Iqtisodiyot
Qashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
Muborak tumanida “Muborak innovatsion sanoat zonasi” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etiladi, 15 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtiriladi.
Prezidentning “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Muborak tumani “Konchilar” MFY hududidagi 200 gektar yer maydonida “Muborak innovatsion sanoat zonasi” maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.
Chiroqchi tumanida “Sohil bo‘yi” majmuasini rivojlantirish va boshqarish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentiga yuklanadi.
Shahrisabz tumanida “Quva agrostar”, Qamashi tumanida “Yangiyo‘l agrostar”, Ko‘kdala tumanida “Mirzacho‘l agrostar”, G‘uzor tumanida “Navoiy agrostar” MChJlarning loyiha ofislari tashkil qilinadi.
Qashqadaryo viloyatida 15 ming gektar, shundan 2026 yilda o‘zlashtiriladigan 5,2 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtiriladi.
2026 yil davomida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 80 foizdan past bo‘lgan 12 ta tumanda 350 ta nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi.
120 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamkorlikda 2026 yildan yoshlarni nemis tili va kasbga o‘qitish orqali Yevropa davlatlariga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish dasturi amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot
Xorijiy valyutalar ko‘tarilib bormoqda
Xorijiy valyutalar ko‘tarilib bormoqda
Source link
Iqtisodiyot
Islomiy moliya – “yotgan” pulni iqtisodiyotga olib kirish vositasi
“Yostiq ostida” saqlanadigan pullar jamiyatga foyda keltirmaydi: pul qo‘ldan qo‘lga o‘tsa, banklarda aylansa, foyda manbasiga aylanadi. Turib qolgan pullar iqtisodiyotda ishlay boshlasa, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Islomiy moliya – ishlamay yotgan pullarni “hayotga” chaqiruvchi omillardan biri.
Amalda aholi qo‘lidagi mablag‘larning salmoqli qismi hali ham rasmiy moliyaviy tizimdan chetda qolmoqda. Bu holatni Markaziy bankning 2025 yilda 1200 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan milliy so‘rovi ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, aholining qariyb 50 foizi jamg‘armasini bankda emas, balki uyida yoki hamyonida naqd shaklda saqlashini aytgan. Atigi 7 foiz aholi mablag‘ini rasmiy jamg‘arma vositalari orqali saqlayotganini bildirgan. Yana qariyb 8 foiz respondent mablag‘ini chorva, mol-mulk yoki boshqa usullarda saqlayotgani, taxminan 7 foizi esa norasmiy jamg‘arma guruhlarida pul jamg‘arishi qayd etilgan.
Bu raqamlar iqtisodiyotda ishlashi mumkin bo‘lgan sezilarli ichki moliyaviy resurs hali to‘liq bank va moliya tizimi orqali iqtisodiy aylanmaga jalb etilmaganini ko‘rsatadi.
Masala faqat odamlar pulni qayerda saqlayotganida emas, asosiy savol – nega vatandoshlarning yarmi amaldagi moliyaviy vositalarni o‘ziga mos deb bilmayotganida.
Kimdir mablag‘ini tez ishlatish uchun naqd saqlaydi, kimdir rasmiy moliyaviy mahsulotlarga ishonmaydi, yana kimdir puli aniq aktiv, real tovar yoki tushunarli loyiha bilan bog‘langan holda ishlatilishini afzal ko‘radi. Demak, bu yerda gap faqat moliyaviy odatlarda emas, balki bozorda ishonchli, sodda va ehtiyojga mos vositalar yetarli emasligida.
Pulni uyda saqlash kam holatlarda iqtisodiy jihatdan samarali. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr yakunida yillik inflatsiya 7,3 foizni tashkil qilgan. Yil boshida 1 dollar 12 904,91 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, yil oxirida 12 025,33 so‘mni tashkil etgan. Bu raqamlar – “mablag‘ni passiv holda saqlab turish foydalimi?” degan savolga javob.
Moliyaviy bozorda tanlov va ehtiyojga mos yechimlar yetarli bo‘lmagani aholi jamg‘armalarining ishlamay yotishiga, qiymatini yo‘qotishiga sabab bo‘lyapti.
Bu joyda islomiy moliya haqida so‘z ochish o‘rinli bo‘ladi.
Islomiy moliyaga faqat diniy yoki tor ixtisoslashgan moliyaviy yo‘nalish sifatida emas, balki iqtisodiyotga kirmay turgan mablag‘ni rasmiy va ishonchli mexanizmlar orqali aylanmaga jalb qilish vositasi, bozorda hozircha to‘liq qamrab olinmagan talabga javob berish vositasi sifatida qarash kerak.
Agar turli ehtiyoj va qarashlarga mos moliyaviy vositalar bo‘lsa, iqtisodiyot ham kengroq qatlamni faollikka jalb qila oladi.
Bunday qo‘shimcha moliyaviy yo‘nalishga O‘zbekistonda real iqtisodiy ehtiyoj bormi? Bor. Jahon bankining 2025 yil dekabr oyidagi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznes jami tadbirkorlik sub’yektlarining 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi, umumiy bandlikning 75 foizini ta’minlaydi va yalpi ichki mahsulotning taxminan 55 foizini yaratadi. Biroq aynan shu segment kapitalga chiqishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda: mikro, kichik va o‘rta biznes sub’yektlarining uchdan biridan ko‘prog‘ida bank hisobvarag‘i yo‘q, savdolarning 30 foizidan kami elektron shaklda amalga oshiriladi, kreditdan foydalanish darajasi esa hali ham pastligicha qolmoqda.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznesning kreditga bo‘lgan ehtiyoji taxminan 13 milliard dollarga baholangan, bu yo‘nalishda 6 milliard dollarlik moliyalashtirish bo‘shlig‘i mavjud.
Shu bilan birga, biznesini kengaytirishni maqsad qilgan korxonalar faqat kredit emas, balki xususiy kapital investitsiyalariga ham ehtiyoj sezmoqda. Bu sohadagi talab 20–30 milliard dollar deb baholangan. Biroq mamlakatda faoliyat yuritayotgan uchta xususiy kapital fondining jami majburiyat olingan kapitali atigi 2 milliard dollarni tashkil etadi. Bu esa masala faqat moliya yetishmasligida emas, balki iqtisodiyotning faol qismi uchun mos va yetarli moliyaviy instrumentlar hali ham cheklanganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtadan qaralganda, islomiy moliyaning amaliy ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki ko‘p tadbirkorlarga shunchaki naqd pul emas, balki aniq ehtiyojiga mos moliyalashtirish kerak bo‘ladi: kimgadir uskuna zarur, kimgadir xomashyo, kimgadir tovar zaxirasi, kimgadir transport, kimgadir ishlab chiqarish buyurtmasini bajarish uchun aylanma resurs zarur bo‘ladi. Islomiy moliyada murobaha orqali tovar yoki uskuna olib berish, ijara orqali aktivdan foydalanish, salam va istisna orqali qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishni moliyalashtirish, ayrim hollarda esa sherikchilik asosida moliyalashtirish ham mumkin. Shu jihatdan, u real sektor ehtiyojlariga yaqinroq mos keladi va ayniqsa savdo, xizmat ko‘rsatish, logistika, qishloq xo‘jaligi hamda kichik ishlab chiqarish sohalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana bir muhim tomoni – u iqtisodiyotni tartibga va shaffoflikka yaqinlashtiradi. Albatta, islomiy moliya yakka o‘zi yashirin iqtisodiyotni bartaraf etib qo‘ymaydi. Lekin u ayrim norasmiy aylanmalarni qisqartirishga yordam berishi mumkin. Chunki bunday moliyalashtirish shakllarida odatda real tovar, real xizmat, aniq shartnoma, hisob-faktura, elektron to‘lov va hujjatlashtirish muhim o‘rin tutadi. Natijada iqtisodiy operatsiyalar norasmiy va “ko‘rinmaydigan” holatdan rasmiy, hujjatlashgan va hisobli shaklga o‘tadi. Bu esa nafaqat biznes uchun, balki banklar, investorlar va regulyator uchun ham muhim.
O‘zbekiston iqtisodiyotida moliyalashtirishga bo‘lgan talab yuqori. Shuning uchun bu ehtiyojni faqat an’anaviy moliya tizimi orqali emas, balki turli moliyaviy mexanizmlar orqali qoplash zarur. Agar shunday sharoitda moliyaviy tizimga ishonchli, huquqiy jihatdan tartibga solingan va turli ehtiyojlarga mos yangi vositalar kiritilsa, bu ichki resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi. Bu yerda masala faqat “yangi mahsulot”da emas, balki iqtisodiyotga qo‘shimcha resurs jalb qilish va ishonchni yanada mustahkamlashdadir.
O‘zbekistonda islomiy moliya endi nazariy muhokama bosqichida emas. Senat 2026 yil 5 fevralda islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonunchilik o‘zgarishlarini ma’qulladi. Endi asosiy vazifa uni faqat huquqiy jihatdan joriy etish emas, balki real iqtisodiy ehtiyoj, bozor talabi va aniq moliyaviy mahsulotlar bilan ta’minlashdan iborat.
Islomiy moliyaning muhim qirrasi shundaki, u faqat tijorat bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘larni ham tartibli, shaffof va barqaror mexanizmlar orqali boshqarish imkonini beradi. Shu jihatdan vaqf va xayriya institutlari iqtisodiyotga to‘liq kirmay turgan resurslarni samarali ishga solishning ijtimoiy ko‘rinishi sifatida ahamiyatga ega.
2026 yil 17 fevraldagi prezident qarori bilan Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 800 milliard so‘m ajratilishi ham bu yo‘nalishga davlat darajasida e’tibor ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bois, kelgusida vaqf qonunchiligini ishlab chiqish va vaqfga ixtisoslashgan moliyaviy institut yoki Vaqf bankini tashkil etish ijtimoiy mablag‘larni yanada samarali, shaffof va uzluksiz boshqarishga xizmat qilishi mumkin.
Masala yangi shior o‘ylab topish emas, iqtisodiyotga kirmay turgan mablag‘larni ishga solish, ichki jamg‘armalarni faollashtirish, kichik va o‘rta biznes uchun mos moliyaviy yechimlar yaratish va ayrim norasmiy aylanmalarni shaffof maydonga olib chiqish. Islomiy moliyaning O‘zbekiston uchun ahamiyati xususan shu bilan muhim. Darvoqe, u mavjud moliya tizimiga to‘siq yoki xavf emas, aksincha, uni to‘ldiruvchi, iqtisodiyotga yangi resurs, yangi tanlov va yangi imkoniyat olib kiruvchi qo‘shimcha mexanizmdir.
Iskandar Tursunov
islomiy moliya bo‘yicha mutaxassis
Al Muamalat Consulting asoschisi va direktori
Iqtisodiyot
O‘zbekiston tajribasi asosida Pokistonda paxtachilik klasterlari joriy etiladi
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish doirasida paxtachilik klasterlari tizimini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahrida Panjob viloyati qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Iftixor Ali Sahu va chorvachilik hamda sutchilik vaziri o‘rinbosari Ahmad Aziz Tarar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda Pokiston tomoni O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi islohotlarini yuqori baholab, ayniqsa paxtachilik klasterlari samarali yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
Shuningdek, mazkur ilg‘or tajribani Pokistonda joriy etish orqali sohani yanada rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida Panjob viloyatining qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi salohiyati bilan tanishildi. Qayd etilishicha, ushbu hudud mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb 70 foizini ishlab chiqaradi.
Tomonlar sut va go‘sht mahsulotlari eksporti, zotdor chorvachilikni rivojlantirish, sun’iy urug‘lantirish va genetika sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, teri mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi.
O‘zbekiston vakillari esa sholi va kartoshka yetishtirish, urug‘chilik bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda go‘sht yetishtirish yo‘nalishida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.
Shu bilan birga, Toshkent va Panjob viloyatlarida savdo uylari va logistika markazlarini tashkil etish, tekstil va charm mahsulotlari uchun shourumlar ochish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar ushbu tashabbuslar ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Soliqdan qarzi bor kambag‘al aholining svetga to‘lov imkoniyati cheklanmaydi
16 apreldan Namangan viloyatida boshlanadigan eksperiment nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar va boshqa imtiyozli toifalar uchun qo‘llanilmaydi, deya ma’lum qildi Soliq qo‘mitasi. Qo‘mita, shuningdek, “abonent hisobida pul bo‘lsa ham svet o‘chaveradi” degan talqinni rad etdi.
Avval xabar berilganidek, 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan qarzdorlikni undirish uchun eksperiment tariqasida elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanib ko‘riladi.
Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “svet uchun balansda pul bo‘lsa ham, svet o‘chiriladi” degan mazmundagi talqinni rad etdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar “bir necha bosqichda ogohlantirilgandan keyin ham qarzdorlikni to‘lamagan taqdirda”, elektr energiyasi o‘chirilmaydi, balki elektr uchun to‘lov qilishga vaqtincha cheklov kiritiladi.
Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qo‘llanilmaydi:
nogironligi bo‘lgan shaxslar (1 va 2-guruh);
boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar;
qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.
“Namangan viloyatida bugungi kunda 1 mln so‘mdan yuqori qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa jami 531,2 ming nafar soliq to‘lovchining 8 foizidir”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Ulardan qanchasi yuqorida sanab o‘tilgan imtiyozli toifalarga kirmasligi xabarda keltirilmagan.
Mazkur tizim 16 apreldan eksperiment tariqasida Namangan viloyatida yo‘lga qo‘yiladi. Eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026 yil 1 oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Ya’ni elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi to‘g‘ridan to‘g‘ri barcha hududlarda joriy etilmaydi.
Soliq qo‘mitasining eslatishicha, jismoniy shaxslarning 1 mln so‘mdan yuqori soliq qarzdorligi qonunchilikka muvofiq sud tartibida undirilishi ham mumkin, lekin bu qo‘shimcha davlat boji va ijro yig‘imlariga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yildan boshlab barcha hududlarda chiqindi qarzdorligi uchun abonentning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyatini cheklab qo‘yish yo‘lga qo‘yilgan edi.
2026 yil 1 iyuldan e’tiboran esa, “kvartplata”ni har oyning 15-sanasigacha to‘lamagan mulkdorlar ham elektr energiyasiga to‘lov qilolmay qoladi.
Qayd etish lozim, chiqindi qarzdorligini elektr to‘loviga bog‘lash – qonun orqali yo‘lga qo‘yilgan edi. Soliq va “kvartplata” bo‘yicha qarzlarni ham shu mexanizm orqali undirish masalasi hozircha qonunlarga kiritilmagan.
Iqtisodiyot
Xitoy Buxoroda 75 mln dollarlik “yashil” energiya loyihasini amalga oshiradi
O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish va energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari muhokama qilindi. Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri Buxoro viloyatida 75 million dollarlik loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Xitoyning Soltenia Technology Introduction (STI) kompaniyasi prezidenti o‘rinbosari Xao Jui bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatda quyosh issiqlik energiyasi va zamonaviy energiya saqlash texnologiyalarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, STI kompaniyasi ushbu yo‘nalishda dunyodagi yetakchi tuzilmalardan biri hisoblanadi.
Xitoy tomoni Buxoro viloyatida sanoat parki uchun integratsiyalashgan issiqlik va fotoelektrik “yashil” energiya tizimini barpo etishga qiziqish bildirib, mazkur loyihaning umumiy qiymati 75 million AQSh dollarini tashkil etishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, kompaniya O‘zbekistondagi sanoat korxonalari va obektlarini quyosh energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan, qiymati 50 million dollarlik yana bir loyihani ham ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu tashabbuslar mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash, energiya samaradorligini oshirish va hududlarning energetik mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
-
Jamiyat5 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
-
Jamiyat5 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
-
Iqtisodiyot2 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Sport4 days agoFutbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Dunyodan4 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Jamiyat4 days agoorzularni umringiz evaziga sotib olasiz / 5 daqiqa
