o‘tmoqda. Ayol dam qo‘lidagi arqonga, dam daraxtning baquvvat shoxlariga uzoq tikildi. Lablari sokin shivirladi: «Bolalarim, kechiring!»
Parishon xayollari kutilmaganda ortidan paydo bo‘lib qolgan qaynotasining qichqirig‘idan tarqalib ketdi.
«To‘xta, qizim. Uch norasidaning uvoliga qolma. Notavon ering uchun – o‘g‘lim uchun meni kechir, bolam!»-kelinining qo‘lidagi arqonga jonholatda yopishdi qaynota va ho‘ngillab yig‘ladi.
Ayol – o‘zi nochor. Ayol – o‘zi o‘t ichida. Yelkalari silkinib-silkinib ko‘z yosh to‘kayotgan va salkam yoshi saksonlarga yetib qolgan qaynotasini nimbag‘irlab, uni ovutishga tushdi.
«Meni otam, degansan-ku, qizim. Hech zamonda qiz ham otasini dog‘da qoldirib ketadimi, bolam. O‘lim – eng oson yo‘l. Allohim senu menga, nevaralarimga shuni sinov qilib beribdi. Xayrlisi kelar bolam, xayrlisi kelar. Bir oyog‘im go‘rda qolganda, ortingdan uvillab qolgan bolalaringni qanday oyoqqa turg‘izaman…»-xo‘rligi kelib yig‘ladi yana qaynota.
«Kechiring, ota! Boshqa qaytarilmaydi. Ammo, jonimdan o‘tib ketdi…»-ayol ham ko‘zyoshga cho‘kdi.
«Yur, qizim, yur, o‘zim seni uchastka noziriga boshlab boraman. Xat-qalamingni qil…»-hazin so‘zladi qaynota.
Buxoroning Shofirkon tumanida yashovchi, hech qayerda ishlamaydigan, spirtli ichimlikka rujo‘ qo‘yib, ayoli, uch farzandi hamda keksa otasiga zo‘ravonlik bilan tazyiq o‘tkazib, surunkasiga ularni kaltaklab kelayotgan fuqaro R.D.ning xatti-harakatlariga chek qo‘yilgan. Ayolga «himoya orderi»ning berilgani uning farzandlari bag‘rida xavotirsiz yashashiga sabab bo‘lgan.
«Ota-onam yo‘q. Qaynonam vafot etgach, jismoniy nuqsoni bor keksa qaynotam ham o‘g‘lining tazyig‘ida qoldi. Zo‘rg‘a o‘zini sudrab yurib, hassaga tayanib qolgan qaynotamning menga qo‘shib, bolalarimni ham kaltaklaydigan o‘g‘liga kuchi yetmasdi. Oxiri o‘z jonimga suiqasd qilish yo‘lini tanlagandim… yo‘q, mahallaga, uchastka noziriga bildirdik. O‘zimga ham, qaynotamga ham «himoya orderi» berishdi»,-deydi Sh.D.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Umarovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar tomonidan 2 285 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2 279 nafariga himoya orderlari berilgan. «Inson» markazlari tomonidan ularga 1 447 ta turli xizmatlar – psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan. Tibbiyot birlashmalarda faoliyat yurituvchi Birlamchi ko‘mak xonalariga 93 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan shaxslar: 55 nafari xotin-qizlar, 38 nafar voyaga yetmagan bolalar joylashtirilgan.
«Bundan tashqari, Buxoroda 363 nafar yetim va ota-onasiz qolgan bolalar vasiylik va homiylikka olindi. Ayni kunlarda 25 nafar bolaga uy-joy ajratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 7 ta oilaviy Bolalar uyida 27 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ular uchun 3 ta ko‘p tarmoqli maxsus bog‘cha, 4 ta maxsus maktab-internat faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Tuman va shaharlarda mavjud 546 ta umumta’lim maktablarining 29 tasida 54 ta inklyuziv sinflar tashkil etildi. Hozirda jami 88 nafar o‘quvchilar ta’lim olmoqda»,-deydi Umidjon Umarov.
Boshqarma boshlig‘i keyingi paytlarda ko‘plab oilalarda yolg‘iz keksalar va jismoniy nuqsoni bo‘lgan shaxslarga nisbatan tazqiylar o‘tkazilayotgani, kamsitilayotgani xususida so‘zladi. Unga ko‘ra, birgina viloyatning o‘zida o‘zgalar parvarishiga muhtoj 871 nafar yolg‘iz keksa ro‘yxatga olingan. 92 nafar ijtimoiy xodim assistentlari biriktirilib, kundalik hayotlarida yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Yaqin qarindoshlari bo‘lmagan 510 nafar shunday shaxslar kompensatsiya nafaqalari bilan qamrab olingan.
«Nogironligi bo‘lgan 1 762 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanib, 552 nafar yoshlar parasportga jalb qilingan. Ma’lumki, 2024 yildan protez-ortopediya moslamalarini “Uzum Market” orqali vaucher asosida xarid qilish imkoniyati yaratilgan. Bugungi kunga kelib, jami 2 116 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. 4 481 nafar ehtiyojmand fuqarolarning 215 nafariga nogironlar aravachasi, 90 nafariga eshitish moslamasi, 281 nafariga protez ortopediya moslamalari, 328 nafariga reabilitatsiya vositalari, dori-darmonlaru, moddiy yordamlar ko‘rsatildi»,-deydi suhbatdosh.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilda 5 229 ta oilaga ijtimoiy ish, ya’ni “keys” ochilib, ularning ehtiyojlari o‘rganilgan va 94 942 ta individual reja ishlab chiqilgan. Ijtimoiy xodimlar tomonidan 78 651 ta arizani qabul qilinib, ularning 57 731 tasiga amaliy yordam ko‘rsatilgan. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida esa 19 558 ta oilaning 89 mingdan ortiq a’zolari bilan ishlash rejalashtirilgan.
«Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, bizning davlatda hech bir jismoniy nuqsoni bor, e’tiborga muhtoj shaxslar taqdiriga befarq qaralmaydi. Lozim bo‘lsa, tengsiz sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi. Biroq, jismoniy nuqsoni bor shaxslarning oilada qadr topmasligi, farzandlar tomonidan tazyiqqa uchrashi, ota-onalar tomonidan kamsitilishi juda achinarli holat. Bunday vaziyatda noqobil ota-onalar ham, mehrsiz farzandlar ham o‘z xatti-harakati uchun qonun oldida javob berishi kerak»,-deydi Umidjon Umarov.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat1 day ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat18 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat13 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat11 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport2 hours ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
