Jamiyat
Qashqadaryoda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarish fosh etildi
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xonadonda yashirin sex tashkil qilib, qo‘lbola usulda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab kelgan fuqaro fosh etildi. 300 litr yog‘ hamda ishlab chiqarishda foydalanilgan mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departamen
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida fuqaro M.M. tomonidan Shahrisabz tumanidagi “Loliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan xonadonida yashirin sex tashkil etilgani aniqlandi. U yerda qo‘lbola usulda iste’molga mo‘ljallangan yog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgani fosh etildi.
Ko‘rik vaqtida jami 300 litr iste’molga yaroqsiz yog‘ hamda ishlab chiqarish jarayonida foydalanilgan boshqa mahsulot va ashyolar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 186–2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.