Jamiyat
Qashqadaryodagi dahshatli avtobus halokati, 26 qurbon va 2 ming so‘m “pora” – sudlangan IIB xodimi 16 yildan so‘ng oqlandi
2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi “Ko‘kdala-Chimg‘uzor” avtomobil yo‘lida mudhish YTH sodir bo‘lgan: 51 nafar yo‘lovchi olib ketayotgan avtobus yo‘l chetida turgan ekskavatorga katta tezlikda borib uriladi va uning 26 yo‘lovchisi halok bo‘ladi. Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik avtohalokatlardan biri sifatida eslanadigan ushbu hodisadan keyin o‘sha tunda “Umakay” YPX maskanida xizmat olib borgan kinolog ham javobgarlikka tortiladi.
Dahshatli YTH va 26 qurbon
2009 yil 1 may. Ish va turli tashvishlar bilan poytaxtga kelib, ortga qaytayotgan surxondaryoliklar hamda biror yumush bilan ushbu viloyatga borayotganlar yo‘lovchi sifatida Mersedes-Bens avtobusiga o‘tirishadi. 51 nafar yo‘lovchi mingach, avtobus Toshkent shahridan Qashqadaryo viloyatiga qarab yo‘l oladi. Albatta, yo‘lovchilar oldinda ularni ayanchli avtohalokat kutayotganini bilishmasdi.
Haydovchi avtobusni shamolday yeldirib borar, yo‘lovchilar tun bo‘lgani uchun bamaylixotir uxlab ketishardi. Soat 00:17 da “Umakay” YPX maskaniga yetib boriladi. U davrda har bir viloyat, ayrim hududlarda hatto har bir tuman chegarasida YPX maskanlari bo‘lgan. “Umakay” maskanidan o‘tgan avtobus yo‘lini davom etadi. Bu paytda yomg‘ir ham yog‘ayotgan, yo‘lni ko‘rish masofasi biroz cheklangandi. Qamashi tumanida, “Ko‘kdala-Chimg‘uzor” avtomobil yo‘lining 42-kilometriga yetganda avtobus yo‘l chetida turgan ekskavatorga katta tezlikda borib uriladi. Oqibatda 51 nafar yo‘lovchining 26 nafari halok bo‘ladi. 20 nafardan ortiq yo‘lovchi turli darajada tan jarohati oladi.
Ushbu yirik YTH mahalliy nashrlarda yoritilmagan. Jamoatchilik bu haqda xorij OAV orqali xabar topgan.
“Aybdor” kinolog
Mersedes-Bens avtobusi “Umakay” YPX maskanidan o‘tganida “post”da o‘sha vaqtda Qashqadaryo viloyati IIB YHXB kinologiya guruhida inspektor kinolog vazifasida ishlagan Akrom Turdiyev xizmat vazifasini o‘tayotgandi. Avtobus YTHga uchragach unga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va kinolog 2009 yil 14 may kuni qamoqqa olinadi.
Akrom Turdiyev pora olish va mansab soxtakorligi jinoyatlarida ayblanadi. JIB Chiroqchi tuman sudining 2009 yil 13 iyuldagi hukmi bilan unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
O‘sha davrda viloyatlar chegarasidagi YPX maskanlarida pasport rejimi amalda bo‘lgan. Ya’ni bir viloyatdan ikkinchi viloyat hududida o‘tayotgan avtobuslar tekshirilib, hatto yo‘lovchilarning fuqarolik pasporti ko‘zdan kechirilgan.
Sudning hukmida Akrom Turdiyev ana shu ishni bajarmaslik uchun YTHga uchragan avtobus haydovchisidan 2 ming so‘m pora olgani keltirilgan. “Akrom Turdiyev masabdor shaxs bo‘lgan holda 2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi soat 00:17 da o‘tgan Mersedes-Bens rusumli avtobusni to‘xtatib, o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda avtobus ish boshqaruvchisidan haydovchilarning hujjatlarini, ularning belgilangan tartib qoidalarga rioya qilib, avtobusni boshqarib kelayotganligini hamda avtobus bagaji va yo‘lovchilarning hujjatlarini tekshirib, ularni ovora qilgan holda YPX maskanida ushlab turmaslik evaziga 2000 so‘mni pora tariqasida olgan”, deyiladi sud hujjatida.
Shuningdek, hukmda Akrom Turdiyev 2000 so‘m pora evaziga avtobusni “Umakay” YPX maskanidan maxsus daftarga qayd qilmasdan o‘tkazib yuborgani, so‘ngra transport vositasi YTHga uchraganini eshitib, daftarga haydovchilar nomidan soxtalashtirgan holda o‘zi imzo qo‘ygani aytiladi.
“Mening vakolatim bo‘lmagan”
Oradan 16 yil o‘tib, kinolog mazkur jinoyat ishi bo‘yicha kassatsiya tartibida shikoyat kiritdi. U o‘z shikoyatida o‘sha holatda aybi bo‘lmaganini aytib, suddan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.
“Menga portlovchi moddalar va giyohvandlik vositalarini topuvchi ikkita it xizmat yuzasidan biriktirilgandi. “Umakay” YPX maskanida xizmat olib borgan vaqtimda menda haydovchilarni to‘xtatib, ularga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish va jarima qo‘llash vakolati bo‘lmagan. Haqiqatan 2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi “Umakay” YPX maskanidan Mersedes-Bens rusumli avtobus o‘tdi. Vakolatimga kirmasa-da, avtobus haydovchisiga yo‘lda ogoh bo‘lishi uchun viloyat IIB tomonidan ishlab chiqilgan, haydovchilarni yo‘lda sergaklikka undovchi broshyurani berganman. Tergov organi tomonidan menga noto‘g‘ri ayb e’lon qilingan: hech kimdan pora olmaganman va biror rasmiy hujjatni soxtalashtirmaganman. Ushbu avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchraganidan so‘ng meni ishdan bo‘shatishdi”, degan Akrom Turdiyev suddagi ko‘rsatmasida.
“Pora bermaganman”
Jinoyat ishidagi jabrlanuvchi ham kinologga pora bermaganini, shifoxonada yotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, 2000 ming so‘m bergani haqida yozdirib olishganini ma’lum qilgan.
“Mersedes-Bens avtobusi otamga tegishli bo‘lgan. Shu sababli haydovchilar bilan birgalikda “Surxondaryo-Toshkent” yo‘nalishida odam tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelganman. 2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi Toshkent shahridan Surxondaryo viloyatiga qaytishda Qamashi tumani hududida avtobus yo‘l chetida turgan ekskavator bilan to‘qnashdi. O‘sha kuni “Umakay” YPX maskanidan o‘tgan vaqtimizda inspektorga 2000 so‘m pul bermaganman. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohat olib, shifoxonada yotgan vaqtim huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelishdi va mendan 2000 so‘m pulni inspektorga berganim haqida ariza yozdirib ketishdi. O‘zim biror idoraga ariza bilan murojaat qilmaganman”, degan u ko‘rsatmasida.
Shuningdek, jabrlanuvchi avtobusning barcha hujjatlari joyida bo‘lganini, inspektorga pul berishiga biror sabab bo‘lmaganini bildirgan.
16 yildan so‘ng oqlov
Jinoyat ishi yaqinda kassatsiya tartibida ko‘rib chiqildi.
Kassatsiya instansiyasi hukmida keltirilishicha, pora olish mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishida ifodalanadi. Arizachining ko‘rsatmasi, shaxsning aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan holatlar ham boshqa obektiv dalillar aniqlanmagan taqdirda ayblash uchun yetarli asos bo‘la olmaydi.
Biroq Akrom Turdiyevni pora olish jinoyati sodir etganlikda ayblash uchun faqatgina jabrlanuvchining ko‘rsatuvi asos qilib olingan. Bu boshqa obektiv dalillar bilan asoslantirilmagan, tezkor tadbir o‘tkazish choralari ko‘rilmagan, pul pora predmeti sifatida ashyoviy dalil tariqasida olinmagan, ish bo‘yicha maqbul dalil to‘planmagan. Jabrlanuvchi YPX maskanidan o‘tish davomida inspektorga 2000 so‘m berib ketgani uni pora olganlikda ayblash uchun yetarli dalil emas, chunki inspektor pora olishi jarayonida ushlanmagan, aynan pora olish fakti bilan bog‘liq telefon so‘zlashuvlarini amalga oshirmagan. Shu asoslar bilan sud Akrom Turdiyevning pora olishda ifodalangan aybini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud emas hamda ayni vaqtda bunday dalillarni to‘plash imkoniyati ham yo‘qolgan degan xulosaga kelgan.
Mansab soxtakorligi aybi bo‘yicha esa sud YPX maskanidan o‘tadigan avtobus va mikroavtobuslarni tekshirib, ogohlantirilganini qayd qilish daftari rasmiy hujjat hisoblanmaydi va biron bir huquqiy ahamiyat kasb etmaydi, degan to‘xtamga kelgan. Qolaversa, ushbu daftarda haydovchilarning imzolari Akrom Turdiyev yoki boshqa shaxs tomonidan qo‘yilgani haqida sud-xatshunoslik ekspertizasi o‘tkazilmagan. Shu sababli kassatsiya sudi tergov organi va birinchi instansiya sudi tomonidan Akrom Turdiyevga nisbatan bu borada ham gumon va taxminlarga asoslangan holda ayb e’lon qilingan, degan xulosaga kelgan.
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan dastlabki sud hukmi bekor qilindi. Akrom Turdiyevning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli u aybsiz deb topildi va oqlandi. Jinoyat ishi harakatdan tugatildi.
Shu tariqa, sudlangan paytida 34 yoshda bo‘lgan kinolog oradan 16 yil o‘tib, 50 yoshida oqlandi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Jamiyat
Izohlardagi nafrat. Xeyterlar psixologiyasi haqida
Futbol, siyosat yoki shou-biznes — qaysi mavzu bo‘lmasin, izohlarda haqorat ko‘payadi. Bu shunchaki odobsizlikmi yoki inson psixologiyasi haqida biror narsani ochib beradimi? Kun.uz ushbu mavzuni mutaxassis va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rgandi.
Tanqid emas, shaxsga hujum
18 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. Uchrashuvlar mag‘lubiyat bilan tugagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda futbolchilarga nisbatan haqoratomuz izohlar yog‘ildi.
Qizig‘i, kechagina terma jamoa mundialga chiqa olmayotgani uchun tanqid qilganlar bugun mundialga chiqqan futbolchilarni ham keskin tanqid qilmoqda. Bu esa muammo natijada emas, ayrim insonlarning voqelikni qanday qabul qilishida ekanligini ko‘rsatadi.
Psixologlar buni oddiy tanqid emas, balki onlayn agressiya, nafrat tili va toksik muloqotning bir ko‘rinishi sifatida baholaydi.
Olimlar: xeyterlar dalil emas, insonning o‘ziga hujum qiladi
2018 yilda Kaliforniya universiteti olimlari May Elsherif, Vivek Kulkarni, Dana Nguyen, Uilyam Yang Vang va Elizabet Belding yuz minglab ijtimoiy tarmoq izohlarini tahlil qildi. “Hate Lingo” deb nomlangan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, nafratomuz izoh yozuvchilar aksariyat hollarda asosli fikr bilan bahslashmaydi. Ular dalil keltirish o‘rniga insonning tashqi ko‘rinishi, kelib chiqishi yoki shaxsiyatini nishonga oladi. Bu nafrat tili deyiladi. Tadqiqotchilarning fikricha, nafrat tilining asosiy quroli bahs emas, qadrsizlantirishdir.
Psixolog: agressiya ko‘pincha ichki muammolarning aksidir
Psixoterapevt Guli To‘rayevaga ko‘ra, ular o‘z emotsiyalarini nazorat qila olmaydi:
“O‘z fikrini agressiya bilan bildiradiganlar o‘zining emotsiyasini nazorat qila olmayapti degani. Psixoterapevt sifatida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, sog‘lom fikrlaydigan insonda, adekvat fikrlaydigan, shaxsiy yetuk insonda aql o‘sha hissiyotlarni nazorat qila oladi va u sog‘lom fikr bildira oladi. Inson emotsiyasini nazorat qila olmayaptimi, haddan ziyod agressiya qilyaptimi, demak, bu odamda nevroz holatlari bo‘lishi mumkin, yoki u odam juda ham qattiq charchagan, emotsional stress holatida. Hozir mana shu emotsional yonish sindromidagi insonlar juda ham ko‘p, yoki ularda shaxsiyat buzilishlari bo‘lishi mumkin. Deylik, bir insonning hayotda omadi yurishmay turibdi. U o‘zining mana shu muammosini yecha olmayapti. Bitta muvaffaqiyatli inson chiqdi. Uni shunchalik yerga urib haqoratlab tashlaydiki, chunki u o‘ziga muvaffaqiyatli bo‘lishga ruxsat bera olmagan. Ya’ni o‘zini bostirib qo‘ygan, o‘zini chiqara olmagan xususiyatlarini kimdadir ko‘rganda, bunda proyeksiyalar ishlab ketadi. Aynan o‘sha jurnalistga yoki blogerga qaratilgan emas, bu o‘zini aslida o‘zini ichida yotgan bostirilgan hissiyotlariga qaratilgan bo‘ladi. Deylik, bir inson qattiqqo‘l onaning qo‘lida tarbiya topgan, yoki bir ustoz unga o‘ta qattiqqo‘llik qilgan. Endi o‘ziga ishongan ayol chiqib gapirganini ko‘rganda, o‘sha ayolni haqoratlovchi izohlar yozadi. Bu aynan o‘sha ayolning shaxsiga qaratilmagan. O‘sha bolaligidagi qattiqqo‘l ayolga ayta olmagan, o‘sha bostirilgan hissiyotlari bu o‘sha jurnalist yoki blogerga qaratib chiqib ketishi mumkin”.
Izohlarda eng ko‘p uchraydigan toifalar
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganda bir nechta tipik auditoriyani ajratish mumkin:
Doim norozi insonlar – ular uchun ijobiy yangilikning o‘zi mavjud emas.
Sarlavha bilan cheklanuvchilar – materialni o‘qimasdan izoh qoldiradi va feyk xabarlarning asosiy qurboniga aylanadi.
“Divan ekspertlari” – har bir sohada o‘zini mutaxassis deb hisoblaydi, ammo fikrlari ko‘pincha bilimga emas, shaxsiy ishonchga asoslanadi.
Agressorlar – tadqiqotlarga ko‘ra, ularning haqorati voqeaning o‘ziga emas, balki o‘z hayotidagi stress, charchoq yoki qoniqmaslik holatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Trollar – ularning maqsadi haqiqatni topish emas, balki janjal chiqarish va muhokamani izdan chiqarishdir.
Mutaxassislar esa eng kam uchraydigan, ammo eng qimmat auditoriya hisoblanadi. Ular emotsiya emas, fakt va tahlil bilan bahslashadi.
Internet “xeyterlar armiyasi” haqidagi tasavvur hamisha ham to‘g‘ri emas
2021 yilda o‘tkazilgan yana bir yirik xalqaro tadqiqot millionlab onlayn izohlarni tahlil qildi. Olimlar kutilganidek internet doimiy nafrat bilan yashaydigan ulkan “xeyterlar armiyasi”dan ko‘ra, ma’lum vaziyatlarda toksiklashib qoladigan oddiy insonlar ko‘proq ekanini aniqladi.
Bu esa inson tug‘ma xeyter emasligi, muhit, emotsional holat va muhokama uslubi uni agressiv harakat qilishga undashi mumkinligini ko‘rsatadi.
Nafrat yuqumli bo‘lishi mumkin
Mutaxassislar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: agressiya agressiyani chaqirishi mumkin. Bitta haqorat ortidan ikkinchisi, keyin uchinchisi paydo bo‘ladi. Natijada muhokama maydoni faktlarga emas, hissiyotlarga qurila boshlaydi. Bu esa jamiyat uchun xavfli jarayon. Chunki taraqqiyot haqorat orqali emas, madaniyatli bahs va dalil orqali yuzaga keladi.
Izohlar voqeadan ko‘ra insonning o‘zi haqida ko‘proq gapiradi
Psixologlar fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar har doim ham voqeaga berilgan xolis baho emas. Ko‘p hollarda ularni yozgan insonning emotsional holati, hayotiy tajribasi va ichki kechinmalari izohlarda aks etadi.
Shuning uchun sog‘lom jamiyat uchun tanqid bilan haqorat o‘rtasidagi farqni anglash muhim. Chunki maydondagi futbolchilar mamlakatni qanday namoyon etsa, ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot madaniyati ham jamiyat qiyofasini shunday aks ettiradi.
Jamiyat
Profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati yagona tizimga birlashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi.
Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Amalda profilaktika inspektoriga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi.
Profilaktika inspektori huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektoriga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, ayrim moddalar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 ga, masofaviy ta’lim kvotasini 300 gacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Andijonda Malibu piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan uch kishini urib ketdi
Andijon shahrida Malibu 2 haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan.
Andijon viloyati Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.
Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning «Yangi Bo‘ston» MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.
1997 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 rusumli avtomobilda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan.
Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.
YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.
Hozirda haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olinib, holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro reytingda pastladi
O‘zbekiston bolalar huquqlarini ta’minlash darajasini baholovchi xalqaro KidsRights Index 2026 reytingida 194 ta davlat orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rsatkichdir. 2025 yilda mamlakat 95-o‘rindan joy olgan edi.
Reyting BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlar o‘rtasida tuziladi. Davlatlar bolaning yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar uchun qulay muhit yaratish kabi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi natijani Qozog‘iston qayd etib, 24-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (97-o‘rin) joylashgan.
Jahon reytingida Lyuksemburg birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, yetakchilar qatoridan Islandiya, Monako, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, Avstriya va Tailand o‘rin olgan.
Rossiya reytingda 151-o‘rinni egallagan. AQSh esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagani uchun indeksga kiritilmagan.
Reytingning eng so‘nggi — 194-o‘rnini esa uchinchi yil ketma-ket Afg‘oniston egalladi.
Jamiyat
Elektr ta’minoti tizimida mansabdorlar pora bilan ushlandi
Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimida faoliyat yurituvchi ikki mansabdor shaxs pora olish bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan.
U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muhandis avval olgan 200 AQSh dollari va 1 mln 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSh dollari hamda 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari ham korrupsiya bilan bog‘liq holatda qo‘lga olindi.
U tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini viloyat filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan pul talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs xodimlar tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Jamiyat4 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
