Sport
Qatar biz uchun noqulay raqib, lekin undan kuchlimiz – Temur Kapadze
Muddatidan oldin jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy jamoasi saralash musobaqasining so‘nggi turida Toshkentda Qatar milliy jamoasi bilan o‘ynaydi. Ushbu bahsdan oldin milliy jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadze va jamoa sardori Eldor Shomurodov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
JCh-2026 saralash bocqichi doirasidagi O‘zbekiston – Qatar o‘yinidan oldin milliy jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadze va jamoa sardori Eldor Shomurodov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
– Hozir og‘ir o‘yindan keyin kayfiyat va jismoniy holat bo‘yicha bizda hammasi joyida, dedi Kapadze. To‘g‘ri, Oston O‘runovda jarohat bor, ammo umid qilamizki, u tez orada safga qaytadi. Otabek Shukurovda ham kichik jarohat bor, ertaga uning holatini to‘liq aniqlab olamiz.
Bosh murabbiy BAA (0:0) bilan o‘tkazilgan o‘yin haqida to‘xtalib, birinchi galda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini uddalash muhimroq bo‘lganini aytdi.
«Shu sababdan qanday uslubda o‘ynash ahamiyatga ega emasdi. Bosim yuqori bo‘lgani bois hammasini nazorat ostida ushlab turdik. Pragmatik futbol ko‘rsatdik, demagan bo‘lardim. Qatarga qarshi esa bosim kamayadi, shubhasiz. Bizda bosim bo‘lmaydi, demayman. Har holda, muxlislarimiz va prezidentimiz qarshisida to‘p tepish mas’uliyati bo‘ladi. Shunga qaramay, vazifani ijobiy hal qilganimiz bizdagi bosimni kamaytirdi», dedi Kapadze.
Bosh murabbiy navbatdagi raqib Qatar hozir qulay raqib emasligini, biroq, ulardan kuchli ekanimizni ta’kidladi.
«Men o‘ynagan paytda Qatar qulay raqib hisoblanardi. Biroq hozir vaziyat o‘zgargan. Qatarliklar Osiyo chempioni bo‘ldi va bu safar ham bizga muammo tug‘dira oladi. Aytishim mumkinki, ayni paytda ulardan har jabhada kuchlimiz. Osiyo kubogidagi va jahon chempionati saralashidagi mag‘lubiyatlarda omad ular tomonda bo‘lganini ta’kidlash lozim», dedi Kapadze.
Bosh murabbiy milliy jamoaning sobiq ustozi, sog‘lig‘idagi muammo tufayli lavozimini tark etishga majbur bo‘lgan Srechko Katanetsni ham tilga oldi.
«Katanets bilan munosabatimiz yaxshi. U bilan olimpiya jamoamizda ishlagan vaqtimda ham ko‘p aloqaga chiqib turardik. Mundialga chiqishimizda uning ham hissasi yuqori, albatta. Srechkoning taqdirlanishi meni ham quvontirdi. Har bir inson munosib e’tirof etilgani uchun ham rahbariyatimizni hurmat qilaman», dedi Kapadze.
Milliy jamoa sardori Eldor Shomurodov Qatarga qarshi o‘yinda g‘alaba bilan muxlislarga munosib sovg‘a tuhfa etishga va’da berdi.
«Mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish – biz uchun yuksak natija. To‘g‘risi, nishonlash uchun hali vaqt bo‘lmadi. Lekin ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Xudo xohlasa, Qatar bilan o‘yinda jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan birga g‘alabani ham nishonlashga ulguramiz. BAA bilan o‘yingacha vaqt juda ham sekin o‘tgandek bo‘ldi. Sababi, bu bahsni ancha kutgandik va natija juda katta ahamiyatga ega edi», dedi Eldor Shomurodov.
JCh-2026 saralashidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Qatar o‘yini 10 iyun kuni soat 18:45 da «Bunyodkor» stadionida boshlanadi. Bellashuv Sport TV orqali jonli efirda namoyish etilishi kutilmoqda.
Ushbu o‘yin natijasi har ikkala jamoa uchun musobaqa jadvali nuqtai nazaridan hech qanday ahamiyatga ega emas: O‘zbekiston milliy jamoasi muddatidan oldin jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan, Qatar milliy jamoasi esa saralashning keyingi bosqichida o‘z kuchini sinab ko‘radi.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport16 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat5 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport5 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
