Jamiyat
Qarzini to‘lamaslik uchun qotillik sodir etgan shaxs 16 yilga qamaldi
Buxoroda qarzini to‘lamaslik uchun qotillik sodir etgan shaxsga sud hukmi o‘qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi raisi Zafar Sharopovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Buxoro tumanilik 44 yoshli fuqaro N.E. ushbu qotillikni qasddan va shafqatsizlarcha sodir etgan.
Qotillik 2024-yil 22-oktyabr kuni, soat 18:00 larda Buxoro tumani, Yangiobod MFY «Hazratbobo» qishlog‘ida joylashgan «Ravshanbobo» fermer xo‘jaligiga qarashli chorbog‘da fuqaro N.E. tomonidan sodir etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u bolalikdan birga o‘sgan hamqishlog‘i O.O. bilan unga tegishli uzumzordagi hosilni 2018-yilda 10 ming AQSh dollari evaziga sotib olishga kelishgan. Hosilni olib ketishdan oldin ushbu mablag‘larni bir yil davomida bo‘lab-bo‘lab to‘lab borishini aytgan. Hamqishlog‘ining hosilidan ko‘rgan foydasini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborib, 2 yil davomida 2000 AQSh dollar pulni zo‘rg‘a to‘lab bergan.
Biroq, oradan 7 yildan ortiq vaqt o‘tishiga qaramay, N.E. hamqishlog‘i O.O.ga qaytarishi kerak qarzlarning qolgan qismini, ya’ni 8 ming AQSh dollarini qaytarishni paysalga solib kelavergan.
2014-yilning oktyabr oyida O.O. fermer xo‘jalik yerlarida qo‘ylarni boqib, qo‘lidagi bolta yordamida o‘tin maydalab turgan N.E.dan qarzini qaytarishini so‘rab kelgan.
Avvaliga gap talashishgan, keyin tortishishgan. Tortishuv janjalga, janjal esa o‘zaro mushtlashuvga aylanib ketgan.
N.E. tamagirlik niyatida qarzidan qutilish maqsadida O.O.ni qasddan o‘ldirish payiga tushgan. Mushtlashuv chog‘ida qo‘lidagi bolta bilan O.O.ning bosh qismining peshana va ensa sohalariga o‘ta shavfqatsizlik bilan bir necha marotaba urgan. Unga qattiq azob-uqubat yetkazgan. Yer maydoni yonidan oqib o‘tuvchi loyqa suvli ariqqa itarib, bo‘ynidan bug‘gan. «Urma, to‘xta!»-deb xirillab talpinishiga qaramagan. Ariqdan chiqarib, yana shafqatsizlikda davom etgan. Peshona, bosh va bel qismlariga boltaning orqa qismi bilan yana bir necha marta zarb bilan urgan. So‘ngra qonga belangan jonsiz tana ustidan turib, O.O.ning jasadini yashirishga tushgan. Shu yaqin atrofdagi zahkashgacha sudrab borib, belkurak yordamida 1 metr 30 sm chuqurlik kovlagan. Jasad sig‘magach, uni yana buklab, shafqatsilarcha shu chuqurlikka ko‘mgan.
…Oradan 22 kun o‘tgach, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan O.O.ning murdasi topilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jasadda bosh miya ochiq jarohati, kalla gumbaz suyaklarini botiqli sinishi, asos suyaklargacha bo‘laklanib maydalanib yorilib sinishi, bosh miya pardalari, bosh miya va miyacha to‘qimasiga qon quyilishi, ensa sohasi va ensa suyagi o‘ng yarmida aniqlangan lat yaralar va peshona sohasidagi qon talash, chegaralangan yuzali o‘tmas qattiq jismlar ta’siridan ya’ni boltaning orqa temir to‘mtoq qismi bilan hamda chap chakka tepa sohasi, chap chakka o‘rta qismi va o‘ng chap chakka tepa o‘rta qismlaridagi chopilgan yaralari o‘tkir chopuvchi jism bolta ta’siridan yuzaga kelgani, ya’ni hayot uchun xavfli bo‘lgan va ayni holatda qisqa vaqt oralig‘ida kelib chiqqan uning o‘limi bilan yakunlangan og‘ir tan jarohatlari aniqlangan.
Aybdor O‘zbekiston Respublikasi JK 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining «j, i» bandlari bilan aybli, deb topilgan. 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan N.E. jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng kam tuman va shaharlar qaysi?
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam bo‘lgan hudud Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu yerda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Top-10 talikdan Navoiy, Buxoro, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari o‘rin olgan.
Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Navoiy viloyatining Tomdi tumani joy olgan. Bu yerda 15,3 ming nafar aholi yashaydi. Keyingi o‘rinda esa Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri qayd etilgan bo‘lib, uning aholisi 19,4 ming nafarni tashkil qiladi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 20,7 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida 21,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Ro‘yxatdan Jizzax viloyatidagi Yangiobod tumani ham o‘rin olgan. U yerda 30,6 ming nafar aholi yashaydi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq tumani aholisi esa 34,1 ming nafarni tashkil etgan.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida 36,8 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida 38,9 ming nafar aholi yashaydi. Reytingni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani yakunlab, u yerda 39,9 ming nafar doimiy aholi qayd etilgan.
Jamiyat
Bank sirini bekor qilish emas: Soliq qo‘mitasi izoh berdi
Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha faqat jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinayotganini qayd etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday yondashuv hujjat mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.
Ta’kidlanishicha, loyihada soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi va bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlar va tartib doirasida taqdim etishi mumkin. Bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.
Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish masalalariga oid ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga berilishi mumkin.
Qo‘mita soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishini ham eslatdi. Bunday ma’lumotlarni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatish qonun bilan taqiqlangan.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmi xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bunday tizimlar soliq shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan.
Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Idora fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib, kelib tushgan takliflar hujjatni takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Jamiyat
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 28 iyun – 3 iyul kunlari respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuchli yomg‘irlar kuzatilishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari ham kuzatilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hamda tog‘oldi tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Xususan, xavf Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot, shuningdek Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tog‘li va tog‘oldi tumanlarida kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam oluvchilar hamda ushbu hududlar orqali harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Shu bilan birga, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bu pastqam joylarning suv ostida qolishiga va mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar aholiga ob-havo haqidagi rasmiy ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish, xavfli hududlarga bormaslik hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Ijtimoiy himoya tizimida ish haqi shartlari yangilandi
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur muassasalar xodimlari uchun ish haqi razryadlari hamda ko‘p yillik mehnat faoliyati uchun har oylik ustamalar miqdori belgilandi.
Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tegishli idoraviy hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3589-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, quyidagi muassasalarda faoliyat yurituvchi direktor, bosh vrach, ularning o‘rinbosarlari, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor hamda ijtimoiy xodimlar uchun mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilandi:
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.
Shuningdek, ushbu lavozimlarda ishlovchi xodimlarga mehnat stajiga qarab har oylik ustama to‘lanishi belgilandi. Unga ko‘ra:
1 yildan 3 yilgacha — 30 foiz;
3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
15 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega xodimlarga — 120 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Yangi tartib ijtimoiy himoya tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning mehnatiga munosib haq to‘lash va ularni uzoq muddatli faoliyatga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Valyuta bozorida talab va taklif keskin oshdi – Markaziy bank
Markaziy bank 2026-yilning yanvar–may oylari bo‘yicha ichki valyuta bozori sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, milliy valyuta kursi nisbatan barqaror saqlanib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning dastlabki besh oyida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi 25,7 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga yuqori.
Shu jumladan, korxonalar tomonidan 20,2 milliard dollarlik valyuta xarid qilingan bo‘lsa, aholi 5,5 milliard dollar miqdorida chet el valyutasini sotib olgan.
Ayni vaqtda valyuta taklifi ham o‘sishda davom etgan. Hisobot davrida bozorga jami 22,3 milliard dollar taklif qilingan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,6 foiz yoki qariyb 5 milliard dollarga ko‘pdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, besh oy davomida aholi tijorat banklariga 10,2 milliard dollar sotgan. Yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi esa 12,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, valyuta bozoridagi yuqori faollikka qaramasdan, milliy valyuta kursi nisbatan barqaror qolgan. Yanvar–may oylarida dollar kursi 11 938 so‘mdan 12 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda harakatlangan va yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu davrda dollar kursining o‘rtacha kunlik tebranishi 30 so‘m yoki 0,25 foizni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, valyuta taklifining o‘sishi, aholi va biznesning banklar orqali valyuta operatsiyalarini faol amalga oshirayotgani ichki valyuta bozoridagi barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
-
Sport3 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Iqtisodiyot4 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
