Jamiyat
Qamchiqda qor to‘xtadi: qatnov cheklovsiz davom etmoqda
Hozircha dovon hududida ikki yo‘nalish bo‘yicha avtomashinalar harakati to‘xtovsiz amalga oshmoqda. Haydovchilardan tezlik me’yoriga rioya qilish, oraliq masofani saqlash va ehtiyotkorlikni oshirish so‘raldi.
Mas’ul xizmatlar xabariga ko‘ra, Qamchiq dovonida qor yog‘ishi to‘xtagan. Yo‘l qismida harakat barqaror, ikki tomonlama qatnov ochiq. Shu bilan birga, yo‘l qoplamasida muzlamalar yuzaga kelmasligi uchun profilaktik ishlar davom ettirilmoqda.
Haydovchilarga quyidagilar tavsiya etiladi:
tezlikni me’yordan oshirmaslik va oraliq masofani qat’iy saqlash;
uzoq va yaqinni yorituvchi chiroqlardan to‘g‘ri foydalanish;
qishki shinalardan foydalanish, zarurat bo‘lsa, zanjir vositalarini qo‘llash.
Yo‘l holati bo‘yicha rasmiy e’lonlar va tavsiyalarni kuzatib borish so‘raladi.
Jamiyat
Surxondaryoda mansabdorning pul talab qilish rejasi fosh etildi
Termiz shahrida mansabdor shaxs fuqaroning ishonchiga kirib, undan katta miqdorda pul talab qilgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Termiz shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mansabdor xodimi xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqaroni aldashga uringan. U go‘yoki ushbu bo‘lim yaqin vaqt ichida boshqa joyga ko‘chirilishini aytib, bo‘shaydigan binoni yer maydoni bilan birgalikda tanishlari orqali auksiondan sotib olib berishni va’da qilgan.
Bu xizmat evaziga u fuqarodan 3 ming AQSh dollari talab qilgani aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs 2 ming AQSh dollari va 12 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilish so‘raldi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Narkotik moddani saqlab kelgan bank xodimlari ushlandi
Yangiyo‘l shahrida faoliyat yurituvchi tijorat banklaridan birining ikki nafar mutaxassisi sintetik giyohvandlik vositasini saqlayotgani aniqlanib, ushbu modda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxslar muqaddam narkokurerlar tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 485 gramm “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan. Keyinchalik ular ushbu narkotik moddani o‘zlarining 1998 yilda tug‘ilgan tanishining xonadonida saqlab kelgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda har 100 uy xo‘jaligiga nechta avtomobil to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 2025-yil holatiga ko‘ra, 100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 61 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi o‘n yillikda mazkur ko‘rsatkich sezilarli o‘sishni namoyon etdi. Jumladan, 2010-yilda 100 ta uy xo‘jaligiga 21 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2015-yilga kelib bu raqam 42 taga yetgan.
2020-yilda esa ko‘rsatkich 49 tagacha oshgan. 2025-yilga kelib esa u 61 taga yetgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025-yilda 100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 359 ta mobil telefon to‘g‘ri kelgani haqida xabar bergandik.
Jamiyat
Sport ozuqasi kapsulalariga yashirilgan «sirli modda» fosh etildi
Sport ozuqasi kapsulalari ichiga sintetik narkotiklar joylangani fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari sintetik narkotiklarni go‘yoki biologik faol qo‘shimcha sifatida olib kirishga uringan qo‘shni davlat fuqarosini to‘xtatib qolishdi.
Bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali harakatlangan ushbu shaxsning sumkasida sportchilar ozuqasi sifatida iste’mol qilinadigan 2 quti biologik faol qo‘shimchalar bojxonachilarning diqqatini tortdi.
Mazkur qutilarga qadoqlangan kapsulalar aslida oq rangda ishlab chiqariladi. Va qadog‘iga ko‘ra, ularda jami 760 dona kapsula bo‘lishi lozim edi.
Ammo, har ikkala qutidagi jami kapsulalar soni 920 donani tashkil qildi. Boz ustiga, kapsulalar ham oq rangda emas, balki sariq va qizil ranglarda edi. Bu esa qutilarga joylangan kapsulalar qo‘lbola tarzda qadoqlanganini anglatadi.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasining ekspert xulosasiga ko‘ra, mazkur kapsulalarga joylangan modda «Alfa PVP» turidagi sintetik narkotik modda ekanligi fosh bo‘ldi. Mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozorida chakana narxi 350 ming dolllargacha yetadi.
Faqatgina shu emas, «Toshkent AERO» Ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan tadbir Yuqorichirchiq tumanida davom ettirilib, ushbu yo‘lovchi keyinchalik «zakladka» usulida tarqatish uchun mo‘ljallangan giyohvandlik vositasini yashirib ketgan manzil-havola ham aniqlandi.
Ko‘zdan pana, chet va xilvat joydagi ushbu manzil belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, 1 dona polietilen paket ko‘mib qo‘yilgani fosh bo‘ldi. Unda esa bir necha bo‘laklarda og‘irligi taxminan yarim kilogram «gashish» moddasi borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilib, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.
Mamlakatimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga, shuningdek, tinch atom sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Raqamli texnologiyalar, yoshlar va axborot siyosati, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarning tashabbuslarini rivojlantirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
-
Dunyodan4 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Sport5 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Jamiyat5 days ago«Qamchiq» dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
-
Dunyodan5 days ago
Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
-
Siyosat3 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Mahalliy3 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Dunyodan3 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
