Jamiyat
“Qaynab turgan qozonga tashlashdi”. Niderlandiyadagi o‘zbek dizayneri – Yevropadagi hayot va dizayn haqida
Sherzod Mirzaahmedov – o‘zbekistonlik dizayner. U 2019 yildan beri Niderlandiyada, “Media Monks” kompaniyasida ishlaydi. “Dizaynda men umuman qilib ko‘rmagan vazifalarni topshirishdi, lekin bu meni o‘stirdi, komfort zonamdan chiqardi”, deydi Google, Meta, BMW kabi kompaniyalarning loyihalarida ishlagan qahramonimiz.
U Kun.uz’ga qanday qilib Yevropaga ishga borgani, u yerdagi muhit, mentalitet va ingliz tili bilan bog‘liq psixologik blokni yenggani haqida so‘zlab berdi.
Sherzod Mirzaahmedov – Toshkentda tug‘ilgan, 35 yoshda. Oliy ta’limda iqtisodiyot bo‘yicha o‘qiganman, lekin iqtisodiyotga aloqam yo‘q, deydi u.
Yevropaga yo‘l: avval siz portfolio uchun ishlaysiz, keyin portfolio sizga ishlaydi
Kareramni ikkiga bo‘lsam bo‘ladi. O‘zbekistonda frilanser sifatida ko‘proq rusiyzabon mijozlar bilan ishlaganman, hozir esa to‘liq inglizcha gapiradigan, yevropalik, amerikalik mijozlar bilan ishlayman.
O‘sha paytda portfoliolarni joylab boradigan platformalar bo‘lardi-yu, unchalik ko‘p emas edi. Faqatgina dizaynga ixtisoslashgan “Revision” degan platforma bo‘lar edi, hozir yopilib ketgan. Ishlarimni tashlab turardim, platforma orqali ham mijozlar chiqardi, ham izohlar qismida ishlaringizga feedback (izoh) berishardi. Aynan mijoz topadigan free-lance.ru sayti bor edi, qilgan ishlarimni joylab boraverganman.
Eng muhimi – faqat amalga oshirilgan loyihalar emas, balki o‘zingiz qandaydir loyihani o‘ylab, dizayn qilib, joylasangiz ham bo‘ladi. Chunki boshida buyurtmalar ko‘p bo‘lmaydi, o‘zingiz Facebook yoki Google saytini olasizmi, redizayn qilib tashlab qo‘ysangiz bo‘ladi. Boshida siz portfolio uchun ishlaysiz, keyin portfolio siz uchun ishlaydi. Portfolio ko‘payganidan keyin, odamlar izoh yozadi, “vaqtida sifatli qildi” kabi izohlar yozilganidan keyin, ko‘p mijozlar chiqadigan bo‘lgan. Bizda nimasi yaxshi, O‘zbekistondagi dizaynerlar ruslardagi kabi qimmat xizmat ko‘rsatmasdi, shu sababli buyurtmalar ko‘p edi.
Sherzod Mirzaahmedov
Rossiya va Ukraina 2013 yilda bir-biriga teskari bo‘lgach, Rossiyaga sanksiyalar kiritildi va rubl kursi tushib ketdi. Mijozlar rublda avvalgidek to‘layveramiz deb aytdi, ammo men uchun bu 2–2,5 barobar kamroq pulga aylandi va ko‘p mijozlarni yo‘qotdim. Shundan keyin Toshkentdagi kompaniyaga ishga kirib, parallel ravishda qilgan ishlarimni ingliz tiliga tarjima qilib, Dribbble va Behance’ga joylab bordim. Faqat matnni emas, yo‘nalishni ham Yevropa bozoriga moslashtirib, o‘zgartirib joylab bordim. Sekin-asta Yevropa bozoriga o‘tdim.
2007 yildan 2018 yillar oralig‘ida Toshkentda “Amayasoft”da ishladim, Keyin “Style Mix”da, undan so‘ng “Sapphire”ga o‘tdim. “DA Brander”kompaniyasida ham ishlaganman, 1 oycha Click’da ham ishlaganman. Bunga parallel ravishda frilanser bo‘lib ham ishlaganman.
Ishga kirish intervyusi va viza
Ishlarimni Dribbble va Behance’ga joylashtirib borganimdan keyin Norvegiya, Shvetsiyadagi katta-katta kompaniyalardan ham takliflar bo‘lgan. Ularning orasida Niderlandiyadagi “Media Monks” kompaniyasi ham bor edi, u orzumdagi kompaniya edi. Yevropada tez rivojlanayotgan raqamli mahsulotlar (digital production) ishlab chiqaradigan kompaniyalardan biri edi. Qaysi ishimni ko‘rishganini bilmayman, lekin ishlarimni Dribbble’dan ko‘rishgan. Chunki Dribbble’da spektr ko‘p, har xil ishlarni joylash mumkin. Masalan, biror loyihaning tipografiyasi, animatsiyasida darrov ko‘rinadi.
Ular UI-UX dizayner emas, vizual dizayner qidirayotgan bo‘lishgan. Intervyuda 18-19 yildan beri ishlayotgan dizayner bilan gaplashganman, keyin yo‘q bo‘lib qolgan. 1 yil ichida 3 marta intervyu bo‘lib o‘tdi, keyin oylik, ko‘chib kelish masalalari haqida gap ochilganda “menga oylik maosh to‘g‘ri kelmadi” deb rad qilganman. Shundan keyin oila qurganman va hayotim o‘zgaryapti, o‘zgarsa hammasini o‘zgartiray deb, “Media Monks”ga borishga qaror qilganman.
Hujjatlar tayyorlashda juda qiynalganman, ikkita davlat byurokratiyasi bir-biri bilan to‘qnashgan. Hujjat tayyorlayman, tarjima qilaman, jo‘nataman, ular xato topadi, qayta qilaman – ishqilib, qog‘ozbozlik bo‘lib, ko‘pga cho‘zilib ketgan. Moskvada viza berardi, Moskvaga borib viza ololmaganman, chunki apostilni xato qildirib qo‘yganmiz. Keyinroq harakat qilib, viza olishga muvaffaq bo‘lganman.
Niderlandiya
2019 yil boshida Niderlandiya (Hilversum shahri)ga ayolim bilan ko‘chib bordim. Vizaga, aviachiptaga va bir oylik ijara pullarini to‘lab berishgan, borguncha xarajat qilmaganman. Kompaniya meni qadimiy hollandcha muhit, atmosferani his qilsin deb eski yog‘ochdan yasalgan, qimmat uyni ijaraga olgan. “Hozir biz to‘laymiz, oylik olgandan keyin yarmini to‘laysan”, deyishgan. 1 oylik ijara narxi 2,5 ming yevrodan oshiq edi. Qandaydir g‘alati hidi borligi uchun qiynalganmiz. Pollar yog‘ochdan edi, yurganda g‘irchillaydi.
Hilversum shahridagi qadimiy hollandcha uy. Sherzod Mirzaahmedovning shaxsiy arxividan
Qizig‘i, hollandlar keragidan ortiq tejamkor bo‘lisharkan. Biz uyning yarmida turardik, qolgan yarmida uy egasi yashardi, bizga “kun yorug‘-ku, ko‘p chiroq ishlatyapsizlar, chiroqni o‘chiringlar” deb xat yozardi. Suv va gazni tejash uchun issiq suv kelishini 5 daqiqa qilib qo‘ygan, bu vaqtdan oshib ketsa, sovuq suv tushishni boshlaydi, shoshilib yuvinishga majbur bo‘lasiz. Shu kabi holatlar, umuman yangi muhit, til, odamlar, madaniyat – juda qiynalganmiz.
“Niderlandiyada ish va hayot balansi juda yaxshi”
Hozir ancha moslashib ketdik, shok davrdan o‘tdik. Bolalarim 3 tilda gapiradi: bu yerda bolalar ingliz tilida unchalik gaplashmaydi, shuning uchun ular o‘rtoqlari bilan holland tilida gaplashadi. O‘g‘lim hali kichkina, qizim maktabda 1 yilda holland tilini o‘rganib oldi. Biz bilan ingliz va o‘zbek tilida gaplashadi. Bizdan ham yaxshi chiqishib ketgan, ayrim narsalarni tushunmasak, 5 yoshli qizimizdan so‘raymiz.
Moslashdik, lekin qiyinchiliklar hali ham bor. Vatan sog‘inchi qiynab turadi. Ish bilan hayot balansi juda yaxshi, bolani bog‘chadan olib kelishim kerak deb, majlisdan chiqib ketaveraman. Nega chiqib ketding, majlisda o‘tir, deb hech kim gapirmaydi.
Sherzod Mirzaahmedovning shaxsiy arxividan
Qanaqa lavozimdagi odam bo‘lsa ham, bolamni bog‘chadan olaman yoki doktorga boraman deb aytib, bemalol chiqib ketsangiz bo‘ladi. Soat 5 lardan keyin deyarli hech kim ishlamaydi. Hayot va ish balansi Niderlandiyada ancha yaxshi. Bolalarga ta’lim va tibbiyot tekin, bolalar maydonchasi juda ko‘p. Har bir shaharda 5-10 daqiqalik piyoda boradigan masofada bunday joylar bor.
“Ular ovqatga kam sarflashadi”
Ovqat masalasida… ovqat bu yerda bizdagidek kult emas, prioritetlar qatorida u deyarli muhim faktor emas, ovqatga juda kam pul sarflanadi. Bitta nonning ichiga bir bo‘lak kolbasa qo‘yib yoki shunchaki nonning o‘zini yeb ketaverishadi. O‘zlarining oshxonasi ham unchalik rivojlanmagan. Boshida biz ovqatga ko‘p pul ishlatib yuborganmiz, hollandlar ovqatga ko‘p sarf qilarkansizlar deb aytishgan.
Qishda juda qiyin, soat 4 da qorong‘i tushadi. Yozda 10 da ham yorug‘ bo‘lib turadi. Ekologiya juda toza. Davlat oilaviy yashash uchun qulay, hamma sharoitlar bor. Nafaqat oilali odamlarga, har qanday odamlar yashashi uchun qulay davlat – kambag‘allarga ham, nogironligi bo‘lgan odamlar, it-mushuklar boqadigan odamlar uchun ham qulay. Hatto itlarni sayr qildirish uchun ham parklar bor. Qanaqa odam bo‘lishingizdan qat’i nazar, birovga zararingiz tegmasa, siz uchun hamma sharoitlar bor.
“Darrov qaynab turgan qozonga tashlashdi”
Ilk ish kunim. Ofis – open space, ochiq maydon edi, juda noqulay his qilganman, hamma bemalol, uzoq yillik tanishidek gaplasharkan. Hech qachon bu qadar ko‘p ingliz tilida gaplashmaganman, birinchi ish kunining o‘zida bitta dizayner kasal bo‘lib qolib, zudlik bilan uning loyihasini men qilib berishga majbur bo‘lganman. Darrov qaynab turgan qozonga tashlashgan. Nyu York ofisi bilan gaplashganman, bir bardan ikkinchi barga borib, tekin mahsulot olishga mo‘ljallangan aksiyaning veb-sahifasini yaratish kerak edi. Bu loyihani bir amallab qilganman.
Media monks ofisi. Sherzod Mirzaahmedovning shaxsiy arxividan
Aslida men veb-sayt va mobil ilovalar dizaynini qilardim, lekin ular meni vizual dizayner qilib ishga olishgan ekan. Vizual dizaynerning profili keng ekan, istalgan vizual mahsulotning dizaynini chizish kerak ekan. Virtual reallik (VR experience), broadcasting (translatsiyalarda chiqadigan yozuvlar), brending… Xullas, keng profilli, murakkab ishlarni bajaradigan pozitsiyada ishga olishgan ekan. Boshida qiyin bo‘lgan, sekin-sekin eplab ketganman.
“Dizayn yangiliklarini qabul qilishda Yevropadan oldinroqda ekanmiz”
Hozir butun dunyoda barcha dizaynerlar Figma dasturida ishlaydi. MDH davlatlari ancha oldin bu dasturda ishlashni boshlagan, 2018-2019 yillarda men ham Figma ishlardim. “Media Monks”ga kelganda Figma’ni bilmasliklarini tasavvur ham qilolmaganman. Menga tajribali dizaynerni biriktirib qo‘yishgan, Figma’da ishlashni boshlaganimda “nima bu, biz bu dasturda ishlamaymiz, Fotoshopni yuklab ol” degan. Hazillashyapti deb o‘yladim, tushunmadim, “hali ham Fotoshop ishlatasizlarmi” dedim. To‘g‘ri, vizual dizaynlar uchun Fotoshop, vebsaytlar uchun Figma kerak, lekin bu dastur haqida bilmasliklari meni hayron qoldirgan.
Ammo bir-ikki yildan keyin Google xat yozib, hamma loyihalarni Figma’ga o‘tkazishni so‘ragan. Shundan keyin hamma oldimga kelib, mendan so‘rashni boshlagan va men jamoa uchun bir soatlik Figma’da ishlashni tushuntirib dars o‘tib berganman. Kompaniya ichida Figma meni mashhur qilgan. Hozir o‘ylayman, dizaynda ayrim narsalarda MDH davlatlari Yevropadan ham oldinda bo‘lgan ekan.
Yana bir e’tiborli jihati – yangilikni qabul qilishlari qiyin ekan, biror yangi dastur chiqsa, biz O‘zbekistonda nima ekan, ishlatib ko‘raylik deb sinab ko‘rardik, ular konservativroq ekan.
“Til borasida psixologik bloklarim yechilmaguncha ingliz tilida yaxshi gaplasha olmaganman”
Menda til borasida mental blok bo‘lgan. O‘zbekistonda ruschada noto‘g‘ri gapirsangiz kulishadi va bu norma hisoblanadi. Bu yerda nimadirni bilmaganingiz yoki noto‘g‘ri talaffuz qilganingiz uchun hech kim kulmas ekan. Men buni boshida bilmaganman va ko‘p hayajonlanganman. Yaxshi gapirishim kerak deb o‘ylayversangiz, yomon gapirasiz. So‘z boyligim va grammatikam emas, psixologik blokim bo‘lgan, bitta xato gapirib qo‘ysam hayajonlanib dovdirab qolardim.
Sekin o‘zgargan, ishxonadagilar ham yordam bergan, o‘xshamagan joylarda ham, tilda ham, loyihalarda ham qo‘llab-quvvatlashgan. Ispanlar bilan loyiha qilganda ularning inglizcha gapirishini ko‘rib, o‘zimdagi hayajonni yengganman, ular so‘zlarni ingliz tilida aytyapti, lekin ispancha gapirayotgandek eshitilardi. Arang tushundim, lekin ularga hech kim yomon gapiryapsan demagan, aniqlashtiruvchi savollar berib tushunib gaplashaverishgan.
Braziliyalik hamkasbim bor edi, “sen negadir yevropaliklarga o‘xshashga, ularning hayot tarziga mos tushishga harakat qilyapsan, o‘zingning madaniyatni olib kir, o‘zingning mamlakating haqida gapir. Jamoa shu bilan boyiydi, sen ularga o‘xshashga harakat qilma, o‘zing bo‘l, hech narsadan uyalma. Menga aksincha qiziq, mamlakatingdagi odamlar, ovqatlar, ob-havo haqida gapir”, degan. Shundan keyin psixologik bloklarim yechilgan va ingliz tilim yaxshilangan.
“Men umuman bilmagan ishlarni ishonib topshirishardi”
Ish boshlaganimdan keyin men ko‘proq produkt dizaynerman, UI dizaynerman, menga o‘zimga mos ish beringlar, vizual dizayner emasman deganman. Ishlayver, yaxshi bo‘lib ketadi deyishgan. Video darslar ko‘rib, o‘rganishni boshlaganman, Fotoshopda dizaynlarni qaysi o‘lchamdan qilishni o‘rgandim. Shundan keyin portfoliom kengayib ketgan, komfort zonadan chiqdim va bu zonamni kengaytirdim.
Sherzod Mirzaahmedovning shaxsiy arxividan
Koviddan keyin bizda “Virtual evens” degan yangi bo‘lim ochildi, ya’ni butun dunyoda bo‘ladigan tadbirlar hammasi onlaynga o‘tganda, shunaqa onlayn platformalar yaratishga talab katta bo‘ldi. Bu bo‘limga o‘tib, portfoliomni kengaytirganman. Unda ko‘pincha translatsiyalar, kimdir chiqib gapiradi, uni bitta kadrdan ikkinchi kadrga o‘tayotgandagi animatsiyasini ham qilishim kerak edi, keyin tagida chiqadigan ism familiyasi kabilarning dizaynini qilishim kerak edi. Men bularni qilishni umuman bilmaganman, tajribam yo‘q narsani qanday qilib menga berishyapti deb hayron qolganman. Lekin eplab ketganman, bu ham profilimni kengaytirdi.
Hozir o‘zimning yo‘nalishimda ishlayapman, ya’ni vebsaytlar, mobil ilovalar dizayni bo‘limiga o‘tganman. UI va produkt dizaynda ishlayapman. To‘g‘risini aytsam, vizual dizaynda ishlagan paytlarimni sog‘inyapman, chunki veb dizayn bu ko‘proq sistematik dizayn, vizual dizaynda esa ko‘proq kreativlik kerak bo‘ladi va yangi narsalar yaratasiz. Platformalar dizayni ko‘proq tizim bilan bog‘liq bo‘lib, bir marta boshida yo‘nalish tuzib olib, hamma betlari, komponentlari tizimli bo‘ladi va shu sababli bu zerikarliroq.
Ish kuni haqida qisqacha
Xohlasak, 3 kun ofisga borib, 2 kun uydan ishlasa bo‘ladi. Lekin uyim uzoqligi, bolalarimni bog‘chaga olib borishim kerakligi sababli, bir marta boraman ofisga. Ertalab turaman, loyihalarni treking qiladigan tizimlar, smart sheets va Google kalendarga qarayman, qanaqa qo‘ng‘iroqlar borligini tekshiraman va har kuni 5-10 minut kim nima ish qilyapti, qanaqa muammo borligi haqida gaplashib olamiz. Kun orada nima ish qilganimiz haqida yozma ravishda e-mail’larga jo‘natib chiqaman.
Sherzod Mirzaahmedovning shaxsiy arxividan
“Kareramdagi eng qiyin ish…”
Boshida bo‘lgan, VR experience’ga oid ish berishgan, ko‘zoynak taqib virtual dunyoga kirib ketasiz. Amsterdamda juda chiroyli bino qurilgan hozir, o‘sha binoni sotmoqchi bo‘lishgan. VR ko‘zoynak taqib, bino ichida aylanadigan qilishgan. Bitta qo‘lingizda pult bo‘ladi, o‘sha pult bilan bino ichida virtual aylanib yurasiz. Xuddi Google Earth’da yurgandek. Keyin, masalan, “hotspot” bo‘ladi: virtual portalga borib bitta tugmani bossangiz, boshida zalda bo‘lsangiz, bitta tugma bilan sizni kvartiralarga olib chiqib qo‘yadi. Juda qiziq narsalar qilishgan, kitobni ochsangiz, qiziq ma’lumotlarni o‘qiysiz. Yurasiz kvartiralarda, keyin yana “hotspot”ni topasiz, virtual portal sizni ofis hududiga olib boradi.
Amsterdamdagi binoning VR tasviri
Men portallarni chizishim kerak edi, aylansangiz, 3D portal, hamma joy ko‘rinadi, animatsiya bilan. Animatsiyani men qilmaganman, lekin raskadrovkani qilishim kerak edi, shunda rosa qiynalganman. Mening miyam – 2D, u loyiha esa 3D makonda. Parallel ravishda oson vaziyatda ham emasdim: ham ayolim homilador, hujjatlarni to‘g‘rilashim kerak va boshqa uy topishim kerak, hali bankdan hisobraqam ochilmagan, oyligimni berishmagan. Shunday vaziyatda, ustiga ustak qiyin loyiha berishgan, shunaqa qiynalganman. “Aksincha, boshida osonroq loyiha beringlar, keyin qiyinlarini qilaman” desam, “yo‘q qilaver” deyishgan. Lekin bunday holatlarda bir narsa yaxshi “xo‘p, mayli” deb sizni loyihadan chiqarib yuborishsa, siz tayyormasligingizni tan olishgan va o‘zingiz ham ruhiy jihatdan tayyor emas ekanman deb qabul qilasiz va taslim bo‘lasiz. Qiyin loyihalarni berib “kurash, oxirigacha qila olasan” deyishgan. Arang Pinterest’dan ko‘plab havolalar topib, bir amallab bitirganman. Loyiha menejeri ish tugaganidan keyin bizni hollandcha sneklar bilan mehmon qilgan, bayram qilganmiz. Shunaqa o‘zimdan xursand bo‘lganman.
U yerda juda katta kompaniyalarning buyurtmalari bilan ishlanadi. Minus tarafi, bitta loyiha ustida shunaqa ko‘p odam ishlaydiki, siz qo‘shgan hissangiz kamayib ketadi, bu jamoaviy ish bo‘ladi va men qilgan ish muvaffaqiyatli bo‘ldi deb ko‘rsatish juda qiyin bo‘ladi.
“Anna Frankning virtual kutubxonasi men uchun eng yaxshi ish bo‘lgan”
Menga juda yoqqan loyihalardan biri – Anna Frank haqidagi mobil ilova edi. Amsterdamda Anna Frankning uy muzeyi bor, rasizm va ksenofobiyaga qarshi loyiha tashkil qilingan. U kitob javoni orqasida bekinib, kitobini yozgan, xuddi shunaqa kitob javonining virtual reallik ko‘rinishini chizib chiqishgan. Anna Frankning xonasi bo‘ladi, qanaqadir obektlar bo‘ladi, ularni ochsangiz, ksenofobiya yoki rasizmga uchragan odam boshidan o‘tkazganlarini aytib beradi.
Anna Frankning virtual kutubxonasi
Juda qiziq loyiha bo‘lgan, katta xalqaro mukofotlarni yutgan. Dizayn nuqtayi nazaridan murakkab ish qilinmagan, lekin g‘oyasi menga juda yoqqani uchun hali ham “Media monks”da qilgan eng yaxshi loyiham deb hisoblayman.
“Google, Meta, Amazon, BMW bilan ishlaganman”
Kompaniyaga endi kelganimda, Antuan degan dizayner bo‘lardi va u faqat Google’ning loyihalarini qilardi, “vauv, Google’ga qilyapti” deb havas qilardim, men uchun bunday ishlar katta tuyulardi. O‘zimga ham birinchi marta Google proyekt berishganda hayajonlanganman. Lekin bitirib bo‘lgandan keyin oson ekan-ku deganman.
Google Maps uchun tayyorlangan dizayn
Meta, Amazon, BMW kabi kompaniyalar bilan ishlash, to‘g‘risi, uncha yoqmaydi. Menga ko‘proq minuslari ko‘rinadi, ular katta kompaniya bo‘lgani uchun dizayn sistemasi juda tartibli yo‘lga qo‘yilganki, sizda erkinlik bo‘lmaydi, tizimdan chiqib ketolmaysiz, xato ham qila olmaysiz. Lekin odam xato qilib turishi va uni tuzatib o‘rganishi kerak. Bunday loyihalarda esa xato qilolmaysiz. Tizimdan chiqib keta olmaysiz, hamma narsa bir-biriga bog‘liq, ranglar, shriftlar tizimlashtirib bo‘lingan va shu sababli zerikarli ish. Yana yuzta odam tepada turib, o‘zining fikrini aytadi. Chunki biror ishni birinchi ochganingizda dizayn ko‘rinadi va hamma tushunaman deb o‘ylaydi va fikrini aytaveradi. Ayniqsa, Amerika bozori uchun ishlasangiz, dizayn oxirida qolib ketib, matnni muhokama qilib ketishadi. Bitta dizayndagi matnni yigirmatacha kopirayter tekshirib o‘tirgan holatlar bo‘lgan. Chunki ularda matnda yoziladigan gaplar borasida oldindan ogohlantirilmasa, sudga berib yuboradi, shuning uchun keragidan ortiq e’tiborni dizayndan ko‘ra matnga qaratishadi.
Yaxshi dizayner kim?
Vaqt o‘tgan sari yaxshi dizayner kim degan savolga javobim o‘zgarib borgan. Boshida Fotoshopni zo‘r qiladigan deb o‘ylaganman, keyin texnik jihatdan zo‘r chiroyli dizayn chizadigan deb o‘ylaganman. Bu yerga kelganimdan keyin dizayn san’at bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Artemiy Lebedev kundaligida dizayn hech qanaqa san’atmas, u funksiya degan. O‘shanda yosh edim va bu fikrga qo‘shilmaganman, qanaqasiga? Axir bu san’at, ko‘ngildan chiqarib chizaman, deganman. Yo‘q, u haq bo‘lgan, dizayn bu funksiya, biznes masalalarini hal qiladigan, kommunikatsiyani yetkazadigan vosita ekan.
Ha, talant bo‘lishi kerak, lekin tajriba ham kerak. Soft skills, ikkilamchi narsalar, kommunikatsiyalar ham muhim. Faqat dizayn qilmasdan, uni himoya qila olish ham kerak. Google loyihalarda 20-30 ta odam o‘tiradi, ularga nega bunday dizayn qilganingizni yetkazib bera olishingiz kerak. Ko‘proq mehnat kerak, ko‘p kitob o‘qish kerak, hayotiy tajribani ham uyg‘unlashtirish kerak.
Kreativ blokni yengish uchun nimalar qilganman?
Boshida hammada kreativ blok bo‘ladi. Umuman qo‘rqish kerak emas, hammada bo‘ladi bu. Men yaxshi dizayner bo‘lolmas ekanman, menga yaxshi g‘oya kelmayapti deb o‘ylash kerak emas. 18 yil mobaynida ayrim narsalarni avtomatik qiladigan bo‘lganman. Ba’zan blok emas, juda ko‘p g‘oya keladiki, hatto u minusga ishlaydi. Chunki ertalab turasiz, toza miya bilan qarasangiz, nimadirlar ko‘zingizga xato ko‘rinadi va o‘zgartirishga kirishasiz. Ertasiga yana nimadir xato ko‘rinadi va o‘zgartirgingiz keladi, bu ham yaxshi emas. Juda ko‘p g‘oya bo‘lsa, uni ham nazorat qilish kerak.
Kreativ blokdan qutulish uchun boshqa ish qilish kerak, masalan sayr qilish, dush qabul qilish, kitob o‘qish va umuman g‘oya haqida o‘ylamaslik, iloji boricha uxlash. Nimadir o‘xshamayotgan bo‘lsa, o‘zingizni qiynashingiz to‘g‘ri emas. G‘oya keladi, o‘zingizni qiynab topganingizdan ko‘ra, o‘zi g‘oya kelib, kreativ blok yechilganda kayfiyatingiz ham ko‘tariladi.
Agar raqamli mahsulot dizaynini qilayotgan bo‘lsangiz, masalan, veb-sayt dizaynini faqat veb-saytlarni ko‘rib chiqish ham to‘g‘ri emas. Ko‘chaga chiqing, biror kompozitsiyasi qiziqroq bino, yoki tabiat qo‘ynida chiroyli manzarani ko‘rib qolasiz, shundan ilhomlaning. Bir marta tabiatni kuzatib, barglarni bosib, o‘zimni chalg‘itishga harakat qilib yurganimda g‘oya kelib qolgan va uyga qaytib kelib ishlaganman. Kitoblardan ko‘p g‘oya olaman. Ayniqsa, ilmiy fantastika kitoblari, jurnallardan ko‘p ilhom olaman.
Sherzod Mirzaahmedovning shaxsiy arxividan
Bu yerdagi dizaynerlarning O‘zbekistondagi dizaynerlardan bir farqi bor – bu yerda eng tajribali dizaynerlar ham shu yo‘nalishda avval qilingan hamma ishlarni yig‘ib chiqadi (moodboard), buning uchun hatto bir ish kunini sarflashadi. Bu o‘g‘rilikka kirmaydi va qo‘rqish kerak emas, muhimi oldingi ishlardan ilhomlanish. Ishni bitirgandan keyin umuman boshqacha dizayn qilingan bo‘ladi, moodboard sizga ishni to‘xtatib qo‘ymasligingizga katta turtki beradi.
Har xil yo‘nalishdagi dizaynlar allaqachon qilib bo‘lingan, shu sababli velosiped ixtiro qilishga harakat qilish kerak emas. Kreativ blokni keltirib chiqaradigan narsa ham shu – “vauv degan narsa qilishim kerak “deb o‘ylash.
O‘zbekistondagi dizayn muhiti bu yerdan qanday farqlanadi?
Shu paytgacha Niderlandiyada doktorlar tomoqni chayish, ukol-dori degan narsalar buyurmagan. Toza havoda aylanib kel, o‘tib ketadi, deydi. 2 haftadan keyin borsangiz ham, paratsetamol ich deydi, bo‘ldi. Bu juda konservativ misol.
Endi dizayn nuqtayi nazaridan gapirsam, Figma men borgan paytda endi chiqib kelgan va bozorda o‘zini hali isbotlamagan dastur edi. Ham u payt “Media Monks” lokal kompaniya edi, hozir ancha kengaydi va globallashdi. Endi u yangiliklarni qabul qilishga majbur, sun’iy intellekt allaqachon kirib keldi. Uni kim tez o‘zlashtirsa, o‘sha eng tez yutadi, degan fikrga kelindi va oxirgi bir necha oy ichida bizga ko‘p treninglar qilishdi. Hali ham 15-20 daqiqa ichida har kuni sun’iy intellekt borasida yangiliklar haqida gapirib berishadi.
Ayrim noma’lumroq narsa bo‘lsa, O‘zbekistonda tezroq o‘tiladi. Boya aytganimdek boshqalarning ishidan ilhomlanishdan qo‘rqishmaydi. Saudiya Arabistonida Qiddiya degan yangi shahar qurilyapti, o‘shaning veb-sayti dizaynini qilishni tenderda yutib oldik. Katta tajribaga ega kreativ dizayner loyiha dizaynini qildi va bizga e’lon qildi. Moodboard shundoq ko‘rinib turibdi, kimlarning ishidan ilhomlanganini ro‘yxat qilib qo‘ygan va buni berkitmagan ham. Ayniqsa, tez qilinishi kerak bo‘lgan ishlarda boshqalardan ilhomlanish normal.
Sun’iy intellekt va dizayn
Umumiy sun’iy intellektga qarash menda qanaqa: biz bolaligimizda endi kompyuterlar chiqib kelgan vaqtda ota-onalarimiz ham kompyuter bizning ishimizni olib qo‘yadi deb qo‘rqishgan yoki buxgalterlar avtomatik hisoblash mashinalari bizni ishsiz qoldiradi deb o‘ylagan. Lekin oxir-oqibat kompyuter yordamchi instrument, sizning ishingizni oson qiladigan narsa bo‘lib chiqdi. Lekin ular hali sizning ishingizni egallamadi, mashinkada yozadiganlarning ishi va hayotini osonlashtirdi.
Hozir sun’iy intellekt qilayotgan ishlar ham menga yordamchi, u hali-beri mening o‘rnimni bosa olmaydi, chunki loyihalar davomida kommunikatsiya, bir odam ikkinchi odam bilan gaplashganda kalit qarorlarini qabul qilishni qila olmaydi. Ishni boshlab olish uchun sun’iy intellekt yaxshi yordamchi, lekin baribir tayyor, oxirgi mahsulotni odam yaratadi, oxirgi nuqtani odam qo‘yadi. Shuni qabul qilib, sun’iy intellektni raqobatchi emas, yordamchi deb qabul qilish kerak.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Jamiyat
O‘zbekistonda ham hokimlar xalq tomonidan saylanishi mumkin
O‘zbekistonda tuman va shahar hokimlarini saylash tizimini joriy etish masalasi kun tartibiga chiqdi.
Bu haqda Prezident farmoni loyihasi bilan tasdiqlanishi rejalashtirilayotgan «Davlat boshqaruvini 2030 yilgacha nomarkazlashtirish strategiyasi»da so‘z boradi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, kelgusi yillarda davlat boshqaruvidagi vakolatlarni markazdan hududlarga o‘tkazish, mahalliy rahbarlarning mas’uliyati va mustaqilligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshiriladi. Shu doirada tuman va shahar hokimlarini saylash mexanizmini to‘liq ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan.
Hozirda O‘zbekistonda tuman va shahar hokimlari yuqori turuvchi hokimlar tavsiyasi asosida Prezident tomonidan tayinlanadi. Yangi strategiya esa mahalliy boshqaruv tizimida aholi ishtirokini kuchaytirish va hudud rahbarlarining xalq oldidagi hisobdorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.
Loyihada, shuningdek, respublika darajasidagi 250 ta funksiya va vakolatni hududlarga o‘tkazish, mahalliy budjetlar mustaqilligini kengaytirish hamda davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini oshirish vazifalari ham nazarda tutilgan.
Hujjat hozircha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib, taklif va mulohazalar asosida takomillashtirilishi mumkin.
Jamiyat
Investorlar uchun yangi kafolatlar va aholidagi mobil telefonlar miqdori
Prezident investorlar uchun yangi huquqiy kafolatlarni e’lon qildi. Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi. 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatishi ma’lum bo‘ldi. Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi. Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident investorlar uchun yangi huquqiy kafolatlarni e’lon qildi
O‘zbekistonda investorlar huquqlarini himoya qilish va xalqaro moliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi. Uning ishtirokchilari uchun maxsus huquqiy rejim hamda 50 yillik soliq imtiyozlari joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Xususan, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Shuningdek, kapitalning erkin harakati va istalgan valutada hisob-kitob qilish imkoniyati kafolatlanadi.
Markaz hududida moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va «yashil» moliyani rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilma shakllantiriladi. Bundan tashqari, normativ hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator tashkil etiladi.
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
Xalqaro konsalting kompaniyasi Boston Consulting Group (BCG) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatorida qayd etildi. Poytaxt “o‘zgarish sur’ati” ko‘rsatkichi bo‘yicha jahonning bir qator yirik shaharlarini ortda qoldirib, yuqori o‘rinlardan birini egallagan.
BCG tomonidan tayyorlangan tadqiqotda dunyoning turli shaharlari iqtisodiy imkoniyatlar, yashash sifati, ijtimoiy kapital, davlat boshqaruvi bilan o‘zaro munosabatlar hamda o‘zgarishlarga moslashish sur’ati kabi mezonlar asosida baholangan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkent “o‘zgarish sur’ati” yo‘nalishida Xitoyning Shenchjyen shahri va Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddan keyingi pog‘onani egallagan. Tadqiqot mualliflari Toshkentning yuqori natijalarini avvalo iqtisodiy faollikning o‘sishi, yangi imkoniyatlarning paydo bo‘lishi hamda davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi bilan izohlagan. Shuningdek, aholi va davlat idoralari o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarining takomillashib borayotgani ham muhim omil sifatida qayd etilgan.
10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatishi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda mobil aloqa vositalaridan foydalanish darajasi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 10 yosh va undan katta aholining 99,3 foizi mobil telefondan foydalangan.
Qayd etilishicha, mamlakatda raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, mobil aloqa xizmatlari qamrovining ortishi hamda internet infratuzilmasining rivojlanishi aholi orasida mobil telefonlar ommalashuviga xizmat qilgan.
Mutaxassislar fikricha, mobil telefonlar nafaqat aloqa vositasi, balki davlat xizmatlari, elektron to‘lovlar, onlayn ta’lim, elektron tijorat va turli raqamli platformalardan foydalanishning asosiy vositasiga aylanib bormoqda.
Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, fuqaro Z.Yu. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan. U Andijon tumanidagi Yo‘ldosh Oxunboboyev massivida joylashgan davlat zaxirasi yer maydoni auksion orqali uning farzandi nomiga rasmiylashtirilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan. Shundan so‘ng mazkur 40 sotix yer maydonining hujjatlarini kelgusida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, bu xizmat uchun 160 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida u 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin
Yaroqlilik muddati o‘tgan yoki belgilangan tartibda ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat bilan «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Loyihaga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish yoki sotish maqsadida qabul qilganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarda mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Jamiyat
O‘qish maqsadida chet elga chiqqanlar soni kamaydi
2026 yilning dastlabki to‘rt oyida o‘qish maqsadida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada qisqardi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–aprel oylarida 7 355 nafar O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olish maqsadida chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,6 ming nafarga yoki 26,2 foizga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur davrda o‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p tanlagan davlat Qirg‘iz Respublikasi bo‘lgan. U yerga ta’lim maqsadida 1 519 nafar fuqaro yo‘l olgan. Rossiya ikkinchi o‘rinni egallab, ushbu mamlakatga 1 515 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun borgan.
Reytingning keyingi pog‘onalaridan Janubiy Koreya, Turkiya va Tojikiston joy olgan. Xususan, Koreya Respublikasiga 1 184 nafar, Turkiyaga 554 nafar, Tojikistonga esa 514 nafar fuqaro ta’lim maqsadida safar qilgan.
Shuningdek, Xitoyga 472 nafar, Buyuk Britaniyaga 413 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun chiqqan. Boshqa davlatlarga ta’lim maqsadida safar qilganlar soni esa 1 184 nafarni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, ta’lim migratsiyasidagi o‘zgarishlarga xorijiy universitetlar qabul siyosati, ta’lim xarajatlari, stipendiya dasturlari hamda mehnat bozoridagi tendensiyalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rinishicha, xorijda ta’lim olishga qiziqish saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, joriy yilning dastlabki oylarida chet elda o‘qish uchun safar qiluvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Jamiyat
O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga oid qonunchilik yangilandi
O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda barpo etilgan uy-joy va boshqa obektlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Hujjat mazkur sohadagi huquqiy mexanizmlarni soddalashtirish va fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Qonun bilan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq amaldagi tartib-taomillarni yanada takomillashtirish maqsad qilingan.
Xususan, huquqlarni e’tirof etish jarayonlaridagi ayrim byurokratik talablar qisqartirilib, vakolatli tashkilotlarning mas’uliyati aniqlashtirildi. Shuningdek, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan normalar ham kiritilgan.
Qonunga muvofiq, ayrim holatlarda yer uchastkalari va uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan kengroq foydalanish, davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini kuchaytirish hamda arizachilar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanmoqda.
Ta’kidlanishicha, yangi o‘zgartishlar fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash, bahsli holatlarni kamaytirish va mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarining ochiqligi hamda samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mutasaddilar fikricha, qabul qilingan qonun aholining uy-joy va yer munosabatlari sohasidagi huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish bilan birga, ko‘chmas mulk sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga zamin yaratadi.
Jamiyat
Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar oshirilishi mumkin
O‘zbekistonda yaroqlilik muddati o‘tgan yoki belgilangan tartibda ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Hujjat bilan «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish yoki sotish maqsadida qabul qilganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarda mahsulotlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ayrim normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlariga savollar berdi. Shuningdek, hujjatni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham bildirildi.
Bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Jamiyat4 days ago16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
